Ijtimoiy tarmoqlar allaqachon jamiyatning ahvol-ruhiyasini koʻrsatuvchi barometrga aylangan: simob ustuniga boqib, odamlarning bugungi kayfiyati, dard-u iztirobidan voqif boʻlish mumkin. Balki shu boisdir, zamonamiz ishboshilari, qudrat egalari ham katta-kichik masalalarda virtual dunyo “suvoriy”lari – blogerlarning fikriga qaragan...

“Facebook”, “Telegram”, “Twitter” kabi platformalar munozara, munoqasha maydoniga aylangani haqrost. Tushovlardan xoli makonda qadim va jadid, muhofazakorlik va novatorlik, maʼrifat va jaholat ayovsiz jangga kirishgan. Gohida kurash shu qadar avjiga chiqadiki, ijtimoiy tarmoq mushtariysi oʻzini shiddatkor toʻlqinlar oʻrtasida qolgandek his etadi.

Majallamizning ushbu sonidan boshlab “Kurashadi ikki toʻlqin” rukni bilan internetda faol qalamkashlarning bitiklarini chop etib borishga qaror qildik. Yangi ruknning ilk mehmoni jonkuyar ziyoli, hozirjavob publitsist Alisher Nazar boʻldi. “Firqasiz” muallifimizning ayrim fiqralari bahstalab tuyular. Bu oʻrinda eski naqlni yodga olmoq maʼqul koʻrinadi: haqiqat bahslarda tugʻilgusi!..

TAHRIRIYAT

Qoʻrquv sindromi

Bekat yonida turgan yoʻl-patrul xizmati xodimini koʻrib yuragim shuv etdi. Yaqinlashib borsam, yongʻin xizmati xodimi ekan. Birdan oʻylab qoldim: nega qoʻrqib ketdim? Qoidani buzmadim, hujjatlarim joyida boʻlsa! Xoʻsh, qoʻrquv qayerdan keldi?..

Ishxonaga kirishim bilan xodimlardan biri qoʻlimga xatjild tutqazdi:

– Soliqdan ekan...      

Yuragim shuv etdi. Shosha-pisha xatjildni yirtdim. Xat korxonamizda amalga oshiriladigan innovatsion gʻoyalarga amaliy yordam berilishi haqida ekan. Juda soz-da! Lekin... nega soliq idorasi daragini eshitib koʻnglimga hadik oraladi? Davlatdan qarzim boʻlmasa, soliqni vaqtida toʻlab borsam!

Oʻzimdan oʻzim xafa boʻlib ketdim. Nega bunaqa qoʻrqoq boʻlib qoldim? Bu tuygʻu yurakka qachon in qoʻyib ulgurdi? Har narsaga shuv etib ketaversa, bevaqt toʻxtab qoladi-ku!

Shu xayollar ogʻushida oʻtirgan edim, gʻiyq etib eshik ochildi. Choʻchib tushdim. Qiya eshikdan xatjild bergan xodimning boshi koʻrindi. U koʻzi bilan birov kelganini ishora qilardi. Yuragim yana shuv etdi.

– Kim?! – dedim shivirlagancha. Nega bunday ohangda soʻzlaganimni oʻzim ham bilmayman.

Xodim ortga tisarildi-yu ostonada xotin paydo boʻldi. Qoʻlida odatdagidek ikkita sumka!

– Bozordan qaytayotgan edim, birrov moʻralab oʻtgim keldi. Yaxshi ishlayapsizmi?

Xonim yoʻl-yoʻlakay ishxonamga bir kirib oʻtay debdi. Bor-yoʻgʻi shu! Lekin... anavi xodimning “keldi” ishorasidan nega qoʻrqib ketdim? Oʻz ishxonamda, oʻz jamoamda, oʻz vatanimda boʻlsam; oʻgʻrilik qilmayotgan, birovdan pora olmayotgan yoki davlatning pulini “tuya” qilmayotgan (amaldor emasman-ku!) boʻlsam, nega qoʻrqaman, axir?!

Qoʻlim ishga bormadi. Koʻngilga yaqin birov bilan gaplashib oʻtirgim keldi. Telefonimni titkilib, doʻstlardan biriga xabar joʻnatdim: “Oʻrtoq, ishingni yigʻishtir, bir joyga boramiz!” Xabar yetib borishi bilan telefonim jiringladi.

– Ha, tinchlikmi?!

– Tinchlik, tinchlik, seni tushlikka olib bormoqchi edim.

– Oʻrtoq, shuni aytmaysanmi! Nima ekan deb, yuragim orqaga tortib ketdi-ya!..

