Qadimgi jamiyatlar maʼnaviy hayotining shakllanishi va rivojlanishida ijtimoiy-iqtisodiy faoliyat turlari, xususan, chorvachilik muhim oʻrin tutgan. Turon sivilizatsiyasining ilk bosqichlaridayoq hayvonlar xoʻjalik hayotining ajralmas qismi boʻlibgina qolmay, diniy-mifologik dunyoqarashlarni ham aks ettirgan. Arxeologik topilma va marosim anʼanalari tahlili qadimgi turonliklar hayvonlarga, ayniqsa, sigir, ot, tuya, ilon, burgut kabi jonivorlarga alohida hurmat bilan qaraganini koʻrsatadi.
Turon hududida yashagan qadimgi aholi orasida hayvonlarga sigʻinish (zoolatriya) va ularni ilohiylashtirish ilmiy jihatdan oʻrganilishi lozim. “Avesto” va qadimgi yozma manbalarda uchraydigan hayvonlarga oid tasvirlar bu dunyoqarashning mifologik ildizini yoritishga xizmat qiladi. Shular orqali chorvachilik qadimiy turon aholisi tafakkurida faqat moddiy madaniyat unsurigina emas, balki maʼnaviy-axloqiy qadriyat sifatida shakllangani, diniy eʼtiqodlar bilan bogʻliqligini asoslash mumkin.
Qadimgi turonda chorva hayvonlarini ilohiylashtirish moddiy ashyolarda inʼikos etadi; u zoolatriya, totemizm va teroteizm koʻrinishida boʻlgan. Yakkaxudolik yoyilmagan hududlarda zoolatriya odatlari uzoqroq davom etgan.
Sigirning zoolatrik xususiyat kasb etganini “Avesto”da ham kuzatish mumkin. Unga koʻra, dastavval erkak va urgʻochi buzoq, soʻng barcha turdagi hayvonlar juft-juft boʻlib yaralgan.
Zoolatrik hayvonlardan biri – “baqtriyaliklar tuyasi” deb atalgan ikki oʻrkachli tuyadir. Uning terrakota, sopoldan yasalib, sirlanmagan va rang berilmagan haykallari mavjud. “Avesto”da tuya kuchli, badjahl hayvon deya tilga olinadi. Zardushtiylik dini asoschisining ismidagi (Zaraoustra) “ustra” soʻzi tuyani anglatishi bu hayvonning ilohiylik belgisidan darak beradi.
“Massagetlarda ulugʻlangan yagona xudo bu – Quyoshdir. Quyoshga otni qurbonlik qiladilar. Chunki xudoga dunyodagi eng chaqqon, tez chopar jonliqni qurbon qilish lozim deb oʻylaydilar” deb yozadi tarixchi Herodot (Геродот. История в девяти книгах. Книга I. Ленинград, 1972. стр. 216).
Jarqoʻton ibodatxonasining mudofaa devorlariga oʻrnatilgan burjlarni ochish davomida faqat Yevrosiyoning koʻchmanchi xalqlariga xos ot suvlugʻi topilgan (Шайдуллаев Ш., Дитрих Х. некоторые результаты работ Узбекско-Германской экспедиции на городище Джаркутан. // ИМКУ. вып. 30. самарканд, 1999. стр. 25). U yirik hayvon shoxidan aylana shaklida yasalgan, diametri – 13, qalinligi – 1 sm. Markazida diametri 1,5 sm keladigan teshik, suvluq chekkalarida ham diametri 7 mm boʻlgan toʻrtta teshikcha joylashgan. Suvluqning yuza qismida toʻrtta tish shaklidagi boʻrtiq ham bor.
Suvluq Yevroosiyo mintaqasida, Andronovo madaniyati yodgorliklarida, xususan, ot qoʻshib koʻmilgan boy aholi qabrlarida koʻplab topilgan. Jarqoʻtondan janubda joylashgan jez davri yodgorliklarida esa bu buyum uchramagan.
Suv havzalariga yaqin aholida baliqqa oid eʼtiqodiy qarash shakllangan (Azizov A. Oʻzbek xalqining hayvonot olamiga oid qarashlari. Toshkent, 2024. 62-bet). Masalan, Xorazmdagi Jonbosqalʼa arxeologik materiallari orasidan turli hayvon qoldiqlari bilan birgalikda baliq suyaklari topilgan. Baliq qiltanogʻidan tumor sifatida foydalanilgan. Xususan, yosh bolalarning bosh kiyimiga osib qoʻyilgan.
Xorazmda qadimdan it bilan dafn etish marosimi mavjud boʻlgan. Buning uchun alohida it boqilgan. Itga oid qadimdan shakllangan ijobiy tasavvurlar shuni koʻrsatadiki, zardushtiylik jonivorlarga nisbatan yaxshi munosabatda boʻlishni targʻib etgan.
Turonning shimolida odamni ot, qolgan hududlarida esa qoʻy va echki bilan dafn etish odat tusiga kirgan (oʻsha manba, 63-bet). Ot bilan dafn etish dunyoning boshqa xalqlari, jumladan, slavyanlarga ham xos edi. Ularning tasavvuriga koʻra, ot ham aslida inson boʻlgan. Uning insonga aylanishi uchun esa maxsus marosim oʻtkazilib, otning boshi olingan va shu holda dafn etilgan (Пикалов Д. Мифология и космогония ираноязычных кочевников Евразии. Москва, 2011. Стр. 22).
Gonurtepa yodgorligida ot yoki tuya bilan dafn qilingan qabrlar aniqlangan. Enasoy daryosi havzasidagi qadimiy koʻchmanchilar manzilgohlariga oid eski qabrlar ochilganida ulardan qoʻy, ot va buqa suyagi qoldiqlari topilgan (“Oʻzbek xalqining hayvonot olamiga oid qarashlari”, 64-bet).
Turk xoqonligi davrida marhumni sevikli oti yoki egar-jabduqlar bilan birga qoʻshib koʻmish anʼanasi boʻlgan. Oʻrxun vodiysi, Oltoy va Yettisuv mozor-qoʻrgʻonlarida keng yoyilgan bu odat bilan bogʻliq topilmalar Toshkent, Fargʻona va Samarqand viloyatlarida ham aniqlangan.
Demak, qadimgi Turon xalqlarining diniy-falsafiy qarashlarida hayvonlar alohida oʻrin tutgan. Chorvachilikning ijtimoiy-iqtisodiy hayotdagi ahamiyati ularni eʼtiqodiy ramzga aylantirgan. Sigir, tuya, ot, ilon, baliq, qush, it va boshqa jonivorlar qadimiy dunyoqarashda turli timsollar – hayot, oʻlim, himoya, serhosillik, maʼnaviy kuch va marosimiy poklanish bilan bogʻlangan. Ayniqsa, Gonurtepa,Jjarqoʻton, Tillaqazgʻan, Jonbos, Sopollitepa, Paziriq va boshqa yodgorliklar topilmalari hayvonlarga sigʻinish amaliyoti keng tarqalganini koʻrsatadi.
Qadimgi odamlar yon-atrofidagi hayvonot olamini nafaqat kundalik hayot uchun foydali resurs deb bilgan, balki ularni diniy-maʼnaviy tizimning ajralmas qismiga aylantirgan. Mazkur qarashlar hozirgi kungacha xalq ogʻzaki ijodi namunalari, marosimlar va madaniy qatlamlarda yashab qolgan. Bu esa Turon hududida diniy tasavvurlar evolyutsiyasi va tabiat bilan uygʻunlikda shakllangan diniy eʼtiqodlar tizimini anglashda muhim manba hisoblanadi.
Ahrorjon ABDUGʻANIYEV,
tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori
“Tafakkur” jurnali, 2026-yil 1-son.