Kitob yozish, nusxa koʻchirib koʻpaytirish, kutubxonada saqlash va kelajakka oʻtkazish tashabbuslari birdaniga, oʻz-oʻzidan paydo boʻlmagan. Kishilik jamiyati asrlab oʻsish, rivojlanish bosqichlaridan oʻtarkan, oʻz fikr-oʻylarini gʻorlar, tog‘ qoyalariga turli boʻyoqlar yordamida qandaydir tushuniksiz chizmalardan boshlab, bundan 5 ming yillar oldin suyak, yogʻoch, loy, teri ustiga turli-tuman tasvir va belgilarni chizish kabi yoʻllarni bosib oʻtdi.

Dunyo xalqlari orasida ayrimlari miloddan bir necha ming yil oldin, ayrimlari esa yaqin zamonlarda oʻz yozuviga ega boʻldi. Ular guvoh boʻlgan kundalik voqealarni boshlangʻichda turli-tuman buyumlar sirtiga, tosh va tog‘ qoyalariga, teri va ogʻoch qobiqlariga yoza boshladilar. Qogʻozni yaratib, oʻy-fikrlarini yanada qulay anglata boshlaganiga atigi 1,5 ming yil boʻldi. Bungacha “kitob”lar Oʻrta Sharqda loy ustiga chizib yozilib, keyin quritilgan holda yuzlab sopol lavhalarni qamrab olardi, Xitoyda bambuk taxtalar ustiga iyerogliflar tushirilgan yogʻoch kitoblar edi. Asrlar sari yozish kuchayib, kitob turlari ham orta bordi. Dunyoning turli burchaklarida – Rim, Yunon, Misr, Eron, Hind va Chin oʻlkalarida, Turon – Turkistonda birin-ketin kitob yozish madaniyati yuzaga chiqdi, – qay oʻlkalarda bir-biriga bogʻliq, qay oʻlkalarda esa butunlay farqli holda “noshirlik” oʻrtaga chiqa boshladi.

Turkiylar bundan bir yarim ming yilcha ilgari toshlar sirtiga oʻyib yozib, bitiktosh – kitob yarata boshladi. Mahmud Koshgʻariy “Devonu lugʻatit turk” asarida “kitob” maʼnosida “bitig” soʻzini keltirib, uning “yozuv”, “tumor” (oʻgʻuzchada) anglamlarida ham kelishini aytib oʻtadi [Koshgʻariy 1960, I: 365-366; DLT 2014: 590]. Shuningdek, kitobda “ul bitig chekdi – u kitobga nuqtalar qoʻydi”, “ul bitig koʻchurdi – u kitobdan nusxa koʻchirdi”, “ul manga bitig bitishdi – u menga kitob yozishda yordam etdi”, “er bitig bitindi – er kishi kitob yozayotgandek koʻrindi” kabi yana oʻnlab oʻrnaklar beradi  [DLT 2014: 239, 253, 257, 273]. “Bitig” soʻzi “Devonu lugʻatit turk”dan ham ancha oldin, Oʻrxun-Enasoy yozuvida bitilgan – IX asr boshlariga tegishli “Irq bitig” (Fol kitobi)da shu maʼnoda uchraydi [Toʻxliyev 1991].

Negizida eski turkcha “biti- “yozmoq, bitmoq” feʼli yotadigan “bitig” soʻzi Oʻrxun–Enasoy bitiktoshlaridan (VII–VIII) avval, ilk bor xitoy yozma manbalarida (IV–V) qoʻllanilgan. Xitoyning Toba-Vey sulolasi (386–535) kelib chiqishiga koʻra turkiy, yo boʻlmasa, turk-moʻgʻul qorishiq elati boʻlib, ularga tegishli bir necha oʻnlab soʻz va atamalar xitoy iyeroglifida, xitoycha ochiqlamalari orqali bugungacha yetib kelgan. Ular orasida pi-tê-chên “bitikchi, kotib” soʻzi uchrab, u eski turkcha bitikçin “bitikchi” soʻzi bilan bogʻlab tushuntiriladi [Boodberg 1936: 169-179; Clauson 1960: 114-118; Boboyorov 2023: 67, 69]. Ulardan 300 yil keyin yozilgan Oʻrxun-Enasoy bitiktoshlarida mazkur soʻz “bitkachi” koʻrinishida tilga olinadi. Bitiktoshlardan 3-4 asr keyin yozilgan “Devonu lugʻatit turk”da esa “bititguchi” degan biroz boshqacha koʻrinishi uchraydi [Koshgʻariy 1963, II:  369].