Ajriqdek ildiz otgan...

Qurbaqani qaynoq suvli idishga tashlasangiz, bir sakrab chiqib ketadi. Agar uni sovuq suvga solib, seki-i-in qizdira boshlasangiz, jonivor sezmay qoladi va pirovardida bir-ikki soatda “pishadi­qoladi”.

Ahvolimizga qarasam, sovuq suvga tashlangan oʻsha qurbaqa yodga keladi. Tagimizdagi “olov” – ajriqdek ildiz otib ketgan korrupsiya, tomiri yantoqdek suvga yetgan monopoliya, oʻrgimchak toʻridek qoplab olgan maddohlik... Sezyapsizmi, bu “olov”da allaqachon qaynay boshladik!

Bultur test sinovida yarim milliondan ziyod abituriyent 60 ball ham toʻplay olmadi. Bu hol sizni bezovta qilmayaptimi? Ayrimlar natijaning bu qadar ayanchli ekanini savollarning qiyinligi-yu sharoitga bogʻlamoqda. Boʻlmagan gap, bolalarimizning saviyasi, savodxonligi oʻzi shu! Bu yarim million qayoqqa borar ekan endi?

Hech bir zamon va makonda xalq ommaviy ravishda savodxon boʻlmaydi, albatta. Ammo bu qadar savodsiz ham boʻlmaydi-da. Tahlikali, xatarli bu! Natijalar allaqachon koʻrinayotgandek. Yaqinda Toshkentda 18 yashar bola oʻz onasining joniga qasd qildi. Qashqadaryoda bir toʻda 18 yoshlilar tengdoshini oʻrtaga olib, kaltaklab oʻldirdi. Buxoroda 18 yashar qiz tugʻib, bolasini hojatxonaga tashladi. Mana, “yarim million”ning karomati!

Nazarimda, savodxonlik masalasida ommaviy safarbarlik eʼlon qilish vaqti keldi. Har haftada yangi institut ochish shart emas. Bularga ketayotgan mablag‘, eʼtibor, kuch tashqaridan mutaxassis yollash va talabalarni nufuzli xorij universitetlariga joʻnatishga qaratilishi lozim. Teleradiokompaniyalar, kinoshirkatlar va jamiyatga nafi tegmayotgan boshqa idoralarga har yili ajratiladigan milliard-milliard pulga rivojlangan mamlakatlardan minglab kadr yollash yoki koʻplab talabalarning xorijda oʻqishiga imkon yaratish mumkin.

Safarbarlikka oʻzini shu millatga, shu vatanga daxldor sanagan katta-katta korxonalar, kompaniyalar, banklar ham jalb qilinishi kerak.

Bir zamonlar jadid bobolarimiz “Koʻmak” degan uyushma tuzib, 70 nafar bolani olmon zaminiga oʻqishga yuboradi. Oʻsha kezlar Germaniyada Rossiyadan oʻn ming, Yaponiyadan toʻrt ming, Turkiyadan uch ming talaba tahsil olgan ekan. Bizdan bor-yoʻgʻi 70 ta talaba joʻnatilgan, bu shoʻrliklar ham keyinchalik kommunistlar tomonidan “chet el josusi” deya otib tashlangan.

Xullas, tub islohotlar deb oʻzimizni oʻzimiz ovutib yuravermaylik. “Twitter”ning blokdan chiqishi ham, qaysi bir tumanda “Yagona darcha”ning ochilishi ham “tub islohot mevasi” boʻlib ketmasin! Aslida, boʻlishi kerak boʻlgan ishlar-ku! Koʻprik qurish, yoʻlni sozlash, siti barpo etish islohot emas, ammo boyagi “yarim millionli armiya”ni maʼrifatli qilish – chin islohot!..

Turmush – toʻrt musht

Shom quyilib keladi. Qoʻrada qoʻy-qoʻzilar maʼrashi... baqir-chaqir... hoy-huy... Tanish va qadrdon manzara...

Gurullab pechka yonadi. Ogʻilxona isini taratgancha bir etak bola birin-ketin kirib keladi. Yuz-boshini jun roʻmol bilan tangʻib olgan yanga pechka atrofida kuymalanadi.

– Bugun kelishingizni bilmabmiz-da, sutda oshqovoq qaynatayotgan edik, – deydi yanga xijolatdan qizarib.

Uy toʻrida loʻlabolishga suyangan aka koʻzlarini bir nuqtaga tikkancha jim oʻtiribdi.

– Bilasiz-ku, kadini yaxshi koʻraman, – deyman ataylab xijolatpazlikni tarqatish uchun.

