Jangovar harakatlarda musiqadan foydalanish harbiy madaniyatning bir qismi hisoblangan. Bu orqali qoʻmondonlar qoʻshinni boshqarish, harbiy usullarni qoʻllash, jangchilarni ruhlantirish hamda urush jarayonlarini muvofiqlashtirishga harakat qilganlar. Turon oʻtmishining harbiy tarixi va madaniyati nafaqat yozma yoki arxeologik manbalarda, balki xalq ogʻzaki ijodida ham saqlanib qolgan. Xususan, baxshilar tomonidan kuylangan dostonlarda musiqa harbiy madaniyatning ajralmas boʻlagi ekanligi urgʻulangan.
Dostonlarda hukmdorlar oʻz qoʻshini bilan musiqa sadolari ostida jangga tayyorgarlik koʻradilar yoki urushga chorlov ham ayni tarzda amalga oshirilganiga guvoh boʻlamiz. Bunda asosan, karnay-surnay hamda dovul (baxshilar shevada “dobil” deb nom berganlar) kabi musiqa asboblaridan foydalanilgani bayon etiladi. Qoʻshinning ruhiy holatiga taʼsiri qay darajada ekaniga qarab musiqa asboblari qoʻllanilgan.
“Erali va Sherali” dostonida urush payti chor tarafdan karnay-surnay tortib, lashkar maydonga chiqib kelganligi aks etgan. Harbiy safarbarlik yoki jangga chiqish oldidan karnay-surnay chalinishi bu harakatning nafaqat amaliy, balki ruhiy jihatdan ham tayyorlik darajasini koʻrsatadi. Manbalarda bu turdagi cholgʻular xalqni ogohlantirish, lashkarga ruhiy koʻtarinkilik baxsh etish va ramziy urush ruhiyatini uygʻotish vositasi boʻlgan.
“Alibek va Bolibek” dostonida esa baxshi Ergash Jumanbulbul oʻgʻli shunday kuylaydi: “Ana endi Shohpoʻlat dobilni qoqdi, surnay-karnayni tortdi, qoʻlida sarsoz lashkarni joʻnatdi. Oʻzi ham otlanmoqchi boʻlib gʻamini yeyapti. Olisroqlardagi lashkarni, amir-umarolarni otlansin-otlansin deyapti”. Dostondagi bu jumlada musiqiy harakatlar safarbarlik jarayonlarida, yaʼni qoʻshin toʻplash va urushga tayyorlash bilan bir paytda amalga oshirilganini koʻrsatadi. Qurol-yarogʻlar kuch-qudrat belgisi boʻlsa, musiqa asboblari urush jarayonlarida ramziy ahamiyat kasb etib, qoʻshinni ruhlantiruvchi vosita sifatida ham ahamiyatli ekanini isbotlaydi. Xoʻsh, musiqaning inson ruhiyatiga qanday taʼsiri bor? Nima uchun musiqa janglarning burilish nuqtasi sifatida bayon qilingan?
Jang oldidan qoʻshinni ruhlantirish, dushmandan qoʻrqmaslik uchun chora koʻrishga alohida eʼtibor qaratilgani xususida Aristotel oʻzining “Siyosat” asarida shunday yozgan: “Bundagi sir va hikmat urushda dushmanni qoʻrqitishdir. Chunki baland va daxshatli tovushlarning inson ruhiga daxshatli taʼsiri boʻladi”. Arablar esa boshqacharoq usulni qoʻllagan, yaʼni janglardan oldin shoirlar qator oldida turib, mardonavor sheʼrlar bilan askarlar qalbida shodlik uygʻotib, qahramonlarni hayajonga solishgan va ular darhol hujumga oʻtgan.
Turkiy xalqlar hukmdorlari esa oʻz yurishlari uchun dovul, karnay, burgʻu singari asbob-uskunalar tayyorlatganlar va bular hukmdorlik ramzlaridan biri hisoblangan. Bu holat nafaqat insonlarda, balki hayvonlarda ham namoyon boʻlib, jumladan tuyalar hudʼa deb nomlangan ritmik qoʻshiq yoki otlar hushtak va qichqiriqlar bilan joʻshqinlashadi. Orkestr musiqa asboblari bilan qoʻshin ichida turgan hukmdor atrofida saf tortib turgan va marshlar chalib, qahramonlarni ruhlantirgan.
Musiqadan jangovar harakatlarda foydalanilgani va uning urush mafkurasidagi ahamiyati toʻgʻrisida “Goʻroʻgʻli” turkumidagi dostonlarda yanada kengroq kuylangan. Buni “Gulnor Pari” dostonidagi jangoldi sahnasi aks etgan quyidagi satrlarda ham koʻrish mumkin:
Nogʻora, surnay, karnaylar tortilsin,
Chin polvonning shirin joni sotilsin!
Girishini sozlab oling sari yoyni,
Kamon oʻqi dushmanlariga otilsin!
Peshonada har gap boʻlsa bitilsin!
