Kirpich va gʻisht
Bugungi kunda rus tilida “gʻisht” maʼnosini bildiradigan kirpich soʻzining asli turkiy soʻz ekanligini koʻpchilik biladi. Men faqat bu soʻzning qaysi qadimiy manbalarimizda qoʻllangani haqida toʻxtalib oʻtmoqchiman. Shu bilan kirpichning aynan bizning tilimizga oid soʻz ekanligi quruq gap bilan emas, aniq manba asosida ochiladi.
Mahmud Koshgʻariyda bu soʻz kerpich shaklida keladi. “Devonu lugʻotit-turk”ning 1-tomida shunday izoh bor: kerpich – kirpich, gʻisht. Bїshїg‘ kerpich – pishiq gʻisht.
Alisher Navoiy “Nasoyim ul-muhabbat” asarida ulugʻlardan Qosim Harbiy haqida shunday deydi: “Boshi ostida bir kirpich erdi va yana ostida bir pora buriyo (boʻyra)”. Shuningdek, Navoiyning “Vaqfiya” asarida bir gap bor: “Hamonoki, ul toshni mehnat togʻidan toshib erdilar va devori ham xom kirpichdin erdi”.
Baʼzilar kirpich soʻzini asli kirbish boʻlgan va u kir + bish, kir “loy”, bish esa pishirilgan maʼnosidagi pish soʻzlaridan, pishirilgan loy mazmunida loy va pish soʻzlaridan hosil boʻlgan deyishadi. Garchi bu fikrlar qiziq boʻlsa-da, ularni aniq va asosli deyish shubhaliroq. Chunki Koshgʻariyda bu soʻz kirpichmas, kerpich shaklida kelgan. Qolaversa, Koshgʻariyda kir soʻzi loy maʼnosida kelmagan, “kir” va “iflos” maʼnosida kelgan. Rus tilida loyni gryaz deyishadi, lekin bizda loyga nisbatan kir va iflos soʻzlari qoʻllanmagan. Balchiqqa nisbatan shunday munosabat boʻlgan. Holbuki loy boshqa, balchiq boshqa.
“Sirkul”ning oʻzbekchasi
“Oʻzbek tilining izohli lugʻati”da sirkul soʻziga pargor deb izoh berilgan. Pargor forsiy soʻz. “Farhangi zaboni tojik”da pargor soʻzi besh xil maʼnoda izohlangan va bularning hammasi doira, aylana, sirkul maʼnolari atrofida aylanadi. “Navoiy asarlari lugʻati”da bu soʻz pargor, sirkul maʼnosida izohlanib, yetti pargor – “yetti qavat osmon” mazmunida tushuntiriladi.
Xoʻsh, sirkulning sof oʻzbekchasi bormi?
“Kitob at-tuhfa”ning muallifi bu kitobdagi soʻzlarga qipchoq dialekti asos boʻlganini oʻzi aytib oʻtgan. Xuddi shu kitobda (158-bet) sirkulni muallif baymaq soʻzi bilan ifodalagan.
Tvorogning oʻzbekchasi
Bolalik yillarimizda agar sut achib qolsa, onalarimiz “Sut irib qolibdi” deyishardi. Irigan sut iborasi tilimizda boʻlgan. Men buni koʻp eshitganman. Qizigʻi shundaki, irigan sut aslida tvorog edi. Men uni kichkinaligimda tatib ham koʻrganman. Shunda garchi sut irib qolsa ham totligina boʻlishini bilganman. Yaqinda 1884-yilda Qozonda nashr etilgan “Oltoy – Olatog‘ lugʻati”ni oʻqib oʻtirib, unda “iritki” (irїtke) soʻzi turkiy tillarda tvorog maʼnosini anglatgani haqidagi maʼlumotga duch keldim. Men bu soʻzni “eritilgan” maʼnosidagi eritki soʻzidan boʻlishi mumkin degan oʻyga ham bordim. Lekin tilimizda bir paytlar mavjud boʻlgan irik sut iborasi boshqa farazga yetakladi. Lugʻatda duch kelganim “iritki” soʻzi menga onamning bir zamonlardagi “sut irib qolibdi” degan gapini eslatib yubordi. Men bu bilan tvorogni iritki deb aytishimiz kerak demoqchi emasman. Faqat tilimizda irigan sut va iritki degan ibora va soʻz boʻlganini eslatib qoʻymoqchiman, xolos.
