Umumtaʼlim maktablarida ijodiy-madaniy masalalar boʻyicha targʻibotchilarning faoliyat yuritayotganiga bir yildan oshdi. Yetakchiligi, faolligi, ijodiy qobiliyati va tashabbuskorligi bilan alohida ajralib turadigan targʻibotchilarni aniqlash uchun oʻtgan vaqt yetarli boʻldi. Yaqinda oʻtkazilgan tanlov targʻibotchining taʼlim tizimidagi islohotlar va ularda belgilangan vazifalardan xabardorligi, globallashuv jarayonida milliy gʻoya targʻiboti va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirishga qaratilgan bilimlariga xolis baho berdi. Oʻquvchi-yoshlar ongiga vatanparvarlik, millatparvarlik, bagʻrikenglik, turli yot gʻoya va oqimlar qutqusidan ogohlik kabi tuygʻularni singdirish, ularni milliy urf-odatlar ruhida tarbiyalashga qaratilgan ilgʻor ish tajribalarini ommalashtirish ham bugun targʻibotchilar oldida turgan muhim masalalardan hisoblanadi. Yuksak kasb mahoratiga ega soha mutaxassislarining ish tajribalari, ular erishayotgan yutuqlar xususida soʻz yuritar ekanmiz, bir oilaga mansub targʻibotchilar faoliyatiga toʻxtalib oʻtishni maqsadga muvofiq topdik.

Oila boshligʻi taniqli jurnalist Baxtiyor Asadov Buxoro viloyati Jondor tumanidagi 30-maktabda ijodiy-madaniy masalalar boʻyicha targʻibotchi boʻlib ishlab kelmoqda.
– Maktablarga ijodkorlar biriktirilgani juda xayrli ish boʻldi, – deydi Baxtiyor aka. – Umumtaʼlim maskanida jurnalistikaga qiziquvchi koʻplab oʻquvchilar borligini kashf qildim. Ijodiy toʻgaragimizda bolalar notiqlik, publisistika, sport jurnalistikasi, adabiyot asrorlarini oʻrganishyapti. Quvonchlisi, maktabimizdagi ikki iqtidorli oʻquvchining kitoblarini nashr qilish arafasida turibmiz. Buxoro viloyati Jurnalistlar uyushmasining rahbari sifatida har ikki haftada tumanlarda ijodiy-madaniy masalalar boʻyicha targʻibotchilar uchun seminar oʻtkazib kelyapmiz. Bizni oilaviy targʻibotchilar deb atashganida gʻururlanib ketaman. Qizim Zuhro, kelinim Nodira va qudagʻayim Hilolaxon ham maktablarda ijodiy-madaniy masalalar boʻyicha targʻibotchi boʻlib ishlayapti.

– Tumandagi 31-maktabga kelganimda dastlab “Mashgʻulotlarga kirishib keta olarmikanman, bolalarning tilini topa olarmikanman”, degan hadiklar bor edi, – deydi biz bilan suhbatda Baxtiyor akaning qizi, jurnalist Zuhro Asadova. – Toʻgaraklar jarayonida kutganimdan ham koʻp isteʼdodli yoshlar borligiga guvoh boʻldim. “Yosh jurnalistlar”, “Yosh kitobxonlar”, “Zakovat” kabi toʻgaraklar ochdik. Isteʼdodli oʻquvchilarning ijodiy ishlarini tuman va viloyat nashrlarida muntazam eʼlon qildik. Yoshlar ishlari agentligi tashkil qilgan “Zukko kitobxon” tanlovida maktabimiz yaxshi ishtirok etdi. Oʻzim “Yilning eng faol ijodiy-madaniy masalalar boʻyicha targʻibotchisi” respublika tanlovi tuman bosqichida faxrli oʻrinlardan birini egalladim. Bu menga katta ragʻbat boʻldi.

– Bir yildan ziyod vaqt mobaynida poytaxtimizning Sergeli tumanidagi 300-IDUMda targʻibotchi boʻlib ishlab kelyapman, – deydi sulolaning yana bir vakili, Baxtiyor akaning kelini, adiba Nodira Ibrohimova. – Mazkur maktab aniq fanlarga ixtisoslashgan boʻlsa-da, sheʼriyatga, tarjimonlikka, jurnalistikaga qiziquvchi koʻplab oʻquvchilar bor. Toʻgarak aʼzolarining sara ijodiy namunalari nashr etildi. “Mehribon va bahaybat dev” kitobining taqdimotini oʻtkazganimizda oʻquvchilar ham ertaklar tarjima qilishga qiziqib qolishdi. Bolalar bilan qiziqarli kitoblarni oʻqib, tahlil qilib boramiz. “Yilning eng faol ijodiy-madaniy masalalar boʻyicha targʻibotchisi” respublika tanlovida tuman boʻyicha 1-oʻringa loyiq topildim. Kelasi oʻquv yilida oʻquvchilarning ilk kitoblarini chiqarishga harakat qilamiz va tizimli ijodiy tanlovlar oʻtkazish niyatimiz bor.

– Prezidentimiz tashabbusi bilan taʼlim maskanlarida maʼrifiy ishlarni jonlantirish, oʻquvchilarning ijodiy qobiliyatini rivojlantirish maqsadida yozuvchi va shoirlarning maktablarga biriktirilishida ham katta xikmat bor, – deb atroflicha mulohaza yuritadi navbatdagi suhbatdoshimiz Hilola Ibrohimova. – Yashnobod tumanidagi 67-oʻrta maktabda targʻibotchi boʻlib ishlayman. Keyingi bir yil davomida oʻquvchilarning kitobga qiziqishi sezilarli darajada kuchaygani sezildi. Yangi ijod buloqlari koʻz ochdi. Yanada quvonarlisi, sheʼr va hikoya yozadigan oʻquvchilarni kashf etib, ijod olamiga jalb eta oldik. Turkum maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar uyushtirdik, qadimiy va zamonaviy obidalarga sayohatlar tashkil qildik. Maktabga koʻproq yozuvchi, shoirlarning tashrifi oʻquvchilarning maʼnaviy dunyosi yuksalishida katta ahamiyat kasb etadi. Bir ijodkor sifatida shuni taklif qilaman: “Maʼrifat” targʻibotchilari jamiyati hamda Yozuvchilar uyushmasi jadval asosida shoir-yozuvchilarning maktablarga tashrifini tashkil etishsa... Bu keng qamrovli loyiha boʻlib, ijodkorlar maktabdagi ijodiy uchrashuvlar orqali oʻquvchi-yoshlarning qalbiga kirib boradi. Qolaversa, targʻibotchi ham har safar kimni chaqiray deb oʻylanib yurmaydi. Bunday tadbir yoʻlga qoʻyilsa, birorta ham maktab eʼtibordan chetda qolmaydi.
Safar OLLOYOR