Shu payt lip etib chiroq oʻchadi. “Hah, oʻlsin, kunora shu ahvol!” deb yozgʻiradi yanga.

– “Dvijok”ni qoʻsh...

Koʻp oʻtmay uy yorishadi. Birovi burchakdagi televizorning qulogʻini buraydi.

– Sizlarga ushbu taomning tayyorlanish retseptini yana bir bor eslatib oʻtamiz, – deydi ekrandagi goʻzal qiz quvnoq ovozda.  –   Demak, bizga 500 gramm lahm goʻsht, 200 gramm zaytun yogʻi, 200 gramm bodom, limon va qora zaytun kerak boʻladi...

Bolalar bir-biriga ayyorona iljayishadi.

– Nima gap? – deyman astoydil qiziqib.

– Biz Zayniddinni Zaytun deymiz, shunga...

– Qora zaytunni bilasizlarmi?

Bolalar yelka qisadi.

Shu mahal yanga oldimga bir kosa sut qoʻyadi. Ichida toʻrt-besh parrak qip-qizil qovoq.

Hamma jimgina ovqatlanadi.

– Dadasi, ertaga bozordan bir qop un olishimiz kerak, – deydi yanga jimlikni buzib.

– Yana bir-ikki kunga yetmaydimi?

– Yetmaydi, oʻtgan hafta un olmagan edik-ku...

Yanganing gapidan hayron boʻlaman. Bir qop un – 170 ming soʻm. Bir oyda uch qop olinsa, 510 ming soʻm!

– Bir oyda uch qop un, namuncha koʻp? – deyman kulib.

Bu kulgi kamgap akaga yoqmaydi.

– Biz faqat non yeymiz, qora zaytunimiz yoʻq!

Yanga darrov vaziyatni yumshatadi:

– “Axborot”ga olinglar, yangilik...

– Oʻchir shu “Axborot”ingni! – deydi avzoyi buzilgan aka.

Bolalardan biri turib televizorni oʻchiradi.

Savodsizlik balosi

Savodsiz mardumning uch turi boʻladi. Birinchisi – oʻz ahvolini bilgani. Bu toifa hadeb izdihomga oʻzini uravermaydi, ichida oʻzidan uyalish hissi boʻladi. Ana shu uyat unga chegarasini, haddini koʻrsatib turadi. Nima boʻlganda ham koʻrpasiga qarab oyoq uzatadi.

Ikkinchisi – oʻz ahvolini takabburligi bilan xaspoʻshlaydigani. Bu juda xatarli toifa. Xatarli jihati shundaki, ular hech qachon oqimga qarshi suzmaydi, hech qachon tarozining yengil tarafiga chiqmaydi. Oqim boʻylab suzish esa kishini toliqtirmaydi, ortiqcha harakatning jilla hojati yoʻq. Eng yomoni, bular suzib-suzib davraning toʻriga chiqib ketadi. “Eh, shu kalla bilan-a!..” deb qolaverasiz. “Taka boʻlsin   –   sut bersin” degani shu!

Uchinchisi, oʻz ahvolini bilmaydigan savodsiz. Bunisi endi dahshat! Qoʻliga tushib qolsangiz, amallab qochib qutulasiz. Yoʻqsa, sharmandangizni chiqaradi.

Imomi Aʼzam rahmatullohi alayh shogirdlari bilan ketayotsa, yoʻlidan bir hoʻkiz chiqib qolibdi. Hazrat hoʻkiz oʻtib ketguncha yoʻl chetiga chiqib turibdilar. Shogirdlarining ichida bir nodoni bor ekan.

– Hazrat, molga ham shuncha tavozemi? – debdi ajablanib.

Shunda u zot debdilar:

– Bolam, bizning aqlimiz bor, uning shoxi!

Aziz zamondosh, uchinchi toifani koʻrsangiz, darhol chetga chiqing, aks holda, oʻzingizga qiyin! Chunki uning “shoxi” bor...

Bilsak edi, adashmasdik

Muammo xumda turgan musallasga oʻxshaydi. Vaqt oʻtgan sayin musallasning taʼsir quvvati ortgani kabi, muammoning ham koʻlami kengayib boraveradi. Demak, qusurlarni vaqtida muolaja etmoq darkor. Musallasning quvvati ortib ketib, xum yorilganidan soʻng shoʻrpaxta qidirmoqdan ne naf?!

Bugungi tahlikali zamonda odamlarimizning diniy savodxonligini yuksaltirish dolzarb masaladir. Agar sof dinimizni davlat bosh boʻlib oʻrgatmasa, kimdir kelib “oʻrgatib” ketadi. Shunday boʻlyapti ham. Aslida, endi kelishi ham shart emas, olis-olislardan turib “oʻqitib” qoʻyaveradi.

