Aprelning ilk kunlarida Parij shahrida Markaziy Osiyodagi birinchi professional fotograf va kinotasvirchi Xudoybergan Devonovning fotosuratlari koʻrgazmasi boʻlib oʻtdi. “Zamonlar osha nigoh: Xudoybergan Devonov merosi” deb nomlangan koʻrgazmada uning koʻplab noyob fotosuratlari namoyish etildi. Bu fotolar oʻz davridan qimmatli maʼlumotlar berishi bilan birga, XIX asr oxiri va XX asr boshlaridagi Xorazmda yashagan saroy ahlidan tortib, oddiy odamlarning turmushigacha oʻzida aks ettirishi bilan barcha fotografiya sanʼati ixlosmandlarini hayratga soldi. Shu munosabat bilan mazkur badiiy fotografiya namunalari egasining taqdir yoʻllariga yana bir bor nazar tashladik. 

Oʻzbekning birinchi mohir fotografi va kinooperatori Xudoyberdi Devonovning hayot faoliyati haqida turli maʼlumotlarni oʻqirkanmiz, u betakror isteʼdodi bilan birga ajoyib fazilatlar egasi boʻlgani namoyon boʻladi. Bu insonni yaqindan tanigan, u bilan suhbatda boʻlganlar hozir yoʻq, hisobi. Borlaridan ham barcha axborotlar yozib olinib, eʼlon qilingan. Ayni maqolani ham Devonov haqidagi maqolalar, kitoblar, tayyorlangan koʻrsatuvlardan foydalanib yozyapmiz. Maʼlumotlar ichida eʼtiborimni tortgani, bu insonning birinchi oʻzbek fotografi, kinooperatori sifatida tarixda qolishi va ayni damda ijodiy merosi jahon miqyosida eʼtirof etilishi ortida uning noyob isteʼdodi, yaxshi sharoitda unib oʻsganidan tashqari, oʻzining jiddiy mehnatsevarligi yotadi.

Devonov tarjimai holida otasining ismini Xudoybergan Nurmuhamedov deb yozib qoldirgan. Ota-bolaning ismi bir xil Xudoybergan boʻlgani sababi 9 yoshida oʻgʻirlanib, qul oʻrnida sotilgan bolaga Xudoybergan ismi berilgan boʻlsa, yoshi qirqqa yaqinlashganida Xudoyobergan Nurmuhammad ham birinchi farzandini koʻrganida Allohga shukrona sifatida oʻgʻliga Xudoybergan deb ism qoʻygan edi. Devonov otasi 1850-yilda Eronning Kalat degan joyidan olib kelinib, xivalik Otajon toʻra ismli boyga 18 tilloga qul oʻrnida sotilganini, bu odamning qoʻlida ishlab yurib, xat-savod chiqarganini, soʻngra devonlik (mirza) qila boshlaganini yozadi. Keyinchalik, Xudoybergan Nurmuhammad Qadam mahramning xizmatiga oʻtgach, umrining oxirigacha bu oilaga ishonchli vasiy boʻlib qolgan.

1878-yilda Xivada tugʻilgan Devonov 9 yoshidan eski maktabga qatnab, 15 yoshida xat-savodini chiqarib, yoʻniqchilik ishiga kirishganida otasi bu ishni ogʻir hisoblab, yaxshiroq, odamning zehnini oʻstiradigan ishlarga undaydi. Shu sababidanmi yoki oʻzining qiziqishi sababmi u 1889-yilda soatsoz ustaga shogird tushadi. Bir yil davomida rus ustadan soatsozlikni oʻrgangach, bir muncha vaqt shu hunar bilan shugʻullanadi. Keyinchalik nemis mennonitlaridan boʻlgan Vilgelm Pinnerdan fotosuratchilikni oʻrganadi. Nemis mennonitlari Xorazm xoni Feruzning marhamati bilan Xivaning Oq machit qishlogʻiga kelib yashab qolgan, oʻziga xos diniy eʼtiqodiga koʻra hech kimga zarar bermaydigan, oʻrta osiyoliklar uchun yangilik boʻlgan bir necha hunarlarni bilgan qavm edi. Maʼlumotlarga koʻra yosh Xudoybergan Vilgelm Pinnerning uyiga ikki yil davomida har kuni qatnab ham nemis tilini, ham fotografiyani oʻrgangan. Devonov ilm yoʻlida Xivadan 25 km uzoqlikda joylashgan Oqmachit qishlogʻiga kuniga 50 km yoʻl bosib borib kelar ekan. Baʼzan esa Panar buva (Vilgelm Pinnerni mahalliy aholi shunday deb atagan)ning oʻzi yakshanba kunlari Xudoyberganning uyiga kelib unga saboq bergan.