Qumiqlar tilida tvorog “uvma bishlak’”, xakaslar tilida “ejigey” deyiladi.
Irtish daryosi haqida
Uzunligi 4 248 kilometr boʻlgan, Xitoy, Qozogʻiston, Rossiya hududlaridan oʻtadigan, dunyoda oltinchi oʻrinda turadigan Irtish daryosini hamma biladi. Xoʻsh, bu ulkan daryoning nomi qanday paydo boʻlgan va uning maʼnosi nimani anglatadi?
712–716-yillarda toshga oʻyib yozilgan Qutlug‘ (Toʻnyuquq) bitiktoshida shunday gap bor: “Ertish daryosini kechigsiz kechdik, tun toʻxtamadik, Boʻluchga tong ottirib yetdik”. Shundan soʻng 732-yilda toshga yozilgan Kultigin bitigida yana shunday bir jumla keladi: “Ertis daryosini kechib yurdik. Turgash xalqini uyquda bosdik”. Koʻrinib turibdiki, qadimgi turkiy yodgorliklarda ham bu daryoning nomi Ertish (Ertis) shaklida keltirilgan.
Mahmud Koshgʻariy “Devon”ida Ertish soʻzi “daryodan oʻtish” maʼnosida, ertti soʻzi esa “oʻtdi” maʼnosida izohlangan va “Bu soʻz suvdan oʻtishda “kim tez oʻtar” maʼnosida qoʻllanadigan ertїsh(mӓk) soʻzidan olingan” deyilgan.
Tovar
Rus tilida ham faol qoʻllanadigan tovar soʻzining asli ruscha emas, turkiy ekanini bugun koʻpchilik biladi. Shuning uchun bu haqda koʻp toʻxtalmasdan, bir nechta aniq misolni keltirib oʻtmoqchiman.
Yusuf Xos Hojibning “Qutadgʻu bilig”ida shunday satr bor:
Chigʻayqa ulӓdi ӱkӱsh neh tavar.
Maʼnosi:
Kambagʻallarga ulashdi koʻp mol-tovar.
Koʻrib turganimizdek, bu yerda tovar soʻzi mahsulot, mol maʼnosida kelayapti.
Mahmud Koshgʻariy jonli-jonsiz mol, mato va poraning ham tavar soʻzi bilan ifodalanishini taʼkidlab oʻtgan. Koshgʻariy tovarning koʻchma “pora” maʼnosida ham kelishini quyidagi misolda koʻrsatgan:
Tavar tamu qapugʻin achar.
Maʼnosi:
Pora doʻzax eshigini ochadi.
Yusuf Xos Hojibda urunch soʻzi ham pora maʼnosida qoʻllangan:
Urunchin ya malin etilmӓs ishim.
Maʼnosi:
Pora yoki mol bilan ishim bitmaydi.
Koshgʻariyda ham urunch soʻzi shu maʼnoda kelgan.
Baʼzilar rus tilidagi tovarish soʻzining ildizini ham turkiydagi tovar soʻziga bogʻlashadi. Bu alohida mavzu.
Fartuq va partuq
Bolalik yillarimda ayollar etagi oldiga tutadigan maxsus tutqichni partuq deyishganini eshitganman. Paxta terishda taqiladigan etakni ham partuq deyishardi. Keyinroq men bu soʻzni rus tilidagi fartuk soʻzining oʻzgargani boʻlsa kerak deb yurardim. Lekin Mahmud Koshgʻariyda bu soʻzga duch keldim. “Devonu lugʻotit-turk” indeksida shunday izoh bor:
partu (bartu) – partuq, bir qavatli ustki toʻn – fartuk, syurtuk. 1, 393 – 21, ar. 348 – 16.
