XXI asr Van Gogi
Kelajak rassomlari haqida oʻylaganimda, Vinsent van Gog va ustoz Boboniyoz Qurbon koʻz oldimga keladi. Darvoqe, Boboniyoz akaga bagʻishlangan sheʼrimni “XXI asr Van Gogi” deb nomlagan edim. Shaxsiy dardlar ham ifoda etilgan, rassom shoir qiyofasida gavdalantirilgan sheʼrda, jumladan, shunday satrlar bor:
Sheʼrlarimni oʻqimaslar,
Lekin eʼlon qilgayman.
Shuhrat menga yuz yildan soʻng
Kelishin ham bilgayman.
Van Gog hayotlik chogʻida bittagina asarini sota olgan ekan. Sanʼatni anglash, uning qadr-qimmati borasida ahvol oradan ikki asr oʻtgan boʻlsa-da, afsuski, deyarli oʻzgargani yoʻq. Sanʼat va adabiyotning jamiyat-u xalq uchun naqadar muhim ekani hamon toʻliq tan olinmagandek... Yoʻqsa, sanʼatkorga eʼtibor sportchinikidan ortiq boʻlsa boʻlar ediki, aslo kam boʻlmas edi. Chunki sport insonni jismonan tarbiyalasa, sanʼat maʼnan yuksaltiradi. Jismonan kuchli odam goʻzallikni sevmasa, his etmasa, kuchini goʻzallikni nobud qilishga sarflaydi. Bu insoniyat uchun qanchalik xatarli!..
Moʻyqalamga muhabbat
Boboniyoz akani qariyb 20 yildan buyon bilaman. Ustoz butun umr Oʻzbek milliy akademik drama teatrida xizmat qildi. Bu davr mobaynida qoʻliga moʻyqalam olmagan biror kun boʻlmasa kerak. Harholda, qachon uchrashsak xolst qarshisida qizgʻin ijodiy ish bilan mashgʻul boʻlar edi. Boboniyoz aka boshqa rassomlardan farqli oʻlaroq faqat tasviriy sanʼat bilan cheklanib qolgani yoʻq. Koʻp qirrali isteʼdod sohibi pyesa, sheʼr va hikoyalar yozgan, turli ixtirolar qilgan, hatto tabobat bilan ham shugʻullangan. Soʻz sanʼatiga mehr, adabiyot va sanʼatni ayro bilmaslik badiiy ijodga undagan boʻlsa, Shahlo ismli rassom qizlarining uzoq vaqt xastalanib bevaqt vafot etgani ustozni tabobatni ham oʻrganishga majbur qilgandi.
Oqibat
Boboniyoz Qurbon teatrda ishlagan vaqtlari moʻjaz ustaxonasidan odam arimas edi. U kishi bu davrda yuzlab yoshlarga ustozlik qildi. Shogirdlarning aksari qoʻli yupqa oilalarning farzandlari boʻlib, rassom ijod sirlarini ularga fiysabilloh, savob uchun oʻrgatgan. Oʻnlab shogirdlari tasviriy sanʼatda yuksak marralarga erishdi. Ammo oqibatli shogirdlar ham kamyob boʻlar ekan. Bugun ustoz xastalikka chalinib, uydan chiqolmay qolgan, uning holidan xabar olayotganlar safi esa tobora siyrak...
Sanʼatga sadoqat
...Boboniyoz Qurbon Teatr va rassomlik institutini tugatib, teatrda ish boshlagan kezlar. Necha yillab u ijaradan bu ijaraga koʻchib yurish serfarzand oilani obdan holdan toydiradi. Rassomning rafiqasi Xolida Qurbonova axiyri bir kuni eriga yoriladi: “Boboniyoz aka, qachongacha teatr berayotgan arzimas oylikka chidab yashaymiz?! Keling, teatrni ham, rassomlikni ham tashlang! Biz ham bozorga chiqaylik!” “Sendan kechsam kechaman, lekin tasviriy sanʼatdan aslo voz kechmayman!” deydi Boboniyoz Qurbon oʻshanda qatʼiyat bilan.
Sanʼat asarlarining bosh qahramoni koʻpincha muallifning oʻzi boʻladi. Hatto oʻzga olam, oʻzga odamlar, voqealar gavdalantirilsa-da, ularning ortida sanʼatkor nigohi, dard-u iztiroblarini payqash qiyin emas. Boboniyoz Qurbon asarlari ham rassomning shaxsiy hayotidan hikoya qiladi. Uning hayoti esa sevimli ishi, kartinalari, bir soʻz bilan aytganda, tasviriy sanʼatdan iborat boʻladi.
Xayoliy galereya
Keling, endi Boboniyoz Qurbon asarlari xayoliy galereyasini birga sayr etaylik. “Xayoliy galereya” deganim bejiz emas. Gap shundaki, garchi bir umr orzu qilgan esa-da, rassom shaxsiy ustaxonaga ega boʻla olmadi. Zahmatkash inson bir umr teatrdagi kamtarona xonada ijod qildi, oʻsha yerda shogird tayyorladi.
Moyboʻyoq tubigidagi avtoportret
Boboniyoz Qurbon ijodida avtoportret va portret janri alohida oʻrin tutadi. Uning bosh asarlaridan biri “Avtoportret” deb nomlangan. Unda muallif oʻz qiyofasini tepib, majaqlab tashlangan moyboʻyoq tubigida aks ettirgan. Avtoportretini rassomning hayoti bilan muvoziy ifoda etadigan bu kabi obrazlar jahon tasviriy sanʼatida ham kam uchraydi.