Yozmoqdagi “yaz- (yoz)” feʼli turkiy tillarda birmuncha kech faollashgan boʻlib, eski turkcha asarlarda shu anglamda deyarli uchramaydi. Uning eng eski koʻrinishi chamasi “yar- “yozmoq, yormoq” boʻlgan. Oʻrta asrlarga kelgachgina bu soʻz “bit-“ (bitmoq, yozmoq) feʼlinining oʻrnini egallagan. Mahmud Koshgʻariy zamonida “yaz” soʻzi “bahor, yoz”dan tashqari “yaz- “yechmoq, yechilmoq”, “ozmoq, adashmoq” anglamlarida ishlatilib, turkiylar orasida birgina oʻgʻuzlar “yozmoq, bitmoq” oʻlaroq qoʻllangan [Koshgʻariy 1963, III: 66]. Ulardagi “yozmoq, bitmoq”ning eski turkchasi “yir-” yoki “yar- “yirmoq, yirtmoq, yormoq, ayirmoq, boʻlmoq, belgi qoʻymoq” feʼliga borib taqalgan, chamasi. Bunday  turkcha soʻzlarning koʻpchiligi oʻsha koʻrinishda venger (mojor) tilida saqlanib qolgan boʻlib, bu tilda ίr “yozmoq”, írás soʻzi “yozuv” anglamida qoʻllaniladi [Rona-Tas, Berta 2011: 125, 459-463]. Bilamizki, bugungacha turkiy el-uluslarning koʻpchiligi Oʻrxun-Enasoy bitiktoshlari asosida old turkcha (prototurkcha) “r” undoshini soʻz oʻrtasi va soʻz soʻngida “z” undoshiga aylantirishgan.

1-rasm. Qutlug‘ Eltarish xoqon bitiktoshi.

Eski turklarda kitob yozish ancha qadimdan boshlanib, bu anʼana qoʻshni el-uluslar tomonidan ham oʻzlashtirilganini slavyan tillarida, ayniqsa, rus tilidagi “книга” (kitob)ning kelib chiqishi turkiy tillarga borib taqalishi koʻrsatib turibdi. “Книга” negizida eski turkcha *küinig (kuinig) soʻzi yotib, Dunay bulgʻorlarida *küiniv, uygʻurlarda kuin, kuinbitig koʻrinishida uchraydi [Fasmer 1986: 263]. Vengerlarda esa bu soʻz könyv (koʻniv) koʻrinishida saqlanib qolgan [Rona-Tas, Berta 2011: 290-291].

Oʻrta asrlarda uygʻur turklarida “kuin”, “kuin-bitig” soʻzlari uchraganidek, “Devonu lugʻatit turk”da ham “ay-bitigi” (oy-bitigi) soʻziga duch kelinadi. Mahmud Koshgʻariy bu soʻzni “askarlarning nomi va ozigʻi yozilgan daftar” deb ochiqlaydi [Koshgʻariy 1960, I: 76; DLT 2014: 18]. Demak, turkiy el-uluslarda har oyda bir marotaba qoʻshin sanogʻi olib borilgan, buning uchun maxsus daftar tutilgan – “oy-bitig” deb atalgan. Shuningdek, ota-bobolarimiz turli daftarlar, hujjatlarni saqlashda maxsus “obyekt”lardan foydalanishgan. “Devonu lugʻatit turk”da “kesurga – ichiga qogʻozlar solinadigan muqova” deb keltirilgani buning isboti [Koshgʻariy 1960, I: 452].

Turkiy tillarning koʻpchiligida, ayniqsa, oʻzbek tilida saqlanib qolgan “biti- bitmoq, yozmoq”, “yoz- yozmoq“ feʼllari bilan birga eski turkchada “ur- urmoq (biror buyum, tosh ustiga urib yozmoq)”, “toʻqi- toʻqimoq (tosh va tog‘ qoyasi ustiga oʻyib yozmoq), “oʻy- oʻymoq (qattiq jismning ustini oʻyib yozmoq)” kabi soʻzlar uchraydi, ayrimlari biroz maʼno oʻzgarishiga uchrab boʻlsa-da bugungacha yetib kelgan.