1-tomda Koshgʻariyning izohi shunday:
partu – yaxtak, bir qavatli ustki toʻn, partuq.
Devonning 1-tomidagi partu soʻziga Solih Mutallibov shunday izoh beradi:
“Shayx Sulaymon lugʻatida partuq degan soʻz bor. Bizda hozirgi orqasi bogʻichli, ish va ovqat mahalida tutiladigan partuq soʻzi kabi”.
Semyonov lugʻatida fartuk soʻzi rus tiliga nemis tilidan polyak tili orqali XVII asrda kirgan, bu soʻz koʻylak ustidan kiyilgan kiyim turi yoki boshqa ust kiyim, “perednik” deb izohlangan.
Holbuki, rus tilida XVII asrda paydo boʻlgan bu soʻz Koshgʻariy lugʻatida (XI asr) qayd qilingan.
Xaltura va oʻliklar
Men mansub avlodga bu soʻz yaxshi tanish. Uni koʻp ishlatganmiz. Xalturani ruscha soʻz deyishadi-ku, lekin bu soʻz ruscha ham emas, asli lotincha – chartularium. “Ruscha-oʻzbekcha lugʻat”da bu soʻzning lotin tiliga taalluqli ekanligi haqida aytilmagan.
Xullas, pala-partish, naridan beri, soxta, mendan ketguncha, egasiga yetguncha qabilida xoʻjakoʻrsinga qilingan ish yoki shu taxlit yozilgan siyqa asarni xaltura deyish udum boʻlgan. Shunday ishlaydigan odamlarni xalturachi deyish ham urfga kirgan edi. Bir paytlar bu soʻz bizda keng yoyilgan. Xaltura soʻzi ustida toʻxtalishimga sabab boshqa. Bu soʻzning tub ildizi gʻaroyib maʼnoga ega ekanki, uni sizga aytib oʻtmasam boʻlmas. 1965-yilda “Fan” nashriyotida chop etilgan “Oʻzbek tilidagi ruscha-internatsional oʻzlashtirma soʻzlar izohli lugʻati”dagi maʼlumotga koʻra, xaltura soʻzi lotinchada chartularium – “ruhoniy eʼlon qiladigan oʻliklar roʻyxati” maʼnosini anglatgan ekan. Gʻaroyib-a? Haqiqatan ham xaltura kitoblar oʻlik kitoblar emasmi?
Jir va moy
Alibek Rustamovning “Soʻz xususida soʻz” kitobida taʼkidlanishicha, jir soʻzi tilimizda “yog‘”, “moy” maʼnosini anglatadi. Ozgʻin kishiga nisbatan “Bunga hech jir bitmayapti” yoki “Buning hech jiri yoʻq” degan iboralar shu mazmundan kelib chiqqan (oʻzbek tilidagi jirda jar soʻzidagi kabi “j” talaffuz qilinadi). Shunisi qiziqki, rus tilidagi jir soʻzi asli bizning tilimizdagi ayni shu jir soʻzining oʻzidir. Chunki jir soʻzining turkiy soʻz ekanligi Mahmud Koshgʻariyning lugʻatida qayd etilgan.
