Isteʼdodli va insofli adib akamiz Sobir Oʻnarni men “Katta ogʻa” deb izzatlardim. “E, qoʻying-e, katta ogʻalar davri oʻtib ketgan”, deb kulardi u. “Siz oʻzimizning katta ogʻasiz”, – boʻsh kelmasdim men ham. Bu taʼrif uning boʻy-bastiga, vazmin feʼl-atvoriga, adabiyotdagi oʻrni-mavqeiga ham mos keladiganday tuyulardi-da.
Sobir aka “katta ogʻa”lik maqomiga talabalik davrlarimizdayoq erishgan edi. Bir necha kurs yuqorida oʻqiganlar uning bagʻrikeng, qaysar, nomusli yigit ekanini aytib yurishardi. Bizlar boshlangʻich kurs talabasi ekanimizda, uning “Kunsuluvning sirli xatlari” hikoyasi “Yoshlik” jurnalida bosilib, katta shov-shuv uygʻotgan, talabalarning ham hikoyasi bosilar ekan-da deb, ancha-muncha yoshlar yurak yutib jurnal dargohiga eshik qoqib borishgan, xullas, jurnalistika fakultetida birinchilardan boʻlib yoshlar uchun “Yoshlik”ka yoʻl ochib bergan tanti ijodkor desam, yanglishmagan boʻlaman.
Bizlar ikkinchi bosqichga oʻtganimizda ularning kursi universitetni bitirdi. Sobir aka “Yoshlik” jurnalida ishlay boshladi. Shu-shu, deyarli umrining oxirigacha jurnalga sodiq boʻlib qoldi. Avval xatlar, publitsistika, nasr boʻlimida ishlab, bosh muharrirlikkacha boʻlgan mehnat yoʻlini bosib oʻtdi.
1993-yil yozida yotoqxonalar taʼmirlashga yopilib, shunday maskanlarda norasmiy “ijara”da turadigan bir qancha yoshlar koʻchada qoldik. Har kim har joydan qoʻnim topdi. Isteʼdodli shoir, barchaga yordamlashib yuradigan beminnat akamiz Oʻrol Oʻzbek Qoraqamishning oxiridagi quruvchilar yotoqxonasida bir necha kun yashasam boʻlishini aytdi. U yerni topib borganimizda, yoʻlning chap tomonida ancha puturdan ketgan toʻrt qavatli bir uy koʻrindi, yotoqxona shu ekan. Talabalar shaharchasidagi yotoqxonalarning oʻzginasi. Oʻrol Oʻzbek u yerning tabiatini maqtayverib esi ketdi, haqiqatan ham, kech kirganida gʻirillab salqin shabada esib, atrof chirildoqlar ovoziga toʻlib ketdi, yotoqxona ortidagi biyday dala uzra oy chiqib keldi.
...U jannatmakon joyning chivinlarini aytsangiz!
– Tomda yotsayam boʻlaveradi, maza qilasiz, – dedi Oʻrol aka.
U yerda Sobir aka, Hoshimjon Mirzaahmedov va Oʻrol Oʻzbek istiqomat qilishar ekan. Xullas, bir necha kun ularning dasturxoniga sherik boʻldik, keyin yaqinroqdan boshqa arzonroq joy topib, chiqib ketdik. Shundan buyon suhbatlashib qolsak, oʻsha kunlarni koʻp eslashardik.
Boya aytganimdek, men Sobir Oʻnarni “katta ogʻa” deb atardim. Oʻzi “katta ogʻa”lar ikki kishi edi – Sobir Oʻnar, Faxriddin Nizom. Ikkalovi ham oʻzlaridan uch-toʻrt yosh kichik havaskor yigitchalarga ogʻalarcha gʻamxoʻrlik qilishganini koʻpchilik eslab yursa kerak. Hamma har joyda bir amallab kun kechirib yurgani bilan, ogʻalar orasida Sobir aka ancha-muncha “ini”larga jonkuyar boʻlgani rost.
Sobir aka bilan koʻp bor hamsuhbat boʻlganmiz, toʻy-marosimlarida qatnashganmiz. Halol, vijdonli adib ekaniga koʻp bora guvoh boʻlganmiz.
Xorij adabiyotshunoslari oʻzbek adabiyotida oʻziga xos kenglik borligini taʼkidlashadi. Haqiqatan ham, aksariyat asarlardagi voqealar keng-moʻl makonlarda, kishilar orasida sodir boʻladi. Sobir Oʻnar asarlarida ham shunday, ularda Qoʻshrabot qir-adirlari, dala-dashtining havosi bor.
