Bugun jahonda tinchlik va barqarorlikka qarshi yangi tahdid va xatarlar tobora koʻpayib borayotgani har qadamda sezilmoqda. Ayrim davlatlarda yuz berayotgan noxush voqea-hodisalar guvohi boʻlib, har birimizning vujudimiz junbushga kelib, etimiz seskanib ketayotgani ham bor gap. Qaysi bir mamlakatda nimadandir norozi kayfiyatda olomon namoyishga chiqayotgan boʻlsa, boshqa birida esa fuqaro tongda ishga otlanayotib “Kechga uyimga sog‘-omon qaytib kelarmikanman”, degan tahlikada. Ayni bolalik gashtini surish oʻrniga ertalab yaqinlaridan rozi-rizolik soʻrab uydan chiqishayotgan farzandlarni, yashash umidida har bir daqiqasini jon hovuchlab oʻtkazayotgan xalqlarni koʻrib turibmiz.
Milliy mafkura va gʻoyaning mamlakat taraqqiyotidagi oʻrni jamiyat barqarorligiga salbiy taʼsir etuvchi tahdidlar va ularni qanday bartaraf etish nuqtayi nazaridan kelib chiqib, bugun hayotning oʻzi maʼnaviy-maʼrifiy sohada muntazam ilmiy-amaliy tadqiqotlar olib borishni taqozo etmoqda. Bu, bir tomondan, aholi tinchlik-osoyishtaligini saqlash, fikrlash tarzini yanada sogʻlomlashtirish, mafkuraviy immunitetini oshirishdan iborat boʻlsa, ikkinchi tomondan, yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlarga xolisona baho berish, har bir ota-onaning farzandlar tarbiyasiga eʼtiborini kuchaytirish, oila instituti mustahkamligini taʼminlashga qaratilgan ishlarni kun sayin jadallashtirishni taqozo etmoqda. Bu yoʻlda maʼnaviyat va maʼrifat karvonning boshi va boshlovchisi, desak aslo mubolagʻa boʻlmaydi.
Sohani takomillashtirish va mavqeini oshirish maqsadida soʻnggi besh yilda 11 ta qonun hujjati, jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 1 ta farmoni va 4 ta qarori, 1 ta farmoyishi, Vazirlar Mahkamasining 2 ta qaror va 5 ta farmoyishi qabul qilindi. 2021-yilning 19-yanvarida Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat kengashi raisi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida oʻtkazilgan yigʻilishdagi “Jamiyat hayotining tanasi iqtisodiyot boʻlsa, uning joni va ruhi maʼnaviyatdir” maʼruzasi soha rivoji yoʻlida yana bir muhim turtki boʻldi. Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi faoliyatini takomillashtirish, uning muvofiqlashtiruvchi rolini kuchaytirish, ilgʻor tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlash yuzasidan aniq chora-tadbirlar belgilab berildi.
