Omadi chopmay, turish-turmushidan nolib yurgan kishilar har qadamda uchraydi. Holbuki, bu yorug‘ olamda umrguzaronlik biz oʻylaganchalik qiyin va murakkab emas. Faqat odamlarning oʻzi qulay yoʻl turib, egrisidan yurishni maʼqul koʻradi, xolos. Fikrimcha, odamning umr yoʻli uning niyatlari bilan mushtarak. Kimdir tez boyishni koʻzlab oʻgʻirlik qiladi va qamalib ketadi. Boshqasi qoʻlini sovuq suvga urmay, oʻzganing xayr-ehsoniga koʻz tikib oʻtadi. Yana birovi biron kattaga yoqish uchun poy-patak. El boshiga ish tushganda foydalanib qoladiganlar ham oz emas.
Shular haqida oʻylasam, Tolib pochchamiz esga tushadi. Oltmish yoshni qoralab qolgan, novcha, qorachadan kelgan pochchamiz bu ochunda yashashning ming bir hadisini olgan oʻziyam. Ushlagan yerini tishlamasdan qoʻymaydiganlar xilidan. Bir ish boshladimi, eshakni togʻa, itni aka deb boʻlsayam albatta uloqni ilib ketadi. Hozircha shahar markazida ikki qavatli doʻkoni, davlatma-davlat kezib pul topadigan besh-oltita furasi bor. Viloyat markazida ijaraga bergan kvartiralaridan ham uncha-muncha pul tomib turadi. Har Yangi yilda xolamizning (onamning xolasi) qoʻlidan tutib, Parij yo Milanga joʻnab ketishiga nima deysiz? Ha, omadini bersin!
Bu kuni bomdod mahal oʻsha pochchamiz telefon qilib turibdi. Attang, raqamini saqlab qoʻymagan ekanman. Yoʻqsa, goʻshakni koʻtarmasdim. Chunki pochchamiz faqat ishi tushsa sim qoqadi, boshqa payt qorasini ham koʻrsatmaydi. Toʻy-maʼrakalarda ham kamdan-kam koʻrinadi. Aniqrogʻi, odamiga qarab keladi. Birov qarz soʻrab qolmasin degan xavotirda xeshlardan qochib yuradi. Momo-bobolarimiz taʼbiriga koʻra, pochchamiz tugʻilganda tanglayi pul bilan bosilgan ekan. Shundan dunyoni pul bilan oʻlchaydigan boʻlib qolganmish. Ochigʻi, bu xil kishilar bilan osh-qatiq boʻlishga hushim yoʻq. Yana, oʻzbekligimga borib, orani shartta uzib yuborish ham qoʻlimdan kelmaydi. Boz ustiga hozirgina goʻshakni koʻtarib qoʻydim.
– Ey, pochchaginam, – dedim oʻzimni sipo koʻrsatib salom-alikdan soʻng. – Bormisiz, omonmisiz? Oʻynab-kulib yuribsizmi? Bizneslar gurullayaptimi?
– Shukur, – dedi pochchamiz boylarga xos xotirjam va bosiq ovozda. – El qatori rizqni terib yuribmiz. Oʻzing yaxshimisan?
– Tinchlikmi? – shartta maqsadga koʻchdim. – Kutilmaganda esingizga tushib qolibman?
– Shu desang, maslahatli ish bor, uka, – pochchamiz oʻziga yaqin olib gapirdi (ishi tushib turibdi-da). – Katalakday boʻlsa ham poytaxtda bir vatan qilsam degandim. Shunga biroz purjam yetmayroq turibdi. Uylar oʻylaganimdan qimmat ekan. Ustiga ustak hozir ishlarim ham avvalgiday emas.
– Xoʻsh, nima xizmat? – suhbatni tezroq yakunlashni istardim. – Men sizga qanday yordam berishim mumkin?
– Hozir uylar subsidiyaga ham berilayotgan ekan, – pochchamiz maqsadiga koʻchdi. – Shu uylardan birovini olsammikan deb chopib yuribman. Ammo subsidiya ololmay halakman. Avvaliga otangga chop, onangga chop deb rosa ovora qildi. Sizga subsidiya mumkinmas deydi. Oraga tanish-bilish qoʻshmasak ishim bitmaydiganga oʻxshaydi.
