Kreativlik bu – chuqurroq qidirish, eʼtiborliroq qarash, xatolarni
toʻgʻrilash, mushuklar bilan suhbatlashish, chuqurlikka
sho‘ngʻish, devorlar ichra oʻtish, quyoshni yoqish,
qumdan qasrlar qurish, kelajakka sayohat qilishdir.
Y.Torrens
Oʻqituvchi faoliyatining maqsadi bu – taʼlim oluvchining har tomonlama: psixik, intellektual, axloqiy va hokazolar taraqqiyotidir. Oliy maktab pedagogikasining oʻziga xosligi shundaki, oʻqituvchidan jamiyatning ijtimoiy vazifalarini shaxsiy qabul qilish, maqsad, burch va aniq xatti-harakatlarni tushunish, talabalarning ehtiyojlarini inobatga olib, belgilangan oʻquv faoliyatini maqsadli tashkillashtirish talab etiladi. Taʼlimdagi samarali oʻzaro-taʼsir modeli negizida yotuvchi bir qancha tamoyillarni ajratib koʻrsatish mumkin.
Kreativlikni rivojlantirish treningi
Taqdim etilayotgan kreativlik treningi katta maktab yoshidagi oʻquvchilarga va kichik bosqich talabalariga moʻljallangan, lekin dasturga ayrim qayta ishlanmalar kiritilsa boshqa yosh toifasidagilar bilan ham oʻtkazish mumkin. Guruhdagi ishtirokchilarning eng optimal soni 8–16 kishi, ayrim holatlarda 25–30 gacha ham boʻlishi mumkin. Dasturdagi asosiy urgʻu quyidagi muammolar yechimiga qaratilgan:
1. Kreativlik tarkibiga kiruvchi xususiyatlarni rivojlantirish: koʻz yugurtirish, egiluvchanlik va tafakkurning oʻziga xosligi, kutilmagan assotsiatsiyalarni qidirib topishga;
2. Hayotiy muammolarni hal qilishda kreativlikdan foydalanish imkonikiyatlarini namoyon etish, shuningdek, shaxsiy va kasbiy maqsadlarga erishishga;
3. Jamoaviy ijodiy ish koʻnikmasini shakllantirishga.
Trening mashqlari 12 mashgʻulotga birlashtirilgan boʻlib, ularning har biri 3 akademik soatga moʻljallangan. Shunday qilib, dasturning umumiy davomiyligi 36 soatni tashkil etadi.
Biroq, unutmaslik lozimki, koʻrsatilgan vaqt nisbiy boʻlib, ishning haqiqiy davomiyligi bir qator omillarga qaram, xususan, guruhdagi ishtirokchilar soniga bogʻliq boʻladi. Koʻpincha, aksariyat mashqlarda vaqt belgilab berilgan boʻlsa-da, ularning umumiy davomiyligi mashqlarni bajarishda aniq bosqichlarga (gʻoyalarni yaratish, chizish, taqdimotni tayyorlash va h.k.) bogʻliq. Koʻrsatilgan vaqt berilgan mashqlar sonidan koʻproq boʻlish ehtimoli yuqori boʻlib, trener uchun mashqlarni tanlash imkoniyati tugʻiladi.
Har bir mashgʻulotni tasniflash qisqa tushuntirishlardan boshlanadi, shundan soʻng uning tarkibiga kiruvchi mashqlar tasvirlanadi. Ular yagona tizim boʻyicha bajarilgan: mashqni oʻtkazish jarayoni, uning psixologik mohiyati, muhokama va ayrim holatlarda bajarish misollarini keltirishdan iborat. Mashgʻulotlar va uning tarkibidagi mashqlarning ketma-ketligi maʼlumotlarni taqdim etishda tizimlilik tamoyiliga, hamda ijtimoiy-psixologik treninglarni tashkil etish qonun-qoidalariga amal qilgan holda tuziladi. Albatta, aynan bunday ketma-ketlik yagona meʼyor emas, malakali trenerlar mashqlar jamlanmasidan “konstruktor” sifatida foydalanib, aniq vazifa va faoliyat talablaridan kelib chiqib, shaxsiy trening dasturlarini ishlab chiqishlari mumkin.