Oʻsha fotografiya ilmini oʻrganib, u bilan shugʻullanishni boshlagan 1901-1902-yillari bu yangi kasbni katta gunoh sanagan mutaassib kishilar “Sen suratga olgan odamlar qiyomat-qoyim boʻlganda tirilib kelib, jonimni qaytarib ber, deb sendan talab qilishadi. Oʻzing ham oʻlganingda doʻzaxga tushib, shariat oldidagi gunohlaring uchun jahannam azobini tortib yotasan”, deb qoʻrqitadilar. Aytishlaricha, qozikalon Salimxon oxund Xudoyberganni kofir deb eʼlon qilishi ortidan koʻp kishilar undan yuz oʻgira boshlaydi. Bu haqida Devonov oʻz tarjimai holida shunday yozadi: “...1903-yil bir miqdor pul anjom qilganim holda Polvon hoji bilan birlikla Maskavga ketdim. U yerdan oʻzimga kerakli soat asboblari hamda apparat bilan foto materiallarini olib qaytdim-da, burungʻicha ishlay boshladim. Bu vaqtlarda rasm olish ishi din ahllari tomonidan “shariatga xilof” hisoblanar edi. Hatto otam yoniga elatning oqsoqol, mulla, eshonlari kelib: “Oʻgʻling rasm olishga kirishgan emish. Bu ish shariatda man qilingan, surat turgan joyga farishta kirmaydi, oʻgʻlingni bu yoʻldan qaytar”, deb taklif qilganlar. Otam esa ularga javoban: “Oʻgʻlimning bu hunarni oʻrganishiga toʻsqinlik qila olmayman, uning oʻltirgan joyiga farishtalar kirmasa, boshqa joyga kirganlari yetmaydimi?! Bunday quruq soʻzlarning nima zarurligi bor?!” deb qaytarib yubordi. Shu vaqtlarda Xivada foto havaskorlarining soni bir-ikkita edi...”. Xivalik birinchi oʻzbek fotografini ilgʻor fikrli saroy ahli, xususan shoh va shoir Muhammad Raximxon Feruzning oʻzi qoʻllab quvvatlagani boisidan ham Devonov foto ishini toʻxtatmadi. Aksincha, keyinchalik kinofilm olishga qiziqib qoldi.

Akademik Naim Karimovning “Birinchi oʻzbek fotografi” nomli ocherkida qahramonimiz hayoti va ijodiy faoliyati bilan shugʻullangan bir necha ijodkorlarning ismi shariflari keltiriladi. Xususan, unda “Bu xayrli ishni boshlab bergan, birinchi oʻzbek fotografi va kinooperatori haqida bir necha maqolalar yozgan va hujjatli filmlarni yaratgan taniqli kinoshunos olim, filologiya fanlari doktori Hamidulla Akbarov, xorazmlik fidoyi yozuvchi va jurnalistlar Erkin Madrahimov, Salimjon Hasanov, Komil Nurjonov, Roʻzimboy Hasan va boshqalar Xudoybergan Devonovning hayoti va ijodiy faoliyatini oʻrganish ishiga muhim hissa qoʻshdilar...”, deb qayd etilgan. Shuningdek, Erkin Madrahimovning Devonov toʻgʻrisidagi quyidagi qimmatli maʼlumotlari ham oʻrin olgan: “...1907-yilning kech kuzi. Xiva xonligining Islomxoʻja boshliq bir guruh vakillari Amudaryo boʻylab kemada Chorjoʻyga yetib kelgach, u yerdan poyezdga oʻtirishdi-da, Toshkentga, u yerdan esa Peterburgga yetib kelishdi. Yigirma toʻqqiz bahorni koʻrgan suratkash yigit – birinchi oʻzbek fotografi Xudoybergan Devonov Xiva ulamolarining Peterburgga safarlari, oq podsho, oliy mansabdagi boshqa amaldorlar bilan boʻlgan uchrashuvlari, muzokara va ziyofatlarini suratga tushira boshladi. Nikolay II, uning rafiqasi, shahzoda Aleksey, podsholik ministrlari xorazmlik fotograf Xudoybergan Devonov olgan suratlarda oʻz aksini topdi...”.

