Turkiston mintaqasida jadidchilik gʻoyalari XIX asrning 90-yillaridan yoyila boshladi. Bu harakatning yetakchilari Mahmudxoʻja Behbudiy, Munavvarqori Abdurashidxon oʻgʻli, Abdulla Avloniy, Isʼhoqxon Ibrat, Abdurauf Fitrat kabilar edi. Ular sovet hokimiyatining qatagʻon siyosatiga qadar oʻlka ijtimoiy-siyosiy, madaniy hayotida muhim rol oʻynadi. Oʻzining bir qator islohotlari bilan jamiyatda oʻzgarishlar yasay oldi.

Jadidlar koʻtargan masalalar oʻzining ijtimoiy jihatdan ancha boy va serqirraligi bilan hozirgi kunda ham oʻz ahamiyatini yoʻqotmagan. Ular taʼlim-tarbiya, millat va vatan tushunchalaridan tashqari, dinni toʻgʻri anglashga ham katta eʼtibor bergan. Chunki mustamlakachilik taʼsiri va asrlar mobaynida islom dini atrofida qorishib ketgan bidatlar tufayli dinni yot unsurlardan tozalash zarurati mavjud edi.

Taraqqiyparvarlar islom dinini yaxshi bilgan kishilar edi. Ularning nomlariga muftiy, qori, mulla, shayx kabi martabalarning qoʻshib aytilishi ham bunga dalildir. Jadidlar islohotlar jarayonida dinning ahamiyatiga katta eʼtibor bergan holda xalqning ongiga islom mohiyatini tushuntirib borgan. Maqolalarida bidat, xurofotlarni tanqid qilgan.

Yangi usul maktablarida Qurʼon va hadislardan yoshlarning tarbiyasi yoʻlida keng foydalanilgan.

Misol uchun 1901-yil Toshkentda Munavvarqori Abdurashidxon oʻgʻli tomonidan ochilgan yangi usul maktabidagi fanlar dasturiga eʼtibor bersak, bir haftalik dars 24 soatga boʻlingan. Ushbu dasturda 12 soat turkcha, 5 soat hisob, 2 soat jugʻrofiya darslari bilan birga 5 soat diniy darslar ham mavjud boʻlgan. Din darslari ularga islom dinining mohiyatini tushunish bilan birga, arab tilini oʻrganish imkonini bergan.

Yangi usul maktablaridagi darsliklarga eʼtibor berilsa, unda keltirilgan misollar ham ilmiy, ham diniy asosga ega ekanligini koʻrish mumkin. Shuningdek, maktablardagi diniy darslar uchun jadidlar oʻzi darslik tuzgan. Xususan, Mahmudxoʻja Behbudiyning “Amaliyoti islom”, “Tarixi islom”, Abdulla Avloniyning “Muxtasar tarixi anbiyo va tarixi islom”, Abdurauf Fitratning “Rahbari najot” (“Najot yoʻli”), “Mavludi sharif yoki Murʼoti xayr ulbashar” kabi kitoblari shular jumlasidan.

Jadidlar yoshlar yaxshi taʼlim va tarbiya olishi, unga amal qilishi uchun ona tilida kitoblar yaratadi. Abdulla Avloniy aytganidek: “Bizim Turkiston makotibi islomiyasinda avvaldan oxirina qadar taʼlim oʻlinajak kitoblar: “Chor kitob”, “Sabotul ojizin”, “Fuzuliy”, “Navoiy”, “Xoja Hofiz” “Bedil”, “Maslak ul muttaqinlar”lar kabi sheʼriy kitoblari oʻldigʻi jumlaning maʼlumidir. Bu kitoblarning baʼzilari eʼtiqod va amaliyoti islomga taalluq mushkul masalalardan iborat oʻlgʻonlaridin hamda aksarlari forsiy tilda yozilgʻonlari uchun yosh bolalarning onlardan istifodalari, bir narsa anglamoqlari imkon xorijinda edi”.

