Koʻpincha katta-katta davralarda yoki ijtimoiy tarmoqlarda tilshunoslar yoki ona tilimizga befarq boʻlmagan dalli-gʻulli yurtdoshlarimizning muayyan bir soʻzning qaysi tilga oid ekani haqida tortishayotganiga koʻzimiz tushib qoladi. Bunday bahslarning koʻpida oʻzimiz ham ishtirok etganmiz.
Shunday munozaralarning biridan keyin menda bir gʻoya paydo boʻldi. Maʼlum bir soʻzning aniq oʻz qatlam soʻz ekanini aniqlovchi identifikatorni[1] topishni oʻz oldimga maqsad qilib qoʻydim. Ishni avval qarluq, oʻgʻiz va qipchoq dialektlarida bir xil qoʻllaniladigan soʻzlarni aniqlashdan boshladim. Ammo bu usul ish bermadi. Chunki til taraqqiyoti davomida soʻzlar miqdoran va mazmunan oʻzgarib borgan, ularning qaysi davrda qanday oʻzgarishga uchraganini esa aniqlab olish juda murakkab ish. Shuning uchun men avval boshqa tillardan kamroq soʻzlar oʻzlashgan tillarni, xususan oltoy tilini tahlil qilib koʻrdim. Tahlillar shuni koʻrsatdiki, unchalik rivojlanmagan tillarda tub oʻzaklar yaxshiroq saqlangan. Soʻzlarning tuzilishida ortiqcha affikslardan yoxud soʻz yasalishi yoki grammatik ifoda shakllanishiga xizmat qiladigan morfemalardan kam foydalanilar ekan. Bu esa maʼlum maʼno beruvchi soʻzlarning maʼnosini abstraktlashtirish va eng kichik oʻzaklarni ajratib olish imkonini beradi.
Keyinchalik bu fikrlarimni qozogʻistonlik, turkiyalik qardoshlarimiz bilan oʻrtoqlashdim. Boshqa turkiy ellarda tushunmovchilik boʻlmasligi uchun ularning maslahatlarini oldim. Va nihoyat 2019-yilda “to‘” va “qi” oʻzakli soʻzlar tahliliga bagʻishlangan birinchi maqolani “OʻzMU xabarlari” jurnalida, keyinchalik esa “yor” oʻzakli soʻzlar talqiniga bagʻishlangan “Yorga yetar kun bormi, yoronlar” nomli maqolani “Maʼnaviy hayot” jurnalida chop ettirdik. Ularning birinchisida undosh + unli (SU) ikkinchisida esa unli + undosh (US) soʻzlar tahlil qilindi. Bu ikkala maqola ham oyina.uz portali orqali oʻquvchilar hukmiga havola qilingan.
Mazkur maqolada esa “ke” oʻzagi va ushbu oʻzakka yangi tovushlar qoʻshish bilan yasaladigan soʻzlarning maʼnosining oʻzgarib borish jarayoniga eʼtiborni qaratilgan. Har bitta soʻzni turkiy tillardagi variantlariga koʻra alohida tahlil qilinib muhim xulosalar chiqarilgan.
***
Hozirgi turkiy tillarning lugʻat tarkibini oʻrgansangiz, ularda bobotilga oid umumiy genetik va tipologik oʻxshashliklar sezilib turadi. Eng ahamiyatlisi shundaki, bu xususiyat barcha turkiy tillarda saqlanib qolgan. Chunki turkiy tillar morfologiyasidagi agglyutinatsiya hodisasi, yaʼni morfemalar birlashsa-da oʻzak soʻzlarning oʻzgarmasdan qolishi biz oʻrganayotgan soʻzlarning qaysi tilga mansubligini aniqlashda oʻziga xos identifikator vazifasini oʻtaydi.
