XXI asr insoniyat tarixida iqtisodiy taraqqiyot, ilm-fan va texnologiya jabhalarida ulkan yutuqlar davri sifatida muhrlanmoqda. Ayni vaqtda dunyo tinchligiga tahdidlar koʻlami ham ortayotir. Ijtimoiy-siyosiy buhronlar, iqtisodiy inqirozlar, urushlar butun kurrai arzda aks sado berayotir. Koʻz koʻrib quloq eshitmagan mafkuraviy tahdidlar qarshisida hatto mutaraqqiy davlatlar ham kalovlanib, sarosimaga tushib qolayotgani ayni haqiqat. Mafkura jabhasidagi ana shunday xatarlardan biri bu radikalizmdir.

“Radikalizm (lot. radix – ildiz) – siyosiy tuzum va ijtimoiy institutlarni tubdan oʻzgartirishga qaratilgan gʻoya va harakatlarni ifodalovchi siyosiy, diniy oqim”, deyiladi maʼnaviyatga doir tushunchalar lugʻatida (Maʼnaviyat: asosiy tushunchalar lugʻati. Toshkent, “Oʻzbekiston faylasuflari milliy jamiyati” nashriyoti, 2021. 497-bet). Bu taʼrif biz soʻz yuritayotgan fenomenning bir qirrasini ifodalaydi, xolos. Aslida, radikalizm – koʻp maʼnoli, keng qamrovli ijtimoiy hodisa. Jamoatchilik uni koʻproq siyosiy, diniy fenomen deb biladi. Vaholanki, radikalizmning ijtimoiy, iqtisodiy, milliy, mafkuraviy koʻrinishlari mavjud.

Radikalizm – global siyosiy voqelikka, davlat va jamiyat taraqqiyotiga, hukumatlar va xalqaro tuzilmalar faoliyatiga taʼsir etishga yoʻnaltirilgan; ijtimoiy tuzilmalar, maʼnaviy asoslarni oʻzgartirishga qaratilgan mafkura. U sport, taʼlimdan to siyosatga qadar – jamiyatning deyarli barcha sohalarida uchraydi.

Radikalizm – psixologik terror usulidir. Radikal harakatlar insonlar ongi, maʼnaviyati va dunyoqarashiga taʼsir koʻrsatish orqali oʻz maqsadini roʻyobga chiqarishga urinadi. Turli kayfiyatdagi insonlar, ayniqsa, yoshlarni ogʻdirish, ular ongini zaharlash, dunyoqarashini oʻzgartirish, davlat va jamiyatga nisbatan norozilik uygʻotish orqali barqarorlik izdan chiqariladi. Sof diniy eʼtiqoddan adashtirish, firqabozlik, ayirmachilik, “ommaviy madaniyat” niqobi ostida azaliy qadriyatlarga yot gʻoyalarni singdirish, axborot tarmoqlari orqali gʻayriaxloqiy odatlarni targʻib qilish ham psixologik terror xurujlari sirasiga kiradi.

Radikalizmga xos xususiyatlardan yana biri – ijtimoiy muammolarni hal qilishda zoʻravonlik usulidan foydalanish; bosim, tazyiq va tahdidga moyillikdir. Bu toifaga mansub shaxslar, guruhlar jamiyatdagi muammolarni tinch yoʻl bilan hal qilish imkoni boʻlgani holda zulm, zoʻravonlikni afzal koʻradi. Tarixning burilish nuqtalarida, siyosiy tanglik va taranglik kuchaygan, maʼnaviy tanazzul, ziddiyatlar keskinlashgan vaziyatlarda u yanada avj oladi.

Arab tilida biror masalaga haddan ziyod berilish, mukkadan ketish, meʼyor va chegarani buzish “gʻuluv” deb ataladi. Bizningcha, ushbu istiloh radikallashuvning mazmun-mohiyatini muxtasar tarzda ifodalaydi. Xoh diniy, xoh dunyoviy masalalarda boʻlsin, gʻuluvga berilish yaxshilikka olib kelmaydi.