Dunyoda geosiyosiy oʻzgarishlar va mafkuraviy kurashlar avj olib borayotgan bir vaqtda maʼnaviy-maʼrifiy ishlar faqat targʻibot-tashviqot bilangina chegaralanib qolmasdan, sohaga jiddiy ilmiy yondashuv zarurligini talab etmoqda. Bugun internet tarmogʻi orqali bong urib chiqayotgan yoshlarimizning koʻzi-qulogʻi va ongini zararli gʻoyalardan asrashning yangicha, zamonaviy usullarini zudlik bilan yaratish kerak. “Bolaning boʻsh vaqti – dushmanning ish vaqti” deya bejiz aytilmayapti. Bu hikmatning tag-zamirida farzandlar taqdiri, aholining gʻoyaviy va axborot xurujlariga qarshi mafkuraviy immunitetini kuchaytirish yuzasidan tadqiqotlar oʻtkazish, internet tarmogʻidan foydalanish madaniyatini oshirish kabi zalvorli masalalar yotibdi. Endilikda asosiy vazifa internetni yopish emas, uni tartibga solish, ezgu gʻoyalar bilan toʻldirish hamda yoshlarga nima yaxshi-yu, nima yomonligini xolisona anglatishdan iboratdir. Shu oʻrinda siyosiy arbob Mahatma Gandining: “Men uyimning eshik va derazalarini mahkam berkitib oʻtira olmayman. Chunki unga toza havo kirib turishi kerak. Shu barobarida eshik va derazalarimni kirayotgan havo dovul boʻlib, xonadonimni agʻdar-toʻntar qilib, oʻzimni yiqitib tashlaydigan darajada ochib ham qoʻya olmayman” degan fikrlarini eslash oʻrinli.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tashabbusi bilan 2021-yilda Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi huzurida Ijtimoiy-maʼnaviy tadqiqotlar instituti tashkil etildi. Ushbu institut oldiga mamlakatimizda maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni yangi bosqichga koʻtarish, aholi, ayniqsa, yoshlarni Vatanga muhabbat, maʼnaviy merosimiz, milliy adabiyotimizga hurmat ruhida tarbiyalash ishlarini ilmiy-metodik va axborot-tahliliy jihatdan taʼminlash kabi vazifalar qoʻyildi. Dunyoning mafkuraviy manzarasini oʻrganish, tahlil qilish, maʼnaviy-maʼrifiy va tarbiyaviy ishlarni tashkil etishda milliy va umuminsoniy qadriyatlarga mos xorijiy tajribani amaliyotga joriy etishni tizimli yoʻlga qoʻyishga alohida eʼtibor qaratildi. Bunda chetdan kirib kelayotgan biror yangilik yoki odatni milliy qadriyatlarimizga monandligiga alohida eʼtibor qaratish, el orasida keng tarqalgan “Xoʻrozqand chet elniki desa...” qabilida ish tutmaslik ham muhim. Shu maʼnoda uzluksiz maʼnaviy tarbiya konsepsiyasi asosida tarbiyaviy ishlar samaradorligini baholashning ilmiy asoslangan indikatorlari va koʻrsatkichlarini amaliyotda qoʻllash oʻta zarur ahamiyat kasb etayotir.
Eskirgan usullar bilan yot gʻoyalarga qarshi kurashishning samarasi sustligini hayotning oʻzi koʻrsatib boʻldi. Bugungi sharoitda targʻibot-tashviqotning zamonaviy va innovatsion usullarini yaratish zarurati anglanmoqda. Shuni eʼtiborga olgan holda institut yangi-yangi usullar, loyihalar ishlab chiqib, amaliyotga joriy etishdek vazifani bajarishga kirishdi. Bugun institutni jamiyatning ijtimoiy-maʼnaviy muhitini yanada sogʻlomlashtirishga xizmat qiluvchi ilmiy laboratoriya yoki tashxis maskani desak, mubolagʻa boʻlmaydi.
Ilm maskanimiz joriy yilda quyidagi ishlarni bajarishni ham oʻz zimmasiga oldi:
Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasida belgilangan maʼnaviy-maʼrifiy vazifalarni bajarish va samarali muvofiqlashtirib borish boʻyicha barcha kengashlar, davlat va jamoat tashkilotlarining bu boradagi ish dasturlarini davr talablari asosida yangidan tuzish va uning amalga oshirilishini taʼminlash, ular faoliyatini tubdan qayta koʻrib chiqish va yangidan tashkil etish;
Strategiyani amalga oshirish jarayonining tarkibiy qismi boʻlgan maʼnaviy-maʼrifiy ishlar monitoringini tizimli tashkil etishga bagʻishlangan axborot-tahliliy sharhlarni, taklif va tavsiyalarni muntazam ravishda tayyorlash va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Parlament va Vazirlar Mahkamasiga taqdim etilishini taʼminlash;
“Yangi Oʻzbekiston strategiyasi” kitobi mazmun-mohiyatini keng targʻib qilish maqsadida barcha davlat va jamoat tashkilotlarida “Harakatlar strategiyasidan – Taraqqiyot strategiyasi sari” mavzusida “Maʼrifat soatlari”ni va soha vakillarining malakasini muntazam oshirib borishni tashkil qilish;
Shu oydan boshlab “Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasi” kitobi asosida “Yangi Oʻzbekistonning maʼnaviy taraqqiyot strategiyasi” turkumida kitoblar, lugʻat va risolalar tayyorlash va chop etish ishlarini yoʻlga qoʻyish, shu yoʻnalishdagi ilmiy-tadqiqot va innovatsion loyihalarni amalga oshirish ishlari rejalashtirildi.
