Oʻzbek kinematografiyasi shakllanishi, rivojlanishida Xudoybergan Devonov, Sulaymon Xoʻjayevlar bilan bir qatorda buyuk oʻzbek kinorejissyori Nabi Gʻaniyevning ham xizmati beqiyos. Oʻz davriga xos murakkabliklar, nohaq ayblovlar va qatagʻonlar Nabi Gʻaniyev taqdirida ham toʻla aks topsa-da, ijodkor yaratgan kinoasarlarda avvalo sevgi va vafo, mehr va oqibat, muruvvat va doʻstlik kabi chin insoniy fazilatlar ulugʻlanadi, ularda yuksak mahorat bilan milliylik, milliy ruh tarannum etiladi.
Nabi Gʻaniyev 1904-yilda Toshkentda qassob oilasida tugʻilgan. Unda yoshligidanoq soʻzlarni qofiyalash, musiqani bir tinglashdayoq eslab qolib, dutorda ijro etish, chizganlarida esa inson qiyofasining oʻziga xos jihatlarini mohirona aks ettirish qobiliyati bor edi.
U avvaliga eski usul maktabida, soʻng “Namuna” maktabida tahsil oldi. Oʻsha yillari teatr tomoshalari uchun “reklamalar” chizish, badiiy havaskorlik toʻgaragiga rahbarlik qilish va havaskorlik spektakllarini sahnalashtirish ishlari bilan shugʻullandi. Darhaqiqat, Nabi Gʻaniyev Oʻzbekistonda bolalar teatri asoschilaridan boʻldi.
Rassom boʻlish orzusi otasining qarshiligiga qaramay uni 1924-yilda Moskvadagi Oliy badiiy-texnika ustaxonalariga oʻqishga yetakladi. Aynan shu davrda kinosanʼati bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega boʻlgan yosh qahramonimiz qalbida mazkur sohasiga bir umrlik muhabbat tugʻiladi. Unda bir vaqtning oʻzida rassomlik, aktyorlik, rejissyorlik, ssenariynavislik isteʼdodi mujassam boʻlib, bu Nabi Gʻaniyevning keyinchalik olgan filmlarida toʻliq namoyon boʻladi.
U oʻz davrining ilgʻor ijodkorlari bilan muloqot qilgan: Moskvada oʻqigan kezlarida Abdulla Qodiriy bilan suhbatlashishga muyassar boʻlgan. Shuningdek, Choʻlpon bilan yaxshi tanish boʻlgan, Komil Yormatov bilan doʻstlashgan.
Shu davrda Turkistonda milliy chegaralanish amalga oshirilib, alohida respublikalar tashkil etilgach, ularning har birida kino shirkatlari, studiyalari barpo qilinadi. Shu tarzda “Oʻzbek davlat kinosi” (1925), “Tojikkino” (1932), “Turkmenkino” (1929), keyinroq esa Olmaota va Frunze (Bishkek) studiyalari taʼsis etilgan. Oʻsha davrda ularni kadrlar bilan taʼminlash muammosi eng dolzarb masalaga aylanadi.
1925-yilda Toshkentga qaytgan Nabijon, shu yili tashkil topgan “Sharq yulduzi” kinostudiyasiga ishga kiradi. Uning tasviriy sanʼat asoslarini oʻzlashtirgani, rassomlik isteʼdodi hamda sanʼat sifatida shakllanib kelayotgan texnik ixtiro – kinoga boʻlgan qiziqishi va mehri hal qiluvchi omil boʻladi. Nabi Gʻaniyev “Oʻzbekkino”da direktor, maslahatchi, rejissyor yordamchisi vazifalarida ishlaydi. Kinematografiyachilarning milliy kadrlarni yaratish vazifasiga kamarbasta boʻlib yangi sanʼat targʻibotchisi sifatida ham faoliyat olib boradi, studiyaga iqtidorli yoshlarni jalb qilishga harakat qiladi. Uning tashabbusi bilan kinostudiyada birinchi kinokurslar ochildi. 1926-yilda esa Nabi Gʻaniyev “Kinoaktyor” va “Kinossenariy” nomli oʻzbek tilidagi ilk qoʻllanmalarni yozadi.