Xoʻp, nima qilmoq kerak? Soʻnggi yillarda oʻnlab teleradiokanallar tashkil etildi, ammo “diniy telekanal” degan joy hamon boʻsh turibdi. Vaholanki, bunga katta ehtiyojimiz bor.

Oʻz anʼanaviy dasturlariga ega diniy kanal tashkil etilsa, unda dolzarb mavzudagi davra suhbatlari uyushtirilsa, odamlarning iymoniga quvvat boʻladigan badiiy filmlar namoyish etilsa, Qurʼoni karim tilovatlari qoʻyilsa, aqida, hadis, kalom ilmlaridan mavʼizalar berilsa... buning hammasi oʻzimiz uchun faqat foyda-ku!

Bilsak, adashmaymiz, axir!..

Kimni aldayapmiz?

Yolgʻonning turi koʻp: yaxshisi, yomoni, hatto foydalisi ham bor. Ammo bularning ichida kelajakka daxldorini kechirib boʻlmaydi. Ana shunday yolgʻonlardan biri haqida aytgim keladi. Ammo... gapimni yanglish anglab, “yoshlarga berilayotgan eʼtiborni koʻrolmaslik”da ayblab qoladiganlar yoʻqmikan?.. Gap Zulfiya nomidagi davlat mukofoti haqida. Menimcha, ushbu nufuzli mukofotning nizomini oʻzgartirish kerak.

Birinchidan, oʻn toʻrt-oʻn besh yoshli oʻsmir qizaloqqa davlat mukofoti berish mantiqan toʻgʻri emas deb oʻylayman. Hali hayotning achchiq-chuchugini totmagan, el-yurtga foydasi tegmagan, oʻz sohasida nimanidir yaratib qoʻymagan oʻsmirga bu mehribonchilik “ogʻirlik” qiladi.

Ikkinchidan, mukofot notoʻgʻri taqsimlanayotgandek. Shoira Zulfiya umrida badiiy gimnastika, kurash yoki sakrash bilan shugʻullanmagan. Lekin aynan sport chempionlari uning nomidagi mukofot bilan siylanmoqda. Agar chempion qizlarni ragʻbatlantirish kerak boʻlsa, Toʻmaris mukofotini taʼsis etish kerakdir.

Uchinchidan, bu mukofot faqat oʻsmir qizlarga xoslanishi toʻgʻri emas. Umuman ayol ijodkorlarga berilishi lozim. Shu vaqtgacha yuzlab oʻsmir qiz ushbu mukofotni oldi. Bugun qani ular, xoʻsh? Nega muhtasham adabiyotimiz sahnasida ijodni qoyillatib qoʻygan zulfiyachilar koʻrinmaydi? Koʻrinayotganlarining esa robotga oʻxshab “vatanparvarlik” qilishi kishi ensasini qotiradi. Saviyasi baland ijodkor oʻzini aslo bunday tutmaydi.

Toʻrtinchidan, mukofot nizomidagi “Oliy taʼlim muassasasiga toʻgʻridan-toʻgʻri qabul qilinadi” degan bandni olib tashlash kerak. Nazarimda, eng asosiy ogʻriqli nuqta mana shu joyda! Agar imtiyoz bekor qilinsa, adolat bir qadar qaror topardi.

Alqissa, oʻzimizni aldashni bas qilaylik, oʻzimiz oʻtirgan shoxni arralashni toʻxtataylik. Endigina hayotga qadam qoʻyayotgan bolalarimizning ilk amali soxtalik, adolatsizlik boʻlmasin! Ana shunda shoira Zulfiyaning ham ruhi shod boʻladi.

Hissiyotlar koʻchaga chiqsa...

Tunov kuni kitob doʻkonlarini aylandim. Qalamkash degani haddan tashqari koʻpayib ketibdi. Istalgan nomdagi asar, istalgan ism-sharif ostida chop etilgan kitobni topish mumkin. Dunyoni faqat otarchi emas, “eʼjodkor”lar ham bosganmi deyman!