Eski turkchada “qogʻoz”

Kunchiqar ellari, ayniqsa, musulmon arab, fors, turkiy va yana bir necha el-ulus tillarida “qogʻoz”, “kogʻaz”, “qagʻit” koʻrinishlarida uchraydigan soʻz uygʻurcha yozuvli eski turk bitiklarida “kägdä” koʻrinishida keltirilgan. Ayrim izlanuvchilar “qogʻoz”ni turkchaga sugʻdchadan oʻzlashgan deb qaraydilar – “kâgʻda”, “kâgʻdiyah” soʻzlariga tayanib [Tekin 1986: 32]. Forschaga “kogʻaz”, “kogʻiz” koʻrinishlarida oʻtgan bu soʻz turkiy tillarning aksariyatida “qogʻoz”, “qagʻaz” boʻlsa, Onadoʻli turkchasida “qagʻit”ga aylangan. Sugʻdlar “qâgʻda”, uygʻur turklari “kagda” shaklida ishlatib, keyinchalik boshqa tillarga “kogʻaz”, “qogʻoz” koʻrinishida oʻzlashgan deya qaraluvchi soʻz negizida esa eski xitoycha qoragʻat mevasini anglatgan “qu” (eski xitoycha koʻrinishi kuk / kʼak) soʻzi yotadi, xitoycha kʼak soʻziga sugʻdiycha -da boʻgʻini qoʻshilib yasalgan deb qaraydigan izlanuvchilar ham bor [Tekin 1986: 32], biroq quyida koʻrib chiqiladiganidek, “qogʻoz” soʻzi turkiy negizga ega.

“Qogʻoz” soʻzi aslida eski turkcha “ogʻoch (daraxt) poʻstlogʻi, qobiq” maʼnosidagi “qaz”, “qas” soʻzlaridan kelib chiqqan boʻlishi ham mumkin. “Devonu lugʻatit turk”da “qaz – har bir daraxtning poʻstlogʻi”, “qasuq – har bir daraxt poʻstlogʻi. Bu soʻzning asli “qas”dir, q keyin qoʻshilgan” deb keltiriladi [Koshgʻariy 1963, III: 165; Koshgʻariy 1960, I: 363]. Bizningcha, “qobiq” anglamidagi “qaz” soʻzi “qagʻaz” (qogʻoz)ga aylanishi eski turkiy tildagi fonetik oʻzgarishni boshdan kechirgani bilan bogʻliq. Bilamizki, eski turkcha til yoʻriqlariga koʻra, unlilar orasiga, ayniqsa, uzun unlilar orasiga “g‘” undoshini qoʻshib aytish hollari ham uchragan. Masalan, “Oʻgʻuznoma”ning eski turkcha – uygʻurcha yozuvli nusxasida “qar” (qor) soʻzi “qagʻar” yozilganidek [Oʻgʻuznoma 2007: 9], “qagʻan” (xoqon) soʻzi “qan” (xon) koʻrinishini olgan boʻlishi mumkin. “Batur” soʻzi birmuncha keyinroq unlilar orasiga “g‘” undoshi qoʻshilishi bilan “bagʻatur”ga aylangan, undan “bahodur” soʻzi kelib chiqqanidek [Boboyor 2024] “qaz” soʻzidan “qagʻaz” (qogʻoz) soʻzi yasalgan, chamasi.

2-rasm. “Irq bitig”dan oʻrnaklar.

Qobiq, poʻstloq, qayin poʻstlogʻi yoki shunga yaqin anglamlardagi “qas”, “qaz”, “qaza”, “qayza”, “qayzgʻa”, “qasmoq”, “qasqon”, “qasiriq” kabi soʻzlar bugun oʻnlab turkiy tillarda, shu jumladan, oʻzbek tili va shevalarida uchraydi [ESTY 1997: 328-329; OʻTIL 2008: 258; OʻXShL 1971: 157]. Qizigʻi shundaki, biror narsaga, ayniqsa, qogʻozlarni kitob koʻrinishiga keltirib, jild (qobiq) qoplash bosqichi ayrim shevalarda “qasnoqlov” deyiladi.