Kichik oʻzaklar oʻz oʻrnida alohida leksema sifatida ham koʻrinadi. Misol uchun, oʻzbek tilidagi bitta u unlisi alohida leksema boʻlib, ozarbayjon, turk tillarida o (o‘) shaklida keladi. Ayni soʻz oltoy, qozoq, qirgʻiz va boshqa qipchoq tillarida ol shaklida talaffuz qilinsa-da alohida o (o‘) harfi ham u maʼnosini beradi. Bunday oʻzaklarga qoʻshilgan har bitta tovush yangi maʼno beruvchi soʻzlarni hosil qiladi. Uning oldidan s qoʻshilib su, b qoʻshilib bu, sh qoʻshilib shu soʻzlari hosil qilinadi. Qoʻyida ayni shunday xususiyatli ke oʻzagidan yasaladigan soʻzlarning yasalishiga va maʼnolarning oʻzgarib borishiga eʼtibor qaratamiz.
Ke oʻzakli soʻzlar turli tillarda turlicha shakllarda, jumladan, oʻgʻuz dialektlarida ge shaklida, aksariyat qipchoq va qarluq dialektlarida esa ke shaklida talaffuz qilinadi. Qozoq va boshqird tillarida, shuningdek bulgʻor guruhiga kiruvchi chuvash tilida ham ki shakli ishlatiladi, ammo bu ke ning fonetik oʻzgargan holati xolos.
Ke soʻzi (bundan buyon soʻz) maʼnosiga koʻra harakatni, aniqrogʻi esa bir nuqtadan ikkinchi nuqtaga oʻtishni anglatadi. Oʻtish harakati makonda va zamonda alohida talqinga ega.
Ke leksemasi makonda A nuqtadan B nuqtaga ketishni yoki B nuqtadan A nuqtaga qaytishni bildiradi. Bunda manzil aniq emas. Ammo oʻzak soʻzga qoʻshilgan yangi tovushlar semantik oʻzgarishlarni hosil qiladi. Dialektik jihatdan bu shakl oʻzgarishining mazmun oʻzgarishiga olib kelishini anglatadi.
Eʼtibor bering:
Ke oʻzagiga t tovushi qoʻshilganda ket soʻzi hosil boʻladi.
Makonda ket A nuqadan B nuqtaga oʻtish (ketish)ni anglatadi.
ket (get)
Misol: Bu yerdan ket!
Ket zamonda maʼlum bir vaqtning keyingi zamonga almashinuvini anglatadi.
Misol: Eski yil oʻtib ketdi.
Ket soʻzi barcha turkiy tillarda buyruq maylida, harakatni bajarish-bajarmaslik haqida buyurish, undash, istak kabi maʼnolarni ifodalovchi soʻz sifatida ishlatiladi: ket, ketaqol, ketasanmi?
Shuningdek, ket biron narsaning orqa qismini yoki davomiyligini ham bildiradi: ketmonning keti; koʻchada moshinalarning keti uzilmaydi.
Ket juft soʻz shaklida ham ishlatiladi va unda ham A nuqtadan B nuqtaga oʻtish (ketish)ni anglatadi: ketma-ket. Oʻzbek tilida ket oʻzagi ishtirok etgan oʻz qatlam soʻzlar ham aynan shu maʼnoda ishlatiladi: ketmoq, ketish, ketkazmoq va hk.
Oʻzlashgan soʻzlar esa boshqacha maʼnolarni anglatishi mumkin. Misol uchun, ketmon (fors) yoki kefir (rus) soʻzlari boshqa predmetlarni ifodalaydi.
Ke oʻzagiga l tovushi qoʻshilganda kel (gəl) soʻzi hosil boʻladi.
Makonda kel B nuqadan A nuqtaga oʻtish (qaytish)ni anglatadi.
kel (gəl)
Misol: Bu yoqqa kel!
Zamonda kel maʼlum bir vaqtning kelishini, kelasi zamonning kirishini anglatadi.
Misol: Yangi yil kirib keldi.
Kel soʻzi ham barcha turkiy tillarda buyruq maylida, harakatni bajarish-bajarmaslik haqida buyurish, undash, istak kabi maʼnolarni ifodalovchi soʻz sifatida ishlatiladi: kel, kelaqol, kelasanmi?