Oʻzbaki palto
Bolaligimizda otamning toʻqsariq rangli qalin jun chepkani boʻlardi. Bu chepkan sof jundan qoʻlda toʻqilgan boʻlib, qishning har qanday sovugʻidan saqlay olardi. U paytlarda belboʻyi qorlar yogʻardi. Tunlari qattiq ayoz qisardi. Otamni qahratonning qahridan oʻsha chepkani asrardi. Shungami hozir ham oʻsha chepkanni aniq-tiniq, choklari-yu toʻqimalarigacha eslayman. Men bilgan chepkan adabiy tilimizdagi chakmonga toʻgʻri keladi. “Kitob at-tuhfa”da (XIV asr) bu soʻz chӓkmӓn shaklida berilgan (Mahmud Koshgʻariyda yopinchiq qilinadigan boʻz toʻqilma chek deyilgan). Qadimda bobolarimizning paltosi shu chepkan boʻlgan. Palto oʻzbekchasiga nima boʻladi deyishsa, chepkan yo chakmon boʻladi desam koʻpam xato boʻlmas. Chepkan ham aslida astarsiz paltoday gap. Rus tilidagi “palto” soʻzi ham asl rus soʻzimas, u fransuz va lotin tillariga oid boʻlib, “yengsiz, xalatsimon kiyim, rido” degan maʼnolarni anglatar ekan. Bu soʻzning biz bilgan maʼnosi keyin paydo boʻlgan.
Chepkan soʻzi “Oʻzbek tilining izohli lugʻati”da yoʻq. Men buning boisi bu soʻzning tor doiradagi sheva soʻzi ekanligida boʻlsa kerak deb oʻyladim. Keyinroq bilsam, chepkan faqat mening qishlogʻimda emas, ozarbayjon tilida ham bor ekan. Qarachay-malqar tilida bu soʻz juda faol ekan. Hatto qarachay-malqar chepkanining oʻnlab turlari mavjud ekan.
Bushqirmoq va “bushevat”
Qadimgi tilimizda gʻazablanmoq va qahrlanmoq bush//push soʻzi bilan ifodalangan. Yusuf Xos Hojibda shunday qator bor:
Bushub aydi elig sözi.
Maʼnosi:
Gʻazablanib aytdi elig soʻzini.
Bu soʻz qadimgi tilimizda faol qoʻllangan boʻlishi kerak. Chunki “Qutadgʻu bilig”ning birgina 170-betida (1971-yilgi nashri) bu soʻz olti marta ishlatilgan.
Bushar ödtӓ beglӓrkӓ barma yagʻuq.
Maʼnosi:
Gʻazablangan paytda beklarga yaqin borma.
Xullas, “Qutadgʻu bilig”da bushi soʻzi gʻazabli, qahrli maʼnosida kelgan:
Bushi bolsa beglӓr buzar beglikni.
Mahmud Koshgʻariy bushgʻan soʻzini “asabiy”, bushug‘ bushdї (pushug‘ pushdi) iborasini “qahr qildi” maʼnosida izohlagan. Solihqori Mutallibovning izohiga koʻra “Hibat ul-haqoyiq” (Ahmad Yugnakiy)da bush soʻzi “achchiq”, “gʻazabli” maʼnosida qoʻllangan. Alisher Navoiyda bushmak “ozorlanmoq, xafa boʻlmoq”, bushurgʻanmoq “gʻazablanmoq, achchiqlanmoq” maʼnosida qoʻllangan.
Hozirgi tilimizda gʻazab mazmunidagi “bush” soʻzi yoʻq. Bu soʻzning biror soʻzda oʻzgarishlar bilan saqlanib qolganini ham koʻrmadim. Faqat menga pishqirdi soʻzi bushqirdiga yaqinday tuyuldi. Baʼzan gʻazablanib baqirishni pishqirdi soʻzi bilan ham ifodalaymiz. Pishqirish pishillashdan boʻlishi ham mumkin. Lekin tilimizda p va b tovushlarining almashinish hodisasi koʻp uchraydi.
Shu oʻrinda yana bir mulohaza meni oʻylantirib qoʻydi. Rus tilida bushevat degan feʼl bor. “Ruscha-oʻzbekcha lugʻat”da bu soʻz shunday tarjima qilingan: “Bushevat, -shuyu, -shuesh nesov. 1. qattiq toʻlqinlanmoq, avjiga olmoq, quturmoq, shiddat bilan koʻtarilmoq. 2. hamma yoqni boshiga koʻtarmoq, quturmoq, toʻs-toʻpolon qilmoq”. Koʻrib turganingizday, rus tilidagi bushevat feʼli ham bizning qadimgi tilimizdagi kabi “gʻazablanish va qahrlanish” maʼnosini anglatadi. Shakl va maʼnodagi bu qadar oʻxshashlik shunchaki tasodifmikin?.. Buyogʻi zukko olimlarimizga havola.