Bu tarixlarning qanchasi roʻy-rost hayotdan olingan, qaysilari yozuvchi xayolotining mahsuli, bilavermasak-da, biladiganlar ham anchagina ekaniga aminman. Qarang:
“Samovarga oʻt yoqib oʻtirgan Ochil togʻa boʻlsa: “Ana, yetim boʻldinglar, shunday otalaring oʻldi”, derdi dam-badam”. (“Safura xolamning ertagi” hikoyasidan).
“Bir kuni shtabdan qora chodra yopingan ayolni opchiqishdi. Qirgʻiz askari va menga buyruq boʻldiki, togʻning narigi kamariga oborib otib tashlanglar. Ayolning tiliga tushunmaymiz, biroq imo-ishoralaridan oltita bolasi borligi, biri koʻkrak emadigan chaqaloq ekanini anglaymiz. Bolajon, musulmon, yigʻlab javrab boryapti, sen ham musulmon bolasidirsan, deydi. Negadir juda rahmim keldi, onam, opalarim koʻz oldimdan oʻtdi. Samadga nima qilamiz, dedim. Bilmasam, deb yelka qisdi. Kel, dedim, shuni oʻldirmaylik. Lekin bizni qorovulminor tepasidagi navbatchilar durbinda kuzatib turishadi. Hiyla qilganimizni payqab qolishsa, oʻzimizni otib tashlashadi. Ayolga oʻzimizcha tushuntirdik: yetib toʻxtaganda biz ustingdan oshirib oʻq otamiz, sen guppa tashlab “oʻlib” qolasan…”
“Bosh qattiqmi, tosh qattiqmi”, deb tirashib yashab kelaman, joʻra, deb osmonga qaraydi Rashid. Hoynahoy, tepadan ne savdolar tushadi deb oʻylar...” (“Rashid joʻra” hikoyasidan).
“Jiyan, endi buyam bir koʻrgilik-da. Qara, Qozogʻiston choʻlida oʻn milyondan ziyod ilon oʻn kilometr boʻlib poyezd yoʻl, moshin yoʻl, hammasini bir oy toʻsib qoʻygan, hammasi zaharli koʻlvor ilon desang, ularning orqasidan oʻn kilometrlik toshbaqa, oʻn kilometrlik yumronqoziq karvoni qoʻzgʻolibdi desang. Qozoq endi qayga boradi, a, qayga boradi? (“Oʻzingniki oʻzingga” hikoyasidan).
U asarlarda, oʻzining taʼbiricha, goh-goh “jaydari” sheva soʻzlari aralashib qoladigan chin oʻzbekcha ruhiyat va til balqib turadi.
Goh Sobir akaning, goh taniqli yozuvchi Abduqayum Yoʻldoshevning tashabbusi bilan xilvatroq joyda yigʻilib, jaydari gurung qilardik. U tugamas suhbatlar, kenglik-tantilik, joʻmardlik mavzularidagi gurunglarni sogʻinmay boʻladimi?
Sobir Oʻnar bilan bir qancha respublika tanlovlarida hakam boʻlib qatnashganmiz. Bunday tanlovlarda u oʻzining halolligini, toʻgʻrisoʻzligini koʻrsatgan.
Taqdir ekan, ayni ijodiy kamolot pallasida yorug‘ dunyoni tark etdi. Bir davrada uning asarlaridagi manzaralar, shaxslar, umum ruhiyat haqida gap ketganida, kimdir “Sobir aka oʻzi bilan ularni olib ketdi”, deb qoldi.
Yozilmagan asarlari koʻzda tutilsa, shunday. Biroq Sobir aka oʻsha xususiyatlarni adabiyotga olib keldi ham. Bunga adibning “Orzuga toʻla qishloq”, “Ovloq adirlar bagʻrida”, “Chashma”, “Inqilob kechasi”, “Dunyo shundoq tururmi?”, “Chambilbelning oydalasi”, “Bibisora”, “Farishta”, “Kunsuluvning sirli xatlari” kabi asarlari oʻrin olgan kitoblari guvoh. Oʻzi tugʻilib-oʻsgan maskanlarining ajoyib havosini, kishilar feʼl-xoʻyini ushbu asarlariga muhrladi. Sobir Oʻnar tufayli butun yurt Quvkalla degan olis bir qishloqda umr kechirayotgan kishilarning dali-gʻuli, tanti-toʻpori feʼl-atvorini, shu bilan birga, Oʻnar boboning avlod-ajdodlarini ham tanib oldi. Dunyo charxpalagi birday aylanadi, kimgadir koʻproq, kimgadir ozroq umr ato etiladi. Parvardigor bergan umri shu ekan, makoni nurga toʻlsin, borar joyi jannat boʻlsin, farzandlariga uzoq umr, ulug‘ rizqlar nasib qilsin, deymiz.