Kel juft soʻz shaklida ham ishlatiladi va unda ham B nuqtadan A nuqtaga oʻtish (qaytish)ni anglatadi: kel-kel. Kel-kel shevalarda omad maʼnosida ham qoʻllaniladi. Oʻzbek tilida kel oʻzagi ishtirok etgan oʻz qatlam soʻzlar shu maʼnoda ishlatiladi: kelmoq, kelish, keltirmoq va hk.
Kel oʻzagidan yasalgan soʻzlar zamonlarda ham turlanadi va koʻp holatlarda kimning yoki nimaningdir kelgani, kelayotgani, kelishini ham anglatadi: Yangi yil kirib keldi, kelayotgan yil, kelgusi yil, kelajak va hk.
Kelim soʻzi kirim maʼnosida ishlatiladi. Kelin yoki kelgindi soʻzlari boshqa joydan kelganlikni bildiradi.
Keltirmoq soʻzi esa B nuqtadan A nuqtaga nimanidir yoki kimnidir keltirish (olib kelish) ni anglatadi.
Kel va ket soʻzlaridan juft soʻzlar ham yasaladi: keldi-ketdi, kelim-ketim va hk. Bundan koʻrinadiki, kel va ket soʻzlaridagi l va t tovushining almashinuvi shakl oʻzgarishlarining mazmun oʻzgarishiga olib kelishi bilan birga kontrar munosabatlar ham hosil qiladi.
Ke oʻzagiga z tovushi qoʻshilganda kez soʻzi hosil boʻladi.
Makonda kez maʼlum bir joydan boshqa bir joyga erkin yoki ulovda oʻtishni anglatadi: kezmoq, kezinmoq.
Kez zamonda maʼlum bir vaqtni, aniqrogʻi oʻtayotgan onni anglatadi va zamonlarda turlanadi: yoshlik kezlari, shu kez, kezi kelsa. Kez soʻzi aksariyat turkiy tillarda sayr yoki sayohat maʼnosida ishlatiladi. Misol uchun, ozarbayjon tilida sayr qilmoq gәzişmәk (kezmoq) soʻzi orqali ifodalanadi. Demak, kez soʻzi trayektoriyasi aniq boʻlmagan oʻtish yoki qaytishni anglatadi.
Oʻzbek tilining izohli lugʻatida kez oʻzakli 4 ta kez, kezak, kezinmoq va kezmoq soʻzlari qayd etilgan[2]. Ammo E.V. Sevortyanning etimologik lugʻatida kezning oʻtish maʼnosini berishi keltirib oʻtilgan[3]. Mahmud Koshgʻariyning “Devoni lugʻatit turk” asarida kez oʻzakli oʻnlab soʻzlar keltirilgan, ammo ularning koʻpchiligi boshqa maʼnodagi soʻzlardan iborat. Biz tadqiq qilayotgan kez esa kezitti (aylantirib chiqdi) va kezish (aylanib chiqdi) shaklida qayd qilingan. Mahmud Koshgʻariy qoʻllagan kez 2 maʼnoda oʻqning qoʻyi tomoni va qirmochni anglatadi[4].
Kez soʻzi oʻzbek adabiyotida faol qoʻllaniladi. Ammo kundalik hayotda uning oʻrniga sayr, sayohat kabi oʻzlashgan soʻzlar koʻproq ishlatiladi (Boysun qirlarida bir oʻzim kezdim... U.Azim; Uygʻonguvchi bogʻlarni kezdim. A.Oripov).
Ke oʻzagiga s tovushi qoʻshilganda kes soʻzi hosil boʻladi.
Makonda kes maʼlum bir sathda A nuqtada B nuqtagacha oʻtishni yoki biron narsani kesishni anglatadi: kesib oʻtish, kesish.