Radikalizmning legal va nolegal shakllari mavjud. Baʼzi radikal harakatlar rasman roʻyxatdan oʻtib faoliyat koʻrsatadi, davlatning boshqaruv strategiyasiga oʻz taʼsirini oʻtkazadi. Hozirda Yevropa mamlakatlarida katta mavqe kasb etayotgan oʻta oʻng qanotga mansub partiyalar aynan qonuniy faliyat yuritayotgan radikal harakatlarga misol boʻla oladi.

Radikalizmning nolegal shakli keng tarqalgan boʻlib, u oxir-oqibat terrorizmga olib boradi. Noqonuniy guruhlar, jinoiy toʻdalar, ekstremistik tashkilotlarning aksari shu toifaga mansub.

Tahliliy ong, tanqidiy tafakkurning zaifligi kishini mutaassiblikka yetaklaydi. Bunday shaxslar mafkuraviy taʼsirga tez beriladi, agressiv harakatlarga moyil keladi. Ularni psixologik beqarorlikka tushirish, manipulyatsiya qilish, gʻoyalarga koʻr-koʻrona ergashtirish oson kechadi.

XXI asr boshlariga kelib radikalizmning mafkuraviy asoslari, taʼsir doirasi, maqsad va vazifalari yaqqolroq namoyon boʻla boshladi. Uning millatlar, elatlar, madaniyatlar, sivilizatsiyalararo muloqot muvozanatini buzishi, insoniyatning erkin va farovon hayotiga raxna solishi aniq-ravshan maʼlum boʻldi.

Radikalizm dunyo davlatlarining barchasiga daxldor voqelik ekani sir emas. Yer kurrasi “ulkan yagona qishloq”qa aylangan globallashuv sharoitida mafkuraviy xurujlar xalqaro xavfsizlik tizimlariga bevosita taʼsir koʻrsatib, oʻta xatarli holatlarni yuzaga keltirmoqda.

* * *

Sogʻlom fikrli shaxs dabdurustdan mutaassibona gʻoyalar domiga tushib qolishi mumkinmi? Psixologlar kishining radikal gʻoyalarga berilishi dafʼatan kechmasligi, bu hol bolalikdagi tarbiyadan to ijtimoiy muhitga qadar – koʻplab sabab-omillarga bogʻliq ekanini taʼkidlaydi.

Radikallashuvga sabab boʻluvchi omillar sirasiga quyidagilarni kiritish mumkin:

bolalikdagi tarbiya usuli (avtoritar, zulmkor, “oila kumiri” fenomeni yoki farzandni butunlay nazoratsiz qoldirish, cheklovlarsiz oʻstirish);

shaxsning psixologik xususiyatlari (oʻziga past baho berish, ishonchsizlik);

shaxs ongining buzilishi (tobelik, xavotir, qoʻrqoqlik, hasadgoʻylik, takabburlik);

faqat oʻz manfaatlarini yuqori qoʻyish ortidan xudbinona xulqning shakllanishi.

Shuningdek, yoshlardagi hayotiy tajribasizlik va hissiyotga beriluvchanlik, ong va dunyoqarashning toʻliq shakllanmagani, ruhiy tushkunlik, yaqinlar eʼtiboridan chetda qolish, ishonuvchanlik kabi jihatlar ham xatarnok yoʻlga kirish xavfini oshiradi.

Jamiyat miqyosida radikallashuvni kuchaytiradigan sabablar esa quyidagilardir:

mafkuraviy boʻshliq, madaniy vakuumning yuzaga kelishi;

qashshoqlik, iqtisodiy nochor umr kechirayotgan toifa vakillarida norozilikning ortishi, yalpi tushkunlik, hokimiyatga ishonchsizlik kayfiyatining paydo boʻlishi;

jaholat, chalasavodlik, ilmsizlik oqibatida aholi, ayniqsa, yoshlarning targʻibot toʻriga tushishi;

tashqi kuchlar tomonidan mahalliy qadriyatlarga yot boʻlgan gʻoyalarning singdirilishi;

radikalizm targʻiboti bilan shugʻullanadigan harakatlarga qarshi tura oladigan infratuzilmaning mavjud emasligi.