Oʻylab koʻrsam, buning asosiy sababi – uyatni unutib qoʻyibmiz. Oʻn sakkiz yoshda sheʼr yozmagan kim bor? Hamma sheʼr yozgan va yozadi! Lekin u bitiklar bir vaqtlar xotira daftarlarida qolar, sahifadan tashqariga chiqmoqqa uyalar, “ahvol”ini oshkor qilmoqdan andisha etar edi. Bugun andisha yoʻqolib, “hissiyot”lar koʻchaga chiqib ketdi. Eng yomoni, nashriyotlarning manzilini bilib qoldi. Anchayin daftarbop sheʼrlar endi “saylanma” boʻlaman deb koʻkrak keradi! “Hoy, uyalmaysanmi?” deb koʻring-chi, qoʻlingizga xalq shoirining “matoh”ini tutqazadi. “Mening “mahsulotim” sifati shunikidan kammi?” deydi. Xoʻsh, bunga nima deb eʼtiroz bildirasiz?..

Esizgina Vasya!

Bilaman, bu gapim koʻpchilikka yoqmaydi. Ona xalqning azaliy anʼanalari-yu qadriyatlariga til tegizishda ayblab qolishlari ham hech gapmas. Lekin bu mavzuda fikr bildirayotganda ongli, ziyoli va musulmonga xos yoʻsinda bosiqlik bilan ish tutsak yaxshi boʻlardi...

Adashmasam, olti-yetti yoshlarda edim. Uloqcham boʻlardi. Unga ism ham qoʻygan edim: Vasya! Bir-ikki oyli echki bolasining koʻziga hech qaraganmisiz? Dunyoda bunaqa chiroyli, maʼsum va begʻubor koʻz boʻlmaydi. Vasyaning koʻzlari moviy edi. Shunaqa chiroyliki...

Men Vasyani har kuni onasi bilan yaylovga olib chiqaman. Uloqcha toshdan toshga sakrab, dirkillab oʻynaydi. Yonimga yugurib keladi, suykalib, oʻzini ming nagʻmaga soladi. Men Vasyani shu qadar yaxshi koʻramanki, jonivor tushlarimga kiradi.

Afsuski, Vasya bilan doʻstligimiz uzoqqa bormadi. Chunki echki bolasi juda tez katta boʻladi. Shuning uchun biz tomonlarda “Echki shayton boʻladi” deb qoʻyishadi.

Mening Vasyam ham tez orada katta boʻlib ketdi. Oradan bir yil oʻtdi, uni bir necha marta sotishga harakatlar boʻldi, lekin azbaroyi yaxshi koʻrganimdan Vasyani hech kimga bermadim. Jonivor soqollari selkillagan bir taka boʻldi, bir taka boʻldi...

Kunlarning birida tanish amaki unga xaridor boʻlib keldi.

– Bahorda koʻpkari qilaman, shu takani menga bering, – deb turib oldi. Har qancha urinmayin, gapimni oʻtkaza olmadim. Vasya sotib yuborildi.

Kuz-u qish oʻtib, bahor keldi. Qishloqda badabang koʻpkarili toʻy boʻldi. Maydonga bordim. Chavandozlardan biri otning uzangisiga mahkam bogʻlangan uloqni sudrab kelardi. Eh, ne koʻz bilan koʻrayki, bu Vasya edi! Koʻzlarimga issiq yosh quyildi, tizzalarim qaltirab ketdi. Vasya, mening begʻubor koʻzli Vasyam! Zum oʻtmay, uni yuzlab otlar tuyoqlari ostiga oldi, minglab tomoshabin qiyqirishga tushdi! Ikki-uch yil burun menga erkalik qilib, dirkillab oʻynab yurgan yaylovda Vasya shu tariqa xoʻrlandi. Bechora jonivorni naqd ikki yuz chogʻli otliq goh u tarafga, goh bu tarafga sudradi. Esizgina Vasya! Shoʻrlik shuning uchungina tugʻilganmidi?!

Oradan bir muddat oʻtib, Vasyani bir chetga uloqtirib, boshqa takani oʻrtaga oldilar. Oʻshanda Vasyaning tepasiga borib, jonivorning ne koʻyga solinganini koʻrdim-u xayolimga bir savol keldi: koʻpkarini kim oʻylab topgan oʻzi?

Bu savol yillar oʻtib ulgʻaydi: koʻpkarining maʼnisi nima? Polvonlig-u chaqqonlikni sinaydigan, namoyish qiladigan boshqa yoʻl yoʻqmi? Oʻzingiz oʻylab koʻring, echki Xudo bergan bir neʼmat edi! Uni bir bechora-kambagʻal soʻyib yeganda, naqd bir oy roʻzgʻori obod boʻlardi. Lekin halol jonliq soatlab oyoq ostiga olib tepkilandi, birorta suyagi butun qolmadi. Bir soʻz bilan aytganda Xudo bergan neʼmat uvol qilindi. Endi uni hatto it ham yemaydi.

