Ajab odati bor umr daryosin,

Dastlab sust oqadi, sokin, zoʻrba-zoʻr.

Endi tushunganda hayot maʼnosin

Uning shiddat bilan oqishini koʻr.

 

Chamandek ochilib-sochilgan edi,

Yoshlikning nafarmon gullari kecha.

Quritib qoʻyibman, oh, bilsam endi

Umr daryosini men icha-icha...

Ushbu misralar kuyunchak olim, Oʻzbekiston Respublikasi fan arbobi, “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiysi”, Beruniy nomidagi Davlat mukofoti laureati, “El-yurt hurmati” ordeni sohibi, akademik Naim Karimov qalamiga mansub boʻlib, kishida goʻyo bashorat yanglig‘ taassurot oʻygʻotadi... 

Umr – daryo. Akademikning oʻzi taʼkidlaganidek “dastlab sust oqadi”, keyin, hayot maʼnosini tushunganda esa shiddat bilan. Muhimi, uni qanday yashab oʻtishda ekan! Akademik Naim Karimov yuzlab ilmiy maqolalar, maʼrifiy asarlar yozdi, oʻnlab darsliklar, monografiyalar yaratdi. Hayotining asosiy qismini arxivlarning sovuq xonalarida qatagʻon qurbonlari hayotiga oid hujjatlarni oʻrganib, asl haqiqatlar izladi, topilmalarini qalbi kabi yorug‘ dargohlarda qogʻozga tushirib, xalqqa taqdim etdi va buni oʻzining eng yuksak burchi deb bildi. “Usmon Nosir”, “Usmon Nosirning soʻnggi kunlari”, “Choʻlpon” maʼrifiy romanlari, “Mahmudxoʻja Behbudiy”, “Abdulla Qodiriy zamondoshlari”, “Gʻafur Gʻulom”, “Hamid Olimjon”, “Oybek va Zarifa”, “Zulfiya”, “Urushdan keyingi davr oʻzbek sovet adabiyoti”, “XX asr adabiyoti manzaralari”, “Uch buyuk siymo (Qodiriy, Choʻlpon, Oybek)”, “Jadid teatri”, “Istiqlolni uygʻotgan shoir”, “Qurbon Berigin qismati”, “Muhammad Sharif Soʻfizoda” kabi ellikka yaqin asarlar buning isbotidir.

 

Soʻz – tilsim, soʻz – qudrat, soʻz – yoʻl. Bu maftunkor jarayon fidoyilikni, umrbaxshidalikni va qismatdoshlikni talab etadi. Oʻzbek adabiyoti tarixi va atoqli namoyondalari hayotini oʻrganishni maqsad qilgan Naim Karimov dastlab Oybek, Gʻafur Gʻulom, Hamid Olimjon, Hamzaning koʻp jildli akademik nashrlarini tayyorlash va chop etishda ishtirok etgan.

 Oʻtgan asrning soʻnggi choragida soʻz maydoniga kirib kelgan adabiyotshunoslarning katta bir armoni bor edi. Ular 1930–1950-yillarda qatagʻon qurboni boʻlgan yozuvchi-shoirlarning ijodini oʻrganib, xalqqa maʼlum qilishni xohlashardi. Naim Karimov hali ularning nomini tilga olish, asarlarini sharhlash mumkin boʻlmagan bir davrda ulkan jasorat koʻrsata boshladi va istiqlol kuychisi Choʻlpon haqida maʼrifiy roman yaratdi.

 

 

Olim mustaqillikning dastlabki yillarida tashkil etilgan “Maʼrifatparvarlar” jamiyatiga, keyinchalik “Shahidlar xotirasi” xayriya jamiyatiga ham raislik qilgan. 2000-yil boshlaridan boshlab unda Davlat xavfsizlik xizmati arxivlaridan foydalanish imkoniyati paydo boʻldi.

 – Shunda men Usmon Nosir toʻgʻrisida qanday material boʻlsa, hammasini bir kunda yozib oldim. Shunaqangi dahshatli materiallar... Oʻyladimki, ertaga bu eshik ochilmaydi! – deydi akademik iztirob bilan. – Ammo ertasi kuni kelsam, ochiq ekan. Shundan keyin Choʻlpon haqida, boshqa qatagʻon qurbonlari haqidagi maʼlumotlarni qoʻlga kiritdim. Ular birin-ketin qogʻozga tushirilib, maqolalar, maʼrifiy asarlar shaklida oʻquvchilar qoʻliga yetib bordi.