Ura! Ura! Ura!
“Ruscha-oʻzbekcha lugʻat”da “Ura” soʻziga “qichqiriq, ura, ura deb atakaga kirish, koʻtarinki ruh bilan, qizgʻin” deb izoh berilgan. Anton Semyonovning “Rus tilining etimologik lugʻati” kitobida ura soʻzi nemis tilidagi “hurra” soʻzidan kelib chiqqan boʻlib, “tez harakatlanish” maʼnosini anglatadi va bu soʻz rus tilida XVIII asrdan keng qoʻllana boshlagan deb izohlanadi.
Biroq ura soʻzi turkiy soʻz ekanligi haqida koʻpgina manbalarda aytilgan. Bu soʻz bizning tilimizda X-XI asrlarda ham faol qoʻllangani haqida maʼlumotlar bor. Mahmud Koshgʻariy “Devon”da uri soʻziga shunday izoh beradi: “Uri – tovush, baqiriq, hurish, faryod”. Koshgʻariyning bu izohi “Ruscha-oʻzbekcha lugʻat”dagi qichqiriq degan izohga toʻgʻri keladi. Koshgʻariy “urї qobsa ogʻush aqlїshur”, yaʼni, “uri koʻtarilsa, urugʻlar toʻplanadilar” degan misolni keltirib oʻtadi. Bunda ura bilan uri soʻzlari har jihatdan naqadar yaqinligini sezayotgandirsiz. Baʼzilar “ura” soʻzini tilimizdagi “urho-ur”dan kelib chiqqan deyishadi.
Ozarbayjon olimi Mamadali Qipchoq oʻzining “Soʻz olamiga sayohat” kitobida ura soʻzini qadimgi shumerlarda urush maʼbudining nomi boʻlgan Ur soʻzidan kelib chiqqan deydi va jangchilar jangga kirishdan oldin urush maʼbudi Urning nomini aytib baqirib-chaqirganlar va undan gʻalaba qilishlari uchun yordam berishini soʻraganlar deya izohlaydi. Semyonovning bu soʻz ildizini nima uchun turkiy tillardan izlab koʻrmaganining sababini bilmadim-u, lekin yuqorida keltirilgan misollar ura soʻzining turkiy ekanligini dalillaydi.
Kofta va qaftan
Ayollar kiyimi kofta soʻzi tilimizga kirib kelganiga yuz yildan oshdi. Bu soʻz tilimizga rus tilidan XX asrning birinchi choragida kira boshlagan va keyin ommalashib ketgan.
Aniqroq aytadigan boʻlsak, kofta soʻzi asli tilimizga boshqa tildan kirmagan. Balki tilimizdan ketib, yetti yuz-sakkiz yuz yil jahongashtalik qilib, yana oʻzimizga qaytib kelgan. U qaytib kelganida hatto ona tilning oʻzi ham uni taniy olmay qolgan edi.
“Ruscha-oʻzbekcha lugʻat”da kofta soʻziga shunday izoh berilgan: “Ayollarning qisqa paltosi”.
“Oʻzbek tilining izohli lugʻati”da kofta soʻziga “kalta koʻylak yoki plash” deb izoh beriladi va bu soʻz nemischa kuft – uy kiyimi soʻzidan kelib chiqqan deb taʼkidlanadi. Lekin boshqa manbalar bu soʻz asli turkiy boʻlib, keyin nemis tiliga oʻtganini taʼkidlaydi. Turkiy tillardagi kaftan, arab tilidagi qaftan soʻzlari oʻzimizdagi chakmon maʼnosini anglatgan. Kofta soʻzining ildizi xuddi shu kaftan soʻziga borib taqaladi. Endi biroz orqaga qaytsak-da, Mahmud Koshgʻariy bobodan gap soʻrasak. “Devonu lugʻotit-turk”da qaftan soʻziga shunday izoh beriladi: “Toʻn, ustki kiyim”. Agar turkiyda “qop, idish” maʼnosidagi qap soʻzi va “gavda” maʼnosidagi tan soʻzining qoʻshilishidan qaftan soʻzi hosil boʻlgan deb tasavvur qilsak, unda qaftan “tan qopi” (qoʻlqop, oyoq qopi kabi) mazmunini ifodalashi mumkin. Bu shunchaki bir taxmin. Bunday boʻlmasligi ham mumkin.
Alisher Navoiy “Nasoyim ul-muhabbat”da yozadi: “...soʻrdilarki, Abdurrahim Istahriy ne uchun sagʻbonlar bila dashtqa borur va qaptan kiyar? Dedikim, ustidagi ogʻirlik yengillaydi”.
Bu soʻz rus yozma manbalarida XV asrda paydo boʻlgan. “Bolshaya sovetskaya ensiklopediya”ga koʻra kaftan soʻzi asli turkiy boʻlib, hozirgi qozoq tilidagi “yopmoq”, “qoplamoq”, “qaptau” soʻzi bilan aloqador.
Lazar Budagov lugʻatining 2-tomi 60-betida bu soʻzga shunday izoh bor: “тур. каз. кафтанъ, дж. кафтань, армяк, верхнее платье, въ кр. Деревенская народная одежда, надъевамая сверхъ камзола”.
Tabulgʻa va tavolga
Bir tabulgʻa yuz boʻldi,
Yuz tabulgʻa ming boʻldi,
Ming tabulgʻa tuman boʻldi,
Bilib qoʻying: foydasi bor, bu yaxshi.
Yuqoridagi sheʼr eramizning IX asri boshlarida yaratilgan “Irq bitigi”dan keltirildi. “Qadimiy hikmatlar” kitobida berilgan izohga koʻra, Zahiriddin Muhammad Boburning yozishicha, tabulgʻa qizil poʻstloqli daraxt boʻlib, Fargʻona togʻlaridan boshqa yerda uchramaydi. Mahalliy aholi undan oʻq va tayoq yasashadi. Mahmud Koshgʻariyda tabulgʻa soʻziga duch kelmadim, biroq tavilqu degan soʻz bor. Bobomiz tavilqu soʻziga “qizil tol daraxti” deb izoh bergan. Bobur ham qizil poʻstloqli degan. Rus tilida bu soʻz таволга deyiladi. “Ruscha-oʻzbekcha lugʻat”da tavolga soʻzining tarjimasi “tobulgʻi, tubulgʻa” deb koʻrsatilgan. “Oʻzbek tilining izohli lugʻati”da esa “Tobulgʻi, toʻbilgʻi – raʼnoguldoshlarga mansub, togʻli yerlarda, jarliklarda uchraydigan buta oʻsimlik” deb izohlangan.
XIV asrda tabulgʻa soʻzining tilimizda tavlugʻach shaklida qoʻllangani haqida “Kitob at-tuhfa” lugʻatida maʼlumot bor.
Samarqandliklar, qashqadaryoliklar va boshqalardan tabulgʻa daraxti haqida soʻraganimda aniq bir gap aytisholmadi.
Andijondan Durbek Qoʻldoshev yozadiki, “Hozirgi paytda (Bobur Mirzo hazratlari mehr bilan qalamga olgan) oʻsha “tobulgʻu yigʻochi”dan ikki tupini Andijon davlat universitetining “Botanika oʻquv tajriba maydoni”da koʻrishingiz mumkin”.
Eshqobil SHUKUR
“Maʼnaviy hayot” jurnali, 2022-yil 2-son.
“Dunyo kezgan soʻzlarimiz” maqolasi