Nazarimda, insoniylikka xos boʻlmagan odatlarga asta-sekin barham berishimiz, oʻrniga yaxshilik, ezgulik taratadigan anʼanalar yaratishimiz lozim. “Azal-azaldan” deb katta gapirib yuborishdan oldin oʻylab koʻrish kerak: qachondan, kim joriy qilgan u odatni?! Uch-toʻrt asr burun bir guruh takasaltang joriy etgan ishlar ham “asriy anʼana”ga aylanib ketavermasligi kerak, axir!

It, qoʻchqor, xoʻroz urishtirish ham milliy oʻyinlarimizga kiradimi? Bu tomoshalar qachondan boshlangan? Ular insonga qanday qilib maʼnaviy zavq bersin?!

Agar menga qolsa, bunaqa tomoshalarni insoniylikdan tashqari ish degan boʻlardim. Til-zaboni, ongi yoʻq jonzotlar bir-birini gʻajiyapti, bir-birining koʻzini oʻymoqda, buning nimasi yaxshi?! Shu dahshatni maroq bilan koʻrish mumkinmi? Yaxshiki, ularning tili yoʻq, boʻlganida, “Hoy, noinsof, seni Xudo mendan afzal qilib, mukarram qilib yaratgan edi-ku! Bu nima qilganing?” deya dod solmogʻi aniq edi...

Tarix attorlik doʻkoni emas

Istanbuldan kelgan doʻstlar bilan Samarqand-u Buxoroni ziyorat qildik. Moʻysafid shaharlarimiz ularni chindan hayratga soldi. Mehmonlarning koʻzida ikki xil hayrat bor edi. Men sizga ul hayratlarning ikkinchisi haqida aytaman. Chunki birinchisi haqida “Oʻzbekiston-24” har kuni bong urib yotibdi.

1. Nega tabarruk masjid-u madrasalarimiz attorlar doʻkoniga aylanib ketgan? Musulmon odam tahoratsiz kirishga iymanadigan dargohlarni bozorga aylantirish qanchalik toʻgʻri? Bu hol bora-bora qadimiy binoning tarixiy qimmatini yoʻqqa chiqarmaydimi? Attorlar hatto Ismoil Somoniyning 1000 yillik qabri yonida molini yoyib oʻtiribdi!

2. Buxoroning tarixiy maskanlaridan biri – Ark qalʼasi darvozasi yonida, devorga taqab konsert uchun sahna qilib qoʻyilgan. Aytishlaricha, vaqti-vaqti bilan konsert uyushtirilar ekan. Toʻrt-besh asrlik devorlar yonida-ya! Zamonaviy sozlar koʻp asrlik ustunlarni zirillatib yubormaydimi? Sharif maskanda konsert uchun boshqa joy yoʻqmi?

3. Toshkentdan Samarqandgacha transportda salkam 5 soatlik yoʻl. Shuncha masofali yoʻlda sayyohlar uchun qulaylik bormi? Nahotki, zamonaviy qoʻnimgoh qurishning iloji boʻlmasa? Buning ortidan ham toʻrt-besh kishi ishli boʻlishi mumkin-ku!..

Har amalning oʻz oʻrni bor

Har yili haj mavsumi boshlanishi bilan bir gap oʻrtaga chiqadi: Fargʻonada bir odam muborak ziyoratga borish uchun yiqqan puliga mahallasi yoʻllarini asfalt qildiribdi; Surxondaryoda bir otaxon hajga atagan puliga qishloq ahli uchun transformator olib beribdi... Va bu bilan katta savobga doxil boʻlganmish, bunday ishlar boshqalarga ham ibrat boʻlishi kerak emish.

Nega bizning odamlar toʻyga, mashinaga, uyga yiqqan puliga asfalt qilgisi yoki transformator olgisi kelmaydi-da, aynan hajga jamgʻargan puliga savob qilgisi kelib qoladi? Yoki osh beraman deb yiqqan pulga asfalt qilsa gunoh boʻladimi? Shunaqa savob ishlarni faqat hajning hisobidan qilish kerakmi?

Gapim keskinroq tuyulishi mumkin, lekin Oʻzbekistondagi hamma yoʻlni asfalt qilib, har bitta mahallaga transformator oʻrnatib bersangiz ham hajning savobini ololmaysiz, boʻyningizdagi farz soqit boʻlmaydi. Har amalning oʻz oʻrni bor. Moli nisobga yetgan kimsaga haj farz boʻladi, yoʻlni asfalt qilish emas. Moli nisobga yetgan odam oxiratda hajdan soʻraladi, transformatordan emas.

