Xitoy – qadimiy tamaddun oʻchoqlaridan biri, toʻrt ming yildan ziyod tarixga ega oʻlka. Asrlar davomida oʻziga xos madaniy-axloqiy qadriyatlariga ega boʻlgan mamlakat bugungi globallashuv davrida milliy manfaatlarga mos mafkurani shakllantirish borasida izlanmoqda.
Maʼlumki, sobiq Ittifoq tanazzulga yuz tutgach, ixtiyoriy-majburiy tarzda birodarga aylantirilgan sotsialistik davlatlar quramasi ham koʻz yumib-ochguncha parchalanib ketdi. Hurlikka erishgan ittifoqdosh respublikalar kommunistik mafkuradan voz kechib, demokratik jamiyat qurishga bel bogʻladi. Sobiq sotsialistik lager vakillarining bu yoʻldagi urinishlari silliq va ravon kechayotgani yoʻq albatta. Goh yutuq, goh yutqiziqlar bilan davom etmoqda bu jarayon.
Yer yuzidagi sanoqli davlatlar safida Xitoy ham kommunistik mafkuraga sodiq qolmoqni afzal bildi. Chin siyosatchilari shoʻro saltanatining qulashiga birinchi galda uning hayotdan butunlay uzilib dogmaga aylangan mafkurasi sabab boʻlganidan xabardor edi. Shunga koʻra kommunistik tartib hayot talablariga qayta moslashtirilib, bozor islohotlariga keng yoʻl berildi, davlat mafkurasi zamonga moslashuvchan boʻlishiga eʼtibor qaratildi. Aksar qismi qashshoqlikda yashayotgan aholi turmushini oʻnglash, farovonligini oshirish iqtisodiy islohotlarning bosh maqsadi etib belgilandi.
Xitoy azaldan oʻz davlatchiligining dunyoda ustun mavqega ega ekaniga urgʻu berib kelgan. Oʻlkada asrlar davomida hukm surgan dunyoqarashga koʻra, Yer yuzidagi barcha mamlakat va xalqlar imperator – osmonosti tojdoriga boʻysunmogʻi lozim edi. “Oʻzgalarga oʻxshamaslik” tamoyiliga asoslangan siyosiy tafakkur Xitoyning xalqaro maydonda yolgʻizlanishi, taraqqiyotdan ortda qolishiga olib keldi. XIX asrda mamlakatga yevropaliklar kirib kelgach, hukmron dunyoqarashning tagi puch ekani ayon boʻldi. Tarix sahifalariga “Afyun urushlari” sifatida muhrlangan janglarda Buyuk Britaniya qoʻshini uyushtirgan qaqshatqich hamlalar oʻlka allaqachon qoloqlikka yuz tutganini yaqqol isbotladi. Moziyning mustamlakachilik bilan bogʻliq qora sahifalari xitoylik ahli tafakkur uchun achchiq saboq boʻldi. Oʻshandan buyon jamiyat ulkan xatoni takrorlamaslik maqsadida taraqqiyot yoʻlini doimiy tahlil-taftish etib boradi.
Hozir ham Xitoy siyosiy tizimida mafkura taqdirulamal vazifani bajaradi. Taraqqiyot modeli, milliy manfaatlar, davlat ahamiyatiga ega loyihalar mazmun-mohiyati mafkura mezoniga koʻra belgilanadi. Bugungi kunda Xitoy ichki va tashqi siyosati sabab xalqaro maydonda bot-bot tanqid qilinishi sir emas. Mamlakat rahbariyati ana shunday omonsiz raqobat muhitida aholini yagona maqsad yoʻlida jipslashtirishda ham gʻoyaga tayanadi.
Yaqin vaqtlargacha Xitoyda Gʻarbga xos hayot tarziga qiziqish yuqori boʻlib, shaxs erkinligi ayricha qadrlanar edi. Biroq 2013-yilda hokimiyat tepasiga Si Szinpin kelgach, mafkuraviy maydonda ham tub oʻzgarishlar yuz berdi. Davlat yetakchisi “yangi davrda xitoycha xususiyatlarga ega sotsializm” qurish gʻoyasini eʼlon qildi, muxoliflarga nisbatan murosasizlik kuchaydi. Kommunistik partiyada keng qamrovli aksilkorrupsiya tadbirlari oʻtkazilib, yuz minglab aʼzolarga qarshi jinoiy ish ochildi. “Tozalash” tadbiri fuqarolarda “davlat rahbariyati ochiq va adolatli siyosat yuritmoqda”, degan fikrni shakllantirmoq uchun ham kerak edi.
