Savollarga Oʻzbekiston musulmonlari idorasi fatvo boʻlimi mudiri Gʻulomiddin Xolboyev javob berdi.
– Assalomu alaykum, e-auksion internet sayti orqali har xil turdagi yer, bino va avtomobillar sotuvga qoʻyiladi, unda narxlar oshirib borish usulida boʻladi. Kim yuqori narx taklif qilsa, mulk unga sotiladi. Xullas, mulkni shunday savdo orqali olish joizmi? Biz bunday savdo boshqa bir savdogarning savdosini buzish boʻlib, haromga ketib qolmasmikan degan shubhadamiz. Shunga aniqlik kiritib bersangiz.
– Vaalaykum assalom, agar siz kimoshdi savdosi haqida soʻrayotgan boʻlsangiz, bu savdo shariatimizda joiz.
***
– Kriptovalyuta, bitkoin, vatsmayner, maynerdan topilgan pul halolmi?
– Soʻnggi vaqtlarda “bitkoin” deb ataladigan elektron pullar, yaʼni kriptovalyutalar paydo boʻldi. Ularni dollar, yevro kabi boshqa valyutalar bilan taqqoslash mumkin boʻlsa-da, ular oʻrtasida ayrim farqlar bor. Eng asosiysi, ushbu pullar elektron pul boʻlib, faqat internet tarmogʻidagina aylanadi va haqiqiy vujudga ega emas.
Bitkoinlar orqali tarmoq foydalanuvchilari oʻrtasida moliyaviy muomala, elektron imzolar yuritilib, ushbu muomalani tartibga soluvchilarsiz, toʻgʻridan-toʻgʻri shifrlash orqali amalga oshiriladi. Bunda valyuta bir foydalanuvchining hisobidan boshqa foydalanuvchining hisobiga birdaniga, hech qanday toʻlov xizmatisiz, hatto bank va unga oʻxshash vositachilarsiz oʻtadi.
Bu xizmatlar butun dunyoda mavjud boʻlib, har xil shart va talablardan xoli hamda hech qanday toʻsiqlarga yoʻliqmaydi. Qachon pulga ega boʻlinsa, u elektron hamyonda saqlab qoʻyiladi. Keyin uni turli internet xaridlariga ishlatish mumkin. Dollar, yevro kabi valyutalarga ayirboshlash ham mumkin. Bunda bitkoinga ega boʻlgan foydalanuvchi uni sotib olmoqchi boʻlgan, haqiqiy valyutasi bor boshqa foydalanuvchi bilan bitim tuzadi. Bitim oʻzaro kelishuv asosida tuziladi. Demak, kelishuv narxini foydalanuvchilar belgilaydi. Shuning uchun bitkoinning narxi xuddi haqiqiy valyuta kabi bozorga bogʻliq ravishda oʻzgarib turadi.
Bitkoinning anʼanaviy valyutalardan farqli ravishda oltin yoki kumush kabi qimmatbaho metallardan tayanchi boʻlmaydi. Balki uni foydalanuvchilarning oʻzlari ishlab chiqaradi. “Foydalanuvchi” deganda internet tarmogʻiga ulangan kompyuterga ega boʻlib, bitkoin bilan muomala qilish istagida boʻlgan shaxs tushuniladi. Bu ish kompyuterga maxsus ilova yuklab olingandan soʻng sekin-asta kriptovalyuta chiqarishni (mining) boshlash orqali yoʻlga qoʻyiladi. Ushbu jarayonni ishlatish vositasida foydalanuvchi maʼlum miqdordagi elektron pulga ega boʻladi. Bu pullar unga kompyuteriga oʻrnatilgan ilovaning hisob imkoniyatidan yangi valyuta ishlab chiqarishda foydalana olishi natijasida keladi.
Shunday qilib, har bir foydalanuvchi qoshida muayyan miqdordagi kriptovalyuta tugʻiladi. U foydalanuvchilar oʻrtasida maʼlum algoritm asosida taqsimlanadiki, bunda bozordagi bitkoin valyutalarining umumiy qiymati 21 million bitkoindan ortib ketmasligi kerak. Shuningdek, yuqori ishlab chiqarish quvvatiga ega boʻlgan kompyuter egalariga valyutalardan jihozlarining ishlab chiqarish limitiga mos ravishda koʻproq tegadi.
Bu yoʻl bilan mol orttirish, yaʼni maynerlik ortidan pul topish masalasiga kelsak, “vasilaga (yaʼni bir maqsadga olib boruvchi narsaga) maqsadning hukmi beriladi” degan fiqhiy qoidaga binoan uning hukmi bitkoinni ishlatish hukmidan kelib chiqadi. Bitkoinlar borasidagi hozirgi zamon ulamolarining fikrlariga qaralsa, Misrdagi “Dorul-ifto”ning (fatvo uyining) fikriga koʻra, bitkoin haromdir. Chunki mazkur pul haqiqiy asosga ega boʻlmagan virtual pul boʻlish bilan birga shaxslar va hatto davlatlar miqyosidagi xatarlardan xoli emasdir.
Saudiya Arabistonidagi Hayʼati kiboril-ulamoga (Katta ulamolar hayʼatiga) koʻra ham mazkur valyutalar bilan muomala qilish harom. Chunki islomda harom qilingan qimor va turli xatarga asoslangan oʻyinlardagi aldanish darajasi bitkoin bilan muomala qilishdagi xatardan kam.