Tanishuv va birlashtiruv
Mashgʻulotning vazifasi: ishtirokchilarni tanishtirish, birlashtirish, kreativlik hamda trening texnologiyalari va ularning rivojlanishining mohiyati haqida umumiy tasavvurlarni yaratish. Qisqa tanishtiruv va 2-3 tanishuv texnikalarini oʻtkazish maqsadga muvofiq. Keyingi mashqlarga oʻtishdan avval 15–20 daqiqa kreativlik, uning tarkibiy qismlari va qanday vaziyatlarda zarur boʻlishi haqida soʻzlab berish lozim. Shuningdek, guruhda ishlash qoidalarini muhokama va qabul qilish kerak:
– Faollik namoyon etish;
– Bir-birini xalal bermasdan tinglash;
– Faqatgina oʻz nomidan gapirish;
– Agar maʼlumot aniq bir insonga taalluqli boʻlsa, bevosita uchunchi shaxsdan foydalanmay gapirish;
– Mashgʻulotdan tashqari trening ishtirokchilari haqida shaxsiy maʼlumotlarni tarqatmaslik va muhokama qilmaslik;
– Mashqlarni bajarish jarayonida tanqiddan qochish, agar tanqid qilish ehtiyoji vujudga kelgan boʻlsa, mashq yakuninida boʻladigan muhokamani kutish;
– Ishtirokchi biron mashqni sababini tushuntirmay bajarishdan bosh tortishga haqqi bor, lekin qatnashmasligini barchaga eshittirishi lozim.
Tanishuv texnikalari
“Ismdan tashqari barchasi”. Ishtirokchilar juftliklarda tanishadilar (2-3 daqiqa, tanishuv shakli ixtiyoriy, undan tashqari har biri oʻz sherigini qolganlarga tanishtiradi. Ismning haqiqiysi aytiladi, qolgan maʼlumotlar ismi boshqa ishtirokchilarning yodida qolishi uchun toʻqib chiqariladi).
“Uch fakt”. Har bir ishtirokchi oʻz ismi va oʻzi haqidagi uchta faktni aytadi. Ulardan biri haqiqiy va ikkitasi yolgʻon. Qolgan ishtirokchilarning vazifasi taqdim etilgan faktlarning qaysi biri rost ekanligini aniqlash (har bir faktning haqiqiy yoki haqiqiy emasligiga ovoz berish taklif etiladi). Soʻngra oʻzini tanishtirgan ishtrokchi haqiqatni oshkor etib: faktlardan qay biri rost ekanligini tan oladi.
“Men bilaman...”. Ishtirokchi koptokchani ushlab gapiradi: “Men (ism-sharifi), men bilaman (biron bir mashhur insonning nomini aytadi)”, undan soʻng koptokni oʻzga ishtirokchiga oshiradi, qabul qilgan ishtirokchi ham oʻzini xuddi shu tartibda tanishtiradi. Undan avvalgi ishtirokchining ismining bosh harfiga mashhur insonning familiyasi bosh harfi boshlanishi lozim. Koptok bir ishtirokchiga ikki marotaba uzatilmaydi. Har bir ishtirokchi oʻzini tanishtirgandan soʻng, koptok uzatilgan ketma-ketlikning teskari yoʻnalishida uzatilib, ishtirokchi uzatmoqchi boʻlgan ishtirokchining ismi aytib oshiriladi.