– Bunday ishlarni bitiradigan tanishim yoʻq, – taklifini keskin rad qildim. – Men jurnalda oddiy muxbir boʻlsam. Yon-atrofimda ham qalamkashlar. Ularning qoʻlidan yozish-chizishdan boʻlak bir ish kelmaydi.
– Gapni aylantirma, uka, – pochchamiz oʻz bilganidan qolmadi. – Bilaman, poytaxtda tanish-bilishlaring koʻp. Yaxshilab soʻrab-surishtirsang biror tanka chiqib qolar.
– Insofingiz bormi, pochcha?! – koʻnglimga kelgan gapni dangal aytdim. – Subsidiya beva-bechoralarga, yetim-yesirlarga, yana kambagʻal oilalarga beriladi. Kuningiz kelib-kelib shularning haqqiga koʻz olaytirishga qoldimi? Qoʻshsha-qoʻshsha uyingiz, mashinangiz bor, uyalmaysizmi?
– Hovliqma, uka! – pochchamiz juda sokin gapirdi. – Subsidiya hammaga yetadi. Subsidiyani qoʻlimda ishlaydigan bir shogirdimning nomiga olamiz. Uning hujjatlari top-toza. Nomida hatto bitta velosipedi ham yoʻq. Qogʻozda qip-qizil kambagʻal!
– Menga qarang, pochcha, – baqirib yuborishdan oʻzimni zoʻrgʻa tiyib, zarda qildim. – Hozir tilim qichib, koʻnglingizni ogʻritadigan gap aytib qoʻyaman. Keling, yaxshilikcha xayrlashaylik.
– Menga qara...
Xayr-xoʻshni nasiya qilib, pochchamizning gapini oxirigacha eshitmay goʻshakni qoʻydim. Asabdan oyoq-qoʻlim bilinar-bilinmas titrab, boshimda ogʻriq turdi. Quloqlarim chippa bitdi. Yo tavba! Pochchamizni bu qadar nazari past deb oʻylamasdim. El orasidagi “Yeb toʻymagan yalab toʻymaydi” degan gapning chinligiga yana bir bor amin boʻldim. Yoʻqsa, bola-chaqadan tingan, uncha-buncha kishining havasi keladigan biznesga ega odam shunchalik past ketadimi? Bunaqada ertaga subsidiyaga olingan uyning pulini ham oʻsha shogirdiga toʻlatmasligiga koʻzim yetmaydi. Xayolimga kelgan bu fikrlardan pochchamizga gap uqtirish foydasiz ekanini tushundim. Bunday kimsalarga gap kor qilmaydi.
Oʻsha pochchamiz sababmi yoki yoshim qirqdan ogʻib, mayda feʼl boʻlib qoldimmi, soʻnggi vaqtlarda zamondoshlarni zimdan kuzatib, davralarda ularning feʼl-atvoridan gap ochadigan boʻlib qoldim. Oʻh-hu, odamlarning olasi ichida boʻlarkan. Ayrim kimsalar qilmishini eshitib, hayratdan yoqa ushlaydi kishi. Baʼzilar tirikchilik, bir-ikki soʻm pul topish dardida oʻzini ming koʻyga solib, hatto tushga ham kirmaydigan hiylalarni oʻylab topishga usta boʻlib ketibdi. Bir davrada vohalik akamiz shunday gurung berib qoldi.
– Ikki yilcha burun momomizni koʻpga qoʻshdik, – deb gap boshladi u. – Salkam bir asr yashagan momomiz mehnatkash, sarishta, yana juda shirinsoʻz ayol edi. Uni katta-kichik birday yaxshi koʻrardik. Yetimlikda oʻsgani bois dabdaba va isrofga toqati yoʻqroq edi. Har xil soxtagarchiliklarni jini suymay oʻtdi. Haqning huzuriga ketadigan kuni ham kenja togʻamizga vasiyat qilibdi:
– Paymonam toʻlganga oʻxshaydi, bolam. Shukur, koʻzim orqamda qolmayapti. Orzu-havasimning bariga yetdim. Yaratganning huzuriga qarib-qartayib borayapman. Shuning uchun koʻp aza tutib yurmanglar. Meniki toʻyday gap. Hech qanday maʼraka-paraka kerak emas. Har eslaganlaringda Qurʼondan ikki sura tilovatning oʻzi yetarli.