Chin yurti iqtisodiy taraqqiyot borasida ulkan yutuqlarga erishgan boʻlsa-da, demokratiya va shaxs erkinligi bobida eʼtirof qozona olmadi. Shu sabab ham jamiyatda Xitoy madaniyati va anʼanaviy turmush tarzi Gʻarb qadriyatlaridan ustun degan dunyoqarashni shakllantirish zarurati tugʻildi. Aholini “begona qadriyatlar”dan himoya qilish va milliy mafkura tegrasida birlashtirish ustuvor vazifaga aylandi.
Mamlakatda marksizmga asoslangan kommunistik mafkura hanuz yetakchi oʻrin egallaydi. XX asr oʻrtalarida, Xitoy Xalq Respublikasi tashkil etilgan dastlabki davrlarda Karl Marks taʼlimoti xalqni chet el bosqinchilariga qarshi kurashga safarbar etish, urushdan keyin vayrongarchiliklarni bartaraf qilishda oʻziga xos mayoq vazifasini oʻtagan edi. Oʻtgan vaqt mobaynida hukmron mafkura evrilishga uchradi. XXR asoschisi Mao Szedun davrida marksizm qonun-qoidalari jamiyat hayotini toʻliq nazorat qilgan, aholi turmushi butkul siyosiylashtirilgan boʻlsa, keyinchalik “islohotlar meʼmori” Den Syaopin sotsialistik bozor iqtisodiyoti barpo etish dasturini amalga tatbiq etdi.
Xitoyda koʻppartiyaviylikka asoslangan raqobat muhiti yoʻq, monopol mavqedagi kommunistik partiya 100 millionga yaqin aʼzoga ega. Shunday boʻlsa-da, davlat boshqaruv tizimi barqaror faoliyat yuritmoqda. Bu fenomenal holatni Xitoy xalqining asrlar davomida shakllangan hukmdorga sodiqlik va odil boshqaruv xususidagi siyosiy tafakkuri bilan izohlash mumkin.
Marksizm taʼlimoti oʻtgan asrda Xitoyda keskin sinfiy kurashlarga sabab boʻlgan esa, u hozirgi vaqtda jamiyatni birlashtiruvchi bosh gʻoya oʻlaroq qabul qilinadi. Shunga koʻra ijtimoiy adolat va tenglikni taʼminlash, jamiyat turli qatlamlari manfaatlarini inobatga olish, boyliklarni adolatli taqsimlash, muhtoj tabaqani ijtimoiy himoya qilishga katta eʼtibor qaratiladi. Bozor tamoyillari ustuvor boʻlgan, millionlab xususiy kompaniyalar faoliyat yuritayotgan bir vaqtda milliy iqtisodiyotda yetakchi hisoblangan yuzlab gigant korxonalar davlat tasarrufida qolayotir. Hukumat bu holatni “taraqqiyot muayyan guruhlar emas, balki umumxalq manfaatlariga xizmat qilmogʻi lozim” ekani bilan asoslaydi.
Azaldan Osiyo xalqlari madaniyatida jamoa manfaatlarini shaxs manfaatlaridan ustun qoʻyish urf boʻlib kelgan. Inchunin, xitoyliklar hayotida ham ziddiyat va nizolarga berilmaslik, hokimiyat va hukmdorga sadoqat, siyosiy anʼanalarga hurmat ruhi muhim oʻringa ega edi. “Osmonosti oʻlkasi”da adolatli boshqaruv haqidagi qarashlar, Gʻarb siyosiy madaniyatidan farqli ravishda, asosan hukmdorning odob-axloqi va odilligi bilan bogʻliq mazmunni oʻz ichiga oladi.
Har qanday mafkura davr oʻtishi bilan yangi talab-tamoyillarga moslashmogʻi lozim. Xitoyda ham hukmron mafkurani bugungi davr bilan uygʻunlashtirish dolzarb masalaga aylangan.
