Umumiy oʻrta taʼlimda, xususan, boshlangʻich sinflarda “toshga oʻyilgan naqsh” kabi bilimlar shakllantirilar ekan, bunda hech bir ustozning xato qilishga, muammolarga beeʼtibor boʻlishga haqqi yoʻq. Afsuski, orfografik bilimlarni oʻzlashtirishda tayanch boʻluvchi imlo lugʻatlaridagi xilma-xillik (imlo qoidasiga mos kelmaydigan, dublikat soʻzlar) nafaqat bilim beruvchida, balki oʻzlashtiruvchilarda ham birdek muammolar tugʻdirmoqda...
“Til va adabiyot ta’limi” jurnalining shu yil 8-sonida Bashorat Bahriddinova hamda Sharifa Nabiyeva hammuallifligidagi “Lug‘at qonunchiligi tushunchasi va o‘zbek me’yoriy lug‘atchiligi muammolari” maqolasi ana shunday xulosaga kelishimga sabab bo‘ldi. Maqoladagi haqli e’tirozlar – maktab o‘qituvchilari uchun savodxonlikni shakllantirishda duch kelinayotgan yechimsiz muammolarning qalamga olinganini o‘qib, ba’zi mulohazalar bildirishni lozim topdim.
2022-yili 6-, 7- va 10-sinflarga mo‘ljallangan yangi avlod ona tili darsliklarini qo‘lga olganimizda ayrim so‘zlarning yozilish shakli o‘zgarganini va ularning qoidasi professor Nizomiddin Mahmudov tahriri ostida filologiya fanlari doktori Ernest Begmatov hamda filologiya fanlari nomzodi Abduvahob Madvaliyev tomonidan 2013-yili tuzilgan 85 000 so‘zdan iborat “O‘zbek tilining imlo lug‘ati” kitobiga asoslanib shakllantirilganini mutaxassislar izohidan bilgandik.
Shuningdek, tez orada yangi imlo lug‘ati kitobi tasdiqlanishi, unda aynan 2013-yili nashr etilgan kitobga kiritilgan so‘zlar qatori boyitilayotgani hamda ko‘p muammolar bartaraf etilayotgani, xususan, 1995-yili “O‘qituvchi” va 2013-yili “Akademnashr” nashriyotida chop etilgan ikki lug‘atdagi bir-birini inkor etuvchi yozuv shakllari borasida bir to‘xtamga kelingani haqidagi xushxabarlar bilan “ovundik”. Chunki “sentabr” yoziladimi yoki “sentyabr” deb bir-birimizdan soʻrashdan charchagan edik. Jurnalist Orif Tolibning quyidagi mulohazalari ham holatimizni yaqqol aks ettiradi.
“Yagona imlo uslubini qoʻllash, chalkashliklarning oldini olish uchun yangi darsliklarni nashrga tayyorlashda 2013-yili “Akademnashr” nashriyotida chop etilgan imlo lugʻatiga asoslanilgan. Bu lugʻat 85 000 dan ortiq soʻzni oʻz ichiga oladi. Unda savolda soʻralgan soʻz “sentyabr” koʻrinishida berilgan. Nega bunday yozilayotganiga mualliflar lugʻatning kirish qismida toʻxtalib oʻtgan. Nima uchun soʻzni “sentabr” shaklida bergan lugʻatdan foydalanilmadi? 1995-yili “Oʻqituvchi” nashriyotida chop etilgan lugʻatda soʻzlar miqdori anchagina kam. Unga hatto “kompyuter” soʻzi ham kiritilmagan. Qayta ishlangan nashrlarda bu soʻzga joy ajratilgan boʻlsa-da, darsliklarda uchraydigan boshqa juda koʻp soʻz va atamalar ushbu lugʻatda aks etmagan. Kishilarda bir xato qarash bor: koʻpchilik 1995-yilgi lugʻatni Vazirlar Mahkamasi tasdiqlagan deb oʻylaydi. Vazirlar Mahkamasi imlo qoidalarini tasdiqlagan, lugʻatni emas. Garchi “sentabr”, “oktabr” shakli ham xato boʻlmasa-da, turfaxillik yuzaga kelmasligi uchun “sentyabr”, “oktyabr” shaklida yozish va oʻrgatish tavsiya etilgan edi. Bundan boshqa bahsli soʻzlarni berishda ham barcha darsliklarda bir xil imlo uslubi qoʻllanyapti. Imlo va lugʻatlardagi kamchiliklarni tuzatishga masʼul boʻlgan tashkilot hamda muassasalar shu va shu kabi masalalarga tezroq nuqta qoʻysa, qatʼiy va mantiqli qaror qabul qilsa, kun tartibidan tushmaydigan bunday savollarga ham barham berilardi”.
