Oʻzbekistonda “Maʼnaviyat qalqoni” respublika kitobxonlik tanlovida sovrinli oʻrinlarni egallagan muddatli harbiy xizmatchilarning xizmat muddatini 12 oydan 11 oyga qisqartirish taklif qilinmoqda. Shuningdek, harbiy uchuvchilar bilan yangi kontrakt tuzishning huquqiy asoslarini belgilash koʻzda tutilgan.

Qonun loyihasi harbiy xizmatni tashkil etish va oʻtash tartibini takomillashtirish, harbiy xizmatchilarni ragʻbatlantirish hamda malakali uchuvchilarning tajribasidan samarali foydalanishga qaratilgan.

Loyiha mualliflariga koʻra, kitobxonlik tanlovida sovrinli oʻrinlarni egallagan harbiy xizmatchilarning xizmat muddatini bir oyga qisqartirish ularning kitob oʻqishga qiziqishini oshirish va maʼnaviy-intellektual salohiyatini rivojlantirishga xizmat qiladi.

Taʼkidlanishicha, tanlov gʻolibi xizmatni toʻliq 12 oy oʻtash va yakuniy tadbirlarda qatnashishni istashi ham mumkin. Shu sababli xizmat muddatini qisqartirish harbiy xizmatchining arizasi asosida amalga oshirilishini belgilash taklif etildi.

Qonun loyihasining yana bir yoʻnalishi harbiy aviatsiya uchun malakali kadrlarni saqlab qolishga qaratilgan.

Hujjatda Oʻzbekiston va xorijiy oliy harbiy taʼlim muassasalarining uchuvchi mutaxassisligi boʻyicha bitiruvchilari bilan yangi kontrakt tuzishning huquqiy asoslarini belgilash taklif etilmoqda.

Qonun loyihasini tayyorlashda xorijiy davlatlar tajribasi oʻrganilgan. Hujjat Qurolli Kuchlar tarkibiga kiruvchi vazirlik va idoralar bilan kelishilgan hamda Adliya vazirligining ijobiy xulosasini olgan.

Muhokamalar yakunida qonun loyihasi birinchi oʻqishda qabul qilindi.