Delegatsiya aʼzolari safardan Xorazmga qaytadilar. Birinchi oʻzbek fotografi xonning ishonchli vaziri Islomxoʻjaning qoʻllab-quvvatlashi bilan yana ikki oy Rossiyada qoladi. Bundan maqsad Nikolay II mehmonlarga koʻz-koʻz qilgan yangi kino apparati qanday ishlashini oʻrganish va yurtga qaytishda uni sotib olish edi. Maʼlumotlarga koʻra Devonov ikki oydan ortiq Rossiyada boʻlib, u yerdagi chet el firmalari, kino-fotostudiyalarida tajriba toʻplaydi. Keyin, 1908-yilning boshlarida “Pate” kinoapparati, teleskop, grammafon, fotoapparat va surat chop qiladigan qogʻoz bilan lentalar olib Xivaga qaytadi.

1910-yil 7-avgustda Muhammad Rahimxon II vafot etadi. Taxtga uning oʻgʻli Isfandiyorxon oʻtiradi. Isfandiyorxon davrida ham Devonov saroy aʼyonlari bilan Rossiyaga borgani toʻgʻrisida maʼlumotlar bor. Har gal Rossiyaga borganida u Peterburg, Moskva, Kavkaz kabi shahar va dam olish maskanlarida xon va uning aʼyonlarini suratga olish bilan mashgʻul boʻlgan. Shu bilan birga vataniga olib ketish uchun foto va kino ishiga taalluqli dastgoh, anjomlar sotib olgan. Lekin 1912-yildan keyin Xudoybergan Devonov saroydan uzoqlasha boshlaydi. 1915-yilga kelib Isfandiyorxonga qarshi tuzilgan inqilobiy guruhga qoʻshiladi. “1915-yildan keyin inqilobiy ishlarga aralashib ketib, 1917-yilda Isfandiyorxonni taxtdan tushirishda ishtirok qildim. Shu yilning oʻzida xon yovmutlarga suyangani holda inqilobiy ishlarda qatnashib yurgan kishilarni taʼqib qila boshladi. Boboxon Yoqubov, Otajon Safoyev, men va yana bir nechalarimiz Toshkentga qochdik. Xivada bir oz tinchlik boshlanganidan keyin qaytib kelib, tagʻin ham “Yosh xivaliklar” tashkilotida ishimizni davom ettirdik”, deb yozadi Devonov tarjimai holida.

Biz jadidlar haqida soʻz yuritganimizda birinchi kinooperatorimizni tilga olmaymiz. Aslida, xalqni dunyo yangiliklaridan boxabar qilishga intilgan, yoshlarni oʻqish va ilmga chorlagan, oʻz faoliyati bilan har jihatdan yurtdoshlariga oʻrnak boʻlgan Devonov maʼrifatparvar jadidlarning birinchi qatorida turadi. Bu insonning betakror kasb mahoratiga xonlar ham, shoʻrolar ham talabgor edi. Uning foto-kinokamerasi obyektividan shoh ham, gado ham oʻtgan. Faoliyatidagi 40 yildan ortiq vaqt mobaynida olgan behisob suratlarning qiymati juda yuqori boʻlgan. Ammo hozirda oʻsha davrning ijtimoiy-siyosiy, tarixiy-etnografik, madaniy-maʼrifiy turmush tarzidan zarur axborotlar beradigan minglab fotolar, hujjatli kadrlardan sanoqlilarigina qolgan, xolos.

