Avvalombor biz koʻrmoqchi boʻlgan bemorga Shifokor boshqa insonlar bilan koʻrishishni man qilgan yoki qilmaganini bilish lozim;

Xastalangan kishining huzuriga kirganda, ochiq yuz, xush koʻngil, muloyimlik bilan muomala qilinadi, uning yuziga sinchiklab qaralmaydi, koʻp va qattiq ovozda gapirilmaydi;

Bemorning bosh-koʻzi, manglayi, oyoq-qoʻlini silab, yaxshi soʻzlar bilan koʻngli koʻtariladi, dard vaqtinchalik ekanini aytib, tasalli beriladi;

Kasal kishining ziyoratiga ozroq hadya olib, salom bilan kiriladi va unga yaqin, iloji boʻlsa, bosh tomonida oʻtirib, ahvoli soʻraladi;

Bemor yotgan xonada kulish, yigʻlash yaxshi emas, har xil kinoyali, ogʻir botadigan, koʻngilga keladigan soʻzlarni aytilmaydi.

Kasalni toliqtirib qoʻymaslik uchun uning oldida uzoq oʻtirilmaydi. Oʻzining roziligi boʻlsa, bir oz oʻtirib, koʻnglini koʻtaruvchi ibratli hikoyalar soʻzlab turiladi. Gapi sovuq, befarosat kishilarni bemorning yoniga yoʻlatmagan maʼqul.

Agar zarurat boʻlmasa, kasal koʻrgani kechasi bormagan maʼqul, chunki dard odatda kechga borib kuchayib, bemorning ahvoli tanglashadi yoki u charchab, oromga shaylangan boʻladi.

Bemorning huzuridan turayotganda, uning haqqiga duo qilib, Allohdan shifo soʻraladi. Imkon boʻlsa bemorni duosi olinadi. Chunki uning duosi ijobatdir. Xayrlashishda “Xudo xohlasa, tezda tuzalib ketasiz”, “Dard ham bir mehmon, hali sogʻayib ketasiz” kabi soʻzlar bilan tasalli beriladi.