Odamlarga foydasi tegadigan xayrli ishlar qilish ulkan savob, albatta. Bu bizning kundalik ishimiz boʻlmogʻi lozim. Ammo har qancha savobli boʻlsa ham bunday ishlar Ollohning buyrugʻini tark qilish evaziga boʻlmaydi.

Siz qanday tezlikda ketyapsiz?

Oʻrtamiyonalik qoloqlikdan yaxshi boʻlsa-da, baribir yutuqlar garovi boʻlolmaydi. Shu bois ish boshiga oʻrtamiyona shaxsning kelishi oʻta xavfli. Chunki oʻrtamiyonalik yangilikdan oʻlgudek qoʻrqadi. Bu toifa mardum uchun soha rivojining qizigʻi yoʻq. Oʻtirgan kursisi omon boʻlsa bas. Natijada, sohada turgʻunlik boshlanadi.

Oʻrtamiyona ijodkor mashinani nuqul 50 km/soat tezlikda minadigan haydovchiga oʻxshaydi. Ana endi, shu odam rahbarlikka kelsa nima boʻladi? Avvalo, atrofiga 50 tezlikda yuradiganlarni toʻplaydi. Chunki undan tepasini yoqtirmaydi, toʻgʻrirogʻi, qoʻrqadi. “Ellikvoylar” juda tez birlashadi. Qoʻlni qoʻlga berib ijod qiladi, bir yoqadan bosh chiqarib fikrlaydi. Bir-birini maqtaydi, bir-biri haqida kitob yozadi.

Oʻrtamiyona odamning oti uzoqqa chopolmaydi, lekin uzo-o-oq chopadi. Chunki 50 tezlikda ketayotgan mardum hech qachon “radar”ga tushmaydi. “Radar”ga nishon boʻlib, “jarima” toʻlab yurganlar 100–120 tezlikda yuradiganlardir. Bunday tezlikda yuradiganlar oʻrtamiyonalar nazdida gʻalamis, osuda hayotni koʻrolmaydigan, noshukr odamlar sanaladi.

Savol-javob

Nodon shogird piri komildan soʻrabdi:

– Ustoz, sport mamlakatni dunyoga tanitarmish, shu toʻgʻrimi?

– Qanday qilib?

– Gʻolib boʻlsa, dunyo koʻz oldida yurt bayrogʻi koʻtarilur!

– Necha daqiqa koʻtarilur?

– Uch daqiqa...

– Uch daqiqada seni dunyo tanib qoladimi? Tanib ham qoldi deylik, keyin nima boʻladi? Sening yutugʻingni, bayrogʻingni umrbod eslab yuradimi?

Nodon shogirdning boshi xam boʻlibdi. Piri komil esa savol berishda davom etibdi:

– Kuba desa, hammaning koʻz oldiga boks keladi. Dunyo Kubani boks orqali taniydi. Ammo bundan mamlakatga ne naf? Xalqi zoʻr yashayaptimi? Sarmoya oqib boryaptimi? Dunyoga mashhur Kubaning bugungi ijtimoiy-siyosiy ahvoliga maymunlar yigʻlagudek... Futbol desa, odamlar “O, Braziliya!” devoradi. Ammo dunyoning yarim jinoyatchisi shu oʻlkadan. Sport bilan tanilish bu mamlakatlarga nima foyda keltirgan?

– Ustoz, siz sportga qarshimisiz?

– Aslo! Biroq oʻyinning ilmdan oldinga qoʻyilishiga rozi emasman. Chempion bugun bor, ertaga yoʻq! Ilm esa har doim xalq xizmatida!

– Biron narsa deyishga ojizman... “Bilagi zoʻr “Chevrolet Tahoe” olar, bilimi zoʻr – faxriy yorliq”!

Shuhratning umri qisqa

Xudoyim shon-shuhratni juda totli qilib yaratgan. Uni hamma istaydi va bu istak yoʻlida nimalar qilmaydi deysiz. Shon-shuhratning ismi bugun oʻzgargan: piar! Mayli, shunisi ham yaxshi, harqalay, u-bu gaplar aytilib turibdi.

Ikki deputat gap talashib, bir-birini populistlikda, masxarabozlikda aybladi. Yakkama-yakka debat qildi. Xalq mahliyo! Ammo tagini surishtirsangiz, shu... oʻzimiz bilgan gaplar! Oʻrtoqlar, “Oʻzavto” haqida kecha yo bugun gapirilayotgani yoʻq. Bu muammo eski Oʻzbekistonda ham gapirilgan. Mashinalarning valyutaga sotilayotgani, “inomarka”lar boji ataylab koʻtarib qoʻyilgani... Bu muammolarni koʻtarish uchun Oliy Majlisda ishlash shart emas. Ularni kirakash ham aytishi mumkin va aytyapti ham.

