Iqtisodiyot fanlari boʻyicha 2026-yilgi Nobel mukofoti amerikalik iqtisodchilar Robert Xoll va Maykl Vudfordga berildi.

Mukofot puli 11 mln shved kronasi (1,15 mln dollardan ortiq) boʻlib, har ikki olim bu summani 2 ga boʻlib oladi (taxminan 578 ming dollardan).

Olimlar iqtisodiy tebranishlarni (inqirozlar va oʻsish davrlarini) tartibga solish siyosati uchun yangi nazariy poydevor yaratgani sababli taqdirlanishgan.

Iqtisodiyotda pasayish va yuksalish davrlari almashinib turadi. Bir paytlar koʻpchilik “Barqarorlashtirish siyosati foyda emas, ziyon keltiradi, undan voz kechish kerakdir?” degan savolni oʻrtaga tashlagan.

Robert Xoll va Maykl Vudford nima qilishdi? Ular inflyatsiya, ishlab chiqarish va isteʼmol kabi makroiqtisodiy koʻrsatkichlar oʻrtasidagi statistik bogʻliqliklarga tayanish oʻrniga mikroiqtisodiy tamoyillarga asoslangan yondashuvlarni ishlab chiqqan. Shuningdek, alohida uy xoʻjaliklari va korxonalarning kelajakni hisobga olib qabul qiladigan qarorlari yigʻindisi butun iqtisodiyotga qanday taʼsir qilishini koʻrsatib bergan.

Maʼlumot uchun, Robert Xoll Hoover institutida 1978-yildan beri ishlab keladi. U 2025-yilda nafaqaga chiqishni rejalashtirgan edi.

Olimning ishlari isteʼmol, soliq va kapital, bozor kuchi, mehnat bozoridagi tebranishlar hamda mamlakatlar oʻrtasidagi unumdorlik farqlarini qamrab oladi.

Maykl Vudford esa Kolumbiya universitetida siyosiy iqtisod professori hisoblanadi. U bakalavr darajasini Chikago universitetida, yuridik darajani Yel yuridik maktabida, doktorlik darajasini MITda olgan.

Vudfordning eng muhim asari pul-kredit siyosati nazariyasi poydevoriga bagʻishlangan “Interest and Prices” kitobidir.

Eslatib oʻtish lozim, Iqtisodiyot boʻyicha mukofot Alfred Nobelning vasiyatiga kirmagan. Uni 1968-yilda Shvetsiya markaziy banki taʼsis etgan va oʻsha sanadan boshlab ushbu mukofot ham Nobel xotirasiga bagʻishlab beriladi.