1927-yilning oʻzida “Ikkinchi xotin”, “Machit gumbazlari ostida”, “Soyabonli arava”, “Chodra”, “Ravot qashqirlari” nomli besh badiiy filmning yaratilishi “Oʻzbek davlat kinosi”ning shu yilgi faoliyati sermahsul boʻlganini tasdiqlaydi. Ijodkorning oʻzi qayd etganidek, oʻsha yillari u kinoning estetik imkoniyatlarini emas, texnikasini oʻrgandi, filmlarda rollar ijro etdi. “Ikkinchi xotin”dagi Umar (1927), “Soyabonli arava”dagi Boymat (1928), “Moxov qiz”dagi epizodik rol (1928)lar Gʻaniyev – aktyor ana shu texnikani, avvalo ijrochilik texnikasini mukammal oʻzlashtirib olganini koʻrsatdi. Shuningdek, “Baxt quyoshi”, “Soʻnggi bek” va boshqa kartinalarda rejissyorlarga assistentlik qildi.
Nabi Gʻaniyev rejissyor sifatida 1928-yildan mustaqil film ola boshlaydi. Uning 1937-yilgacha suratga olgan “Hokimiyat kimniki?”, “Lotinlashtirish”, “Ramazon”, “Yuksalish”, “Oʻlim qudugʻi”, “Yigit” kabi filmlari oʻz davrida elga manzur boʻlishi bilan birga, bugungi avlod uchun oʻtgan davr hayotidan maʼlumot beruvchi nodir manba hamdir.
Oʻtgan asrning 30-yillari Nabi Gʻaniyevning ham boshiga ogʻir kunlarni solgan edi. 1937-yilda Abdulla Qodiriyning maslakdosh doʻsti boʻlganligi, “Hokimiyat kimniki?”da fojialarga toʻla haqqoniy hujjatli film ishlab shoʻro davlatining istiqboliga shubha bildirgani uchun aksilinqilobchilikda ayblanib, 27 oyga qamaladi va 1939-yilda hibsdan ozod etiladi.
Nabi Gʻaniyev hibsga olinishidan oldin – 1937-yil 2-avgustda Moskvaga Butun ittifoq sanʼat boshqarmasi boshligʻi Kerjansevga xat yoʻllab, kino sohasi oldida turgan muammolarga oʻz munosabatini bildirgan edi. Unda shunday jumlalar bor: “Ijodlarini endigina boshlayotgan, kino sirlarini oʻrganayotgan yoshlarga doʻstona tanqid foydali boʻlardi. Lekin… baxtga qarshi, kinosanoatda har kim faqat oʻz manfaatini oʻylashi odat tusiga kirib qoldi. Tajriba oʻrganilmadi. Tanish-bilishchilik avjiga chiqdi”; “boshqa respublikalardan taklif etilgan rejissyorlar asosan, pul ishlash uchun kelardilar. Kadrlar tayyorlash sohasida mutlaqo ish olib bormasdilar…”; “…shunisi achinarliki, tanqidiy mulohazalar, takliflar oʻrnini maqtovlar egalladi…”; “rejissyor dramaturg emas. U ssenariy yozishi shart emas…”; “kinodramaturglar yoʻqligi, binobarin, ssenariy tanqisligi bizga toʻsqinlik qilmoqda…”.
Shunisi qiziqki, Nabi Gʻaniyevning bu fikrlari Abdulla Qodiriyning kino sanoatiga qarashlariga juda yaqin boʻlgan.
Nabi Gʻaniyev bilan birga oʻzbek kinochilaridan K.Yormatov, Z.Sabitovlar filmlarini suratga olganlar.
Ikkinchi jahon urushi boshlangach Toshkentga M.Romm, Ya.Protazanov, L.Traubeg, G.Kozinsev kabi umumittifoqning koʻzga koʻringan kinosanʼati vakillari evakuatsiya qilinadi va ularning oʻzbek kinoijodkorlar bilan hamkorligi natijasida “Jangchi doʻstlar”, “Nasriddin Buxoroda” filmlari, bir necha “Harbiy kinotoʻplamlar” ishlandi.