– El nima deydi? – soʻrabdi togʻamiz. – Oq yuvib, oq taragan enasiga bitta maʼrakani koʻp koʻrdi deb gap qilmaydimi?
– Elning ogʻziga elak tutib boʻlarmidi? – debdi momomiz qatʼiy. – Odamlarning ogʻzi bekor. Tilim bor deb har neni gapiradi. Yaxshisi, sen men aytganimni qil. Kam boʻlmaysan.
Ona-bolaning suhbati haqida kenja togʻamiz hech kimga churq etmagan. Faqat ertaga momomizning xudoyisini oʻtkazamiz degan kuni bu gurungning uchi chiqdi. Turgan gapki, momomizning vasiyati koʻpchilikka maʼqul kelmadi. Oqibatda kenja togʻamiz bir tomon, akalari-yu opalari bir tomon boʻlib, maʼraka qilish-qilmaslik bahsi boshlandi. Bir fikrga kelisholmay turgan mahal oʻrtancha xolamiz gapga aralashdi.
– Jannatim – onajonim bir keldi-yu ketdi, – deb koʻziga yosh oldi. – Maʼrakasini oʻtkazsak, aytinglar, nimasi yomon? Ana, boshqa odamlar har hafta is chiqaradi. Onamizga har kuni bir qoʻy soʻyib, elga xudoyi bersak ham kam. Tunov kuni qoʻshnimiz – mulla Xudoyberdining xotini bir gap aytib qoldi. Hozir odamlar mayitning har maʼrakasida bitta qoʻy soʻyarkan. Keyin oʻsha qoʻyning kallasiga qarab mulla Xudoyberdi xatm qilarkan.
Ochigʻi, xolamizning gapi oʻrinsiz va kulgili chiqdi. Oʻzimni arang tiydim. Aftidan, davrada oʻtirganlar ham tilini tishlab oʻtirardi. Shu bois oraga bir muddat sukunat choʻkdi. Shayton baribir oʻz ishini qildi. Hammamiz birday kulib yubordik. Chetdan kuzatib turgan kishi bularning momosi oʻlib, hammasi xursand boʻlib qolibdi deb oʻylashi aniq edi.
– Xolamizning gaplarini omilik, xurofot deb oʻylayman, – vohalik aka soʻziga yakun yasadi. – Mulla Xudoyberdining ham qoʻy kallasiga qarab xatmi Qurʼon qilishiga ishongim kelmaydi. Xotini oʻylab topgan boʻlsa ajabmas. Lekin shamol boʻlmasa daraxtning uchi qimirlamaydi degan gap ham bor. Besh qoʻl barobar emas. El ichidan har xil odam chiqadi. Yanayam hammaning oʻzi biladi.
– Odamlarda na din, na diyonat qoldi, – suhbatimizga qoʻshildi vodiydan mehmonga kelgan doʻstimiz. – Foydani koʻzlab hech qaysi ishdan tap tortmaydigan boʻlib ketdik. Oʻtgan yili arafa kuni qurbonlikka bir jonliq olish uchun molbozor oraladik. Afsuski, tarvuzimiz qoʻltiqdan tushib qaytdik. Hech savdomiz pishmadi. Bozorda mol borki, narxi odatdagidan ikki-uch barobar qimmat.
– Pochin qildingizmi? – deb soʻradim bir chetdagi qoʻlbola qoʻtonda yigirma chogʻli qoʻchqor qamab oʻtirgan yigitdan. Kayfiyati yoʻq, bozori yurishmayotganga oʻxshardi. – Qoʻchqorlar qanchadan boʻldi?
– Keling, aka, – yigit jilmaygan koʻyi qoʻlini koʻksiga qoʻyib, shirin gapirdi. – Qaysi birini tanladingiz?
– Hov, oʻrtada turgan qora qoʻchqorga qancha soʻrayapsiz?
– El qatori beraversiz-da, aka. Ushlab chiqaymi?
– Yoʻq, avval narxini ayting!
