Soʻnggi 35 yil ichida dunyoda 5–19 yoshli bolalar va oʻsmirlar oʻrtasida semizlik darajasi 4 barobarga oshib, 2 foizdan 8 foizga yetgan, deya maʼlum qildi Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti.

Aniq raqamlarga qaralsa, 2024-yilda dunyo boʻyicha 170 million nafar oʻgʻil-qiz shu muammodan aziyat chekkan. Ularning 70 millioni 5–9 yoshli bolalar, 100 millioni esa 10–19 yoshli oʻsmirlardir.

JSST ogʻir tibbiy va ijtimoiy oqibatlarga olib kelishi mumkin boʻlgan surunkali kasallik – semizlikdan ogohlantirmoqda. Xususan, u bolalarda yurak-qon tomir xastaliklari, 2-tur qandli diabet kabi yuqumli boʻlmagan kasalliklar rivojlanishi xavfini oshiradi.

Bundan tashqari, semizlikka chalingan bolalar tengdoshlari tomonidan kamsitilishi mumkin. Bu esa ularning ruhiy salomatligiga salbiy taʼsir koʻrsatadi.

Shu munosabat bilan tashkilot bolalar va oʻsmirlarda semizlikni davolash boʻyicha ilk global tavsiyalarini eʼlon qildi. Unga koʻra, muammoga qarshi kurashishda, avvalo, sogʻlom ovqatlanish, muntazam jismoniy faollik va turmush tarzini oʻzgartirishga alohida eʼtibor qaratish zarur.

JSST 10 yoshgacha boʻlgan bolalarda vazn kamaytirish uchun dori vositalari va jarrohlik amaliyotlaridan foydalanishni tavsiya etmaydi. 10–19 yoshli oʻsmirlarda esa mutaxassislar nazoratidagi kompleks dasturlar kutilgan natijani bermagan taqdirdagina, tasdiqlangan dori vositalarini qoʻllash masalasi koʻrib chiqilishi mumkin.

“Bundan koʻzlangan asosiy maqsad shunchaki vaznni kamaytirish emas, balki ularning jismoniy va ruhiy salomatligini yaxshilash, sogʻlom rivojlanishi hamda hayot sifatini taʼminlashdan iborat”, deyiladi xabarda.