XXI asr boshida mamlakat mafkura maydonida marksistik qarashlar bilan bir qatorda konfutsiychilik, daosizm kabi anʼanaviy taʼlimotlar ham ommalasha boshladi. Ayniqsa, aholi orasida bir necha ming yillik tarixga ega konfutsiychilikning taʼsiri ortdi. Konfutsiy taʼlimoti hokimiyat legitimligini mustahkamlash, globallashuv jarayonida milliy oʻzlikni saqlash vositasi oʻlaroq qoʻllandi. Lekin konfutsiychilikning Gʻarb madaniyatiga qarshi qoʻyilishi liberalizm bilan bir qatorda marksizm uchun ham kuchli zarba boʻldi. Ushbu taʼlimot tarafdorlarining fikricha, Yevropada shakllangan marksizm-leninizm gʻoyalari mamlakatni toʻliq gʻarblashuvga yetaklaydi, binobarin, zamonaviy muammolarga Gʻarb siyosiy demokratiyasidan farqlanuvchi, “insoniy boshqaruv”ga asoslangan konfutsiylik maqbul yechim boʻla oladi. Kommunistik partiya ishboshilari ham marksizmni isloh etish, taʼbir joiz boʻlsa, xitoylashtirishda Konfutsiy gʻoyalaridan samarali foydalanmoqda.
Xitoyning milliy taraqqiyot bobida oʻt va suv kabi bir-biriga ters tushuncha va gʻoyalar oʻrtasida uygʻunlikni topishga qaratilgan saʼy-harakatlarini teran tadqiq etmoq lozim. Boya qayd etganimizdek, Xitoy rahbariyati sotsialistik davlatlar orasida birinchilardan boʻlib bozor islohotlariga kirishdi, iqtisodiyotda sotsialistik va kapitalistik ishlab chiqarish turlaridan qay biri afzal ekani haqidagi nazariy bahslarni bir chetga surib, koʻproq amaliy ishlar bilan shugʻullandi. Sirasini aytganda, iqtisodiy siyosat Gʻarbga xos taraqqiyot modeli asosida yuritildi. Yillar oʻtib islohotlar oʻz mevasini berdi, ishlab chiqarish bobida misli koʻrilmagan yutuqlarga erishgan Xitoy dunyoning ikkinchi raqamli iqtisodiyotiga aylandi, yuz millionlab insonlar qashshoqlik domidan xalos boʻldi. Qizigʻi, ana shunday sharoitda ham davlat iqtisodiyotda yetakchilik rolini bermay kelmoqda.
Pekin hukumati siyosiy tuzum va gʻoyaviy qarashlariga nisbatan tanqidlarga faol javob berishga intiladi. Masalan, AQSh Davlat departamentining dunyo mamlakatlari boʻyicha yillik hisobotlarida Xitoy inson huquqlari poymol etiladigan avtokratik davlat sifatida baholanadi. Xitoy ham Amerikada inson huquqlari bilan bogʻliq vaziyat haqida javob hisobotlar eʼlon qilib boradi. Pekin rasmiylari fikricha, Qoʻshma Shtatlar inson huquqlari masalasidan boshqa mamlakatlarning obroʻsini toʻkish uchun siyosiy qurol sifatida foydalanadi.
Xitoyda aholini rasmiy mafkuraga zid, xorijiy axborot manbalari tarqatadigan yot gʻoya va zararli axborotdan muhofaza qilish maqsadida internet makonida “Oltin devor” deb nomlangan dastur ishlab chiqilgan. Shu tariqa davlat siyosati va partiya qadriyatlariga gard yuqtiradigan axborotlar yoʻli toʻsiladi. Internet foydalanuvchilari cheklovlar sababli aksariyat hollarda xorijiy axborot manbalaridan foydalana olmaydi. Chet el saytlaridan foydalanish uchun tegishli ruxsatnomaga ega boʻlish talab etiladi.
Ijtimoiy barqarorlikka putur yetkazadigan har qanday maʼlumot jamiyat uchun zararli deb topilishi mumkin. Hozir Xitoyda 50 mingdan ziyod xodim internetdagi maʼlumotlar mazmunini kuzatib boradi.
Albatta, zamonaviy axborot jamiyatida koʻp millionli aholiga bir xil nuqtai nazarni singdirish deyarli imkonsiz ish. Biroq hukmron partiya birinchi navbatda odamlarning asosiy masalalarda u bilan yakdil boʻlishini istaydi.
Xitoyning xalqaro miqyosda qudrati oshib borgani sari uning dunyo mafkura maydonidagi oʻrni borasida turli taxminlar paydo boʻldi. Binobarin, Pekin rasmiylari mamlakat tashqi siyosatida mafkura masalasiga ehtiyotkorlik bilan yondashadi. Dunyoda kommunizmga nisbatan ishonchsizlik, salbiy munosabat ildiz otgan vaziyatda Xitoy tashqi siyosatda muqobil gʻoyalarni koʻrib chiqishga majbur. Sirtdan qaraganda, tashqi siyosat mafkura omilidan yiroq, hukumat iqtisodiy manfaatlarga xizmat qiluvchi kuchli pragmatizmga tayanadi, degan yanglish xulosaga kelish mumkin. Aslida esa Chin oʻlkasi ishboshilari allaqachon tashqi dunyoga moʻljallangan mafkurani shakllantirish taraddudiga tushgan.
Liberalizm va demokratik davlat taʼlimoti “sovuq urush” yakuniga yetgandan to bugungi kungacha dunyo mafkura maydonida asosiy oʻrinni egallab kelayotgan edi. Ammo keyingi yillarda Yaqin Sharqdagi islom fundamentalizmi, Yevropa populizmi, Xitoy anʼanaviy qadriyatlari liberalizmga jiddiy raqobat tugʻdirmoqda. AQShdan keyingi qudratli davlat hisoblangan Xitoy mafkuraviy qadriyatlari hatto liberalizm oʻrnini egallashi haqidagi faraz ham yangramoqda. Mamlakatning barqaror iqtisodiy oʻsishi, xalqaro siyosatdagi faolligi, zamonaviy texnologiyalar sohasida ulkan muvaffaqiyatlarga erishayotgani kabi koʻplab omillar shu kabi bahsli fikrlarga doyalik qilayotgan boʻlsa ajab emas. Qayd etish joizki, liberalizm xalqaro maydonda mushkul davrni boshdan kechirayotgan boʻlsa-da, hali ham eng katta taʼsirga ega global mafkura boʻlib qolmoqda. Hozirda uning kuchli raqobatchisi mavjud emas.
Xitoyning liberalizm oʻrniga muqobil mafkurani taklif qilishiga elita ichida mafkura borasida yagona toʻxtam mavjud emasligi ham toʻsqinlik qiladi. Mamlakat rahbariyati tashqi siyosatning mafkuraviy asoslarini belgilashda “umumiy taqdir hamjamiyati”, “uygʻunlikda rivojlanish” kabi gʻoyalar, iqtisodiy pragmatizm yoki anʼanaviy qadriyatlardan birini tanlashda ikkilanmoqda. Fikrimizcha, iqtisodiy pragmatizm Xitoyning xalqaro taʼsiri kengayishida muhim ahamiyatga ega. Sababi, iqtisodiy oʻsishning real koʻrsatkichlari aksar hollarda mamlakat imijini yaxshilaydi.
Yana bir jihat shuki, ichki hayotda hukmron mavqega ega marksizm tashqi siyosatda taʼsir kuchiga ega emas. Marksistik mafkurada demokratiyaning inkor qilinishi, sinfiy kurash, inqilobning targʻib qilinishi bugun demokratik jamiyat qurishga intilayotgan dunyo mamlakatlari tomonidan qabul qilinmasligi aniq. Buni toʻgʻri tushungan hukumat marksizmdan tashqi siyosat quroli oʻlaroq foydalanmaydi.
Soʻnggi yillarda “Xitoy orzusi”, “xitoycha xususiyatlarga ega yangi davr sotsializmi” kabi istilohlar tez-tez tilga olinmoqda. Xususan, “Xitoy orzusi” zamirida dunyo xalqlarining oʻzaro manfaatli hamkorligini taʼminlash, iqtisodiy barqarorlikka erishish va yuqori turmush sharoitiga ega boʻlish kabi maqsadlar mujassam.
