Isteʼdodsiz bola boʻlmaydi, balki oʻz vaqtida eʼtibor qaratilmagani bois qobiliyatini yuzaga chiqarolmagan insonlar uchraydi, xolos. Imlosi haminqadar, muayyan teorema yoki kimyoviy unsurlar xossalarini eslab qololmaydigan, sodda tenglamani ham yolchitib yecholmaydigan, chet tilini soʻzlashuv darajasida ham oʻzlashtirolmaydigan, oʻquvchilar tili bilan aytganda, “ikkichi” bolaning vaqti kelib, hayotda oʻz yoʻlini topib, qaysidir kasbda mohir usta boʻlib yetishgani – koʻp uchraydigan hodisa.

Ota-onalar, ustozlar hech bir bolaga befarq boʻlmasdan, qaysi sohaga qiziqishini aniqlab, shu oʻzanga yoʻnaltirishi kerak. Davlatimiz rahbari 2021-yil 19-yanvarda boʻlib oʻtgan videoselektor yigʻilishida “Biz uchinchi Renesans poydevorini yaratishda, avvalo, uning 5 ta muhim ustuni va halqasini belgilab oldik. Shu halqaning eng muhim boʻgʻini, hech shubhasiz, ijodkor ziyolilarimiz, xususan, maʼnaviyat vakillaridir. Ular “Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari” degan milliy yuksalishni amalga oshirishda barchaga, avvalo, yoshlarga oʻrnak boʻlishlari zarur”, deb taʼkidlagan edi.

Bu sinchkov eʼtibor va hassos eʼtirof zamiridagi teran maʼno oradan koʻp oʻtmay davlat darajasidagi xalqona maqsadga koʻchdi: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 26-martdagi “Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-5040-sonli qaroriga koʻra maktablarda ijodiy-madaniy masalalar boʻyicha targʻibotchi lavozimi joriy etildi. Bundan koʻzlangan asosiy maqsad taʼlim muassasalarida madaniy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish, oʻquvchilarning ijodiy iqtidorlarini aniqlab, roʻyobga chiqarish hamda yanada rivojlantirishga qaratilgan.

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Xalq taʼlimi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirliklari, Jurnalistlar ijodiy uyushmasi hamda Yozuvchilar uyushmasining 2021 yil 20 apreldagi “Ijodiy-madaniy masalalar boʻyicha targʻibotchi lavozimini joriy etish toʻgʻrisida”gi qoʻshma qaroriga asosan, oʻsha oyning oʻzidan umumtaʼlim maktablarida ijodiy-madaniy masalalar boʻyicha targʻibotchilar (0,5 shtat birligi) ish boshladi.

Bugungi kunda respublika boʻyicha faoliyat yuritayotgan 9729 nafar ijodiy-madaniy masalalar boʻyicha targʻibotchining 599 nafari (5,8 %) yozuvchilar, 911 nafari (9,3 %) shoirlar, 824 nafari (8,4 %) jurnalistlar, 1981 nafari (20,3 %) Yozuvchilar va Jurnalistlar ijodiy uyushmalari aʼzosi boʻlmagan ijodkorlar, 486 nafari (5 %) madaniyat xodimlari, 3105 (32 %) nafari esa ona tili va adabiyot oʻqituvchilari hamda 1823 nafari (19 %) boshqa fan oʻqituvchilaridan iborat.

Soha yangi boʻlgani sababli faoliyat yoʻnalishlari boʻyicha amaliy qoʻllanmaga ehtiyoj sezilayotgani inobatga olinib, muammoning yechimi sifatida Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi tomonidan Xalq taʼlimi vazirligi va Yozuvchilar uyushmasi bilan hamkorlikda oʻtgan yili 22-23-noyabr kunlari ijodiy-madaniy masalalar boʻyicha targʻibotchilar ishtirokida amaliy seminar-trening oʻtkazildi. Sohaning yetuk mutaxassislari, malakali trenerlar, taniqli yozuvchi-shoirlar mahorat darslari oʻtdi, maʼruza va taqdimotlar tashkil etildi.

Mashgʻulotlarda targʻibotchilar faoliyati boʻyicha qoʻshma qarorda belgilangan lavozim vazifalari – oʻquvchilar iqtidorini izchil rivojlantirish, ota‑onalari bilan hamkorlik qilish yoʻllari, oilada alohida qobiliyatli bolalar bilan qanday ishlash boʻyicha oʻrtaga tashlangan tavsiya va maslahatlar muhokama etildi. Ishtirokchilar tomonidan muhokamaga tashlangan taklif va mulohazalar talaygina. Ularni birma-bir sanab, oʻquvchining vaqtini olmaslik maqsadida barini umumlashtirib munosabat bildirib oʻtishni joiz topdik.

Xususan, qoʻshma qarorda targʻibotchining haftalik ish soati 20 soat deb belgilangani, ijodkorlarning asosiy ish joyi borligi sababli, bunga ulgura olmasdan faoliyatini toʻxtatish holatlari kuzatilayotgani dolzarb masala edi. Qisqacha tahlil qilsak, bugungi kunda bir stavka oʻqituvchilik shtat birligi yuqori sinflar uchun – 20, boshlangʻich sinflar uchun 18 soatni tashkil qiladi. Koʻrinib turibdiki, targʻibotchining gardaniga ikki baravar yuklama tushyapti. Qolaversa, boshqa oʻqituvchilar muayyan sinflarga, yaʼni oʻzi yaxshi bilgan oʻquvchilarga dars bersa, targʻibotchi esa butun maktab boʻyicha oʻquvchilarga motivasiya berishi kerak.