Ilk qogʻozlar ogʻoch – daraxt qobigʻidan qilinganidan kelib chiqilsa, bu soʻzni xitoycha “ku” (kuk / kʼak) bilan sugʻdiy qoʻshimcha “-da” qoʻshilishidan hosil bzlgan degandan koʻra, eski turkcha negizda qarash ancha ishonchliroq.

Eski turklarda yozuv qurollari

Turkiy ellarning oʻtmishdagi yozuvlari – bitiklar toshga, qoyalarga, temirga, sopol va yogʻoch boʻlaklariga yozilgan bosqichda – milodning ilk yarmidan IX–X yuzyilliklargacha yozuv moslamasi sirtiga “urib”, “toʻqib (zarba berib)”, “yoʻnib”, “oʻyib”, “tirnab” tushirilgan. Buni yuqorida Oʻrxun-Enasoy bitiktoshlariga tayanib keltirilgan oʻnlab oʻrnaklar koʻrsatib turibdi. Qattiq yuzaga biror harf tushirish oson emasdi, ota-bobolarimiz temirdan qattiq yozuv moslamasi yaratib, u yordamida toshda, metal (tersak)da botiq yoki burtiq tayyorlab yozuvni ancha keng yoydi.

Teriga, qogʻozga yozish yoʻlga qoʻyilgach “qamish”da yozuv bitish keng tarqaladi. “Devonu lugʻatit turk”da “bitigu – turklarda va boshqalarda siyohdon” deb tilga olgan yozuv quroli va “ujuk” (qamish qalam) endilikda turk bitikchilarining ishini ancha yengillashiradi [Koshgʻariy 1963, III: 189]. Qamishdan yasalgan yozuv quroli eski turkchada “ujuk” yoki “uzuk” deb atalib, oʻrni kelganda bu soʻz “harf belgisi va boʻgʻin”, oʻrni kelganda esa “qamish qalam” maʼnosida qoʻllanilardi [Koshgʻariy 1960, I: 101; DLT 2014: 931; Tekin 1986: 32]. Qizigʻi shundaki, turkiylar “qalam” soʻzini arablardan (ular yunonlardan) olgan boʻlsalar-da, ayrim izlanuvchilar ilgari surganidek, oʻz tilidagi “qoratosh” soʻzini “karandash” koʻrinishida slavyanlarga, ruslarga berib yuborishgan [Fasmer 1986]. Eski turklarda yozuv ayrim oʻrinlarda oq yoki qora tosh bilan yozilgani haqida “Devonu lugʻatit turk”da quyidagi maʼlumotlar berilgan: “Qulbaq – turklardan bir taqvodor kishi ismi, U Balasogʻun togʻlarida yashar edi. Aytishlariga koʻra, u qoʻli bilan katta qora toshga “tengri quli Qulbaq” deb yozsa, oq xat yozilar, agar oq toshga yozsa, qora xat paydo boʻlar edi. Uning izlari haligacha ham turibdi, deydilar” [Koshgʻariy 1960, I: 440; DLT 2014: 207].

Eski turkiy adabiy til va yozma asarlar

Kunchiqarda Uzoq Sharqqa yaqin Saxa (Yoqut) oʻlkasidan kunbotarda Sharkiy Yevropa – Bolqon turklari, Qirim va Gagauz oʻlkasigacha, shimolda Janubiy Sibir, Volga – Uralboʻyi, janubda Tibet togʻlari, Shimoliy Afgʻoniston, Xuroson oʻlkasigacha, janubi-gʻarbda Ozarboyjon, Kichik Osiyogacha choʻzilgan kengliklarga yoyilgan turkiylar tili, yozma manbalarda keltirilgan ilk turkcha soʻzlar, bu tilning qardoshlari va bosib oʻtgan yoʻli toʻgʻrisida koʻp qarashlar oʻrtaga tashlangan. Baʼzilari bir-biriga uygʻun kelsa, qaysidir qarashlar mos emas. Bugungi kunda soni 30 dan ortiq, soʻzlashuvchilari 250–300 million boʻlgan turkiy tillar besh bosqichni boshdan kechirgan. Atoqli tilchi olim T.Tekin yozma manbalarda uchraydigan til bilgilari negizida turk tillari bosib oʻtgan bosqichlarni quyidagicha ajratib koʻrsatgan [Tekin, Olmez 2003]:

1. Ilk turkcha chogʻi, chamasi, miloddan oldingi soʻnggi mingyillikdan milod boshlarigacha. Bugungi barcha turkiylarning ota-bobolari shu tilda soʻzlashishgan;

