Yaqinda taniqli tarixchi, Amerikaning Karlton kolleji professori Adib Xolidning kitobi oʻzbek tilida nashr etildi. Shu munosabat bilan oʻtkazilgan taqdimot marosimidan soʻng olim bilan jadidchilik harakatining murakkab jihatlari, tarixdagi notoʻgʻri talqinlar va tadqiqotchilik qiyinchiliklari haqida suhbatlashgandik.
Avvalo, Oʻzbekistonga xush kelibsiz. Kecha boʻlib oʻtgan kitobingiz taqdimoti koʻplab ilm ahlini bir yerga jamladi. Bu voqea siz uchun qanday ahamiyatga ega?
Mening ishimga, ayniqsa, Oʻzbekistonda shunchalik katta qiziqish bildirilganidan juda mamnunman. Bu mavzu ustida uzoq yillar ter toʻkkanman va nihoyat mehnatlarim mahsuli oʻzbek tilida oʻquvchilarga taqdim etilgani men uchun katta sharaf. Kitobning nafaqat tarjimasi, balki uning juda sifatli va goʻzal tarzda chop etilgani ham meni gʻururlantirdi. Kitobning mahalliy kitobxonlar va mutaxassislar qoʻliga yetib borishi men uchun chinakam baxt.
Yurtimizga uzoq yillardan beri kelib turasiz. Bugungi kunda madaniy merosimizga boʻlayotgan eʼtiborni qanday baholaysiz?
Oʻzbekistonning madaniy merosi juda kuchli va boy, deyolaman. Yurtingizga ilk bor sobiq ittifoq davrida kelgandim va oʻsha vaqt bilan solishtirganda, mustaqillik yillarida bu merosning naqadar jonlangani va qadrlanayotganini koʻrish katta quvonch bagʻishlaydi. Bugungi kunda merosning nafaqat tiklanayotgani, balki keng miqyosda nishonlanayotgani tahsinga loyiq.
Soʻnggi yillarda jadidlarni oʻrganishda katta siljish kuzatildi. Biroq, hali ham bu harakatni tushunishda qanday xatoliklarga yoʻl qoʻyilyapti, deb oʻylaysiz?
Ha, oxirgi 30-yil ichida jadidlarni tushunish darajasi ancha oshdi. Lekin tarixchi sifatida ikkita muhim nuqtaga eʼtibor qaratishni istardim. Birinchidan, jadidchilikning 1917-yilgi inqilobgacha boʻlgan davri va undan keyingi evolyutsiyasini bir-biridan farqlashimiz kerak. Rossiya inqilobi siyosiy sharoitlarni butunlay oʻzgartirib yuborgan va biz jadidlar faoliyatini bu ikki davr kesimida ehtiyotkorlik bilan tahlil qilishimiz lozim. Ikkinchidan, biz jadidlarni oʻz jamiyatidan ajratib oʻrganmasligimiz kerak. Ular nafaqat tashqi kuchlar, balki oʻz jamiyati ichidagi muxolif kuchlar tomonidan ham kuchli qarshiliklarga duch kelishgan va bu omil koʻpincha tadqiqotlarda eʼtibordan chetda qoladi.
Jadidlar va xotin-qizlar masalasi haqida soʻramoqchi edim. Oʻzim ham bugun shu yoʻnalishda izlanish olib boryapman. Ularning ayollar taʼlimi va ijtimoiy roli borasidagi qarashlari qanchalik xilma-xil edi?
Aslida, oʻzlarini jadid deb hisoblagan barcha ziyolilar ayollarning jamiyatdagi oʻrni oʻzgarishi kerakligi, ularga taʼlim va ijtimoiy hayotda ishtirok etish huquqi berilishi zarurligi borasida deyarli yakdil boʻlishgan. Xususan, 1917-yildan keyin ayollar saylov huquqiga ega boʻlgach, jadidlar barcha ayollarni ovoz berishda faol ishtirok etishga chaqirishgan. Shuni aniq tushunish kerakki, 1927-yilda bolsheviklar tomonidan amalga oshirilgan “Hujum” harakatining jadidlarning bu boradagi fikrlariga hech qanday aloqasi boʻlmagan.
XX asr boshidagi ayollar masalasini oʻrganayotgan tadqiqotchilar uchun eng katta toʻsiq nimada?
Eng asosiy muammo – oʻsha davrdagi ayollarning oʻz “ovozi” yetishmasligi. Ayollar tomonidan yozilgan manbalar juda kam. Bizda bor manbalarning aksariyati erkaklarning ayollar mavqeyi haqidagi qarashlaridan iborat. Afsuski, bu muammoning osongina yechimi yoʻq.
Jadidlarning islohotchilik gʻoyalari shakllanishida qaysi tashqi omillar yetakchi rol oʻynagan?
Jadidchilik oʻsha davrda koʻplab musulmon oʻlkalarini qamrab olgan keng koʻlamli modernizm harakatining bir qismi edi. Ularga eng katta taʼsir koʻrsatgan tashqi kuchlar sifatida, bir tomondan tatarlarni, ikkinchi tomondan va eng muhimi, Usmonli imperiyasini (Turkiya) koʻrsatish mumkin.
Kelgusidagi ilmiy rejalaringiz haqida ham toʻxtalib oʻtsangiz.
Men asosan XX asr tarixiga oid mavzular ustida ishlashda davom etaman. Xususan, Rossiya inqilobi davridagi Oʻzbekiston tarixi juda murakkab va qiziqarli jarayon boʻlgan. Kelgusida aynan shu murakkab davrni tadqiq qilishni maqsad qilganman.
Javoblaringiz uchun rahmat, sizni yana yurtimizda kutib qolamiz.
Nigora ELMURODOVA
suhbatlashdi