Yuqorida qayd etilgan kitoblar yangi usul maktablarida oʻtilgan. Biroq ular endi bolaning yoshi va zehnidan kelib chiqqan holda oʻtilgan. Darsliklarni tuzish va dasturlar yaratish uchun muallimlar oʻzaro davra suhbatlari, choyxona va “gap” yigʻinlari oʻtkazgan. Bu haqida toshkentlik Moʻminjon Muhammadjon oʻgʻlining fikrlari oʻrinli: “... Devonaboʻrq samovarida toʻplanib, Munavvarqorining kengashi bilan burungʻi proʻgʻramlarini boshqa qilmoq, oʻzgartirmak boʻldilar. Boshlangʻich maktablarning 3-sinfida oʻquladirgʻan (favzuni najot) kitobini proʻgʻramdan chiqarish-chiqarmasliq toʻgʻrisida anchagina tortishuv boʻldi. Men uni chiqarib, oʻrnigʻa Soʻfi Olloyor toʻraning – Sabotul-ojizin kitobini kirgizish yogʻida boʻldim”.

Jadid namoyandalari har bir kitobda asos uchun “Quʼon” va hadisdan misollar keltiradi. Masalan, murratabi jadid maʼrifatparvarlaridan boʻlgan Moʻminjon Muhammadjon oʻgʻlining “Nasihat al atfol” nomli darslik kitobida yozilgan bir qator nasihatlar bola tarbiyasiga qaratilgan. Unda har bir neʼmatning qadr-qimmati va ahamiyati maʼlum bir rivoyat yoki hikoya shaklidagi nasihatlar bilan koʻrsatib berilgan. Ular hayotiy misollar bilan aks ettirilib, asoslari hadis va Qurʼondan olingan. Kitobning “Saboq” qismida keltirilgan aql, hayo va din haqidagi kichik rivoyatda, har uch xislatning oʻrni koʻrsatib beriladi.

“Poklik va ozodalik” mavzusida soʻz borar ekan “Islom dini ham pok va tozalikni nihoyatda rioya qiladir”, deb yozilib paygʻambarning soʻzlaridan keltiriladi: “Olloh Taʼolo paygʻambar Alayhisalomga: “Kiyimlaringni juda yaxshilab poklagil!” demish, paygʻambar Alayhisalom ham: “poklik iymonning bir parchasi yoyinki yarmidir” demishlar”.

Asarda ota-onani hurmat qilish haqida oʻquvchilarga pand-nasihat qilinar ekan Qurʼondan misol olinib: “Janob Haq Qurʼonda: “Odam bolasiga vasiyat qildim, ota-onasiga yaxshilik qilmak ila” dedi”, deb yoziladi.

Vatan masalasida esa “Vatanni suymak” sarlavhasi ostida nasihat qilinib: “Har kimning tugʻulib oʻsgan yeri oʻz vatani boʻlur. Har kim oʻz tugʻilib oʻsgan yerini albatta suyar: siz va biz ham Turkistonimizni jondan ortiq yaxshi koʻrarmiz. Arablar; Arabistonning qaynoq qumlarini, eskimoslar shimolning yaxlik uva (tog‘ ustida boʻlgan tekislik)larini har joydan ortuqroq suyadurlar. Agar suymasalar edi, ul yerlarda oʻturmas edilar. Shuning uchun: “Vatanni sevmak iymondandir” demishlar”, deya bayon qilinadi.

Xulosa qilib aytganda, jadidlar islohotchilik harakatida din ham oʻziga xos oʻringa ega boʻlgan. Taraqqiyparvarlar islomning mohiyatini toʻgʻri tushuntirish orqali ortiqcha bidat va xurofotlarni yoʻqotishga urindi. Ularning asarlarida ham ushbu masalalar aks etdi.

Yoʻldashev Abduvali 

Tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori