Italyan sayohatchisi Xristofor Kolumb Sharqqa (Hindiston va Xitoyga) gʻarb tomondan dengiz yoʻli orqali yetib borish mumkin deb ishongan. Bu gʻoya oʻsha davr uchun xavfli va shubhali edi, okeanlar haqidagi bilimlar cheklangan, sayohat esa juda katta tavakkalchilikni talab qilardi. Shunga qaramay Kolumb oʻz ishonchi va qatʼiyati bilan Ispaniya qirollik hokimiyatini ekspeditsiyani moliyalashtirishga koʻndirdi. 1492-yilda amalga oshirilgan birinchi sayohat natijasida Karib dengizi orollariga yetib bordi. U bu yerlarni Osiyoning bir qismi deb hisoblagan. Aynan shu sayohat Yevropa va Amerika oʻrtasida doimiy aloqaning boshlanishiga sabab boʻldi. Bu esa savdo, migratsiya, madaniy almashinuv bilan birga, kolonializm va mahalliy aholining fojiali taqdiriga ham olib keldi.

Xristofor Kolumb safar davomida al‐Fargʻoniyning meridian 1 gradusi uzunligi 56⅔ milga teng boʻlgan maʼlumotlariga tayanib  ish koʻrgan. Shu tariqa, al-Fargʻoniyga nisbat berilgan “qisqa gradus” (56⅔ mil) aslida qisqa emas, balki meridian gradusining haqiqiy uzunligiga juda yaqin boʻlgan. Kolumb bir gradusning uzunligini 56 2/z italyan milida hisoblayverdi, holbuki italyan mili arab milidan 384 metr qisqa edi. Shunday qilib, bir gradusning uzunligi 22 km kam hisoblandi va Gʻarbiy Yevropa bilan Sharqiy Osiyo qirgʻoqlari orasidagi masofa asliga qaraganda ancha qisqa koʻrindi. Uning tahlillarida arab va italyan millaridan chalkash foydalanish farqli oʻlchamlarni keltirib chiqargandi. Agar arablarning 1 mili 1973 metrga teng deb olsak, meridianning 1 gradusi 111,8 km ga baravar boʻladi. Bu qiymatni zamonaviy oʻlchov birliklariga aylantirganda, Kolumb hisobicha Yer aylanasi 30 185 kilometrga (18 756 milga) teng boʻlgan, bu esa haqiqiy qiymat – 40 010 kilometr (24 861 mil)dan taxminan 25 foizga kamdir. Xato al-Fargʻoniyda emas, balki Kolumbda edi: u arab milining italyan dengiz milidan ancha uzun ekanini bilmagan holda, gradus uzunligi uchun 56⅔ mil qiymatini qabul qildi va ehtimol, avvaldanoq oʻzi ishonib kelgan nazariyani asoslash uchun undan foydalandi. Agar uning birgina shu kichik xatosi boʻlmaganda va haqiqiy masofaning toʻgʻri qiymatlarini aniqlay olganida, balki bunday uzoq safarga otlanishga jurʼati yetmagan boʻlarmidi? Geograf, sharqshunos Nallino Kolumb yoʻlga chiqqan kemalarning kichik oʻlchamda boʻlgani haqida maʼlumot bergan. Bu ham Kolumbning oʻz hisob-kitoblari aniqligiga ishonchi komil boʻlganidan dalolat beradi. Tarixiy metrologiyada har qanday oʻlchov birligi davr va hududda qoʻllanilishiga qarab farq qilishi milga ham aloqador edi. Uning qiymati va qayerda foydalanilganiga Kolumb va italiyalik matematik Toskanelli ahamiyat berishmagan, shu tufayli baʼzi noaniqliklar yuzaga kelgan. Ularning hisoblaridagi xatolik sababi ham shunda edi. Yaʼni, milning qayerda qoʻllanilgani inobatga olinmagan. Xristofor Kolumb hisoblarida rim milini qoʻllagani bois koordinatalar oʻzgarib ketgan. Bu esa har ikki mil qiymatlari orasida oʻrtacha 300-400 m atrofida farqni yuzaga keltirgan. Shu oʻrinda manbalar oʻrganilganda matnda uchragan oʻlchov atamalarining toʻgʻridan toʻgʻri qabul qilinishi yoki tahlillardagi chalkash maʼlumotlar ham shu kabi holatlarni yuzaga keltirgan.

Tarixiy metrologiyada har bir oʻlchov birligi oʻzining uzoq va qiziqarli oʻtmishiga ega. Shu jumladan mil ham. Bu atama koʻhna oʻlchovlardan sanalib, lotin tilida ming qadam maʼnosini anglatgan, Yevropa va Osiyo mamlakatlarida keng muomalada boʻlgan. Qadimda mil qadamlab yoki inson koʻzi bilan chamalab oʻlchangan. Milga asoslangan uzunliklar yoʻl chetida oʻrnatilgan ustun, tosh kabi vositalar orqali belgilangan. Oʻtmishda masofalarni oʻlchab, yoʻl chetiga toshlarni belgi sifatida qoʻyish ilk marotaba sharqda boshlangan. Arablar milni doim aniq bir uzunlik sifatida emas, balki koʻz bilan koʻriladigan eng uzoq masofa sifatida tushunganlari, yoʻl boʻyidagi ustunlar orasidagi masofa ham mil deb atalgani haqida maʼlumot bergan. Yaʼni, mil inson koʻzi bilan koʻra oladigan masofa va bu masofada biror bir jismni farqlash mumkin. Yoʻl boʻyidagi belgili ustunlar taxminan 10 tirsak balandlikda qurilgan. Sharq manbalarida mil toʻrt ming ziro’ (tirsak), baʼzi tadqiqotlarda esa toʻrt ming tuyaning qadamiga teng boʻlgani haqida maʼlumotlar uchragan. Al‐Yaʼqubiyning “Kitab al‐buldan”, Ibn Rustaning “Kitab al-aʼlaq an-nafis”, Idrisiyning “Nuzhat al-mushtaq fi ixtirak al-afoq” kabi manbalarida bu birlik suv va quruqlik masofalarini ifodalashda keng qoʻllanilgan. N.Likoshin “Tarixi Buxoro”ni tarjima qilib, unda uchragan oʻlchovlarga baʼzi izohlarni qoldirgan: “Mil atamasi deganda yoy oʻqining uchib oʻtgan masofasi tushunilgan, boshqa maʼlumotlarda esa inson koʻzi bilan chamalay oladigan uzoqlik keltirilgan. 1 mil farsaxning ⅓ga teng boʻlgan”. Mil bugungi kunda ham AQSH, Angliya kabi davlatlarda amalda boʻlgan birliklardan sanaladi. Hozir 1 mil – 1609 m, 1 dengiz mili esa – 1852 m.ga teng.

Birgina oʻlchov birligining taʼsiri Kolumbning rejalari va maqsadlari oʻzgarishiga sabab boʻlgan. Tarixiy metrologik tadqiqotlarda konversiyaga jiddiy ahamiyat berish lozim. Yaʼni, bir birlik boshqa bir birlikka oʻgirilayotganda davr va hududga eʼtibor qaratilishi lozim.

Nihola NARZULLAYEVA,

OʻzR FA Sharqshunoslik instituti ilmiy xodimi