 

 

Shahidlarning ayanchli qismatini oʻz qismati, ular chekkan tubsiz iztiroblarni oʻz iztirobi deb bilgan Naim Karimov 1937-yilgi qatagʻon siyosati haqida soʻzlar ekan, oʻsha davr nohaqliklaridan titrab ketadi.

 – Qatagʻon boshlangan yillarda sud qilinishi yoki otib oʻldirilishi mumkin boʻlgan ziyolilarning roʻyxati Stalin, Molotov, Kagonovich, Voroshilov “toʻrtligi” rahbarligida shakllantirib borilgan. NKVDning roziligi bilan avtonom respublikalar oʻrtasida kim koʻp odamni qamoqqa olish musobaqasi boshlanadi, – deydi koʻzlarida yosh bilan. – Barcha respublikada NKVDning siyosiy boʻlimidan tashqari, uchinchi va toʻrtinchi boʻlimlari ham roʻyxat shakllantirish bilan shugʻullanadi. Masalan, Buxorodan 100 nafar odamning roʻyxati berilgan boʻlsa, Toshkent undan ham koʻproq roʻyxat shakllantiradi. Musobaqada yutgan boʻlim rahbarlariga katta pul mukofoti yoki orden, medallar berilgan. Mana, ajdodlarimiz qanday koʻrguliklarni boshdan kechirganlar? Bunday roʻyxatga tushganlar shubhasiz, kamida oʻn yilga qamalgan yoki otuvga hukm qilingan. Ularni oʻrganish, oʻqishning oʻzi bir azob. 

Akademik Naim Karimovni asosan adabiyotshunos olim sifatida bilamiz. Olimning goʻzal sheʼrlar, hikoyalar, hatto bir dramatik asar muallifi ekanligidan esa koʻpchilikning xabari yoʻq. Uning yana bir ijodiy siri ham bor ediki, bu oʻtgan asrning 50–60 yillarida chizgan suratlari. Nafislik, aniqliq va portret janri yetakchilik qilgan bu sanʼat asarlarida Naim Karimovning jahon adabiyoti namoyondalariga mehri oʻzgacha ekanligini koʻrish mumkin. Robindranat Tagor, Janni Rodari, Lolita Torres, Apollonning boshi, Balerina kabi suratlar fikrimizning yaqqol dalididir.

Muborak hadislarda “Olimlar anbiyolarning merosxoʻrlaridirlar” deyilgan. Ular yuksak salohiyati, shu bilan birga kamtarinligi bilan ham avlodlarga ibratdir. Ulardagi bosiqlik, zakiylik va samimiylik ulugʻvorlikni oshiradi. Naim Karimov ham hayotini maʼrifat yoʻli, baxt formulasini esa “jamiyatga manfaatdor boʻlish” deb bilgan hazrati insondir. Uning hayot yoʻli, ilmiy faoliyatiga koʻpchilik havas qiladi. Tinimsiz izlanishlar, sinovli yillar, arxivlarda oʻtgan damlar zahmati olimning sochlariga nuroniylik sepini yoygan edi. 90 bilan toʻqnashib, yuz tomon yuzlangan olimning yana bir orzusi – Abdurauf Fitrat haqida ulkan bir maʼrifiy asar yaratish edi. Afsus, umr vafo qilmadi. Oxiratlari obod boʻlsin...

Soʻzimizni akademikning hayot mazmuni, insonning umrboqiy tuygʻulari aks etgan ushbu sheʼri bilan muxtasar etamiz.

– Mehr, qaydan kelasan,

Shaloladay yugurib.

– Volida siynasidan

Tomchi-tomchi yigʻilib.

– Qahr, qaydan kelasan,

Och boʻriday oʻkirib?

– Jaholat chashmasidan

Tomchi-tomchi yigʻilib.

– Sen kelasan qayoqdan,

Quyoshdan nur sochib, Ishq?

– Pok nigoh va hayodan

Uchaman boʻlib qoʻshiq.



– Senchi, Qoʻshiq, sen qaydan

Kelasan yozib qanot?

– Men Ishq atalmish baxtdan

Izlayman obi hayot.

 

Xoliyor SAFAROV,

Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi