Urush – inson xotirasida asrlar o‘tsa ham o‘chmaydigan, qalblarda chuqur iz qoldiradigan og‘ir sinov. Bugun u haqda bemalol gapira olamiz, lekin dimog‘ni kuydiradigan porox, o‘q-dorilarning isini, hayot bilan o‘lim o‘rtasida qolgan askarning yuragidagi titroqni faqat o‘sha manzarani o‘z ko‘zi bilan ko‘rganlargina chindan his qiloladi...

 

Ikkinchi jahon urushida qatnashchisi Akmal Akromov 1924-yil 22-dekabrda Toshkent shahrida dunyoga kelgan. 17 yoshida ko‘ngillilar qatorida frontga kelgan, hech qachon tankning quloqni qomatga keltiradigan ovozini eshitmagan o‘spirin uchun juda katta sinov edi urush. Qahramonimiz urushning ilk kunlarida okopda o‘tirganicha, Toshkentning tinch ko‘chalarini, oilasini sog‘inar, ammo tushunardiki, bu yo‘ldan endi qaytish yo‘q. Oldinda faqat burch, faqat mas’uliyat bor. Shu tariqa, 17 yoshli yigitchaning hayotidagi eng dahshatli, biroq eng sharafli yo‘l boshlanadi. U yomg‘irdek yog‘ayotgan o‘qlar ostida tinchlik uchun kurashdi, vazifalarni a’lo darajada bajardi.

 

“Urush haqida birinchi marta eshitganimda qanday sarosimaga tushib qolganim yodimda. Dushmanni osonlikcha taslim qilamiz, deb o‘ylagandim. Ammo g‘alabaga erishish uchun to‘rt yil kerak bo‘ldi. O‘sha vaqtda Toshkentdagi Voroshilov zavodining metall quyish sexida ishlardim. Muhandis-konstruktorlik bo‘yicha o‘qishga kirib, yangi stanoklar yasash haqida orzu qilardim, taqdir esa meni piyoda qo‘shinlari safiga olib borib qo‘shdi”, deya eslaydi Akromov o‘sha yillarini.

 

Stalingraddagi qonli to‘qnashuvlardan so‘ng Akmal Akromovlarning guruhi yangi front yo‘nalishiga ko‘chiriladi. U yerda butunlay boshqa vazifa – hujum jarayonlarida ishtirok etish, muhim strategik punktlarni qo‘lga kiritish va yo‘l-yo‘lakay aholini evakuatsiya qilish aytiladi:

 

“Ko‘rganlarim haqiqiy qirg‘in edi. Qurol ishlatishga o‘rgatilgan, bunga ma’nan tayyor ham edik, ammo u yoqda duch kelganlarimiz… Biz bunaqasiga tayyormasdir. Tinmay sodir bo‘layotgan portlashlar, sal avval hazil-mutoyiba qilgan safdoshlaring yoningda jonsiz yotishi… O‘shanda halok bo‘lgan yigitlarning sanog‘i yo‘q edi”.

 

 

Shunday og‘ir janglarning birida uning 20 dan ortiq safdoshi halok bo‘ladi, Havodan qilingan hujumda yaralangan Akramov esa harbiy kasalxonada o‘ziga keladi:

 

- Stalingrad uchun jang juda qiyin kechgan. Son-sanoqsiz hujumlarni boshdan o‘tkazganman. Shu bois jimjitlikni yoqtirmayman. Chunki, hamisha shunday bo‘lgan – avvaliga qatorasiga bomba tashlanadi, so‘ngra kishini vahimaga soladigan, yolg‘ondakam tinchlik bo‘ladi. Lekin bu bombardimonlar tugadi, degani emas. Oradan ma’lum vaqt o‘tgach, osmonda yana qiruvchilar paydo bo‘ladi, o‘q ovozlari qayta tiklanadi. Biz esa okoplarda o‘tirgan holda bu galgi bombardimonlar nima bilan tugashi, tirik qolamizmi-yo‘q, shu haqda o‘ylaymiz. Ko‘pincha faqat musiqa yordamga kelardi, bolaligimdan kuy-qo‘shiqqa mehrim boshqacha bo‘lgan. Qo‘rqinchli holatdan chiqish, umidsizlikka tushmaslik uchun dimog‘imda qaysidir qo‘shiqni ming‘irlardim – baland kuylash man etilgan edi.

 

“Siz tasavvur ham qilolmaysiz, yarim kechasi omonat qayiqda tizzagacha suvga botib daryo kechish nimaligini. Yoningizda kimdir olgan jarohatlar azobiga chidolmay baqiradi, kimdir suvga sakraydi, siz esa bunday qilolmaysiz, chunki qurolingiz nam tortadi”, deydi u. – Vaqt har narsaning davosi, deyishadi. Bu – yolg‘on. Urushda ko‘rganlarimizni hech qachon unutmayman. Qonli jang, yoningizdagilarning birin-ketin halok bo‘lishi; vaqt o‘tishi bilan kelajak haqida o‘ylashni unutasiz, faqatgina bu jangdan qanday qilib tirik qolish, keyingisidan omon chiqish haqidagi fikr miyangizda charx uradi”, – deydi Akromov.

 

Yaralangandan keyin kimdir tinch hayotga qaytadi, kimdir kasbini almashtiradi, ammo qahramonimiz xizmatni davom ettiradi. Nihoyat, 1945-yil urush tugaydi. Ammo jangdan qaytgan har bir askar g‘alaba – urush yakuni, og‘riqli xotiralar o‘chib ketishi, deganimasligini yaxshi bilardi:

 

- O‘sha la’nati urush hali ham tushlarimga kiradi. Televizorda jang filmlarini ko‘rsam, butun vujudim titraydi. Kinoda aktyorlar rol ijro etadi, men esa ularning barchasini o‘z ko‘zim bilan ko‘rganman. Hujumga o‘tgan paytingda mard bo‘lishing, diqqatni jamlashing kerak: yoki seni o‘ldirishadi yoki sen dushmanni yo‘q qilishing kerak… Urushni unutib bo‘lmaydi. Bu ulkan fojia. Bu faqat askarlarning emas, balki, ota-onalar, bolalar, aka-uka, opa-singillar, barchaning musibati.

 

Frontdan qaytgan har bir askar kabi u ham birdaniga tinch hayotga moslasha olmaydi. Odamlarga qanchalik kirishib ketmasin, dahshatli urush xotiralari tark etmasdi. Poyezddan tushib, uyiga qaytarkan, atrofdagi sukunat hayratga solardi. Na qichqiriq, na portlashlar bor, faqat oddiy odamlarning tinch hayoti. Unga, eng avval, ana shu sukunat g‘alati tuyuldi, lekin aynan shu osoyishtalikni yurakdan sog‘ingandi.

 

 

Keyinchalik yaxshi lavozimlarda ishladi, deputat bo‘ldi, elning koriga yaradi. Ammo erishgan yutuqlari, sharaflari orasida ham ortda qolgan eng og‘ir xotira – frontga Toshkentdan birgalikda ketgan 16 yigitchadan faqat 6 nafarining uyiga qaytganini unutolmadi. Bu uning umridagi eng qayg‘uli xotira, shu bilan birga, tinchlik va hayotning haqiqiy qimmatini anglatuvchi darsga ham aylangandi. 

 

Mansurbek JABBOROV