Iqtisodiy qiyinchiliklar sharoitida oʻsgan, tahqirlarga nishon boʻlgan bolada yoshlik davridanoq borliqqa, jamiyatga nisbatan nafrat, shafqatsizlik, isyon tuygʻulari shakllanib boradi. Keyinroq yara gazak olib, xastalik yanada xavfli tusga kirishi hech gap emas.

Terrorchilar, jangarilarning nasl-nasabi, hayot tarzi surishtirilganda, aksari qashshoq oilalardan chiqqani, nochorlikdan risoladagidek taʼlim olmagani, toʻyib ovqatlanmagani, kamsitishlarga uchragani aniqlangan. Lekin ularni bu yoʻlga boshlagan mafkuraviy yoʻlboshchilar koʻpincha oʻziga toʻq, oʻqimishli, siyosiy dunyoqarashi shakllangan, aniq maqsad, manfaatlarni koʻzlagan shaxslar boʻladi.

* * *

Radikalizm targʻibotchilari, avvalo, odamzodning eng hassos tuygʻusi – diniy eʼtiqod orqali unga hukm oʻtkazishga urinadi. Taraqqiyotning beshigi, jahon dinlari vatani hisoblangan, yirik imperiyalar manfaatlari toʻqnashgan Yaqin Sharq mintaqasida radikallashuv holatlari koʻp uchramoqda. Olovli mintaqadagi ijtimoiy-siyosiy beqarorliklar umumjahon taraqqiyotiga ham taʼsir koʻrsatayotir (Rooney C. Creative Radicalism in the Middle East. London, SOAS University of London Press, 2021. P. 52).

Bugun jahon hamjamiyati Afgʻonistondagi siyosiy vaziyatni, IShID, “Al-Qoida”, “Boko Haram” (Nigeriya), “Ansor Bayt al-Maqdis” (Misr), “An-Nusra” (Iroq) kabi radikal tashkilotlar faoliyatini sinchkovlik bilan kuzatib bormoqda. Chunki bu kabi harakatlar faoliyati mahalliy, mintaqaviy doiradan chiqib, allaqachon global xarakter kasb etgan.

Arab va islom dunyosidagi ijtimoiy-iqtisodiy muammolar, tabaqalashuv, birdamlikning yoʻqolishi, ishsizlik, tengsizlik, kambagʻallik darajasining ortib ketishi, savodsizlik kabi salbiy holatlar aholi noroziligini oshirib, radikal oqimlarning siyosat maydoniga kirib kelishiga zamin yaratdi.

Musulmon dunyosidagi radikal oqimlar sof islomga xos bagʻrikenglik, tinchliksevarlik tamoyillarini rad etadi, tanqid qilish huquqini tan olmaydi, maʼrifat ustuvorligini inkor qiladi, xatolarni tuzatish zaruriyatiga ishonmaydi.

Taassufki, jahon hamjamiyati islom siymosida ilm-maʼrifatga oshno ilohiy dinni emas, balki koʻproq radikal harakatlarni koʻrmoqda. Bu, oʻz navbatida, sivilizatsiyalararo muloqotga raxna solayotir. Arab tadqiqotchisi Ismoil Usmonning ushbu fikrlari eʼtiborga molikdir: “Biz diniy taʼlimotlar mohiyatini toʻgʻri tushunishimiz, aqidaparastlarning tajovuzkor harakatlarini aslo din bilan bogʻlamasligimiz kerak. Shu bilan birga, bagʻrikenglik va totuv yashash madaniyatini tarqatish, madaniyatlar va dinlar oʻrtasidagi muloqotni kuchaytirish, xatolarni tan olish va boshqalarning tanqidini qabul qilish orqali diniy murosasizlikka qarshi kurashmogʻimiz lozim” (Usmon I. Ekstremizm va diniy murosasizlik, ularning sabablari va ularga olib keladigan omillar. Tripoli, “Ilm-fan va jamiyat” xalqaro jurnali, 2017).

