2025-yil kino olamida oʻziga xos, rang-barang yil boʻldi desak adashmaymiz. Tomoshabinlar katta ekranlarda muvaffaqiyatli blokbasterlardan tortib, kichik byudjet asosida ishlangan tajriba filmlarni tomosha qilish imkoniyatiga ham ega boʻldi. Bu yilni aynan bitta janr bilan tariflab boʻlmaydi. Chunki, odamlar qalbini iliq dramalar ham, quvnoq animatsiyalar ham, murakkab ekshn filmlar-u, qoʻrqinchli janrdagi sanʼat asarli ham birdek quvontira oldi. Bu yilda kinomanlar koʻnglini zabt etgan filmlar koʻp boʻlgan boʻlsada, omadsiz chiqqan filmlar ham kam boʻlmadi. Nomdor kinostudiyalar ham bu yildan oʻz darsini oldi. Quyidagi maqolamizda shular haqida toʻxtalamiz hamda siz uchun yilning eng sara filmlari roʻyxatini taqdim etamiz.

Yilning eng katta xitlari

Yil davomida kino ixlosmandlari ikki narsaga aniq eʼtibor qaratishdi: samimiylik va yangilik. “Lilo va Stitch” - aynan shu ikki xususiyatga ega boʻlgani uchun Disneyning remeyklari orasida yorqin istisno boʻldi. Film 2002-yilgi asl animatsiya ruhini qayta tiriltiribgina qolmay, oʻziga yarasha yangi, mehrli atmosfera yarata oldi. Tomoshabinlar uchun bu - bolalikni eslatuvchi, oilaning qaynoq taftini his qildiruvchi “komfort film”lardan biriga aylandi.