Maʼlumki, musavvirlikda ishlatiladigan asbob-uskuna, mato-yu moyboʻyoq juda qimmat turadi. Aksar rassomlar aynan shu tomondan qiynalgani sabab, moyboʻyoqning bir qatrasini ham isrof qilmaslikka urinadi. Qolgan-qutgan boʻyoqni tubikdan siqib chiqarishning iloji boʻlmaganda, tashlab yuborishga koʻzi qiymay, oyoq ostiga tashlab, poshnalari bilan tepib-ezgʻilab, palitraga oʻtkazib oladi.
Nazarimda, inson hayoti ham shunday. “Agar chang boʻlmasa, inson mingga kirar edi” degan ekan Ibn Sino bobomiz. Bu dunyoda adolatsizlik, nohaqlik va ular ortidan keladigan gʻam-qaygʻu boʻlmasa, odamlar bagʻrikeng va samimiy boʻlsa, inson ehtimol ming yildan ham koʻproq umr koʻrarmidi?.. Afsuski, bir kam dunyo hali-hanuz bu balolardan qutulgan emas.
Boboniyoz Qurbon ham turfa sinovlar ichida yashadi – uning hayotida ham quvonch-u qaygʻu bisyor; sodda va samimiyligidan foydalanganlar qancha?.. Ammo rassom yaxshilik qilishdan bir zum chekingani yoʻq. U qancha yoshlarning boshini siladi, qanchasiga ustozlik qildi, yana qanchasiga uyidan joy berdi. Yaxshiligiga javoban qoʻlini tishlaganlar, hayotini zimistonga aylantirganlar ham uchradi... Ayni oʻshalar tufayli Boboniyoz aka oʻz qiyofasini tepib-majaqlab tashlangan tubikda aks ettirgandir.
Jakonda va Sveta
Boboniyoz Qurbonning goʻzal bir turkumi bor. Kartinalarda musavvir bilan koʻp yillar bir dargohda xizmat qilgan koreys hamkasbi va hamqalami Sveta Soy tasvirlangan. Turkumning Leonardo da Vinchining mashhuri jahon “Mona Liza” – “Jakonda”si bilan ajib oʻxshashligi bor. “Mona Liza” mumtoz, “Sveta” esa zamonaviy uslubda yaratilgan.

