Joriy yil oktyabr oyida Oskar Uayld tavalludiga 170 yil toʻldi. U betakror uslubi va hayratangiz fikrlari bilan jahon adabiyoti peshvolari qatoridan joy olgan. Irlandiyaning Dublin shahrida tugʻilgan boʻlsa-da, ingliz, olmon va farang tillarida ijod qilgan. Atigi 46 yil umr koʻrgan adibning hayoti ham, ijodi ham murakkab.
Oskar Uayldning ijodkor sifatida shakllanishiga XIX asrning ikkinchi yarmida Yevropada tarqalgan badiiy-estetik qarashlar, romantizm, realizm va krititsizm, ayniqsa, Balzak, Turgenev, Dostoyevskiy, Goffman, Andersen ijodi kuchli taʼsir koʻrsatgan.
Uayld aristokratiya va oʻz mayl-istaklariga bandi burjuaziya tartiblariga qarshi chiqadi. Adib hukmron tabaqaga xos manmanlik, hayosizlik, ikkiyuzlamachilik, gʻirromlik, didsizlik kabi illatlarni dadil fosh etadi. Uayld rus yozuvchisi Dostoyevskiy izidan borib “Dunyoni goʻzallik qutqaradi” degan gʻoyani yoqlashga intiladi. Uning fikricha, sanʼat hayotga taqlid qilmaydi, aksincha, hayot sanʼatga ergashadi.
Oskar Uayldning asarlari va suhbatlaridan olingan fikrlardan namuna keltiramiz.
Tarjimon
Agar tarjimai holimga oid soʻrovnoma toʻldirishimga toʻgʻri kelsa, yoshim – 19 da, kasbim – daholik, qusurlarim – qobiliyat, deb yozgan boʻlardim.
Men qoidalar uchun emas, balki istisnolar uchun yaratilganman.
Men asrimni shunday uygʻotdimki, u meni afsona-yu asotirlarga burkadi.
Sizni yomonlaganlar – yomon, umuman yomonlamaganlar esa undan-da yomon.
Hayot janglarida qatnashganlardan koʻra chetda turganlar ogʻirroq jarohat oladi.
Barchamiz hayot sirini izlaymiz, hayot siri – sanʼatda.
Yoshlikning hayratomuz xatosi – hayotni falsafa emas, ehtiros; keksalikning vahimali xatosi esa hayotni ehtiros emas, falsafa deb tushunishdadir.
Hayot falsafasi – hech bir jiddiy narsani jiddiy qabul qilmaslik, jiddiy boʻlmagan ishlarga esa jiddiy yondashishdadir.
Keksalikning fojiasi qariganingizda emas, qalbingiz yoshligicha qolganidadir.
Biz mudom oʻz “men”imiz ichida adashib yuramiz, shu bois hayotimizni oʻzgartirishimiz dargumon.
Qoniqish – boshqalardan oladiganimiz, burch – boshqalardan kutadiganimiz, daholik – boshqalarga ravo koʻrmaydiganimizdir.
Odamlarning oʻzidan koʻra kechinmalari qiziqroq.
Odamzod oʻzidan kuchliroq keladigan ehtiros va kechinmalardan instinktiv ravishda qoʻrqadi.
Kibrli odam har narsaning bahosini biladi, ammo ularning qadrini bilmaydi.
Mudom oʻtmishga koʻz tikkan odam kelajagi oʻtib ketganini sezmay ham qoladi.
Anglash qiyin ikki narsa bor: oʻlim va tubanlik.
Kamtarlik omaddan yiroq, faqat surbetlik omadga yetaklaydi.
Maqtov meni itoatgoʻy qiladi, aksincha haqoratlasalar, oʻzimni yulduzlarga yaqin koʻraman.
Men suhbatdoshimga ogʻiz ochishga imkon bermayman. Bu vaqtimni tejaydi va benaf tortishuvga hojat qoldirmaydi.
Ijodkor tanishishni istaydigan kishilar xushsurat va aʼmo boʻlsin: birinchisi badiiy huzur beradi, ikkinchisi – aqlga istirohat.
Men gapirib huzurlanishdan voz kechishim mumkin, biroq boshqalarni meni tinglab huzurlanishdan mahrum qilolmayman.
Nikohdan ayollar baxt kutadi, erkaklar unga erkini tikadi.
Ayol noz-u karashmalari bilan sevdiradi, daʼvolari bilan bezdiradi.
Oshiqlik oʻzini aldash bilan boshlanadi va oʻzgani aldash bilan yakunlanadi.
Haqiqiy muhabbat oʻziga qarshi qilingan gunohlardan tashqari barcha gunohlarni kechiradi.
Sizga befarq ayol bilan doʻstlashish oson.
Moda tufayli har qanday fantastika oniy dogʻuli oʻyinga aylanadi.
Moda shunday tuturiqsizlikki, shu bois u har yarim yilda yangilab turiladi.
Gustohona kiyinuvchilar – xushsuratlik ham hayot falsafasi ekanini unutib qoʻyganlardir.
Millatning badiiy didi meʼmorligidan kam boʻlmagan kiyinishida ham aks etishi shart.
Biz shunday qashshoqlashganmizki, xushomaddan boshqa hech vaqomiz qolmadi.
Kuchli antipatiya – sirli bogʻlanishga ishora.
Oʻzi botqoqda, ammo nigohi yulduzlarda.
Bizning asrimizda faqat benaf narsalar naflidir.
Menga ortiqchasini bering, zarurini boshqalarga tarqating.
Chin ijodkor havaskor boʻlib qolaveradi.
Sanʼat asarlarini tushuntirishga urinish ularni qadrsizlantiradi.
Josuslik oʻlayotgan kasbdir, uning oʻrnini endi matbuot egallamoqda.
Men taraqqiyotga emas, odamdagi buzgʻunchilikning doimiyligiga ishonaman.
Kishining avval kim boʻlgani emas, balki hayotning betakror har onida kimga aylangani muhimdir.
Oʻzingizni oʻzingiz yarating, qolgan vazifalarga masʼullar allaqachon tasdiqlangan.
Oʻlganimdan keyin ajmal (eng goʻzal) gulga aylanishni istardim. Vahki, gunohlarim bois azfar (oʻtkir hidli) qizil yorongulga doʻnaman.
Rus tilidan Viktor ALIMASOV tarjimasi
“Tafakkur” jurnali, 2024-yil 4-son.