Oʻzbek tilida kes zamonda qoʻllanilmaydi. Ammo moddiyat va makon bilan bogʻliq boʻlmagan ayrim majoziy jumlalar ishlatiladi (sud kesdi, oylikni kesdi). “Devoni lugʻatit turk”da kes 2 ta, kesak va biron narsaning boʻlagi maʼnosida keladi[5]. Kes oʻzakli soʻzlar esa 21 tani tashkil qiladi. E.V. Sevortyanning etimologik lugʻatida 7 xil maʼnosi berilgan:
1. Kesik (kesak, boʻlak)
2. Kesmoq
3. Qayta kesmoq, kesib toʻxtatmoq (misol uchun yoʻlni)
4. Kesish (sud kesish, jazo tayinlash)
5. Kesish-qisqartirish (oylikni qisqartirish)
6. Kesib olib tashlash
7. Sargardon yurish, yolgʻon soʻzlash[6].
Oʻzbek tilida ham aynan shu mazmundagi soʻzlar uchraydi. Shuningdek, oʻzbek tilida geometriyada qoʻllaniladigan kesma soʻzi ham mavjud va u qoʻyidagicha taʼriflanadi: toʻgʻri chiziqning A va B nuqtalari orasidagi va shu nuqtalarni qoʻshib hisoblagandagi qismi kesma deyiladi.
Ke oʻzagiga ch tovushi qoʻshilganda kech soʻzi hosil boʻladi.
Makonda: kech maʼlum bir joydan boshqa bir joyga oʻtishni anglatadi: kechmoq, kechib oʻtmoq.
Zamonda: kech maʼlum bir vaqtning boshqasiga almashinuvi paytini anglatadi: kech kirib kun tunga almashdi. Oʻzbek tilining izohli lugʻatida kechning 4 ta maʼnosi berilgan:
1. Sutkaning kunduz qismi tugab, tun qismi boshlanishi
2. Kechasi, tun
3. Muayyan vaqtning oʻtish (tugash) vaqti
4. Vaqt yoki fursatning oʻtishi.
Bundan koʻrinadiki, kech soʻzining barcha turkiy tillarda mavjud buyruq maylida, harakatni bajarish-bajarmaslik haqida buyurish, undash, istak kabi maʼnolari oʻzbek tili lugʻatiga kiritilmay qolgan. Vaholanki, “qasamingdan kech”, “daryodan kech” kabi jumlalar isteʼmolda koʻp ishlatiladi.
Oltoy tilida kech soʻzi biron joydan oʻtishni bildiradi: jol kecher (yoʻldan oʻtish); jÿzÿp kecher (suvdan suzib oʻtish); kechÿ-kÿrdeҥ kecher (koʻprikdan oʻtish)[7]. Turk, ozarbayjon tillarida ham kech biron joydan oʻtishni bildiradi: nehrin içinden geçer[8].
Oʻzbek tilida esa kechmoq biron suvli, botqoqli hududdan oʻtishni anglatadi xolos. Bundan koʻrinadiki, oʻzbek tilida kechmoqning maʼnosi toraygan. “Tarjumon”da kechning ikki xil maʼnosi berilgan: 1. makonda: oʻtish; zamonda: vaqtning oʻtishi; 2. kechikmoq, sustlik qilmoq.
Kech oʻzagidan yasaladigan kecha soʻzining tahlili shuni koʻrsatadiki, bu sutkaning kunduz qismi tugab tun qismi boshlanishini anglatadi. Demak, bu ham zamonda oʻtishni bildiradi. Ammo til taraqqiyoti davomida bu soʻz oʻtgan kun, tun maʼnolarida ham qoʻllanila boshlagan. Aslida esa oʻtgan kun tunovin (tundan oldin), tun esa oʻz nomi bilan tun deb atalgan. Bugungi kunda oʻzbek tilida kecha maʼnosida oʻzlashgan shom, oqshom soʻzlari koʻproq ishlatiladi.