Paradoks shundaki, radikallashuvga qarshi kurashning oʻzi murosasiz, radikal tusga kirmoqda. “Oʻrmonga oʻt ketsa hoʻl-u quruq baravar yonadi” deganlaridek, radikallashuvga qarshi kurash islomni xalqaro miqyosda yomonotliq qilish kampaniyasiga aylanmoqda. Malayziya sobiq bosh vaziri Mahathir Muhammad “Bugungi kunda islomning ezgulik va bagʻrikenglik dini ekani unutilgandek. Uni radikalizm va ekstremizm manshai sifatida qoralash nafaqat musulmon boʻlmagan, hatto liberal qarashli musulmon jamiyatlarda ham uchrab turibdiki, bu oʻta achinarli holatdir”, deganida haq edi (Mohammad M. Islam and the Muslim Ummah. Selected Speeches. Putrajaya, Pelanduk Publications Press, 2000. P. 59).

Jahonning yetakchi ommaviy axborot vositalarida “islomchilar”, “islomiy jangarilar”, “islom fundamentalizmi”, “islom ekstremizmi” kabi atamalar keng qoʻllanmoqda. Bizningcha, sof islomiy taʼlimotga butkul zid yoʻlni tanlagan shaxslar, guruhlar va harakatlarga muqaddas dinimiz nomini nisbat berish toʻgʻri emas. Musulmon olamidagi nufuzli ulamolar ham bunday yondashuv noravo ekanini taʼkidlamoqdalar. Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham muqaddas dinimizni ekstremistik va terrorchi tashkilotlar bilan yonma-yon qoʻyishni keskin qoraladi. “Biz butun jahon jamoatchiligiga islom dinining asl insonparvarlik mohiyatini yetkazishni eng muhim vazifa deb hisoblaymiz. Biz muqaddas dinimizni zoʻravonlik va qon toʻkish bilan bir qatorga qoʻyadiganlarni qatʼiy qoralaymiz va ular bilan hech qachon murosa qila olmaymiz. Islom dini bizni ezgulik va tinchlikka, asl insoniy fazilatlarni asrab-avaylashga daʼvat etadi”, deb taʼkidlagan edi davlatimiz rahbari BMT minbarida (Mirziyoyev Sh. Xalqimiz roziligi – bizning faoliyatimizga berilgan eng oliy bahodir. Toshkent, “Oʻzbekiston” nashriyoti, 2018. 253-bet).

Radikalizm atalmish baloi azim insoniyat boshiga musibatlar yogʻdirayotgan bir vaqtda islom beshigi hisoblangan arab diyorlarini jahon hamjamiyatidan uzib qoʻyishga urinishlar ham kuzatilmoqda. Bunday yondashuv muammoni hal etishga emas, bilʼaks, millatlararo, dinlararo, madaniyatlararo muloqotning izdan chiqishiga olib keladi. Aslida, radikal kuchlarning maqsad-muddaosi ham shu.

* * *

Gʻarb siyosiy doiralarida radikalizm va diniy fundamentalizm faqatgina islom diniga xos degan stereotip tarqalgan. Mazkur biryoqlama nuqtai nazar baʼzi islomofob davlatlar, siyosiy tashkilotlar, guruhlar tomonidan xalqaro doirada shunchalik koʻp targʻib qilindiki, afkor omma ongida yanglish tasavvur shakllanib qoldi. Holbuki, radikalizm nainki din, balki millat, madaniyat va chegara bilmas xatardir.

Oʻrta asrlarda masihiylikni himoya qilish maqsadida olib borilgan salib yurishlari zamirida diniy motiv qobigʻiga yashiringan siyosiy maqsadlar yotar edi. Keyingi davrlarda ham dunyoning turli burchaklarida radikal harakatlar tomonidan bosqinchilik urushlari amalga oshirildi. Yaponiyada samuraylar, Kambojada qizil kxmerlar, Hindistonda sikhlar kabi toifa, guruhlar faoliyatida radikalizm alomatlarini koʻrish mumkin.

