Odam bolasi bamisoli gʻisht – kuygan sayin pishib, toblanib boradi.
Oqil inson dunyoga moslashadi, aqlsiz kimsa dunyoni oʻziga moslamoqqa urinadi. Taassufki, taraqqiyot gʻildiragi koʻpincha aqlsizlarga bogʻliq. Biz qush misoli osmonlarda parvoz qilishni uddaladik, baliq kabi suv ostiga shoʻngʻishni oʻzlashtirdik – yer yuzida odamga oʻxshab yashashni oʻrganolmadik, xolos.
Matbuot shunday matohki, velosipeddan yiqilish nima-yu tamaddun halokati nima – unga hech farqi yoʻq.
Bu dunyo ishlamay pul topsam deydigan shovvozlar-u kosasi oqarmasa ham umr boʻyi ter toʻkishga tayyor ovsarlardan iborat.
Qayerda nimani gapirishni oʻrgandingizmi – demak, ulgʻayibsiz; qayerda sukut saqlashni bilib oldingizmi – demak, aqlingiz kiribdi.
Tarixdan olish mumkin boʻlgan yagona saboq shuki, odamzod oʻtmishdan hech qanday xulosa chiqarmaydi.
Unutmang, sotib olish mumkin boʻlgan narsaki bor – qadrsizlanadi.
Ozodlik bu – masʼuliyat. Aksar koʻpchilikning erkinlikdan choʻchishi boisi shu.
Dali-devonagina oʻlimini yaqinlashtirayotgan sanani bayram deb nishonlaydi.
Yolgʻizlikka chidash va undan hatto zavq ola bilish ham jasoratdir.
Odam bolasi shart-sharoitdan yozgʻirgani yozgʻirgan. Yoʻq, izlagan imkon topadi; topolmasa, uni oʻzi yaratadi. Ana shunday insongina bu dunyoda mudom muzaffar!
Ilm-fanning kuni irim-sirimga qolsa, uni xurofotga aylantiradi-qoʻyadi.
Zarbangizga javob qaytarmagan odamdan ehtiyot boʻling: u sizni oʻlaqolsa kechirmaydi, oʻzining kechirilishiga ham qoʻymaydi.
Zamonaviy jamiyat uchun axloqsiz bir faqir ayoldan koʻra eʼtiqodsiz boy xavfliroqdir.
Dardingizni toʻkmoqchimisiz, avval ishonch hosil qiling: “idish”ning tagi teshikmasmikan?
Bugun odamlar chuqurroq oʻylash, mulohaza qilishdan mosuvo, hamma narsaga yengil-yelpi, yuzaki qaraydi. Yurak amriga boʻysunib emas, pulning izi-izmida kun koʻradi.
Nekbin odam orzulariga, badbin odam oʻz boshiga yetadi.
Goʻsht yemasangiz ajalingizdan besh kun burun oʻlasiz, deya menga malomat qilgan doʻxtirlarning bari allaqachon asfalasofilinga ravona boʻlgan-ketgan.
Odam bolasi oʻziga sira aloqasi boʻlmagan ishlarga burun suqib yurishga moyil.
Soxta bilim johillikdan xavfliroq.
Rus tilidan Shohsanam ROʻZIMAT qizi tarjimasi
“Tafakkur” jurnali, 2026-yil 2-son.