Sirasi, zoʻr boʻlsangiz, millat va davlat kelajagiga daxldor masalalarga aralashing, tizimga yangilik kiriting, oʻzgartiring!

Deylik, nega bu debatchilar ichki va tashqi siyosat haqida bir ogʻiz gapirmaydi? Hamma gapirishi mumkin boʻlgan mahalliy muammolarni uloq qilib chopishga ne hojat?!

Oʻrtoq deputatlar, yelkangizga zalvarliroq yukni oling, kattaroq muammolarni koʻtaring! Dangalini aytsam – biz aytolmayotgan gaplarni ayting! Ishsizlik, monopoliya, korrupsiya... bularni haybarakalla qilishni oʻzimiz ham amallaymiz. Lekin oldindan aytib qoʻyay: sizga oʻxshab, biz ham oʻzgartirolmaymiz. Unda oʻrtamizda qanday farq bor?

Farqimiz shundaki, siz mana shu muammolar aytilishi emas, hal etilishi kerak boʻlgan tizimda ishlaysiz.

“Samarqandga borsam men agar...”

7-sinfda oʻqiyotganimda ilk marta Samarqandga bordim. Taʼrifini kitoblarda oʻqiganim shaharga! Men uchun afsonalar diyori boʻlgan, buyuk Amir Temur poytaxtiga! Oʻshanda Registonni koʻrganimda beixtiyor ichki bir titroqni his qildim. Goʻyo moʻysafid minoralar kungurasidan Amir Temur bobomiz qarab turgandek tuyuldi. Qiziq, oʻsha oniy titroq keyinchalik ham qalbimda muqim qoldi. Shu-shu, har safar Registonga borganimda titroqni his qilaman.

Chindan-da bu tabarruk tuproqda ne-ne ulug‘ zotlarning izi qolgan. Qusam ibn Abbos roziyallohu anhu, Sayyid Baraka rahmatullohi alayh, Abu Mansur al-Moturidiy rahmatullohi alayh, Amir Temur, Mirzo Ulugʻbek... Sirasi, Samarqandning har qarich yerida bir avliyoning xoki bor desak, haqqimiz ketmaydi.

Men har safar shu gaplarni mulohaza qilganimda xayolimga lop etib bir fikr keladi, lekin uni oʻn yillardan beri asrab yuraman. Ammo endi aytmasam boʻlmas. Ehtimol, notoʻgʻridir, quruq vahimadir, bir ziyolining fikri-da.

Oʻn yillarki, Registon maydonida “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali oʻtkaziladi. Nega aynan Registonda?! Axir, bu tabarruk joyda qad rostlagan uchta madrasada qanday ulug‘ zotlar ilm olgan! Samarqandni idora etgan ne-ne hukmdorlarning farmonlari shu yerda oʻqib eshittirilgan. Bobur Mirzoning guvohlik berishicha, Registonda Shohrux Mirzoning tarbiyachisi Alika Koʻkaltosh tomonidan hashamatli masjid barpo etilgan. Keyinchalik Ulugʻbek Mirzo Muqatta nomli masjid qurdirgan. Ramazon kechalarida murattab qorilarning qiroatlari shaharga fayz bergan, baraka olib kelgan. Shunday tabarruk joyni konsertxonaga aylantirdikmi?

Xoʻp, masalaning maʼnaviy-ruhiy jihatini qoʻyaturaylik, oʻnlab ulkan karnaylarning badabangi, mushakbozliklar tarixiy obidalarni yemirmaydimi? Toʻyxonada oʻtirganingizda devorini ushlab koʻring, xavotirim sababini darrov tushunasiz.

Festival boʻlgani yaxshi, lekin buning uchun Samarqandda biri biridan chiroyli bog‘, xiyobonlar bor-ku! Tomoshani futbol maydonida ham uyushtirsa boʻladi.

Registon – Samarqandning yuragi, faxrimiz, gʻururimiz! U oyoqosti boʻladigan, raqs tushadigan, oʻyin-kulgi qilinadigan joy emas. U yerga borish nasib etsa, oʻtgan ulugʻlarimiz ruhiga atab uchtagina oyat oʻqing, bir zamonlar qanday millat, qanday xalq boʻlganimizni tafakkur qiling! Illo, xayolingizni olatasir musiqa buzmasin!..

Alisher NAZAR

“Tafakkur” jurnali, 2023-yil 2-son.

“Firqasiz” muallifdan fiqralar” maqolasi