ETA (Ispaniyadagi milliy ayirmachilar tashkiloti), “Qizil brigada” (Italiyadagi inqilobiy-proletar guruh), “Tupamaros Gʻarbiy Berlin” (Germaniyadagi siyosiy-milliy radikal tashkilot), Irlandiya respublikachilar armiyasi, Kurdiston ishchi partiyasi, Xunta (Lotin Amerikasidagi milliy-radikal tashkilot) kabi tuzilmalar ham radikalizmning jugʻrofiyasi biz oʻylagandan koʻra keng ekanini koʻrsatadi.

1995-yili Tokio metrosida gaz vositasida uyushtirilgan hujum boshida “Aum Sinrikyo” ibodatxonasi vakili, harakat rahnamosi, neobuddist Shoko Asahara turgan edi. Terror harakati deb tasniflangan bu hodisa buddaviylik singari tinchliksevar eʼtiqod ham radikalizmdan xoli emasligini koʻrsatadi.

Xristian cherkovi oʻtmishda ilm-fan ravnaqiga qarshi ayovsiz kurashgani, bu borada shafqatsiz jazo usullaridan foydalangani maʼlum. Hozir ham nasroniylikning ayrim adashgan oqimlari davlat va jamiyat qurish nazariyasi, inson hayoti, turmush tarzi, asrlar davomida shakllangan diniy qarashlarni tubdan oʻzgartirishga qaratilgan radikal nazariyalarni ilgari surmoqda.

Eʼtiqodiy qarashlarning zamonaviy transformatsiyasi sokin kechmaydi, albatta. Yahudiylik dinida ham jiddiy munoqashalar yuz berayotganini kuzatish mumkin. Tavrotga muvofiq hayot kechirishni daʼvat etuvchi yahudiylar bilan islohot tarafdorlari oʻrtasida ziddiyat mavjud. Jumladan, oʻta ortodoksal toifaga mansub yahudiylar Tavrotdan uzoqlashib borayotgan islohotchilarga qarshi keskin kurash eʼlon qilgan. Oʻtgan asrning ikkinchi yarmida Isroilda “neokaraizm” radikal oqimi vujudga keldi. Ushbu aqidaparast oqim “davlatning dindan uzoqlashib borayotgani”, “jamiyatda dinsizlik ortib borayotgani”ni tanqid qiladi. Harakat asoschisi Shabtay Ben Dov Isroil davlatining arab va musulmon mamlakatlari bilan har qanday munosabatlariga qarshi chiqadi. Ushbu radikal guruh vakillari Falastin yerlari tarixan yahudiylarga tegishli ekanini daʼvo qilib, Aqso va Qubbat as-Sahro masjidlarini arablardan tortib olish, ularni yahudiylarning muqaddas dargohiga aylantirishga chaqiradi. Biroq Isroildagi moʻtadil fikrli ravvinlar arablar bilan iliq munosabatlarni saqlab qolish, beqarorlikka yoʻl qoʻymaslik, tinchlik oʻrnatish afzalligini taʼkidlaydi.

Yoki hinduiylik diniga mansub sikhlar oʻzini Hindistonning asl egalari deb daʼvo qiladi, boshqa diniy eʼtiqod vakillariga nisbatan toqatsizligini yashirmaydi. Ushbu toifaning mutaassibona qarashlarini davlat xavfsizligiga tahdid deb bilgan mamlakat bosh vaziri Indira Gandi 1984-yilda ularga qarshi keskin choralarni qoʻllashga majbur boʻlgan edi. Oxir-oqibat suiqasd qurboni boʻlgan I.Gandi diniy bagʻrikenglik davlat va jamiyat barqarorligining muhim kafolati ekanini isbotlay oldi.

