1. Karaoke – yaponcha soʻz boʻlib, “yakkaxon ijrochi” maʼnosini bildiradi. Biror ashulaning havaskorlar tomonidan tayyor matn va kuy asosida ijro etilishiga karaoke deyiladi.
2. Samosud – “oʻzboshimcha sudlash”, yaʼni jinoyatchining davlat organi emas, odamlar tomonidan jazolanishi.
3. Poverbank – ingliz tilidan soʻzma-soʻz tarjima qilganda “quvvat banki” degan maʼnoni bildiradi. Mobil qurilmalarni quvvatlaydigan qoʻshimcha batareya.
4. Barsetka – italyancha soʻz, “hamyon xalta” degani. Undan asosan erkaklar foydalanadi. Telefon, pul, plastik karta kabilarni olib yurishga qulay buyum.
5. Onlayn – inglizcha soʻz boʻlib, “aloqada” maʼnosida tushuniladi.
6. Kafel – nemischa kachel soʻzidan kelib chiqqan. Yoʻlaklarda, devorlarning poydevorida, oshxona va yuvinish xonalarida yerga yo devorga teriladigan suvshimmas qurilish materiali.
7. “Ariston” – Italiyadagi korporatsiya nomi, keyinchalik brendga aylangan. Xonadonlarda suvni isitib beradigan moslama.
8. Keshbek – inglizcha cashback soʻzidan olingan, “pulni qaytarmoq” maʼnosini bildiradi. Yaʼni, toʻlangan summaning maʼlum qismining isteʼmolchiga qaytarib berilishi.
9. Karving – “kesish, oʻymakorlik” degani. Meva va sabzavotlarni kesib bezak berish sanʼati.
10. Shtrix-kod – strich – “chiziq, yoʻl” hamda lotincha codex – “yupqa yozuv” soʻzlarining birikmasi. Mahsulot va uning ishlab chiqaruvchisi haqida maʼlumot beruvchi grafik belgi.
11. Kuler – inglizcha cooler – “sovutuvchi” va fransuzcha couler – “quymoq” soʻzlaridan kelib chiqqan, kompyuterlarning sovutish tizimidagi shamol haydagich, shuningdek, suvni isitib yoki sovutib, idishga quyib beradigan moslama.
12. Prank – inglizcha “hazil” degani. Blogerlar uyushtiradigan, video tasmasiga yozib olinib, jamoatchilikka tarqatiladigan qora hazillar tushuniladi.
Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Isajon Sulton tavsiya qiladi:
1. Karaoke. Texnologik atamalar boshqa xalqlarga oʻsha texnologiya kashf qilingan tilda tarqaladi. Ushbu soʻz dunyoning barcha oʻlkalarida qanday boʻlsa shunday: “karaoke” shaklida qoʻllanadi. Shunday boʻlsa-da, unga esh soʻz tilimizda bor: joʻr boʻlmoq, joʻrlamoq. Misol uchun “Eshmat joʻr uskunasini yoqdi”, “Toshmat joʻrlov qurilmasidagi yozuvga qarab qoʻshiq aytdi”.
2. Samosud – olomon qilmoq. “Oʻzbek tilining izohli lugʻati”da ham bu soʻzga “Olomon qilmoq – sudsiz-boshqasiz koʻplashib urmoq, urib oʻldirmoq” deb izoh berilgan (“Gap shu, musulmonlar, agar bugun ham bir gap chiqmasa, bizni laqillatganlari uchun uchovining boshiga toʻn yopib, olomon qilamiz. Xudoyberdi Toʻxtaboev, “Yillar va yoʻllar”).
3. Poverbank – bu boradagi eng maqbul soʻz – kuchluq, zamonaviyrogʻini istasak, quvvatlagich koʻrinishida qoʻllasa boʻladi.
4. Barsetka – ha, bu soʻz italyancha “borsetta” soʻzidan kelib qolgan. Oʻzbekchasi yonqopchiq, belqopchiq. Umuman, bunday narsalarni ifodalaydigan soʻzlarga tilimiz ancha boy: toʻrva, xalta, qop, qopchiq, kissa, choʻntak, hamyon...
5. Onlayn – buning eng yaxshi muqobili – davra. Maʼnosi “onlayn”dan koʻra ancha keng. Asli arabcha bu soʻz tilimizda “muttasil aylanib turuvchi zamon” mazmunida keladi. Bizda esa chin oʻzbekona ruhiyatni ifodalashi bilan eʼtiborga loyiq. Masalan: davraga kirmoq, davradan chiqmoq, davra qurmoq, davra aylanmoq.
6. Kafel – koshin. Yana “Sopol yoki chinni koshin toʻshalgan” iborasi “kafel yotqizilgan”dan ancha afzal. Koshinli shift, koshinli tavon, koshinli sahn...
7. “Ariston” – ha, bu bizda argo soʻzga aylanib qolgan. Shunga oʻxshash holat “Tefal”da ham kuzatilgan edi. Hozir “elektr choynak” atamasi bilan teng qoʻllanadi. Buning maʼnosini eng yaxshi ifodalaydigan soʻz isitkich. “Ariston” va “Tefal” hodisasi tadbirkorlarimizga yaxshigina ovoza uchun imkon beradi. Mosroq biron-bir soʻz bilan shunaqa qurilma ishlab chiqarishsa, oʻsha soʻz oʻz-oʻzidan uskuna nomiga aylanib qolgan boʻlardi.
