Tariximizda shunday shaxslar borki, ularning faoliyati deyarli oʻrganilmagan. Mana shunday shaxslardan biri shayboniylar sulolasining asoschisi Muhammad Shaboniyxonning ukasi, dovyurak sarkarda, ilm-fan va madaniyat homiysi boʻlgan Mahmud Sultondir.

Mahmud Sulton 1453-yilda tugʻilgan, otasidan erta yetim qolgani sababli akasi ikkisi bobosi Abulxayrxon saroyida ulgʻayishdi. Mahmud Sulton 3 yoshida qalmoqlar hukmdori Oʻztemur Toyshi qoʻliga asir tushib qoladi. 7 yillik asirlikdan soʻng qalmoqlar izzat-ikrom bilan uni Abulxayrxonga yuboradi. Abulxayrxon maʼrifat va ilm ahllarini sevuvchi hukmdor boʻlgani bois poytaxt Sigʻnoqda olim-u fuzalolarni toʻplab tez-tez saroyda ilm majlislarini uyushtirib, ularning ilmiy faoliyatini qoʻllab-quvvatlagan. Tabiiyki, Abulxayrxon saroyida oʻtkazgan bunday ilm majlislari va ilm-fanga homiyligi yosh sultonlarga taʼsir oʻtkazmay qolmagan. Muhammad Shayboniyxon va Mahmud Sultonlar 15-yuzyillikning 80-yillari boshlarida Buxoroda 2 yil davomida islom ilmlarini, xususan, qiroat, fiqh, aqida, hadis ilmi kabilarni egallab, yetuk hofizlardan boʻlib yetishadi. Madrasa talabalari 10–15 yil davomida oʻrganadigan ilmlarni bu sultonlar ikki yil ichida puxta oʻzlashtirishi ularning tugʻma isteʼdodi va Abulxayrxon saroyidagi ilmiy muhitning nechogʻlik taʼsir oʻtkazganini koʻrsatadi. Manbalarda, Mahmud Sultonning goʻzal qiroat qiluvchi hofizligi hamda kechalari qoʻlidan Qurʼonni qoʻymay xatm qilgani haqida maʼlumotlar uchratamiz.

Mahmud Sulton Muhammad Shayboniyxonning eng ishongan sarkardalaridan biri, gʻalabalarining asosiy kaliti boʻlgan. Aka oʻzi ishtirok etolmagan, juda muhim boʻlgan yurishlarni ukasiga ishonib topshirgan. Xususan, Muhammad Shayboniyxon oʻzbek qoʻshinlariga Mahmud Sultonni bosh qilib 1502-yilda Xorzamga yubordi. Mahmud Sulton kelganidan xabar topgan Kat aholisi jangsiz taslim boʻldi. Urganch shahri taslim boʻlishni xohlamay, xorazmliklar ikki bor shahar tashqarisiga chiqib Mahmud Sulton bilan jang qildi. Qoʻshini nisbatan kam boʻlishiga qaramay, Mahmud Sultonning mohir va jasur sarkardalari xorazmliklarni har safar magʻlubiyatga uchratdi. Bundan tashqari, Mahmud Sulton Dabusiya, Samarqand, Xoʻjand va Sirdaryo boʻyidagi shayboniylarning temuriylar va moʻgʻullarga qarshi janglarida ham katta jasoratlar koʻrsatdi. U nafaqat jasur sarkarda, kuchli diplomat ham boʻlgan. Aynan uning say-harakati bilan koʻplab shaharlar osonlikcha shayboniylar tasarrufiga olingan.

1500–1504-yillar davomida Buxoro, Samarqand, Oʻratepa, Toshkent, Fargʻona kabi Amudaryoning yuqori oqimida joylashgan hududlar shayboniylar tomonidan egallangach, bor eʼtibor Amudaryoning quyi oqimidagi hududlarga qaratiladi.

Bu davrda Hisori-Shodmon, Qunduz, Bogʻlon kabi Amudaryoning shimolidan to Hindikush togʻlarigacha boʻlgan hududlarga Xisravshoh hokimlik qilardi. Uning davrida xalq orasida axloqsizlik va notinchlik kuchaygan edi. Zahiriddin Muhammad Bobur oʻzining “Boburnoma” asarida Xisravshohga quyidagicha taʼrif beradi: “…nechuk zolim va fosiq edi, bek va bekcha va navkar va savdari tamom zolim va fosiq edilarkim, Hisor eli alal xusus Xisravshohga taalluq el hamisha shurb va zinoga mashgʻul edilar. Bu martabadakim, Xisravshohning navkarlaridin birov bir kishining xotunini tortib eltar, bu xotunning eri Xisravshohga kelib dodxohlik (arz) qilur, javob berurkim, necha yil sening bila edi, necha kun aning bila boʻlsun”.

1505-yil Mahmud Sulton boshchiligidagi oʻzbeklar qoʻshini kelayotganidan xabar topgan Xisravshoh Qunduz shahrini tashlab Koʻhistonga qochadi. Bundan xabar topgan Badiuzzamon mirzoning amirlaridan Amir Zunnun Argʻun Qunduzni oʻzbeklardan himoya qilish uchun keladi. Ammo Qunduz xalqi Amir Zunnun Argʻun uchun qalʼa darvozalarini berkitib, uni shaharga kiritmaydi. Chunki qunduzliklar oʻzaro urushlar va adolatsizliklardan charchagan edi. Bu davrga kelib esa Mahmud Sultonning odilligi butun mintaqada maʼlum edi. Xususan, Hisor viloyati Mahmud Sulton tomonidan egallanganidan soʻng askarlariga aholini talamaslik haqida buyruq beradi. Kim xalqni talaydigan boʻlsa, boshi olinishi haqida ogohlantiriladi.

