Har gal kitob javonimdagi qalin yashil kitobga koʻzim tushganda, xijolatlik va armon tuygʻusi qorishib qalbimdan oʻtadi. Avvallari bu kechinma misoli bir par bulut kabi edi, yillar oʻtgani sayin ogʻirlashib, quyuqlashib borayotganday.

1980-yillar. “Saodat” jurnali xodimi sifatida xizmat safari bilan respublikamiz viloyatlaridan biriga bordim. Odatim boʻyicha kitob doʻkoniga kirdim. Yashil muqovali chiroyli kitob diqqatimni tortdi. Varaqladim, Gʻarbning mashhur faylasuflaridan birining qalamiga mansub ekan, xarid qildim.

Toshkentga qaytgach, ijodkor va olim qadrdonlar bilan boʻlgan bir suhbatda sotib olgan kitobim haqida soʻz ochdim. Mashhur faylasuf B.Brextning asarlarini olganim haqidagi gapimdan bizga institutda dars bergan olim, ajoyib inson, filologiya fanlari nomzodi Asqarali Sharopov domlamiz (Mirzo Ulugʻbek nomidagi Fargʻona davlat pedagogika instituti (hozir universitet)da zamonaviy oʻzbek adabiyoti fanidan dars berganlar)ning koʻzlari chaqnab ketdi. Tarqalarkanmiz, domlamiz kitobni oʻqish uchun soʻradi, keltirib berdim. Maʼlum muddatdan keyin qaytarib oldim-u, lekin qayerda uchrashib qolsak, domlamiz oʻsha kitobni butunlay oʻziga berishimni soʻrar, evaziga oʻzim xohlagan boshqa kitoblarni taklif qilardi. Biroq menda, ochigʻi, shunday kitobim borligidan quvonch-u uning chiroyiga ishqibozlik kuchli ekan. Oʻshanda rus tilida chop etilgan bu asarni anglab, tushunib oʻqishga rus tilidan soʻz boyligim yetishmasdi. Boshqa narsa boʻlganda, ustozimning iltimosini qaytarmasdim, ammo kitobni bermaslik ayb emas, degan fikr bilan oʻzimni oqlardim.

Asqarali Sharopov nafaqat ilm olishimizda, balki yurish-turishimizda ham juda talabchan ustozimiz edilar. Shogirdlarga koʻp ham gapirmasdilar, ammo doim domlaning talabchan nigohini his etib turardik.

Oʻn besh yilcha avval ustozimiz vafot etdi. Undan adabiyotshunoslikka oid bir necha asarlar meros boʻlib qoldi. Har gal shu meros kitoblarni oʻqiganimda, olim domlamizda hayot va uning aksi boʻlgan badiiy asarlar voqeliklarini teran his etish, falsafiy xulosa chiqarish qobiliyati juda kuchli ekanini his qilaman. Kitob javonimni qariyb qirq yildan buyon “bezab” turgan haligi chiroyli kitobni yolchitib oʻqiganim ham yoʻq. “Bizga kuyunchaklik, talabchanlik bilan dars bergan ustozimga nima uchun shu kitobni chin dildan taqdim etmadim? Hatto soʻraganligi uchun minnatdorchilik bilan hadya qilsam boʻlardi-ku!” degan xayol meni qiynayveradi. Va yana... u kishi juda oriyatli, andishali odam edi, talabasidan kitob soʻrashi oson kechmagani aniq.

Koʻpchilikka xizmat qilishi mumkin boʻlgan boylikni sandiqqa qulflab, oʻzing ham, boshqalar ham naf olmagani kabi, goʻyo mevalari gʻarq pishgan bog‘ yoʻllarini berkitib tashlab, Alloh neʼmatlarini hech kimga ravo koʻrmagandek... xullas, men maʼnaviyat dunyosining bir tola nurini uyimga “qamab” olibman-u, undan bahramand boʻlishga intilgan qalb yoʻlini jaholatim, yengil-yelpi havasim sababidan toʻsibman. Ehtimol, bu kitob chin egasining qoʻliga yetib borganda, uni tushunib mushohada qiladigan insonning soʻzi, fikrlari orqali boshqalar ong-u shuuriga ham bilim, ziyo tarqalgan boʻlarmidi?..

“Balki farzandlarim, nevara-yu evaralarim qiziqib oʻqir bu kitobni”, deb oʻylabman-u, nazarimda, kitobning ham umri bordek. Yaxshi asar har lahza, har kuni qalblarga nur, ezgulik, maʼrifat ulashishi mumkin. Kitoblar umrining zoye ketishi – jamiyat aʼzolarining ana shu saodatdan bebahra qolishi emasmi... buni kech angladim.

Muhtarama ULUGʻOVA