Har ishning bir xayri bor, deganlaridek, mutaxassislar tavsiyalariga muvofiq, shu paytgacha imlomizga oʻrnashib qolgan, kundalik hayotimizdagi eng faol soʻzlardan hisoblangan “sentabr”, “oktabr”ni “sentyabr”, “oktyabr” shaklida yoza boshladik.
Haqli savol tugʻiladi: nega 2013-yildan beri ham 1995-yil nashridagi soʻzlar imlosini isteʼmoldan chiqarmadik? Soʻzlarning “sentyabr”, “oktyabr” tarzida yozilish shaklini amalda qoʻllamadik. Rostdan ham, ushbu soʻzlar ogʻzaki nutqda “sentabr”, “oktabr” emas, “sentyabr”, “oktyabr” tarzida talaffuz qilinadi-ku! Ogʻzaki va yozma shaklning bir-biriga mutanosib boʻlishi ayni muddao emasmi?
Fikrimcha, 2013-yili “Oʻzbek tilining imlo lugʻati” (E.Begmatov, A.Madvaliyev) nashrdan chiqqani bilan muammolar hal boʻlmadi. Unga “sentyabr”, “oktyabr” tarzidagi yozuv shakli kiritilgan edi. Oʻquvchining savodini chiqarishga qaratilgan asosiy qoʻllanma – darsliklarda 1995-yil 24-avgustda Vazirlar Mahkamasining 339-sonli qaroriga muvofiq tasdiqlangan imlo qoidalari amaliyotdan chiqarilmadi. Tushunishimcha, oʻsha lugʻat muqobil variant sifatida, toʻgʻrirogʻi, asosiy kitob sifatida “oʻz kuchi”ni doimo saqlab qoldi. Uzoq yillarga qaytmaylik, 5-sinf ona tili darsligining 2020-yildagi nashrida (78-, 120-bet) ham “sentabr”, “oktabr” shaklida yozilgan, vaholanki, yangi lugʻat tuzilganiga 7 yil boʻlgan edi.
Tilimiz rivoji, millat ravnaqi uchun muhim boʻlgan 80 000 dan ortiq soʻz va soʻz birikmasini oʻz ichiga olgan yangi “Oʻzbek tilining izohli lugʻati” (Gʻafur Gʻulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi, 2023) kitobi xursandchilik bilan kutib olindi. Maktabdagi mutaxassis sifatida birinchi izlaganim yuqoridagi ikki soʻz shakli boʻldi: sentabrmi – sentyabrmi, oktabrmi – oktyabrmi? (Axir qiziquvchan yosh avlodning savollariga javob berishni joʻn hisoblagan yutqazadi-da. Nima deysiz, meniki ham, seniki ham toʻgʻri deymizmi?) Quvonchimiz yanada oshdi: olti jildida ham bitta variant – sentyabr, oktyabr tarzida kiritilibdi! Ofarin!
Ammo-lekin...
90 mingga yaqin soʻz imlosini jamlagan “Oʻzbek tilining imlo lugʻati” (E.Begmatov, A.Madvaliyev, Y.Odilov. – Toshkent: “Kafolat print kompany”, 2023. N.Mahmudov tahriri ostida) kitobi hafsalamizni biroz pir qiladiganga oʻxshaydi. Mayli, boshqa soʻzlarni aytmay, muhokama ham qilmay, ammo biz maktab oʻqituvchilari uchun juda faol soʻz boʻlgan oy nomlarini bir variantda berish kerak edi-da. Qarangki, “oktabr” va “oktyabr”, “sentabr” va “sentyabr” bir safda!