Jakonda – florensiyalik boy savdogar Del Jakondaning bevasi boʻlib, eri kartina yaratilmasdan bir oz avval vafot etadi. Umryoʻldoshini yaxshi koʻrgan Mona Liza motam belgisi sifatida qoshlarini qirib tashlaydi. Shu bois ham u suratda qora libosda tasvirlangan.
“Jakonda” tasviriy sanʼat tarixidagi eng mashhur kartina hisoblanadi. Unga oid tadqiqot, izlanishlar shu kungacha davom etmoqda. Asar Fransiyadagi Luvr muzeyida oʻqoʻtmas oyna ichida saqlanadi.
Boboniyoz Qurbon “Mona Liza” haqida qiziq fikr bildirgan edi: “Koʻpchilik “Jakonda”ni Leonardoning eng buyuk asari deb hisoblaydi. Menimcha esa, musavvirning eng buyuk asari “Sirli kecha” devoriy suratidir. Kartinada Iuda Isoni sotishidan oldingi kecha tasvirlangan. Oʻsha oqshom Iso oʻn ikki havoriyni mehmon qilib, “Ertaga ichingizdan biringiz menga xiyonat qilasiz!” deydi. Davrada xoin Iuda ham oʻtiribdi... Havoriylar “Isoni kim sotar ekan, kim?!” deb shivirlamoqda. Goʻyo ularning ovozi sizga ham eshitilayotgandek”.
Svetaning taqdiri ham Mona Lizanikiga oʻxshab ketadi. Uning eri uzoq vaqt Parkinson xastaligi bilan ogʻrib vafot etadi. Boboniyoz Qurbonning unga bagʻishlangan kartinasi Svetaning eri kasal vaqti yoki u vafot etgach yaratilgan. Jakondaning qirilgan qoshlari va motam libosi erining oʻlimiga, Svetaning sochlariga taqilgan qalampir shodasi esa ayolning achchiq qismatiga ishora qiladi. Qalampir shodalari orasiga ikki moʻyqalam sanchilgan, ayol rassomlik palitrasini bagʻriga bosib olgan. Palitraga qanotli ilhom tulpori – mitti Pegas qoʻnib turibdi. Svetaning koʻzlari italyan rassomi Amedeo Modilyani asarlari bosh qahramoni, uning rafiqasi Janna Ebyuternning koʻz qorachiqlari singari chizilmagan. Ammo ayolni bilgan kishi bir qarashdayoq kartinada aynan u tasvirlanganini payqaydi.

Men ham Svetani tanir edim. U boshiga tushgan sinovlarni tasviriy sanʼat yordamida yengmoqchi boʻlgan edi. Sanʼat uning ovunchogʻi edi. U ismidagi singari yorqin hayotni sevar, rasmlari ham issiq ranglarga toʻla edi.
Erk qushlari
Boboniyoz Qurbon – vatanparvar inson. Shoʻro qatagʻoni mavzusi uning ijodida alohida, koʻlamdor oʻrin egallaydi. Rassom Qodiriy, Choʻlpon, Usmon Nosir kabi shoir-u yozuvchilarimiz, juvonmarg boʻlgan millat fidoyilarini qush timsolida gavdalantiradi; kartinalarda qurbonlar ruhi tayrga aylanib kezib yuradi, Iso Masih singari 37-yilning qonli chorchoʻpiga tortiladi...

Erk qushi – Boboniyoz Qurbon asarlarida sevimli timsollardan biri. U ozodlik ramzi, xalqimiz uzoq yillar orzu qilgan, hayotini tikkan hurriyat timsoli, taʼbir joiz boʻlsa, Boboniyoz Qurbon ijodining totemi. Shuning uchun men bu ijodkorni Qurbonqush deb atagim keladi. Umrini sanʼatga, odamlarga yaxshilik qilmoqqa qurbon etgan qush...
Rangin marsiya
Boboniyoz Qurbon bir gal, Oʻrol Tansiqboyev va Chingiz Ahmarov singari Shuhrat Abdurashid ham oʻz maktabini yaratgan edi, dedi avtohalokat oqibatida hayotdan erta ketgan musavvir doʻstini eslar ekan.
Boboniyoz akaning Shuhrat Abdurashidga bagʻishlangan kartinasi ham bor, u navqiron rassomga yaqin uslubda yaratilgan. Bu taqlid emas, muallif atay shu yoʻlni tanlagan, marhum safdoshiga uning oʻz uslubida rangli marsiya bitgan goʻyo. Kartinaga boqamiz: Shuhrat Abdurashid asarlarida koʻp uchraydigan kuzgi biyday dala... Nechundir qonrang. Musavvir qalbidek oppoq bulutlar, moviy osmon, uning aksi tushgan koʻm-koʻk daryo. Dalaning bir chetida ochiq qolgan molbert... ha, aynan ochiq qolgan – ochiq turgan emas, chunki uning egasi endi qaytib kelmaydi. Molbert xuddi Shuhrat Abdurashidning hayotga toʻymagan, ochiq ketgan koʻzlariga oʻxshaydi, unda oʻsha tugallanmagan asar koʻrinadi – musavvirning qadrdon dalalari. Molbert va tugallanmagan asar egasini kutayotgandek. Chetda yolgʻiz qush mungʻayib turibdi. Bu qanday qush ekan? Shuhrat Abdurashidning ruhimi?..
Choyxona
Boboniyoz Qurbon – ijtimoiy faol rassom. Uning aksar kartinalari ijtimoiy muammolar, daqqi qarashlar, salbiy arxetiplar dadil koʻtarib chiqilgani bilan ham ahamiyatli. Ayniqsa, choyxona motivi. Choyxonaga mukkadan ketishimiz taraqqiyotdan ortda qolishimiz sabablaridan biri ekaniga nozik, ammo oʻtkir kinoya bor bunda...