Oʻtgan asrning 70 yillaridan to bugunga qadar qahramonimizga doir barcha muhim maʼlumotlarni toʻplash, fotosuratlarni tiklash, merosini asrab-avaylashda jonbozlik koʻrsatib kelayotgan yana bir inson uning jiyani Abdulla Yusupovdir. Jiyanining maqolalaridan birida 1926-yili (Devonov hayot payti) “Yer yuzi” jurnalining 11-soni, 13-sahifasida nashr qilingan A.Yoqubovning “Oʻzbek fotogrofchisi” maqolasidan muhim maʼlumotlar berilgan. “...Hozir Devonovning qoʻlida Xorazmning turmush, kun koʻrish va tarixiga oid 500 xildan ortiqroq rasm bor. Agarda inqilob vaqtida olingan rasmlarni hisoblaganda 1500 ga yetardi. Hatto shunday rasmlar borki, bu rasmlar xon davrida, bundan 40–50 yil ilgari olingan boʻlib, Devonovning qoʻlida saqlangan... Devonov 1903-yildan boshlab kino ishlariga havaslanadur va shunga kirishadur. Hozir Devonovning surat va kinolar uchun xususiy laboratoriyasi boʻlib, 4 ta foto, 1 ta kino apparati bor. Devonovning qoʻlida Xorazm koʻrinishlari va tarixiy voqealarga oid 300 metrdan iborat har xil kinoxabarlari borkim, buni Devonovning oʻzi va oʻgʻli ishlagandir. Devonov surat olish, kino olish bilangina shugʻullanmay, balki xalqqa kartina koʻrsatish vazifalarini ham bajaradur. Oʻzining kartina koʻrsatadurgʻon apparatlari boʻlib, ichki Rossiyadan va boshqa yerlardan lenta olib xalqqa koʻrsatadur. Devonov yosh havaskorlar yetishtirishda ham katta xizmatlar qildi. Bir xivalik yigitni shogird qilib olib, uni yaxshi fotografchi qilib tayyorladi. Shu qatorda yana bir yigitni 3 yildan beri oʻrgatib keladir. Bu yigit ham hozir gʻayratli fotograf boʻldi. Devonov xususiy kishilarni yetishtirish bilan qanoatlanmay, mendan Xiva uchun esdalik qolsin, deb 1924-yilda Xivadagi taʼlim-tarbiya foto shoʻbasi ochdi. Bunda oʻz apparati, oʻz gʻayrati bilan 13 bolani tekinga fotograf ishiga tayyorladi. Devonovning mana shu xizmatlarini Xorazm viloyat ijroiya qoʻmitasi va Xorazm ishchi dehqoni taqdir etdi. Viloyat ijroqoʻmi Devonovning hurmatini taqdir etib, ishchi dehqonlar nomidan bir oltin soat taqdim etdi.”

Afsuski, 37-yillarda behisob millatdoshlarimiz boshiga tushgan koʻrguliklar Xudoyberdi Devonovni ham chetlab oʻtmadi. Uni 59 yoshida koʻplab xorazmlik ziyolilar qatorida qamadilar. Akademik N.Karimov bu mudhish yillar toʻfoni haqida shunday yozadi: “1937-yilning qonli boʻroni dafʼatan koʻtarildi. Bu boʻron sobiq shoʻro mamlakatining barcha hududlarida yashagan aholini bir vaqtning oʻzida yamlab-yutib yubormoqchi boʻldi. Bu boʻrondan na shaharning shinam uylarida istiqomat qilgan davlat va jamiyat arboblari, na olis tog‘ etaklarida mol boqib yurgan choʻponlar tirik qolishdi. Bu, Ollohdan emas, balki yer yuzida yashagan va oʻzini shu bepoyon hududlarning birdan-bir xoʻjayini deb oʻylagan Iblisdan kelgan ofat edi”.

Kezi kelganda qayd etish kerakki, Devonovning tugʻilgan yili, Rossiyaga borishi, V.Pinnerdan taʼlim olish vaqtlari va hibs etilishi bilan bogʻliq maʼlumotlarda har xillik koʻzga tashlanadi. Nazarimizda o‘sha yillari haddan tashqari koʻp qamoqqa olinganidan mahbuslarning oʻzlari koʻrsatmalar berganda ayrim maʼlumotlarni yashirib, ayrimlarini chalkashtirib aytgan boʻlishlari mumkinki, ularga yaqin boʻlgan boshqa odamlarni ham olib ketmasin, qamamasin degan umidda. Boshqa tomondan esa shoʻrolarning maqsadi “nishonga olingan” shaxsni yoʻq qilish, oʻldirish edi. Shuning uchun NKVD arxividagi maʼlumotlarda chalkashliklar koʻp.