Radikal gʻoya davlat mafkurasiga aylansa, u xatarli kuchga doʻnib, butun boshli jamiyatni rohi rostdan adashtirishi mumkin. 1930-yillarda Germaniyada Adolf Hitler boshchiligidagi natsional sotsialistlar partiyasining hokimiyatga kelishi nafaqat olmon davlati, butun insoniyat boshiga ulkan fojialar soldi. Millatni birlashtirish, xalq farovonligini taʼminlash kabi balandparvoz shiorlar bilan maydonga chiqqan mazkur partiya shovinizm, ekstremizm, irqchilik, antisemitizm, aksildemokratizm, irqiy gigiyena kabi vayronkor mafkuralarni ilgari surdi. Pirovardida jahon muhorabasini boshlab millionlab odamlarning umriga zomin boʻldi. 

* * *

Radikalizm, diniy fundamentalizm, ekstremizm kabi illatlarga qarshi kurashda omma noroziligiga sabab boʻladigan ijtimoiy muammolarni bartaraf etish birlamchi vazifa boʻlmogʻi lozim. Shuningdek, taʼlim, madaniyat, tibbiyotni rivojlantirish, diniy muassasalar, ommaviy axborot vositalari va fuqaro shaxsini shakllantirishga hissa qoʻshadigan boshqa institutlarning birgalikdagi saʼy-harakati muhim oʻrin tutadi. Jamiyatda radikal gʻoyalar tarqalishining oldini olishda quyidagi chora-tadbirlarga ham eʼtibor qaratish maqsadga muvofiqdir:

➢ ushbu xatarga qarshi samarali kurashish mexanizmlari aniq belgilanadigan, davlat va jamiyatning turli boʻgʻinlari faoliyati muvofiqlashtiriladigan konsepsiyalar ishlab chiqish;

➢     mutaassibona gʻoyalarga berilgan shaxslarning yanglish yoʻlga kirish motivlarini ilmiy asosda aniqlash va unga javoban oqilona choralar koʻrish;

➢ “jaholatga qarshi maʼrifat” tamoyili asosida diniy mavzularda muloqot, suhbatlar doirasini kengaytirish, sof diniy taʼlimotga asoslangan taʼlim dasturlarini yoʻlga qoʻyish, jamiyatda eʼtiqodiy munosabatlar tadrijini monitoring qilib borish;

➢ barcha bosqichlardagi taʼlim dargohlarida umuminsoniy tuygʻular, tarbiya, vatanparvarlik, maʼrifatparvarlik, diniy bagʻrikenglikka oid oʻquv darslarini joriy etish;

➢   ehtiyojmand oilalarni davlat tomonidan ijtimoiy himoyalash tizimini yanada yaxshilash; yoshlarning oʻqishi, ishlashi, umuman, munosib hayot qurishida koʻmak tizimini takomillashtirish.

Huquqiy, maʼmuriy islohotlarning muntazamligi, qonun ustuvorligi, korrupsiyaga qarshi murosasiz kurashish ham jamiyat aʼzolarini radikal gʻoyalar taʼsiridan muhofaza etish shartlari sirasiga kiradi.

Maqola muqaddimasida taʼkidlaganimizdek, radikalizm sarhad bilmas xatarga aylandi. Binobarin, unga qarshi kurash Oʻzbekiston uchun ham dolzarb vazifa hisoblanadi. Prezident Shavkat Mirziyoyev 2023-yil 8-may kuni mamlakatimiz Bosh qomusida Oʻzbekistonning dunyoviy davlat ekani mustahkam belgilab qoʻyilayotgani, jamiyatda har qanday radikallashuvga, dindan siyosiy maqsadlarda foydalanishga yoʻl qoʻyilmasligini taʼkidlagan edi. Ushbu mafkuraviy xatarga qarshi kurashda nafaqat mutasaddi idoralar vakillari, balki ziyolilar, ijod, fikr va sanʼat ahli ham jonbozlik koʻrsatishi muhimdir.

Sarvarjon GʻAFUROV

“Tafakkur” jurnali, 2025-yil 1-son.

“Gʻuluv halokatga yetaklar” maqolasi