8. Keshbek – qaytiq, qaytqi, qaytim.
9. Karving – kesma bezak.
10. Shtrix-kod – oʻzimizga oʻgirsak “tamgʻa-chiziq”. Lekin kamina buning oʻrniga “paysa”ni tavsiya qilgan boʻlardim. Toʻgʻri, paysa bir vaqtlar mayda chaqa-pulni bildirgan, Pokistonda hozir ham shunday. Biroq eski turk uluslaridan to Chingizxongacha u nishon-yorliq oʻlaroq qoʻllangan boʻlib, kishining kimligini va rutbasini ifodalagan.
11. Kuler – issiq-sovuq suvni quyib beradigan moslamani anglatsa ham aslida “cool” (sovuq) soʻzidan olingan. Elektron qurilmalarni sovutadigan parrakchaniyam “kuler” deyishadi. Agar bu moslama faqat sovutsa edi, nomlash muammosi muzluq soʻzi bilan hal boʻlardi, ammo u suvni isitadi ham. Shu sababli umumiy qilib suvluq soʻzini ishlatsa boʻladi. Agar har bir uskunaga shu tamgʻa yopishtirilib sotilsa, bu soʻz tez ommalashadi. “Ot suvligʻi ham bor-ku” deganday mulohazalar boʻlishi mumkin. Tilimizda turli maʼnolarni bildiradigan soʻzlar anchagina, oʻshalar qatorida yashayveradi.
12. Prank – qarangki, tilimiz bu mazmunni ifodalashda ham boy ekan. Hazrat Navoiy “hazil” soʻzi bilan birga “zarofat” va “mutoyiba” soʻzlarini ham qoʻllagan. Menimcha, prank oʻrniga “hazil” soʻzi mos keladi, yaʼni: hazil video. “Prankda bir oz mazax ham bor-ku” degan eʼtiroz boʻlishi mumkin, bundaylari “mazax video”, yanayam qorarogʻi – “masxara video” deyish mumkin va hokazo.
Filologiya fanlari doktori, professor Durdona Xudoyberganova tavsiya qiladi:
1. Karaoke – ushbu soʻz oʻzbek tilida, xususan, yoshlar nutqida ancha ommalashgan va maʼnosi ham koʻpchilikka tushunarli. Uning ikkita maʼnosi bor: 1) biror qoʻshiqning havaskor tomonidan tayyor matn va kuy asosida ijro etilishi; 2) shunday qoʻshiq turi uchun moslangan qurilma. Bizningcha, birinchi maʼnoni anglatuvchi karaoke soʻzi shu tarzda qolgani maʼqul. Ikkinchi maʼnoda qoʻllanuvchi karaoke soʻzini esa birinchisidan farqlash maqsadida “karaoke qurilmasi” deb nomlash mumkin.
2. Samosud – mazkur soʻz maʼnosini oʻzbekcha “noqonuniy jazo” deb ifodalash mumkin. Chunki samosud qilayotgan shaxs boshqa shaxs ustidan oʻzicha hukm chiqaradi, yaʼni uni ayblanuvchi deb hisoblaydi va uni kuch ishlatib, noqonuniy jazolaydi.
3. Poverbank – oʻzbek tili soʻz yasalishi qolipi asosida hosil qilingan quvvatsaqlagich soʻzini qoʻllash mumkin deb hisoblayman.
4. Barsetkani “yonxalta” deyish mumkin.
5. Onlayn anglatgan maʼnoni “masofali tarzda” birikmasi orqali ifodalasa boʻladi. Qiyoslang: “Majlisda onlayn qatnashdi. Majlisda masofali tarzda qatnashdi”.
6. Kafel – ayni shaklda oʻzbeklar yaxshi tushunadi va koʻp ishlatadi. Uni boshqa soʻz bilan almashtirishga ehtiyoj yoʻq.
7. “Ariston”ni “suvisitgich” soʻzi bilan almashtirish tarafdoriman.
8. Keshbek – uni “xarid chegirmasi” birikmasi bilan ifodalash mumkin.
9. Karving – oʻz holida qolgani maʼqul.
10. Shtrix-kod oʻrniga “grafik maʼlumotnoma” birikmasini taklif qilaman.
11. Kuler – “suvquygich” ham yomon soʻz emas.
12. Prank – bu soʻz ifodalab kelgan hodisa aksar hollarda hazil qilingan odamni stress holatiga tushirib, oʻzaro munosabatlarning buzilishiga, baʼzan ogʻir oqibatlarga ham olib kelishi mumkin. Bu “Hazil – hazilning tagi zil” maqolida ifodalangan vaziyatga oʻxshaydi. “Ogʻir” soʻzining maʼnodoshi hisoblangan “zil” soʻzi bu yerda salbiy oqibatga ishora. Shu mulohazadan kelib chiqqan holda prankni “zil-hazil” juft soʻzi orqali ifodalashni taklif qilaman.
Bayram ALI tayyorladi.
“Maʼnaviy hayot” jurnali, 2024-yil 4-son.
“Eshiklar ochiq, lekin...” maqolasi