Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasida gʻaznaviylar davrining muhim tarixiy yodgorliklaridan biri boʻlgan bronza medalon namoyish etilmoqda. Unda sulola hukmdori Abu Shujo’ Farruxzod bin Masʼudning nomi, unvonlari va davrga oid muhim maʼlumotlar aks etgan.
Medal Xurosonning Gʻazna shahrida hozirgi Afgʻoniston hududida ishlangan. U gʻaznaviylar hukmdori Abu Shujo’ Farruxzod bin Masʼudga tegishli boʻlib, uning hukmronlik yillari 1052–1059-yillarga toʻgʻri keladi. Medalondagi hijriy 444 yil — milodiy 1052–1053 yil sanasi esa uning muayyan tarixiy davr bilan bogʻliqligini koʻrsatadi.
Eksponatning eng diqqatga sazovor jihatlaridan biri uning har ikki tomonidagi kufiy xatidagi yozuvlardir. Old tomonda hukmdorning nomi va unvonlari keltirilgan:
“Adl / al-amir as-saʼid al-malik / nosir xalifat Alloh Abu Shujo’ Farruxzod / bin Nosir Din Alloh”
Medalon chetida esa uning Gʻaznada 444-yilda zarb etilgani haqidagi yozuv joylashgan. Orqa tomonda islomiy eʼtiqodning asosiy ramzlaridan biri boʻlgan shahodat kalimasi — “La ilaha illalloh, Muhammadur Rasululloh” hamda Abbosiylar xalifasi al-Qoim biamrillohning nomi aks ettirilgan. Medalon chetida esa Qurʼoni karimning Tavba surasi, 33-oyati keltirilgan. Shu jihatdan eksponatda siyosiy hokimiyat va diniy-eʼtiqodiy qarashlarni ifodalovchi yozuvlar bir butun kompozitsiyada uygʻunlashganini koʻrish mumkin.
Medalon quyma usulda tayyorlangan bronzadan ishlangan va uning sirti zarhallangan. Yuqori qismida qadimiy teshik va osma ilmoq izlari mavjud. Bu uning muayyan davrda osib qoʻyilgan yoki taqilgan buyum sifatida ham ishlatilgan boʻlishi mumkinligidan dalolat beruvchi muhim belgi hisoblanadi.
Asrlar davomida saqlangani natijasida uning yuzasida ishqalanish va korroziya izlari ham paydo boʻlgan. Bu belgilar eksponatning uzoq va murakkab tarixiy yoʻlini koʻrsatadi.
Diametri atigi 7,4 santimetr boʻlgan ushbu medalon oʻz hajmiga nisbatan nihoyatda katta tarixiy axborotni oʻzida mujassam etgan. Unda:
— hukmdorning ismi va unvonlari;
— Gʻaznaviylar davriga oid maʼlumot;
— 444 hijriy yil sanasi;
— Gʻazna shahri nomi;
— Abbosiylar xalifasi nomi;
— shahodat kalimasi;
— Qurʼon oyati kabi muhim maʼlumotlar jamlangan.
Shu bois bunday artefaktlar nafaqat moddiy madaniyat namunasi, balki oʻsha davrning siyosiy tarixi, diniy hayoti, epigrafikasi va sanʼatini oʻrganishda muhim manba sifatida ham ahamiyat kasb etadi.
Bugun gʻaznaviylar davriga oid mazkur nodir medalon Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasidan oʻrin olgan. Asrlar avval metallga bitilgan hukmdor nomi bugun muzey ekspozitsiyasida yana bir bor tarix tiliga aylanmoqda. 7,4 santimetrlik bu medalon oddiy ashyo emas. Unda Gʻazna, gʻaznaviylar, hukmdorlik anʼanalari va oʻsha davrning maʼnaviy dunyosi haqidagi tarixiy xotira mujassam.