“Charxpalak” mashqi
Mashqning tasnifi. Ishtirokchilar soni teng ravishda ikki kichik guruhlarga boʻlinadi (agar ishtirokchilar soni toq boʻlsa, guruhlarning biriga olib boruvchi qoʻshiladi). Birinchi kichik guruhga tushgan ishtirokchilar ichki doiraga joylashib, tashqi tomonga yuzlanadi, ikkinchi guruh aʼzolari tashqi doiraga joylashib, birinchi doiraga yuzlanadilar. Shunday qilib, hamma ishtirokchining jufti boʻladi. Soʻng olib boruvchi (trener) muhokama uchun mavzuni taqdim etadi hamda rollarni taqsimlaydi. Masalan, ichki doirada oʻtirganlar passiv rolni (diqqat bilan tinglashadi va yoʻnaltiruvchi savollar berishadi) bersa, tashqi doiradagi ishtirokchilarga – faol (soʻzlab berishadi va berilgan savollarga javob beradilar) rolni taqsimlaydi. Bir yarim daqiqadan soʻng, trenerning yoʻriqnomasiga asosan tashqi doira ichki doiraga nisbatan chapga yoki oʻnga suriladi (yaʼni, juftliklar tarkibi oʻzgaradi). Shuningdek, rollar taqsimotida ham oʻzgarish sodir boʻladi: tinglaganlar soʻzlaydi, soʻzlaganlar sukut saqlaydilar va trener muhokama uchun boshqa mavzu taklif etadi. 2-3 mavzu muhokama qilinadi, ular qoʻyidagicha boʻlishi mumkin:
– mening yutuqlarim;
– mening malaka va koʻnikmalarim;
– men haqimda atrofdagilar ... bilmaydilar.
Mavzular jamlanmasi boshqacha boʻlishi ham mumkin, lekin ular ham shaxsga ijobiy nuqtayi nazardan oʻz-oʻzini kashf etish, ijobiy xislatlari, kuchli tomonlari, qobiliyatlarini koʻrsatishga yoʻnaltirilgan boʻlishi lozim. Ishtirokchining zaif tomonlari va kamchiliklarini muhokama qilish kerak emas.
Mashqning psixologik maʼnosi. Tanishuv, pozitivlik nuqtayi nazaridan oʻz-oʻzini kashf qilish, oʻzining kuchli tomonlarini qidirish va anglash. Mashqda anʼanaviy muloqotda uncha oqlanmaydigan, biroq ijodiy jihatdan oʻz-oʻzini kashf etish uchun ozgina maqtanish imkoni beriladi.
Muhokama. Mashgʻulotdagi muloqot natijasida sherigingiz haqida qanday yangi va hayratlanarli maʼlumotlarga ega boʻldingiz, oʻzingiz haqingizdachi? Qanday rolda oʻzingizni qulay his qildingiz – soʻzlashdami yoki tinglashda? Bu holat nima bilan bogʻliq edi? Kundalik hayotimizda yutuqlarimiz va kuchli tomonlarimiz haqida gapirish urf emas... Nima uchun deb oʻylaysiz? Qaysi holatlarda yutuqlaringiz haqida gapirish tavsiya etilmaydi, qanday psixologik vaziyatlarda aksincha, ozroq maqtanish mumkin?
Xulosa oʻrnida insonning ijodiy salohiyatini rivojlantiruvchi shart-sharoitlarni keltirib oʻtamiz:
– Bilim va malaka bazasini rivojlantirish asosida ijod qila olish imkonini beruvchi axborotlar zahirasini yigʻish va tizimlashtirish, shuningdek, ushbu faoliyat turiga muvofiq keluvchi zaruriy malakalarni takomillashtirish;
– Ijod qilishga undovchi muhitni yaratish. Ushbu muhitning kalit tavsifi – gʻoyalar vujudga kelish bosqichida tanqiddan yiroq boʻlish, muammoni yangi tomondan koʻrishga xalal berayotgan ichki toʻsiqlarni yengishga imkon berish;
– Analogiyalar (taqqoslashlar) qidirish. Vazifaning ijodiy yechimi boshqa muammoli vaziyatlar oʻrtasida umumiy boʻlsa-da, analogiyasi qidirib topilganda, yechim imkoniyatlari sezilarli darajada oʻsadi.
Umida LATIPOVA,
Urganch davlat universiteti
mustaqil izlanuvchisi