Nabi Gʻaniyev urush boshlanganiga bir oy boʻlganda maslakdoshi Mirzakalon Ismoiliy bilan “Biz yengamiz” filmini yaratdi. “Biz yengamiz” filmi frontortidagi voqealar bayoniga bagʻishlangan boʻlsa, urush yillarida yaratgan ikkinchi – “Ikki doʻst” filmi syujeti frontda – Ukraina hududlarida sodir boʻladi. Ikki doʻst – Sasha va Komil (Sh.Burxonov ijro etgan) nemis desantlari bilan jangga kirib, qahramonlik va topqirliklarini namoyon qiladi. Doʻstlar dushmanni magʻlub qilib, nemis ofitserini asir olib, oʻzlariga yuklangan topshiriqni – harbiy pozitsiyadagi jangchilarni ovqat bilan taʼminlashni ham uddalaydilar. Filmda voqeani bayon qilish uslubi sodda va shu bilan birga aniq boʻlib, urush yillarida davr talabiga nihoyatda mos kelgan siyosiy plakat kabi xalqni qahramonlik koʻrsatishga chaqiriq ruhi bilan yoʻgʻrilgandi.
Shu filmlardan soʻng Nabi Gʻaniyev oʻzining shoh asari “Tohir va Zuhra” filmi ustida ish boshladi. Hamidulla Akbarov taʼkidlaganidek, “Tohir va Zuhra” afsonasi XIV–XV asrda tashqi dushman bilan mardonavor kurash olib borgan xalqimizning ehtiyoji, orzu-umidlari ila paydo boʻlganidek, bu durdonaning ekrandagi umri ham Ikkinchi jahon urushining ogʻir damlarida boshlangan. Kino muhitigina emas, frontda, uning ortida jasorat koʻrsatayotgan el-yurtimiz oʻtmish bahodirlari, yuksak his-tuygʻu sohiblari, hazil-mutoyibaga oʻch, xushkayfiyat uygʻotadigan afandilar, masxarabozlar, askiya ustalari tilga, qalamga, moʻyqalamga qayta olindi, sahnaga, ekranga olib chiqildi. Bu manzara ijodning barcha sohalarida koʻzga tashlandi. Kino muhitiga murojaat etsak, Xoʻja Nasriddin haqidagi bir film (“Nasriddin Buxoroda”, 1943) suratga olinganini, ikkinchisiga (“Nasriddin sarguzashtlari”, 1946) taraddud koʻrilganini, “Alisher Navoiy” ssenariysi, eskizlari ustida ish olib borilganini, unga Guli–Mir Alisher munosabatlariga doir Buxoro afsonasi kiritilganini, nihoyat “Tohir va Zuhra” afsonasi, ertaklari, dostoniga murojaat etilganini qayd etamiz.”[1]
Butunjahon kinematografiya sanʼati merosi ham boʻlgan “Tohir va Zuhra” yangi ijodiy, badiiy, texnik uslublar qoʻllanilgani, filmdagi barcha epizodlar va lavhalarning yuksak mahorat bilan ishlangani, ziddiyatli vaziyatlari mukammal yaratilgani, filmning boshdan oxiriga qadar milliylik ruhi singigani bilan alohida ahamiyatli.
“Tohir va Zuhra” (1941-yilda sahnalashtirilgan) musiqali dramasining (Sobir Abdulla soʻzi va Toʻxtasin Jalilov musiqasi) iliq kutib olinishi xalqimizning nafaqat teatrning musiqali drama janriga, balki sevgi va sadoqat haqidagi xalq afsonasiga boʻlgan muhabbatida edi. Nabi Gʻaniyev shu tufayli “Tohir va Zuhra” filmini suratga olishga qaror qiladi. Baʼzi maʼlumotlarda quyidagicha aytiladi: “Toxir va Zuhra” filmini yaratish gʻoyasi Oʻzbkistonning oʻsha davrdagi Markaziy Komiteti rahbari Usmon Yusupov hamda general Sobir Rahimov tomonidan 1943-yilda aytilgan va oʻsha yili buyurtma asosida spektakl sahnalashtirilgan. Asosiy maqsad Ikkinchi jahon urushidagi jang maydonida kurashayotgan oʻzbek yigitlarini ruhlantirish boʻlgan.[2]
Taʼkidlash lozimki, film ustida ishlagan ijodiy guruh afsonaning ruhini saqlagan holda mustaqil kino asarini yaratgan. Sobir Abdulla ham, Nabi Gʻaniyev ham oʻsha damda tomoshabin olqishiga sazovor boʻlgan “Tohir va Zuhra” musiqali dramasini kinotasmaga muhrlashdek joʻn, oʻzini oqlamaydigan yoʻldan bormadi. Doston, ertaklarning fabulasini qayta idrok etib, urush yillarining ogʻir muhiti, sharoitidan kelib chiqib, sevgi-sadoqat dramasida qahramonlik eposiga xos koʻtarinki, monumental ruhni saqlab qolish yoʻlidan bordilar.[3]
Film ssenariysi shu nomli musiqali dramaning ekranlashtirilgan takrori boʻlmay, xalq afsonasi asosida yangitdan yozildi. Rejissyorning shoirona qalbiga xalq afsonasining lirik va romantik ohanglari juda yaqin va tanish edi.