N.Karimov Devonovning qamoqqa olinish voqeasini shunday yozgan: “30-iyun kuni, yarim kechada, NKVD xodimlari Xiva shahrining 4-mahalla 4-elatidagi Xudoybergan Devonov yashagan 18-uyga bostirib keldilar. X.Devonovni hibsga olish haqidagi qarorda uning xon noziri oilasidan ekani, oʻzining devon (mirza)lik bilan shugʻullangani, Isfandiyorxon bilan Muhammad Rahimxonning fotografi boʻlgani, inqilobdan soʻng Xorazm Xalq Respublikasida moliya noziri boʻlib xizmat qilgani, shu kecha-kunduzda esa Urganch shahrida suratkashlik kasbi bilan mashgʻulligi aytilgan edi...”

Devonovning jiyani Abdulla Yusupov esa quyidagicha maʼlumot beradi: “Mudhish 17-avgustda Devonovlar oilasi Urganchda istiqomat qilar, qarindoshi Gavhar Yusupova kinooperatorni eng soʻnggi koʻrgan insonlardan boʻlib, bu haqda u shunday hikoya qilgandi: “Kechqurun soat 11 lar chamasi edi. Eshik zulfi qattiq sharaqlab undan qaynotam Hasanboy ota, uning izidan, oldinda bir melisa, keyninda yana bir melisa Devon buva bilan ( yaʼni Xudoybergan Devonov) kirib keldilar. Devon buva “Buvi, suratlar turgan jomadonni olib chiq” deb singlisi Bibijonga ters ayvonda turganicha noxushgina buyurdi. Bu paytda bir melisa hujjatlarni titkilash, suratlarni izlash bilan ovora edi. Devon buvaning koʻzlaridan yosh oqar, yigʻlamsirab, Bibi, suv ber, deya singlisi olib kelgan suvdan ichardi. Devon buvani oxirgi koʻrganimiz shu boʻldi”. Nazarimizda, Xudoyberdi Devonovni 30 iyunda Xivada qoʻlga olishgan-u, 17-avgustda oʻzi bilan Urganchdagi uyiga kelib tintuv oʻtkazishgan. Uning Xivadagi hovlisi tintuv qilinishi vaqtida unga tegishli qoʻshotar miltiq, 300 ga yaqin fotosurat, yozishmalar, hujjatlar va hali proyavka qilinmagan kinolentalar olib chiqib ketilgan. Keyinchalik bu shaxsiy mulk yoʻq qilib yuborilgan. Uning xonasiga qulf osiladi.

Shu bilan to 1960-yillargacha Devonov nomini ham, oilasini ham hech kim eslamaydi, bunga jurʼat qilolmaydi. Faqat 1968-yilga kelib kinoshunos X.Akbarov birinchi oʻzbek fotografi va kinooperatori izlarini izlab, Xorazmga borganida Devonovning keksayib qolgan bevasi Bekajon aya bilan Xivadagi uyida uchrashadi va ularga davlat tomonidan pensiya tayinlanishiga erishadi. 70-yillarga kelib Devonovning nomi kinoshunoslar, olimlar, jurnalist va OAV xodimlari tomonidan tez-tez tilga olina boshlandi. U haqida bir necha marta koʻrsatuvlar, hujjatli filmlar yaratildi va bu hozirga qadar davom etmoqda. Ayni damda Oʻzbekiston Kinematografiya Agentligi tomonidan ishlab chiqilgan “Tirik tarix” loyihasi doirasida Xudoyberdi Devonov haqida badiiy film suratga olish rejalashtirilgan.

Aytishlaricha, mamlakat tarixida katta rol oʻynagan maʼnaviy meros qoldirgan shaxslar alohida tanlangan insonlardir. Tanlanganlarning taqdiri koʻpincha ayanchli, hayot yoʻli mashaqqatli boʻladi. Birinchi oʻzbek fotografi va kinochisi Xudoyberdi Devonovning katta merosi 37-yillarda talon-taroj etilganiga qaramay, undan qolgan asarlar hozirda sanʼatshunoslar, etnograflar, tarixchi va hatto, siyosatshunoslar tomonidan jiddiy oʻrganilishga muhtoj. Xorijdagi kino arxivlarida uning asarlari saqlanayotganiga shubha yoʻq. Ularni topish, oʻrganish uchun bel bogʻlagan tadqiqodchilar, albatta, davlat tomonidan har taraflama qoʻllab-quvvatlanishi kerak. Nazarimizda, Parijda oʻtkazilgan koʻrgazma bu masalada hukumatga ishonish mumkinligini tasdiqlaydi.

Shohida ESHONBOBOYEVA