Zamonaviy turkiy tillarning deyarli barchasida kech oʻzagi bilan yasaladigan koʻplab soʻzlar uchraydi. Ammo ularning maʼnolari bir-biridan farq qilishi yoki aynan boʻlishi ham mumkin. Turkiy tillar orasida oltoy tilida kech oʻzakli leksemalar koʻproq uchraydi. Ularning umumiy soni 16 ta boʻlib, orasida boshqa tillarda mutlaqo uchramaydigan leksemalar ham bor. Misol uchun oltoycha kechkin ham kelinning bir varianti sanaladi. Koʻprik esa kechÿ-kÿr deyiladi. Bu soʻz kechuv va qurilma soʻzlarining birikmasidir.
Kechir soʻzi barcha turkiy tillarda biron voqea yoki gina-kudratni unutish, oʻtkazib yuborish boʻlsa, kek uning teskari maʼnosida qoʻllaniladi. Ammo bir nechta turkiy tillarda, xususan yoqut (rus: брасты), boshqird (arab, turk: g‘әfү itegeҙ), turk (arab, turk: affediyorsunuz), ozarbayjon (bağışlayın) tillarida boshqa shaklda qoʻllaniladi.
Ke oʻzagi b, v, g, d, j, y, k, n, p, r, f, x, sh, q kabi boshqa undoshlar bilan qoʻshilib leksema yasalganda oʻtish maʼnosi yoʻq. Faqat key (keyin) soʻzida oʻtish maʼnosi saqlangan.
Turkiy tildagi har bitta kichik leksemani tahlil qilish oʻz qatlam soʻzlarni aniqlashda alohida ahamiyatga egadir. Misol uchun, birgina ke oʻzakli soʻzlarning harakat maʼnosini berishini identifikatsiyalashning oʻzi shu oʻzakdan yasaladigan yuzlab soʻzlarning maʼnosini aniqlash, agar oʻzgargan boʻlsa qayta tiklash uchun asos boʻla oladi. Mazkur maqolada tahlilga tortilmagan keng, ker (kerishish) kabi soʻzlarning shakli va maʼnosiga eʼtibor bersak, ularda ham harakat maʼnosi koʻrinadi. Ammo yetarli asos boʻlmagani uchun ularni maqolada tahlil qilishdan tiyildik.
Xulosa oʻrnida shuni aytish mumkinki, tilimizning boyligi va imkoniyatlarini ochish uchun undagi har bir soʻz, har tovush, har bir elementni tahlil qilish, sintezlash va ulardan ona tilimizni rivojlantirishda asos sifatida foydalanish kerak. Buning uchun esa avvalo oʻz qatlam soʻzlarni (oʻzaklarni) aniqlab olishimiz, ularning bizniki ekani isbotlashimiz kerak. Keyin esa bu soʻzlardan hech ikkilanmasdan yangi soʻzlarni yasash mumkin boʻladi.
Anvar BOʻRONOV
[1] Identifikator, ID (ingl. data name, identifier) – muayyan obyektning oʻziga xos belgisi, alomati; unga koʻra obʼyekt boshqa obeʼktlardan va ularning taʼsiridan ajratib olinadi, yaʼni identifisiyalanadi.
[2] Ўзбек тилининг изоҳли луғати “К” ҳарфи. – Тошкент: Ўзбекистон миллий энциклопедияси. Тошкент, 2006. – Б. 341.
[3] Севортян. Э.В. Этимологический словарь тюркских языков. Общетюркские и межтюрские основы на буквы “К”, “Қ”. – Москва: Наука, 1974. – С. 21.
[4] Девону луғотит турк. Индекс-луғат. – Тошкент: Фан, 1967. – Б. 150.
[5] Девону луғотит турк. Индекс-луғат. – Тошкент: Фан, 1967. – Б. 156.
[6] Севортян. Э.В. Этимологический словарь тюркских языков. Общетюркские и межтюрские основы на буквы “К”, “Қ”. – Москва: Наука, 1974. – С. 56.
[7] Алтайско-русский словарь / Алтай-оруссозлик. Авторск. кол. А.Э.Чумакаев (отв. ред.). – Горно-Алтайск: НИИ алтаистики им. С. С. Суразакова, 2018. – С. 320–322.
[8] https://translate.google.com/