Dashnobod – anduhim mening!
“Dashnobod anorlari” kartinasi – mening ham dardim, mening ham anduhim! Chunki men shu qishloqda tugʻilib oʻsganman.
Kartinada kamina koʻp guvoh boʻlgan tonggi manzara tasvirlangan: anorlar orasida kulrang zahri qotil (alyuminiy dudi) xuddi suruv oralagan koʻkboʻri misoli suzib yuribdi...

Qoʻlimda doiraday aylanar zamon
Rassomning ijtimoiy ruhdagi kartinalaridan biri “Doirakash”dir. Asarda bir emas, olti doirani aylantirib oʻynatayotgan doirakash aks etgan. Bu tasvir chuqur ramziy maʼnoga ega. Unda baʼzan sozanda qoʻlidagi doiralardek turlanadigan zamonga inja ishora bor.

Eʼtiqod
Boboniyoz Qurbon sanʼatga chuqur eʼtiqod qoʻygan. Sanʼat uning uchun hayot-mamot masalasi. Bir asarida dorgacha uzangan uzun yoʻl tasvirlangan, dor esa rassom palitrasiga bogʻlangan. Rassom asarni qanday nomlaganini bilmayman, ammo menga qolsa, uni “Eʼtiqod” deb atagan boʻlar edim.
Musavvir “Sanʼat xiyonatni kechirmaydi!” deb takrorlashni yaxshi koʻradi. Xiyonat qildingizmi, tamom, uning doriga osilasiz!

Abadiyat yoʻli
Yana bir ramziy kartina sharhi bilan xayoliy safarimizni yakunlamoqchiman. Soʻnggi yoʻlga kuzatilayotgan rassom. Qizigʻi shundaki, soʻnggi yoʻlga ham ranglar kuzatayotir. Odam shaklidagi moyboʻyoqlar yelkasiga tobut ortmoqlab olgan. Tobutda esa moyboʻyoq odam – rassom yotibdi. Ehtimol, bu sanʼatkor qismati haqidagi asardir...

Bir armon dilni oʻrtaydi: Boboniyoz aka yozgan pyesalari sahnaga koʻchishini bir umr orzu qildi. Ustoz koʻrishganimizda gohida “Suyunchi ber, yaqinda pyesam sahnalashtiriladi!” deb qolar edi.
Balki vaqti kelib, butun umr pyesa bitgan-u, birortasi sahnaga qoʻyilmagan qalamkash haqida hikoya yozarman...
Bugun ustoz xastalanib qolgan. Saqlashga joy boʻlmagani vajidan teatrdagi yuzlab kartinalari arzongarov sotuvga qoʻyilgan. Bu qanday qismatki, bir umr ijod qilib, asarlaringizga umringizni bersangiz-u, xastalanib qolganingizda ular juda ham arzon bahoga sotib yuborilsa!..

Aminmanki, bir kun kelib, Boboniyoz Qurbon kartinalari ham xuddi Van Gog asarlari singari chinakam qadr-qimmat topadi. Ammo u vaqtda Boboniyoz Qurbon oramizda boʻlarmikan!..
Nasrullo ERGASH
“Tafakkur” jurnali, 2023-yil 2-son.
“Kelajak musavviri” maqolasi