Kimki el moliga tome’ boʻlsa,

Yaxshilik yoʻliga mone’ boʻlsa,

Tolanur evi-yu boshi kesilur,

Boshi qoʻrgʻon eshikidin osilur.

Chun bu yarligʻni bek etti hazrat,

Boʻlmadi hech kishiga qudrat.

Kim kishi mol sori koʻz solgʻoy,

Yo birovning borgohin olgoy,

Chun kishi solmadi koʻz mol sori,

Keldi Sulton qoshigʻa xalq bori.

Na raiyatgʻa sipohidin alam,

Na sipohigʻa raiyatdin gʻam.

Adli yoyildi Hisor ahligʻa,

Xukmi ul mulk-u diyor ahligʻa.

Noumid holda Amir Zunnun Argʻun Mahmud Sulton yetib kelmasidan oldin Qunduz atrofidan qaytib ketadi. Qunduzliklar esa Mahmud Sultonni sovgʻa-salomlar va izzat-ikrom bilan kutib oladi.

Mahmud Sulton Qunduzda boshqaruvni qoʻlga olgach maʼnaviy-maʼrifiy islohotlar oʻtkazishni boshladi. Xisravshoh davrida Qunduz aholisining dinga boʻlgan eʼtibori susaygani sababli dastlab Qunduz markazida masjid qurdirib, unga imom tayinlaydi. Masjid xizmatchilari uchun taʼminot ajratadi.

Oʻzi Sultoni Bahodir Mahmud,

Hazrati haqni qilay deb xushnud,

Qoʻydi Kunduzda binoyi islom,

Koʻz tekurdi ango ammo ayyom.

Mahmud Sulton maʼrifatparvar, ilm-fanni sevuvchi va madaniyat homiysi boʻlganidan aholini savodli qilish maqsadida Qunduzning har bir koʻchasida maktab ochtirdi.

Dedikim: “Har kim boʻlur maktabdor,

Aylaram lutf-u inoyat bisyor”.

Tuzdi ul Xusravi soʻfi mashrab

Har mahalla boshida bir maktab.

Bundan tashqari Mahmud Sulton shaharga shaxsan oʻzi shayxulislom, qozi va muhtasib (rais)larni tayinlab, tartib-intizom oʻrnatdi. Xisravshoh davrida avj olgan ichkilikbozlikni taqiqlab, barcha chogʻirlar (may)ni toʻktiradi. Aholini islom dini ahkomlariga targʻib qiladi.

Shoh chun ayladi bu nav irshod,

Boʻldi Qurʼon oʻqimoqlik bunyod.

Topti bir necha musulmon ando,

Muztar-u zor-u parishon ando,

Aybdin mazhab-u millatlari pok,

Oʻzlari faqr bila ishratnok.

Elladi birini shayx-ul-islom,

Biriga qildi qazoni inʼom.

Birini muhtasib etti ul shox,

Amir-u nohiyi xalqi gumroh.

Har chogʻir kim bor edi toʻkturdi,

Muhtasib oni toʻka-oʻq turdi.

Boʻldi Qunduz aro islom ogʻoz,

Xalqigʻa ayladi targʻibi namoz.

Qirq yil Qunduz aro Xusravshoh

Boʻlmamish hech bu oyindin ogoh.

Ichk-u yeg-u bila mashgʻul ermish,

Nuql ila may ango maqbul ermish.

Yoʻq emish din soridin parvoyi,

Bor emish ichk-u bila-oʻq royi.

Emdi hazrati Sultoni zamon

Qildi islomni ul tavr ayon.

Ahli islom ayon boʻldilor,

Fosiq el borcha nihon boʻldilor.

Ammo taqdirning achchiq qismati bilan maʼrifatli sulton ogʻir xastalikka yoʻliqdi. Tabiblar harchand harakat qilishmasin, Mahmud Sultonni davolay olmadi. U 1505-yil Qunduzda vafot etdi. Uning oʻlimi barchani qattiq qaygʻuga botirdi. Mahmud Sulton tarixda jasurlik va sadoqat ramzi, madaniyat va maʼrifat homiysi sifatida qoldi.

Qolmodi hech kishi gʻam yemogon,

Oh-u afsus bu gʻamdin demogon.

Har kishi kim koʻrub erdi oni,

Kuydi bu gʻam bila munglug‘ joni.

Ham raiyat qila qoldi faryod,

Kim berur emdi debon bizga dod.

Beklari borcha qaro kiydilar,

Xilʼati ahli qazo kiydilar.

Qoldi bechora Oʻrusbek oʻkurub,

Yaqosin chok qilib-u oh urub.

Sen boʻlub tengri visolidin shod,

Dahr zindonidin oʻldung ozod.

Bizni qoʻydung bu balo-yu gʻamda,

Benihoyat alam-u motamda.

Sendin ayru ne kerak bizga hayot,

Tilomosbiz bu jahon ichra sabot.

Qani boshing uza bechora onang,

Yaxshilik mulkida ovora onang.

Qani oʻgʻlung, shohi dindor Ubayd,

Koʻrmayin qoldi seni zor, Ubayd.

Abdullajon USMONOV, 

OʻzFA Tarix instituti tayanch doktaranti