Jang oldidan harbiy musiqa asboblari (nogʻora, surnay, karnay) orqali askarlarni ruhlantirish, safarbar qilish holati elshunoslik jihatdan Turon xalqlarining harbiy tayyorgarlik marosimlari sifatida namoyon boʻladi. Nogʻora jangga chaqirish belgisi hisoblansa, karnay, surnay esa harbiylarni ruhlantirish bilan birga hukmdorning chiqishi yoki urush boshlanishini ifodalovchi unsur sifatida baholangan. Ushbu musiqa asboblari nafaqat jangni boshlash, balki uni yakunlash vazifasini ham bajargan. Dostonda bu haqidagi maʼlumotlarni baxshi quyidagicha kuylagan:
Ayril karnay tortib endi Toy Hindi,
Oʻliklarni koʻrib behush boʻp ketdi.
Ahmadbek ham ayril deb karnay tortdi,
Tuqqa qarab Goʻroʻgʻlibek boshladi,
Goʻroʻgʻlini koʻrib endi qoʻshini,
“Ayriling”, deb vaqtlarini xushladi.
Jangovar toʻqnashuvlarda jangni musiqa bilan toʻxtatilishi va ikki dushman qoʻshinning ajralishi urush madaniyatining bir qismi boʻlib, baxshi dostonlarda oʻz ijodi orqali namoyon etgan.
Dostonlarda kuylangan maʼlumotlar Ibn Xaldunning tarixiy qaydlariga mos keladi. U “Muqaddima” asarida quyidagicha qayd etadi: “Turklar dovulga oʻxshagan asboblarga katta ahamiyat beradilar, ularning sonini koʻpaytiradilar va unga “kusvot” (koʻs, mehtar) deb nom berganlar”.
Yuqorida taʼkidlaganimizdek, xalq dostonlarida “dovul” soʻzi shevada “dobil” deb talaffuz qilingan va urushning eng asosiy uskunasi sifatida bayon etiladi. “Goʻroʻgʻli”da bu haqida aniq tasvirlar koʻzga tashlanadi: “Alqissa, andin soʻng, har ikki tomondan askar yigʻilib, dobil urilib, otlar surilib, Goʻroʻgʻli sulton bilan Shohdorshoh askarlarining jangga borayotgan chogʻi:
Avval bir karnay tortdi,
Otlar qoziqqa aylandi.
Yana bir karnay tortilganda,
Botir yigitlar saylandi.
Yana bir karnay tortilganda,
Osmon chang boʻb gʻuborlandi.
Yana bir karnay tortilganda,
Baravar bari otlandi”.
Amir Temur va temuriylar davri haqida maʼlumot beruvchi Nizomiddin Shomiyning “Zafarnoma” asarida harbiy yurishlar jarayonida cholgʻu asboblaridan foydalanish masalasi ham bir necha bor taʼkidlab oʻtiladi. Jumladan, 1393-yilda Sohibqiron qoʻshinlarining Sheroz tomon amalga oshirgan harbiy yurishi bu borada alohida eʼtiborga loyiq. Asarda qayd etilishicha, jang harakatlari boshlanishi bilan yangragan karnay va nogʻoralarning qudratli, quloqni larzaga soluvchi ovozi tog‘ yuragini yorgan, qalʼa ahli nihoyat darajada qoʻrqinch va sarosimaga tushib qolgan.
Musiqaning olamni larzaga keltiruvchi kuchi haqida “Xoldorxon” dostonida shunday bayon qilingan: “Ana endi nima deysiz, Taka-Yovmitning lashkarida qancha karnay, surnay, gijjak, balabon, koʻs, nogʻora, gʻuburga, nay, qoʻbiz, jami naʼma-surud bor edi, birdan qoʻyabordi, sado olamni buzdi. Janggir-junggir, katir-qutur, shatir-shutur, kasir-qusur, vagʻir-shagʻir – birdan jami naʼma-surud bor qoʻyabordi. Qrimda Xoldor shoh bilan Qaysar shohning odamlariga davur kayfi uchib ketdi, barining yuragi zir etdi, koʻzi olarib qoldi”. Bu parchada yana bir muhim jihat shu-ki, koʻplab musiqa asboblarining nomlari koʻrsatib oʻtilgan. Ushbu dostonda musiqachilar guruhi boʻlganligiga ishora qilinib, ularning faoliyati urush jarayonlari bilan bogʻliq holda bayon etilgan.
“Xoldorxon” dostonida keltirilgan musiqa asboblarining nomlari va orkestr faoliyatida xonliklar davri taʼsiri kuchli ekani sezilib turadi. Dostonlarning yozib olinish vaqtini hisobga olsak, harbiy ishda musiqaning qoʻllanishi bilan bogʻliq koʻplab maʼlumotlar xonliklar davri hissasiga toʻgʻri keladi.