Hay-haylashimga qaramay yigit ildamlik bilan kamina koʻrsatgan qoʻchqorning orqa oyogʻidan tutib, sudrab keltirdi.
– Shirvoz. Goʻshtini yegan odam baraka topadi. Yumshoq boʻladi.
– Koʻp maqtamay narxini ayting, uka. Savdomiz pishmay qolsa, yana bozor oralashimga toʻgʻri keladi. Vaqtim tigʻizroq.
– Besh yarim-olti milliondan sotayapman. Sizga teppa-tekis besh million qilib beraman.
– Ey, bu gapingizni qoʻysangiz-chi, uka. Bir hoʻkizning pulini soʻrayapsiz. Salgina insof qiling. Olgan ham, sotgan ham baraka topsin.
– Bugunning narx-navosi shunday. Istang, bozor aylanib chiqing. Arzon topsangiz, pulingizni qaytib beraman.
– Bozor aylanib nima qildim? Yaxshisi, oʻzingiz qoʻchqor narxini sal kelishtiring.
– Boʻladigani shu. Boshqa oʻtib berolmayman. Toʻgʻri tushuning, biz ham tirikchilik deb uzzukun oftob tigʻida oʻtiramiz.
– Hech kim pulni supurib olayotgani yoʻq, uka. Siz ham insof sari soʻrang-da. Oʻtgan bozor siz aytgan narxda bunaqa qoʻchqorning ikkitasini olsa boʻlardi.
– Narxni osmondan olib qoʻymaymiz. Shu safar oʻzimiz ham qimmatga oldik. Bu gaplarni chorvadorlarga borib ayting. Yana har bir qoʻyga alohida-alohida patta toʻlaymiz. Yem-xashak, suv sotib olib beramiz. Yana boshqa mayda-chuyda xarajatlariyam bor. Odamlar buni koʻrmaydi. Faqat qimmat deb noligani noligan.
– Gapni quruq olib qochmang. Nima, ilgari patta olmaganmisizlar? Yo qoʻchqorlar roʻza tutarmidi?
Gapim sotuvchiga yoqmadi. Jahl qilib, ushlab turgan qoʻchqorini qoʻyib yubordi. Ikki kaftini bir-biriga urib, qoʻl changini qoqdi. Shu qiligʻi ogʻir botdi. Quloq-chakkasiga shapaloq tortib yubormoqchi boʻldim-u, bayram kunlari deya shaytonga hay berdim.
Gapning sirasi, yana bozor oralab ketdik. Uch-toʻrt savdogarning gapini oldik. Narx-navo oʻsha-oʻsha. Oʻylab-oʻylab, bozordan olish fikridan qaytdik. Shahardagi kushxonalar, katta yoʻl boʻyida olis viloyatlardan keltirib sotilayotgan qoʻy-qoʻzilar narxini surishtirdik. Foydasi yoʻq. Hamma yerda xoʻroz bir xil qichqirayapti. Koʻpga kelgan toʻy. Noiloj, qimmat boʻlsa ham bitta qoʻy sotib oldik.
Bu gap tugab-tugamay, gurung kengaydi. Oʻsha kuni tun yarmidan ogʻguncha soʻz tugamadi. Bir-biridan oʻtib tushadigan voqealarni tinglab, goh hayratdan yoqa ushladik, goh kuldik.
Bir kishi oz vaqtda yaxshigina boylik toʻplabdi. Otasidan qolgan eski uyni buzib, oʻrniga ikki qavatli quribdi. Qimmat mashina olibdi. Uncha-muncha badavlatning havasi keladigan dabdabali toʻy-tomosha bilan oʻgʻil uylabdi.
Koʻp oʻtmay el orasida mish-mishlar oʻrmalabdi. Birov lotereyasiga yutuq chiqibdi desa, boshqasi otasidan bir xum tilla qolgan ekan deganday. Aslida haligi yigit olibsotarlik qilarkan. Bogʻbonlardan uzumni koʻtara olib, shaharga oborib sotarkan.