2. Oʻzak bulgʻorcha va oʻzak turkcha chogʻi – milodiy I–VI yuzyilliklar oraligʻi;

3. Eski turkcha va eski bulgʻorcha chogʻi – milodiy VI–XI yuzyilliklar oraligʻi;

4. Oʻrta turkcha va oʻrta bulgʻorcha chogʻi – XI–XVI yuzyilliklar oraligʻi;

5. Yangi turkcha va chuvashcha chogʻi – XVI yuzyillikdan bugungacha. Turkiy tillar orasida oʻzining oʻtmishi va soniga koʻra yetakchilik qiluvchi tillardan biri oʻzbek tili ushbu bosqichlarning deyarli barchasining izlarini oʻzida u yoki bu darajada saqlab qolgan.

Turkiy tillarning birinchi va ikkinchi bosqichi davriga tegishli biror yozma asar bugungacha aniqlanmagan. Eski turkcha va eski bulgʻorcha chogʻi – milodiy VI–XI asrlar oraligʻida yozilgan oʻnlab kitoblar, bitik va bitiktoshlar yetib kelgan boʻlib, ular qadimgi turk-run, eski uygʻur, moniy yozuvlaridadir. Bulgʻor turkchasini aytmaganda, ushbu yozma yodgorliklarning koʻpi bugungi turkiy tillarning qarluq (uygʻur – xoqoniya turkchasi), oʻgʻuz va qipchoq tarmoqlarini qamrab olib, biror turkiy til lahjasida emas, “shevalarusti” yoʻsinda yozilgan. Bu esa oʻsha kezlardayoq turkiylarda adabiy til yuzaga kela boshlaganini koʻrsatadi.

3-rasm. Moniy inonch tizimiga tegishli “bitik” – kitoblarni yozayotgan eski turk bitikchilari.

Yuqorida aytib oʻtilganidek, eski turkiy tilning bu bosqichidagi yozma namunalarida “bitig” soʻzi koʻp uchraydi. “Bitig” soʻzi arabchadan oʻzlashgan “kitob” soʻzi bilan teng anglamda boʻlib, VII asr soʻnggi oʻnyilliklari – VIII asr ilk yarmiga tegishli Qutlug‘ Eltarish, Tunyuquq, Bilga xoqon, Kul tegin, Qorabalgʻasun va yana oʻnlab Oʻrxun-Enasoy bitiktoshlarida uchraydi. Ushbu “bitiktosh” – toshkitoblar bugungi kungacha aniqlangan ilk turkiy yozma adabiyotlardir. Turkiy ellarning ilk yozuvi boʻlmish “Oʻrxun-Enasoy bitiklari” tilida yozilgan qogʻoz yoki teriga bitilgan kitoblar IX–X yuzyilliklarga tegishlidir. Qogʻozga yozilgan eski turkiy kitoblarning ilk oʻrnaklari IX–XIII asrlarda yaratilgan “Irq bitig”, “Oltun yorug‘”, “Kuen-chu kechmishi”, “Sakkiz yukmag”, “Xuastuanivt”, “Qutadgʻu bilig”, “Oʻgʻuznoma” kabi jamiyatning turli masalalariga bagʻishlangan tarixiy va badiiy asarlardir.

Toʻxtam

Eski turk kitobchilik anʼanasining oʻziga xos tomonlaridan biri shuki, oʻrta asrlar, ayniqsa, turk-islom oʻrtamida yozilgan asarlardan farqli oʻlaroq koʻpining nomlanishi turkiy tildaligidir. Yuqorida keltirib oʻtilgan “Irq bitig”, “Oltun yorug‘”, “Sakkiz yukmak” va boshqalar yorqin misol. X yuzyillikdan XX yuzyillikkacha turkiy tilda yaratilgan badiiy, tarixiy, diniy, sayohatnoma asarlarning ayrimlarini hisoblamaganda, bosimi arabcha va forscha nomlangan. Sharqiy Turkistondagi adabiy oʻrtamni aytmaganda, ming yillik vaqt kesimida yozilgan arabcha yozuvli turkiy asarlar orasida Yusuf Xos Hojibning “Qutadgʻu bilig”i va yana bir necha barmoq bilan sanarli asar nomi turkiy tilda, xolos.