“Maʼlumki, imlo lugʻatlari tilning qabul qilingan joriy imlo qoidalari talablariga amal qilgan holda tuziladi”, deya tushuntirish berilgan lugʻat kitobida (8-bet, 2023).
Imlo qoidalarining 53-bandidagi ushbu qoidaga qatʼiy amal qilinadi: “Soʻzning -ma, ba- yordamida birlashgan qismlari chiziqcha bilan yoziladi: koʻchama-koʻcha, uyma-uy, rang-barang, dam-badam kabi. Lekin mustaqil ishlatilmaydigan qism qatnashsa, bunday soʻzlar qoʻshib yoziladi: roʻbaro‘, darbadar kabi” (16-bet, 2023). Endi amaldagi lugʻatlarimizga kiritilgan quyidagi soʻzlarga eʼtibor bering: ketma-ket, ketma-ketlik (205-bet, 2013), ketma-ket, ketmaketlik (246-bet, 2023).
Nima oʻzgardi? Nega toʻldirilgan nashr sifatida qabul qilingan yangi imlo lugʻatiga ketma-ketlik soʻzi qoʻshib olindi. Axir qoida talabiga mos yozilgan edi-ku? Bundan bu yogʻiga ketma-ketlik shaklidagi soʻzni xatolikka olamizmi? Bunda qaysi orfografik meʼyorni asos sifatida sharhlaymiz? Unday boʻlsa, 2023-yildan oldin nashr etilgan lugʻatlarning isteʼmoldan chiqqanini qaysi asosga koʻra bilsak boʻladi? Shusiz ham xilmaxillik soʻzining shakliy yozuviga boshimiz qotib turgan edi (449-bet, 2013), moslasholmasak-da, amal qilib yurgandik, harqalay, yangi nashrda oʻzgarishsiz qolibdi: xilma-xil, xilmaxillik (552-bet, 2023).
Bundan tashqari, yozma matnlar ustida ishlaganda baʼzi soʻzlar shaklining qaysi variantini qoʻllash maqsadga muvofiq, degan savol kishini oʻylantiradi. Masalan, ketkazmoq – ketkizmoq, ketkazuv – ketkizuv (246-bet, 2023), xazanak – xazonak (551-bet, 2023). Maʼnosi: XAZONCHINAK f. – خزان چيکن xazon, barg toʻplash. shv. Xazanak. (Izohli lugʻat. 6-jild. 39-bet, 2023); xomit va xomut (555-bet, 2023). Maʼnosi: r. хомут < qad. r. хомти – “qismoq, siqmoq”. (Izohli lugʻat. 6-jild. 68-bet, 2023), assalomalaykum va assalomu alaykum bir variantdagi (54-bet, 2023); barala va baralla (73-bet, 2023) kabi nusxali soʻzlar boshqa soʻzlarni ham yozishda ikkilantirish hosil qiladi. Yoki xalq-demokratik (549-bet, 2023) jumlasi chiziqcha bilan yozilganini qanday izohlaymiz? (Xalq demokratik partiyasi).
Oʻzbek tilining asosiy imlo qoidalari bilan boshlangan lugʻat kitobda mualliflar tomonidan ayrim soʻzlar imlosiga izoh berilgan, ammo yuqorida tilga olingan soʻzlar imlosi xususida izoh zarur edi. Imkon qadar tilimiz, imlomiz sofligi uchun hech boʻlmaganda eng faol soʻzlarning nusxasi (dublikati) boʻlmasligini istardik.
Mutasaddi masʼullardan soʻraymizki, maktab oʻqituvchisi sifatida bizga qaysi lugʻat amalda ekanligini tasdiqlovchi qaror va amaliy ijro kerak. Eng asosiysi, darsliklar imlosi bitta lugʻat asosida tuzilsin. Bir-birini rad etuvchi imlo lugʻatlar faqat va faqatgina savodsizlikni urchitadi!
Dildor NURMUHAMMEDOVA,
Termiz shahridagi 23-umumtaʼlim maktabining
ona tili va adabiyot fani oʻqituvchisi
“Til va adabiyot taʼlimi” jurnali, 2024-yil 12-son.