Hozirgi zamonda olibsotarlarning pichogʻi moy ustida. Ular oʻroqda yoʻq, mashoqda yoʻq, xirmonda hozir. Payti kelsa, dehqon yo bogʻbon bir yilda topadigan mablagʻni bir kunda topishi mumkin. Ammo olibsotarlik bilan koʻz ochib yumguncha el ogʻziga tushgan boyvachcha boʻlish amrimahol. Bir balosi boʻlmasa shudgorda quyruq ne qilur?
Oyni etak bilan yopib boʻlmaganiday, har qanday sirning vaqti kelib misi chiqadi. Haligi boyning ham qilmishi ayon boʻlibdi. Uchchiga chiqqan qallob ekan, nomard. Uzum solinadigan yogʻoch qutilarni obdon suvga boʻktirib, xaridorlar haqiga xayonat qilarkan. Xudo biladi, uning kimsa bilmas yana qanday hunarlari bor?
Odatda, bunaqa ishlar iymoni sust kishilarga xos. Ammo oʻlganning ustiga tepganday, din-u diyonatdan xabari borday baʼzi kimsalar ham avlo emas. Oʻziga yarashmaydigan qiliqlari bilan millat yuzini yerga qaratmoqda. Ishonmasangiz, ijtimoiy tarmoqlarga bosh suqib koʻring. U yerda buni isbotlaydigan koʻplab foto va video xabarlarga duch kelasiz. Bir misol. Yaqinda umraga borgan va daraxtning ustiga maymunday tirmashib chiqqan yurtdoshimizni koʻpchilik koʻrdi yo eshitdi. Insonlar tavba qilishga boradigan tabarruk maskanda oʻsha yurtdoshimiz nega bu ishga qoʻl urdi deb oʻylaysiz? Sababi oʻta kulgili. Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining yozishicha, oʻsha odam hamrohlari bilan garov oʻynagan. Arzimagan pul uchun oʻzini ham, birga borgan yurtdoshlarimizni ham sharmanda qilib daraxtga tirmashgan. Birniki mingga, mingniki tumanga. Uning maqsadi pul topish ekan, ovora boʻlib ziyoratga nega bordi? Kaltabinlik, farosatsizlikning ham chegarasi boʻlmas ekan-da. Shunday emasmi?
Yildan yilga odamlar mayda-chuyda maqsadlar atrofida oʻralashib qolayotganday tuyuladi. Afsuski, or, nomus, gʻujur, uyat deb atalmish tuygʻular unutib yuborilmoqda. Masalan, zamonaviy mobil telefon egasiga aylanish uchun har qanday ishga, hatto xayr-ehson soʻrashga ham tayyormiz. Avtomashina olish payida ijtimoiy tarmoqlarda uyimiz yonib ketdi deb koʻz yoshi toʻkib, faryod koʻtarishdan iymanmay qoʻydik. Salgina koʻproq foyda koʻrishni oʻylab, qutilar tagiga gilosning yaroqsizini solishdan uyalmaymiz.
Millatning kelajagini tarbiyalashga masʼul onalar dardi esa kelin tomondan keladigan togʻoralarda. Bugun oʻttiz toʻqqizta togʻora kelibdi, ertaga qirqta boʻlarmikan degan xavotirda tong ottiradi. Yetmaganiga xuddi togʻni talqon qilganday ijtimoiy tarmoqlarda maqtanib chiqadi. Goʻyo farzandlarimiz kelajagi shu togʻoralarga bogʻliqday.
Soʻzimiz avvalida bu dunyoda yashash biz oʻylaganchalik qiyin emas, bu har bir odamning niyatiga bogʻliq ekani haqida aytgandik. Darhaqiqat, shunday! Maqsadni toʻgʻri va aniq qoʻygan odam hayotda qiynalmay yashaydi. Koʻpincha oʻzimiz mayda-chuyda havaslarga berilib, dabdaba-yu asʼasaning izidan quvib hayotni murakkablashtirib, chigallashtirib yuboramiz, soʻng kalavaning uchini yoʻqotib qoʻyamiz. Mohiyatan hayot halollikni, soddalikni, maʼrifatni, meʼyorni yaxshi koʻradi. Zero, Ollohning amri ham shu-ku.
Azim ROʻZIYEV
“Maʼnaviy hayot” jurnali, 2026-yil 1-son.
“Kalavaning uchi qayerda?” maqolasi