Film 1944-yilda suratga olindi va 1945-yil boshida katta ekranlarga chiqarildi. Unda kinomotografga xos badiiy imkoniyatlaridan toʻliq foydalanilgan boʻlib, rejissyorning isteʼdodi va nozik didi filmning har bir epizodida namoyon boʻlgan. Filmning har bir kadrini olishdan avval rejissyorning unga jiddiy tayyorgarlik koʻrishi, mayda detallarigacha oʻylab, chuqur mulohazalardan keyingina tasvirga olishga kirishishi – Nabi Gʻaniyev ish uslubining yana bir oʻziga xos qirralaridan boʻlgan. Shuning uchun ham film davomida dubllar koʻp boʻlmas, plyonka ortiqcha sarflanmas va olingan har bir metr filmga kiritilar edi. Nabi Gʻaniyev filmlarini tasvirga olish tugashi bilanoq montajini oʻzi mustaqil ravishda bajarardi. Rejissyor oʻziga ham, butun ijodiy guruh ishiga ham birdek talabchan edi. Uning ish davomidagi koʻtarinki ijodiy ruhi barchaga birdek taʼsir qilar, u bilan yonma-yon ishlash nihoyatda maroqli boʻlgan.
“Tohir va Zuhra” oʻzbek kinomotografining ijodiy barkamollikka yetkanini koʻrsatdi. Ushbu film xorijiy ekranlarda keng namoyish etilib, katta muvaffaqiyat qozondi va “oʻzbek kinosi jahon sahnalarini zabt etdi” degan bahoni olgandi, – xorij matbuotida ham yuqori eʼtirofli maqolalar chop etiladi. Jumladan, 1947-yilning 5-mayida Shvetsiya gazetasi chop etgan maqolada “Oʻzining “Tohir va Zuhra” filmi bilan Sharq toʻgʻrisidagi bunday asl tasavvurni yaratishga qodir boʻlgan iqtidorli oʻzbek kinorejissyori Nabi Gʻaniyevning darajasiga Gollivud erisha olmagani” qayd etildi.[4] Ular qahramonlardagi oddiylik va badiiy haqqoniylikni, dekoratsiyalarning esa nihoyatda aniqligi va ifodaliligini qayd etgandilar. Maqola mualliflarining barchasi film qahramonlari obrazlarini yaratgan Gʻulom Tojiaʼloyev va Yulduz Rizayevalarning haqiqiy ertak qahramonlarni yaratishga muvaffaq boʻlganlarini yozishgan. Barcha maqolalarda “Tohir va Zuhra” filmi rejissurasining yuksak darajasi qayd etilgan.
Darhaqiqat, “Tohir va Zuhra” filmi oʻzbek oltin fondidan munosib oʻrin egalladi. U xalq ijodini kinomotografga koʻchirishning haqiqiy etaloni boʻlib xizmat qiladi.
