Katta aql egalarini tashvishga soladigan bir falsafiy savol bor – odamzodning yakuni qanday boʻladi? Uning oʻlimiga nima sabab boʻladi? Tasavvur qiling, xuddi Nuh paygʻambar davridagi kabi ulkan falokat insoniyat taqdirida boʻlsa (bu albatta suv yoki tabiat hodisalari boʻlishining hojati yoʻq), tirik qolish uchun u nimalarni boshidan oʻtkazadi?
Bu borada olimdan koʻra ijodkorlar, masalan, yozuvchilar, rejissyorlar koʻproq bosh qotiradigandek tuyuladi. Aslini olganda har qanday ijodkorni bulutga oʻxshab osmonda suzib yurgan xayollargina emas, olimlarning bu boradagi gipotezalari ham ilhomlantiradi. Quyida siz uchun postapokaliptik badiiy va multfilmlar roʻyxatini keltiramiz.

1. Vall-i
Insoniyat yashashga yaroqsiz sayyoradan uchib ketadi va oʻz oʻrniga Vall-i kabi millionlab robotlarni yerdagi ifloslanishni bartaraf etish uchun qoldiradi. Multfilm oʻsha robotlarning oxirgi vakilining boshidan kechirganlari haqida.
Vall-i jonajon sayyoramizda qolgan yagona qimirlagan jonzot. Ha, u robot – u odamzodning turli-tuman chiqindilaridan iflos ahvolga kelib qolgan sayyorani tozalashi kerak, ammo u his qiladi. Xuddi odam kabi yolgʻizlikni his qiladi. Shuning hisobiga uni jonzot, yaʼni joni bor deb hisoblashimiz u qadar xato boʻlmaydi.

2. Toʻqqiz
Odamning qoʻlidan koʻp narsa keladi, deylik u butun sayyorani urush va dahshat oʻchogʻiga otishi, soʻng oʻzini va uni oʻrab turgan barcha narsani qutqarish uchun qoʻgʻirchoqlar yaratishi mumkin.
Toʻliq metrajli ushbu multfilmda allaqanday tushuniksiz yoʻl bilan jonlangan mitti toʻqqiz qoʻgʻirchoq tirik qolish va urush kunpayakun qilgan sayyorani tiriltirish uchun kurash olib boradilar.

3. Terminator: qutqaruvchi keladi
Terminator – odamzodning oʻlimiga boshqalarga qaraganda asosliroq sabab keltirgan film sanaladi. Film ijodkorlari texnologiya rivojlanishi oxir-oqibat insonning boshiga balo boʻladi, robotlar u bilan yer yuzida hukmronlik qilish uchun jang boshlaydi degan gʻoyani ilgari suradilar.
Terminatorning boshqa filmlarida voqealar yaqin oʻtmishda sodir boʻlsa, ushbu filmda odamzod jangni allaqachon boy bergan payt hikoya qilinadi.

4. Matritsa
Matritsa – bu programma. Filmda reallikdan alohida, xuddi katakda boʻrdoqiga boqilayotgan joʻjalar kabi odamlar asralishi va bundan qutulish uchun isyon qilinishi haqida gap boradi.
Matritsa oʻziga xos falsafiy filmlardan biri sanaladi. Masalan, Morfius, Neo, qizil va koʻk dori, reallik va matritsa ichidagi hayot, programmalarning oʻzini takomillashtirishi – bularning bari hozirgacha mavjud boʻlgan falsafaning ramzlarga oʻtib evrilib borishidir.

5. Men afsonaman
Sayyoraga tarqagan allaqanday kasallikdan soʻng bittagina harbiy shifokor tirik qoladi. U kunduz kunlari iti bilan kimsasiz shaharni kezib tirik jon izlaydi, tunda esa kasallangan odamlar – zombilar bilan jang qiladi.

6. Oblivion
Oʻzga sayyoraliklar hujumidan soʻng yer yashashga yaroqsiz holga kelib qoladi. Biroq odamlar undagi har bir oʻzgarishni kuzatib boradilar va holatning yaxshilanishidan umid qiladilar. Kuzatuvchi mexaniklardan biri halokatga uchragan kemani koʻrib qolganidan soʻng bu haqdagi fikri oʻzgaradi, chunki yer oʻzga sayyoraliklar tomonidan qoʻlga olingan edi.

7. Vaqt mashinasi
Bir olimning oʻz muhabbatini qutqarish uchun vaqt mashinasi yaratgani va koʻp bor qizni qutqarishga intilgani haqida. Bu yerda urgʻu berish mumkin boʻlgan bir narsa bor – film taqdirdan qochib qutulishning iloji yoʻq degan fikrni oldingizga qoʻyadi.
Olim esa oʻtmishga qaytaverishni bas qilib, uzoq kelajakka oʻtib ketadi va u yerda odamzodning ikki turga boʻlinib ketgani guvohi boʻladi.