Institut faoliyatini moliyalashtirish manbalari sifatida davlat byudjetidan ajratiladigan tegishli mablagʻlar, Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari doirasida oʻtkaziladigan tanlovlar natijalariga koʻra ajratiladigan davlat byudjeti mablagʻlari, jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari, xalqaro moliya institutlari va boshqa xorijiy tashkilotlarning grantlari, qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar koʻrsatib oʻtilgan.
Institut boʻlimlariga xodimlar qabul qilinishida nomzodlarning ilmiy salohiyati, har tomonlama keng va sogʻlom fikrlashi, kitobxonligi, el-yurt taqdiriga loqaydlik, mahalliychilik, urug‘-aymoqchilik, korrupsiya, oilaviy qadriyatlarga bepisandlik va yoshlar tarbiyasiga masʼuliyatsizlik kabi illatlarga barham berishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqish qobiliyatlari eʼtiborga olindi.
Oʻzbekiston Respublikasining “Ilm-fan va ilmiy faoliyat toʻgʻrisida”gi qonuni, “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi toʻgʻrisidagi nizom” va “Ilmiy darajalar beruvchi ilmiy kengash toʻgʻrisidagi nizom” asosida Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazining murojaati va OAK Falsafa, tarix, siyosiy va sotsiologiya fanlari boʻyicha ekspert kengashi tavsiyasiga muvofiq institutda ixtisoslashtirilgan Ilmiy kengash tashkil etildi. Mazkur laboratoriya maskani ilmli, kuchli aqliy salohiyatga ega kadrlarni yetishtirishdek masʼuliyatli vazifani oʻz zimmasiga oldi. Qabul qilingan har bir mustaqil izlanuvchi zimmasiga oʻzi olib borayotgan ilmiy va amaliy tadqiqotlarini hududlarda sinovdan oʻtkazish va samaradorligi hamda natijasi yuzasidan aniq taklif va tavsiyalar berish masʼuliyati yuklanmoqda. Zero, ushbu tadqiqotning qogʻozlarda emas, amalda – jamiyat hayotidagi ijobiy taʼsirini koʻrsatish muhimdir. Har bir tadqiqotchi “Nima qilsam jamiyatimiz, xalqimiz, oilalarimiz uchun yaxshi boʻladi” degan fikr-mulohaza bilan yashashi muhim.
Hozirgi kunda institut Toshkent shahri Yakkasaroy tumani Bobur koʻchasi 9-uy manzilida faoliyat yuritmoqda. Zamonaviy kompyuter jamlanmalari va sifatli mebellar bilan taʼminlab, xodimlarga ishlash uchun toʻlaqonli shart-sharoitlar yaratilgan. Laboratoriya maskani oʻz ishini yanada jonlantirish va jadallashtirish uchun astoydil bel bogʻlagan.