Gollivud kinostudiyasi Nabi Gʻaniyevni “kinoda eng yaxshi tasvirlovchi bilimdon rejissyor” hisoblab “1001 kecha” ertaklari asosida yaratiladigan filmiga postanovkachi-rejissyor sifatida chaqiradi. Sobiq Sovet Ittifoqi tomonidan olib borilgan “temir panjara” siyosati oʻzbek rejissyorining Gollivud kinostudiyasiga borishi u yoqda tursin, hatto nomini tilga olishga ham yoʻl qoʻymasdi. Nima boʻlganda ham, sobiq Sovet Ittifoqi rejissyorlari ichida birinchi boʻlib oʻzbek rejissyorining Gollivud kinostudiyasida tan olinishi, biz uchun katta faxr![5]
Oʻzbek folklorining boy va oʻziga xosligini chuqur his etgan Nabi Gʻaniyev bu sohadagi ishlarini davom ettirib, “Nasriddin sarguzashtlari” filmini olishga kirishadi. Bu ishga dastlab “Markaz” ruxsat bermaydi. Ular: “Hamma qaygʻuga botgan paytda, xalq dostoni – Afandi haqida film olish shartmi?” deyishadi. Nabi Gʻaniyev esa aksincha, xalq qaygʻu-alamga botgan paytda, uning koʻnglini koʻtarish uchun ham quvnoq voqealar aks etgan filmlar yaratish zarur, deb fikrini “markazdagilar”ga asoslab beradi va Afandining oddiyligi, quvnoq va donoligini xalq ogʻzaki ijodi orqali tildan-tilga oʻtib yurgan doston, latifalarni ekranga koʻchiradi. Uning nazarida kino qanchalik mukammal, zamonaviy texnika mutaxassislari bilan taʼminlanmasin, avvalo, milliy meros va qadriyatlar asos boʻlishi kerak edi.
Uning bu qarashlari hasadgoʻylarning muhokama mavzusiga aylandi, 1948-yilda (1937-yildagi kabi) ham turli bahonalar bilan uni ayblashga harakat qiladilar. Tazyiqlarga qaramay qahramonimiz oʻz ijodiy yoʻlida sobit davom etdi.
Nabi Gʻaniyev “Tohir va Zuhra” uchun Italiyada boʻlib oʻtgan 19-Osiyo filmlari festivalida “Jahon kinosiga qoʻshgan ulkan hissasi uchun” maxsus diplomiga munosib koʻrilgan. “Tohir va Zuhra” bosh qahramonlarini ijro etgan Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artistlar Yulduz Rizayeva va Gʻulom Tojiaʼloyev Oʻzbekiston Respublikasi birinchi prezidenti Islom Karimov farmoniga muvofiq “El-yurt hurmati” ordeni bilan mukofotlangan.
Nabi Gʻaniyev 1953-yil 19-oktyabr kuni hayotdan koʻz yumadi. Toshkentda dafn etilgan. 1965-yil Toshkent kinotexnikumiga Nabi Gʻaniyev nomi berilgan.
Sevar PO‘LATOVA,
Alfraganus universiteti professori, tarix fanlari nomzodi
1. Akbarov H. (2020). Quvonch va tashvishlar.
https://ziyouz.uz/ilm-va-fan/sanat/hamidulla-akbarov-quvonch-va-tashvishlar/ (Murojaat sanasi: 30.03.2025).
2. Isomiddinov Z. “Tohir va Zuhra” kinosi qanday tasvirga olingan.
https://alishernavoiy.org/Uz/uz-to-ir-va-zu-ra-kinosi-andaj-tasvirga-olingan/ (Murojaat sanasi: 30.03.2025).
3. Kinorejissyor Nabi Gʻaniyev “Jahon kinosiga qoʻshgan hissasi uchun” maxsus diplomiga munosib koʻrildi.
https://daryo.uz/uz/2018/10/17/kinorejissor-nabi-ganiyev-jahon-kinosiga-qoshgan-ulkan-hissasi-uchun-maxsus-diplomiga-munosib-korildi (Murojaat sanasi: 30.03.2025).
4. “Tohir va Zuhra” – kino durdonasi / Masʼul muharrir Hamidulla Akbarov. Nashrga tayyorlovchilar: Hamidulla Akbarov, Shohida Eshonboboyeva. – Toshkent: Yangi asr avlodi, 2016. – 276 b.
5. Umid Bekmuhammad. Qassob boʻlmagan kinochi (2016).
https://kh-davron.uz/yangiliklar/muborak-kin/15-sentyabr-atoqli-rejissyor-nabi-ganiev-tavallud-topgan-kun.html (Murojaat sanasi: 30.03.2025).
6. Usmonova N. Milliy kino sanʼatiga baxshida umr (2024).
https://uza.uz/uz/posts/milliy-kino-sanatiga-baxshida-umr_636250?q=%2Fposts%2Fmilliy-kino-sanatiga-baxshida-umr_636250 (Murojaat sanasi: 30.03.2025).