Yuqoridagilardan bugungi kunda olimlarimiz tomonidan bitkoin bilan muomala borasida ruxsat yoʻqligi maʼlum boʻlmoqda. Vallohu aʼlam.
* **
– Men ustaman, prorablar ish topib beradi va shu ish topgani uchun maʼlum miqdorda haq olib qoladi. Shu olayotgan puli halolmi?
– Avvaldan ish topib berishi uchun muayyan miqdordagi pulni vaʼda qilish mumkin.
* **
– Men blogerman. “Telegram” kanalimda qimorga oid reklamani berdim va moʻmaygina haq oldim. Lekin halovatim yoʻqoldi, chin dildan tavba qildim, qimorni reklama qilib olgan pulimning hammasini bironta kasalga yoki nogironga berib yubormoqchiman, shu joizmi? Halol ishimga harom pul aralashib qoldi. Endi bundan buyogʻiga topadigan har bir pulim harom hisoblanadimi?
– Dinimizda harom qilingan ishga targʻib qilish – oʻsha ishni amalga oshirish kabi qattiq gunoh sanaladi. Buning ortidan daromad koʻrish ham halol emas. Shunday ekan, siz qilgan ishingizga chin dildan tavba qiling. Qimorga oid reklamalardan topgan daromadlaringizni muhtoj va faqirlarga sadaqa qiling. Shunda inshaalloh, oxiratdagi masʼuliyatdan qutulishingiz umid qilinadi.
***
– Bukmekerlik kompaniyalariga pul tikish qimorga kiradimi?
– Hozirgi kunda garov va qimorga asoslangan juda koʻp kompaniyalar faoliyat yuritadi, ular bukmekerlik kompaniyalari deyiladi. Internet va ijtimoiy tarmoqlarda ayrim kishilar sport oʻyinlari, masalan, futbolda qaysidir jamoaga pul tikib, kimning jamoasi yutsa, oʻsha odam narigi jamoaga tikilgan pullarni olishi bilan bogʻliq oʻyinlar eʼlon qilib boriladi. Bu faoliyatning barchasi qimor hisoblanadi. Boshqacha qilib aytganda, gʻolib magʻlubdan biror narsa oladigan har bir oʻyinga qimor deyiladi.
Islom dinida qimor qattiq qoralangan va gunohi kabira deyilgan.
Alloh taolo “Moida” surasining 90-oyatida bunday marhamat qilgan: “Ey iymon keltirganlar! Albatta, xamr, qimor, butlar va (fol ochadigan) choʻplar iflosdir. Shaytonning ishidir. Bas, undan chetda boʻling. Shoyadki, najot topsangiz”.
Xudo bu oyatda qimorni “ifloslik va shaytonning ishi” deb marhamat qilgan. Aynan shu oyatda xamr ichish va qimor oʻynash kabi gunohlarni butga choʻqinish va folbinga ishonish kabi kufr va shirk sanalgan ulkan maʼnaviy jinoyatlarga tenglashtirgan.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam “Kim oʻz sohibiga “Kel, sen bilan qimor oʻynayman” desa, sadaqa qilsin” degan.
Qimor shu qadar jirkanch ish ekanki, kishi hali oʻynamagan boʻlsa ham, oʻynashni taklif qilishi bilanoq gunohkor boʻlib qolar ekan. Shu bois uning kafforatiga oʻynamoqchi boʻlgan pulini sadaqa qilib yuborish kerak ekan.
Dinimizda insonlar halol mehnat qilib pul topishga buyurilgan. Birovni aldab, xiyonat qilib, muttahamlik bilan uning mulkiga ega boʻlib olish haromdir. Qimor esa aynan shunday yoʻl bilan pul topishdir.
Qimorda yutqazgan taraf yutgan tarafni hech qachon yaxshi koʻrmaydi. Oʻrtada adovat, nafrat, janjal paydo boʻladi. Yutqazgan taraf imkon topildi deguncha yutgan tarafdan pulini qaytarib olishga, buning uchun hatto oʻsha yutgan kimsani oʻldirishgacha borib yetadi. Xullas, qimor sababli insonlar oʻrtasida dushmanlik, bir-birini yomon koʻrish va hatto qotillik yuzaga keladi. Mana shularning oʻziyoq qimorning jamiyatga soladigan xavfi, keltiradigan zarari nechogʻli ayanchli ekanini koʻrsatadi.
Odamlardagi mehnat qilmay, qiynalmay, oson va tez pul topish istagi ularni mana shunday jirkanch ish – qimor oʻynashga, qimorga yoʻnaltirilgan kanallarga aʼzo boʻlishga undaydi.
Qimor oʻynovchi kimsa borib-borib hamma narsasidan judo boʻladi. Kim qimor oʻynab pul yutib olgan boʻlsa, oʻsha yutgan pulini darhol egasiga qaytarib berishi kerak. Agar egasi oʻlib qolgan boʻlsa, uning merosxoʻrlariga beradi. Bordi-yu, merosxoʻrlarni ham topa olmasa, egasining nomidan biror faqirga beradi. Alloh yanada biluvchidir. Vallohu aʼlam.
Damin JUMAQUL tayyorladi.
“Maʼnaviy hayot” jurnali, 2022-yil 3-son.