Jumladan, Xiva xonligi qoʻshinida musiqachilardan iborat boʻlinma ham mavjud boʻlgan. Bu ixtisoslashgan harbiy sozandalar guruhi xonning saroydan chiqishi vaqtini xalqqa maʼlum qilishda, harbiy yurishdan oldin jangchilarni koʻrikdan oʻtkazishda, jang vaqtida askarlarni ruhlantirishda, shuningdek, turli harbiy harakatlarni muvofiqlashtirishda ishtirok etgan. Bu boʻlinma tarkibida asosan karnaychi (shifurchi), surnaychi, nogʻorachilar boʻlgan. Demak, hukmdorlarning omma oldiga chiqish jarayonlarida ham musiqa oʻziga xos ahamiyat kasb etganligi namoyon boʻladi.
Xoʻsh, bu musiqachilarning vazifasi nimalardan iborat boʻlgan? Janglarning boshlanishi va uning tugatilishi musiqa orqali eʼlon qilingani hamda urushda cholgʻularning askarlarni boshqarishdagi amaliyotini hisobga olsak, zamonaviy signalizatsiya tizimiga toʻgʻri keladi, deb aytish mumkin.
“Goʻroʻgʻlining tugʻilishi” dostonida urushga shaylanish buyrugʻi cholgʻu asboblari orqali amalga oshirilgani qayd etiladi. “Shohdorxon podsho: – Urushga tayyorlik qilinsin, – deb amr qildi. Urush nogʻorasini urdi, karnay-surnaylarni chaldirib, lashkarini otlariga mindirib, miltiqni oʻqlab, piltani choqlab, choq boʻldi. Odilxon podsho ham urush nogʻorasini chaldirib, lashkarlarini choqlab otga mindirib, urushmoqqa choq boʻldi, koʻngillari toʻq boʻldi. Ikki taraf podsholarining urush uchun qilgan shon-u shuhratlariga yer tebrandi”, – deya Poʻlkan shoir kuylagan. Bu oʻrinda ikkala hukmdor ham qoʻshinning jangovar tayyorgarlik holatini musiqa bilan amalga oshirganligi taʼkidlangan.
Buxoro amirligiga oid maʼlumotlarga koʻra, sarbozlar va toʻpchilar tarkibida harbiy sozandalar ham mavjud boʻlgan. Boʻlinmalar kesimida taqsimlangan 14 nafar nogʻorachi va 14 nafar naychidan tashqari, sarbozlar qismida yana 2 dona turk nogʻorachisi va 4 nafar karnaychi xizmat qilgan; bundan tashqari 6 nafar karnaychi artilleriya boʻlinmasi huzurida faoliyat olib borgan. Umuman olganda, qirq nafar harbiy sozanda alohida boshqaruv ostida boʻlib, ular milliy sozandalar boshligʻi (kapelmeyster) – yuzboshi unvoniga ega shaxs ixtiyorida boʻlgan. Harbiy musiqachilar guruhi qoʻshinning eng muhim tarkibiy qismiga aylangan. Bundan Qoʻqon qoʻshini ham mustasno emas edi. Odatda Qoʻqon xonligida, har bir 20–30 kishilik guruhga ikki yoki uch musiqachi biriktirilgan.
Harbiy musiqachilarning musiqa asboblari doʻmbira, nogʻora, karnay va surnaylardan iborat boʻlgan. Musiqachilarning kiyimi boshqalardan, jumladan, askarlarnikidan ham farq qilgan. Bu haqida A. Fedchenko shunday yozadi: “Uchragan barcha askarlar orasida bizni qizil koʻylak, chopon va boshiga qoʻy terisidan tikilgan qora qalpoq kiyib, egari yoniga mis tarelkalarni osib olgan askar hayratga soldi. Keyin bilsak u otliq qoʻshin musiqachisi ekan”. Qoʻshin musiqasi jarangdor va serjiloligi bilan ajralib turgan. Qoʻshin musiqachisining kiyim-kechagi, musiqa asboblari va taʼminotiga xon xazinasidan mablag‘ ajratilgan. Musiqachilar jangni boshlashda, mudofaa va hujum harakatlarida, shuningdek, jangni yakunlashda bevosita qatnashgan.
Umuman olganda, xalq dostonlari oʻzbek xalqining jangovar madaniyati, urushga oid bilimlarini oʻzida aks ettiruvchi manbalardan biri hisoblanadi. Dovul, yaʼni jang nogʻorasi – dobil yoki koʻs tarzida bayon qilinib, bu musiqa asboblari tarixiy manbalarda urushning muhim vositasi sifatida eʼtirof etilgan. Shuningdek, karnay, surnay, qoʻbiz, gʻijjak kabi asboblarning qayd etilishida dostonlarga xonliklar davri harbiy voqeligining taʼsiri ekanligi namoyon boʻladi.
Baxshilarimiz ijodi va tarixiy manbalar shuni koʻrsatadi-ki, qadim turkiy harbiy madaniyatida musiqa faqat sanʼat emas, balki jang boshqaruvi va ruhiy taʼsir vositasi ham boʻlgan. Karnay, surnay va nogʻora qoʻshin uchun bugungi harbiy signal tizimlari vazifasini bajargan. Oʻzbek xalq dostonlari milliy-harbiy tariximizni yoritishda muhim manba sifatida ahamiyatlidir.
Muxtorjon TOLIBBOYEV,
Fanlar Akademiyasi Tarix instituti tayanch doktoranti