Xalqaro maydonda qudrati tobora oshib borayotgan Xitoy global taʼsirga ega boshqa davlatlar singari gʻoyaviy qadriyatlarini ham dunyoga yoyishni istaydi. Bu borada turli usullardan foydalanilmoqda. “Til strategiyasi” ana shulardan biridir. 2014-yildan Si Szinpin gʻoyalarini xalqaro miqyosda ommalashtirishga kirishildi. Uning “Davlat boshqaruvi toʻgʻrisida” nomli kitobi koʻplab xorijiy tillarga tarjima qilinib, koʻp million adadda nashr etildi. Shuningdek, Konfutsiy institutlari singari madaniy taʼsir markazlari kuchidan ham unumli foydalanilmoqda. Gʻoyaviy taʼsir koʻlamini kengaytirishda “Bir kamar, bir yoʻl” tashabbusi hamda rivojlanayotgan mamlakatlarga kredit berish mexanizmi ham muhim oʻrin tutadi. Xususan, “Bir kamar, bir yoʻl” loyihasining yutuqlarini tasvirlashda “yagona taqdir hamjamiyati” gʻoyasi koʻp tilga olinmoqda. Unga koʻra, dunyo davlatlari birgalikda tinch rivojlanishi va bir yoqadan bosh chiqarib uygʻun dunyoni qurishi kerak.
Xitoydagi mafkuraviy manzara murakkab va oʻziga xos ekanini yana bir karra taʼkidlash oʻrinlidir. Jamiyatda mustahkam qaror topgan tarixiy mafkura va qarashlar milliy manfaat hamda milliy qadriyatlar asosida zamonaviy tushunchalar bilan boyitib boriladi. Bu esa ijtimoiy boʻhronlar, keskin sakrashlardan muhofaza etadi.
Soʻnggi yarim asr mobaynida Xitoy murakkab iqtisodiy va siyosiy yoʻlni bosib oʻtdi. Iqtisodiyoti zaif, kambagʻal davlat dunyoning eng qudratli mamlakatlaridan biriga aylanishida mafkuraviy oʻzgarishlar qay darajada ahamiyat kasb etdi? – bu jiddiy tadqiqotlarga undaydigan masaladir.
Taʼkidlash lozimki, Xitoy mafkurasining negizini tashkil qiluvchi marksizm mamlakat ravnaqida muhim oʻrin tutgan boʻlsa-da, XX asrning 50–60-yillarida millionlab insonlarning yostigʻini quritgan “katta sakrash”, “madaniy inqilob” kabi siyosiy tajribalar ham ayni shu gʻoya taʼsirida amalga oshirilgan edi.
Mafkuraning butun jamiyat hayoti, kundalik turmushning har bir jabhasini nazorat qilishga intilishi salbiy oqibatlarga olib kelishi sir emas. Buni 1978-yilga qadar Xitoyda kuzatilgan holat ham tasdiqlaydi. Oqibatda mamlakat qoloqlik va turgʻunlikka yuz tutdi. Den Syaopin rahbarligida amalga oshirilgan islohotlar natijasida jamiyat erkinlashdi, iqtisodiy siyosat mafkuradan xoli etildi, mahdud davlat dunyoga yuz burdi. Ammo Xitoyda mafkura orqali jamiyat hayotini toʻliq nazorat qilish, uni siyosiylashtirishga intilish yana kuchaymoqda. Oʻn yil avval davlat tepasiga kelgan Si Szinpin Xitoy siyosatida oxirgi vaqtlarda shakllangan anʼanaga chek qoʻyib, Kommunistik partiyaning 2022-yil oktabrdagi syezdida uchinchi marta rahbarlikka saylandi. Bu hodisa mamlakatda soʻz erkinligining, fuqarolar huquqlarining cheklanishiga oid xavotirlarni yuzaga keltirdi. Tahlilchilar fikricha, COVID-19 pandemiyasi bilan bogʻliq cheklovlarga qarshi namoyishlar, ushbu xastalikdan vafot etayotganlar soni oshib borayotgan murakkab bir vaziyatda fuqarolar hayotini butunlay nazorat qilishga urinish aks natija berishi mumkin.
Aksar davlatlarda muvaffaqiyatsizlikka uchragan sotsializm taʼlimoti Xitoyda istisno tariqasida ijobiy natija bergani bu xalqning umumiy maqsad yoʻlida jipslashuvi, mehnatkashligi, qolaversa, hukmron mafkuraning taraqqiyot talablariga koʻra isloh etilgani singari omillar bilan izohlanadi. Sotsializmga asoslangan Xitoy taraqqiyot tajribasi, rivojlanishni vaj qilgan holda, soʻz va matbuot erkinligi, shaxs hurligi kabi qadriyatlarni cheklash mumkin ekan, degan yanglish xulosaga olib kelmasligi kerak.
Avazbek SHERMATOV
“Maʼnaviy hayot” jurnali, 2023-yil 1-son.
“Xitoy: mafkuraviy gʻovlar osha” maqolasi