Institut 2021-yil 22–26-noyabr kunlari “Joylarda maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni tashkil etish: muammolar va ularning yechimlari” yuzasidan malaka oshirish oʻquvlarini tashkil etdi. Mazkur kurslarda qarorda belgilangan vazifalarni bajarish bilan birga hududlardagi maʼnaviy-maʼrifiy muammolarni oʻrganish, ularni bartaraf etish mexanizmlarini yaratish, ishlash tizimini tubdan oʻzgartirishga qaratilgan mavzularda aqliy hujum, analiz, keys va boshqa metodlardan foydalanildi. Oʻquvlarda Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Toshkent shahar, viloyat boʻlimlari, tuman (shahar) boʻlinmalarining 192 nafar rahbari ishtirok etdi.
Oʻtgan yili 20–23-dekabrda institutda Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi tizimidagi maʼnaviy-maʼrifiy ishlarga masʼul xodimlari hamda vazirlik va idoralarning maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash masalalari boʻyicha maslahatchilarining maʼnaviy-maʼrifiy yoʻnalishdagi 32 soatlik malaka oshirish oʻquvlari tashkil etildi. Onlayn oʻquv jarayonida 70 nafar tinglovchiga mamlakatimizda maʼnaviy-maʼrifiy sohada amalga oshirilayotgan oʻzgarishlar hamda qabul qilinayotgan huquqiy-meʼyoriy hujjatlarning mazmun-mohiyati, shuningdek, tizimda maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni tashkil etishning zamonaviy usullari bilan ishlanishi borasida tushunchalar berildi.
Institut haqiqiy maʼnoda jamiyatning ijtimoiy-maʼnaviy muhitini oʻrganib, natijasi boʻyicha asoslangan ilmiy xulosalar, taklif va tavsiyalar ishlab chiquvchi laboratoriya maskaniga aylanmoqda. Bugungi kunda yuqorida sanab oʻtilgan maʼnaviy-maʼrifiy muammolarni yechishda ushbu laboratoriya maskani oldiga qoʻyilgan vazifalar naqadar muhimligi his etilgan holda, bu ishlarni bajarishga jiddiy kirishildi. Milliy gʻoya va mafkura bilan bogʻliq masalalar, murakkab mafkuraviy jarayonlarni ilmiy-amaliy jihatdan chuqur tahlil etish va baholash, ustuvor yoʻnalishlarni aniqlash, ularning aholi turlari qatlamlariga taʼsirini oʻrganish institut oldidagi eng asosiy vazifalardan boʻlib qoladi. Milliy manfaatlarimizga, hayot tarzimizga zid boʻlgan zararli gʻoyalar va mafkuraviy xurujlar mohiyatini ochib berish hamda aholining keng qatlamlari, avvalambor, yoshlarda Vatanga muhabbat va sadoqat, insonparvarlik fazilatlarini shakllantirish, milliy urf-odat, anʼana va qadriyatlarning hayotimizdagi oʻrni va ahamiyatini har tomonlama oshirishga yoʻnaltirilgan suhbat va uchrashuvlar, maʼrifiy tadbirlar oʻtkazishning taʼsirchan usullarini yaratish yoʻlida izlanilmoqda.
Bugun maʼnaviyat naqadar kerakligini, xalqimiz kechagi xalq emasligini, yangicha ishlashni, bugunimiz va ertangi kunimiz yanada yaxshi boʻlishi uchun hamma odamlar oʻzgarishi zarurligini davrning oʻzi taqozo etmoqda. Bu yoʻlda nafaqat mazkur institut, balki barchaning masʼulligini oshirishga qaratilgan saʼy-harakatlar kuchaytirilmoqda. Jamiyat hayotining tanasi iqtisodiyot boʻlib, uning joni va ruhi maʼnaviyat ekanligi keng ommaga qayta va qayta singdirishning yangicha usullari bilan ishlash talab etilmoqda. Zero, moddiyat va maʼnaviyatning teng koʻrilishi faqat shiorlarda emas, balki ongimiz va qalbimizga ham mustahkam oʻrnashishiga erishish zarurdir.
Munira QAHHOROVA,
Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat
markazi huzuridagi Ijtimoiy-maʼnaviy
tadqiqotlar instituti direktorining oʻrinbosari