Katta maktablarda oʻquvchilar soni 2 mingdan ziyod ekanini inobatga olsak, masalaning qanchalik murakkabligi oʻz-oʻzidan oydinlashadi. Gap har bir bolaning iqtidorini vaqtida payqash va roʻyobga chiqarishga koʻmaklashish uchun unga kerakli yoʻl-yoʻriq – motivasiya berish haqida borar ekan, targʻibotchi har bir sinfga kirib, har bir bolaning sirdoshi boʻlib ijodiy suhbat oʻtkazishi, pirovardida iqtidoriga qarab toʻgaraklarga jalb etishi kutilgan natijani berishi mumkin.

“Ijodiy-madaniy masalalar boʻyicha targʻibotchi lavozimini joriy etish toʻgʻrisida”gi qoʻshma qaror qabul qilinganiga bir yil boʻlyapti. Agar bu yoʻnalish – tubdan yangicha taʼlim tizimi va uzoq muddatli reja ekanini inobatga olsak, oʻtgan muddatni tayyorgarlik koʻrish va ishga kirishish davri sifatida baholash mumkindir.

Oʻtgan muddat bizga asosli fikrlarni toʻplab, joʻyali taklif va mulohazalarni umumlashtirib, bafurja mulohaza yuritishni taqozo etayotir. Nisbatan qisqa fursatda Xalq taʼlimi vazirligi, Jurnalistlar ijodiy uyushmasi va Yozuvchilar uyushmasining takliflari, shuningdek, joylardan bildirilgan qimmatli fikr-mulohazalar jamlanib, uslubiy qoʻllanma loyihasi tayyorlandi va joylarda seminarlarda approbasiyadan oʻtkazildi. Endi yanada mukammallashgan holda chop etilib, targʻibotchilarga tarqatiladi. Shuningdek, targʻibotchilar oʻrtasida har yili “Yilning eng namunali ijodiy-madaniy masalalar boʻyicha targʻibotchisi” tanlovini tashkil etish koʻzda tutilmoqda.

Aytish joizki, ushbu lavozim joriy etilgach, maktablardagi ijodiy-maʼnaviy muhit yanada jonlandi, iqtidorli oʻquvchilar bilan ishlashning aniq mexanizmlari yaratildi. Mamlakatimizdagi maktablarning barchasida “Yosh ijodkorlar” toʻgaraklari faoliyat yuritmoqda. Toʻgarak qatnashchilarining ijod namunalari mahalliy va markaziy ommaviy axborot vositalari orqali yoritilmoqda. Yutuqlar yomon emas, ammo ayrim tanaffuslar (pandemiya, taʼtillar) bilan kechayotgan muddat “Ishlar zoʻr” deyishga izn bermaydi.

Kasaba uyushmalari uyushtirgan “Mening Prezidentim” ijodiy ishlar tanlovida aynan ana shu toʻgarak aʼzolaridan 5 nafari ryespublika bosqichida ishtirok etishib, gʻoliblar safidan oʻrin egallashdi.

Targʻibotchilar tomonidan tuman (shahar)dagi umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining oʻquvchilari orasida oʻtkazilayotgan maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar, adabiy-badiiy kechalar, ijodiy tanlovlar, mushoiralar, yangi kitoblar taqdimotlari, oʻquv-seminarlari ijtimoiy-maʼnaviy muhitni sogʻlomlashtirishga xizmat qilishi tabiiy. Tahlillarga koʻra, birgina yanvar oyida targʻibotchilar va ularning oʻquvchilarining faoliyati bilan bogʻliq tadbirlar ryespublika boʻyicha 30 dan ziyod teledasturlarda yoritilgan, 150 dan ortiq maqola va esselar gazeta-jurnallarda chop etilgan. Yangicha taʼlim yoʻnalishidagi 250 dan koʻproq ilgʻor tashabbuslar yangilik sifatida ijtimoiy tarmoqlarda yoritilgan. Bularning barchasi ushbu yoʻnalishda sezilarli jonlanish boʻlganini tasdiqlaydi.

Har bir hududda ijodiy-madaniy masalalar boʻyicha targʻibotchilarning telegramm guruhlari (masalan, “Andijon targʻibotchilari”, “Xorazm targʻibotchilari” va hokazo) ochilib, aʼzolari soni bugungi kunda 8542 nafarni tashkil etayotir. Ushbu guruhlarda kundalik yangiliklar, uslubiy koʻrsatma va tavsiyalar, oʻzaro tajriba almashish, faoliyatni OAVda yoritish kabi yoʻnalishlarda keng koʻlamli ishlar olib borilmoqda.

Mamlakatimiz milliy taʼlim tizimiga kiritilgan mazkur ijodiy-maʼnaviy yangilik tez fursatda oʻz mevasini berishiga ishonamiz. Sohadagi bundan keyingi faoliyat hamma-hammasiga: dastlabki muammolar yechimlariga ham, tashabbus va takliflar nechogʻlik oʻrinli ekaniga ham, mavjud ijtimoiy-maʼnaviy muhit oldimizga yana qanday talablarni qoʻyishiga ham oydinlik kiritadi. Demak, mavzuga yana qaytamiz.

Safar OLLOYOR,

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi masʼul xodimi