Yoshi saksonni qoralagan buvilarimizning ertaklari bizni bolalikning choʻp qoʻgʻirchoqlari-yu loy kulchalari xotirasiga oshno qiladi. Koʻcha changitib, begʻam, betashvish, mazza qilib oʻynab yurgan kezlaringizni eslaysiz. Yana bir marta oʻsha sehrli davrga qaytgingiz keladi. Oʻsha paytlar hozirgidek “Barbi”, “Bonny”, “Sammi”, “Beautiful girl”, “Трансформер”, “Супер робот”, “Batman”, “Spiderman”, “Shrek”, “Ниндзя” kabi oʻzi gapirib-yigʻlaydigan qoʻgʻirchoq, osmon-u falakka parvoz qiladigan vertolyot-u uchoqlar qayerda deysiz? Tuproqdan yasalgan chittakli hushtak, teri-yu qoʻrgʻoshindan yasalgan tepkich, rezin toshotar yoʻldoshimiz edi. Ingalaydigan qoʻgʻirchoq, don choʻqiydigan joʻjacha, yumshoq oʻyinchoqlar orzumiz boʻlgan. Insonning kelajagi va umuman qaysi kasbni tanlashi bolalikdagi oʻyinchoqlariga bogʻliq ekan. Bugun oʻyinchoq doʻkonlarini aylanar ekanmiz, milliy oʻyinchoqlarga deyarli koʻzimiz tushmaydi. Nahotki biz bolalarni boshqa millatlar madaniyati bilan ulgʻaytirayapmiz?
Jurnalimiz mehmoni – jahon bozorida milliy nomdagi “Toybola” oʻyinchoqlari bilan tanilayotgan, Rossiya, Turkiya, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Ozarboyjon, Gurjiston, Moldova, Belarus, Efiopiya, Madagaskar, BAA bozoridan oʻz oʻrnini topgan va tadbirkorlikdagi yutuqlarini milliy qadriyatlarsiz tasavvur etolmaydigan Anvar Abduqayum bilan milliylik, milliy ruhni saqlash mavzusida suhbatlashdik.
“Bola boshdan” degan gap toʻgʻri
Haliyam esimda, toʻrt-besh yoshlar edim chamasi, otam dunyoning yarmini egallab kuchli davlat qurgan Amir Temur va temuriylar saltanati, dunyo ilm-fanida yuksak choʻqqilarni zabt etgan buyuk allomalarimiz haqida gapirib berardi. Hamma gapini tushunmasam ham oʻzbekligim bilan faxrlana boshladim. Oʻsha taʼsir sababidan boʻlsa kerak, ulgʻayganimda oʻzimga uzuk yasatib, unga Amir Temur bayrogʻining suratini tushirtirdim. Millatni sevish, vatanni eʼzozlash bolalikdan boshlanadi. Ish yuzasidan dunyo kezib, koʻp kuzatdim. Turkiya, Yaponiya, Germaniya, Italiya va Janubiy Koreya kabi davlatlarda bolalarga milliy gʻurur tinimsiz singdirib boriladi. Ularga asosan milliy qahramonlar ishtirok etgan multfilm, kinolar koʻrsatiladi. Fikrimcha, yurtimizda ham bolalar ongiga bogʻchadanoq millatining buyukligi, millatparvarlik tuygʻusini chuqurroq singdiradigan vaqt keldi.
Holbuki, bugun bozor peshtaxtalarini nomi ham, oʻzi ham boshqacha oʻyinchoqlar egallab olgan. Milliyligimizni targʻib qiladiganlarini topish mushkul. Nega shunday? Chunki bizda tariximizni yoritadigan kinolar, milliy qahramonlar qatnashgan multfilmlar deyarli yoʻq. Yosh avlodga bularni majburan singdirib boʻlmasligini bilaman. Lekin majburan emas, qiziqtirib milliy gʻururni singdirsa boʻladi-ku!
Buning uchun oʻzlikni anglashga, milliy ruhiyatga koʻproq urgʻu berish kerak. Yoshlar ruhiyatini milliy gʻurur bilan bogʻlab tarbiyalay olsak, xalqimiz oʻzligini anglasa, kimligini, qaydan kelganini, tarixini bilsa milliy gʻurur paydo boʻladi. Tarix kitoblarini koʻproq oʻqitib, kerak boʻlsa, Hollivuddan professional rejissorlarni chaqirib, tarixiy seriallar, kinolar, multfilmlarni shu qadar koʻp va sifatli ishlab chiqishimiz kerakki, bolalar tarix bilan birga oʻssin, qalbi millatiga muhabbat ila toʻlsin, ongida yot informatsiyalarga oʻrin qolmasin.
Jumongni, Tangemni taniysiz-a? Nega biz ularni taniymiz? Chunki koreyslar milliy qahramonlarini jahonga tanita oldi. Hatto 2000-yillarda bozorni Jumongning oʻyinchoq qilichlari bosib ketgan, kichkina bolachalar ham Jumong kabi kuchli boʻlgisi kelar edi. Betmen yo Spaydermenni oling, hanuzgacha shu qahramonlar libosi bozorlarimizda sotiladi, hamon bolalarimizga shu nomdagi oʻyinchoqlar olib beramiz. Nega biz ham milliy qahramonlarimizni bolalarimizga, millatimizga, qolaversa jahonga tanita olmaymiz? Nega bizning qahramonlarimizni dunyo bolalari izlamaydi? Demak, biz ularning qahramonligini koʻrsatib berolmayapmiz, kuchimizni mayda narsalarga sarflayapmiz. Tarixchi, milliy brendimizni jahonga tanitishga intilayotgan bir tadbirkor sifatida oʻzbekni dunyoga tanitadigan buyuk kashfiyotlarimiz, dunyoni titratgan buyuk bobolarimiz haqida sifatli serial, film va multfilmlar yaratishni tavsiya qilaman.
Dunyo va oʻzbeklar
Yaqinda ikki qiziq voqea eshitdim. Indoneziyaning Achex viloyatiga (Sumatra orolida joylashgan) buxorolik savdogarlar borib, oʻzining Achex xonligini tuzgan ekan. Shulardan biri mahalliy qizga uylanib, mahalliy qabilalarni birlashtirib, Achex sultonligini qurgan va ularning avlodlari haligacha bor deyishadi. Koʻpchiligining familiyasi Buxoriy emish.
Keniya, Mali va Nigeriyada ham Buxoro, Samarqand, Andijon, Margʻilondan savdo ishlari bilan borib qolgan tujjorlar umrguzaronlik qilishgan. Hozir ham oʻsha yoqlarda Buxoriy familiyali odamlar bor. Bu ularning buxorolik ekanidan dalolat.
Chunki yurtimiz dunyo savdogarlarini birlashtiradigan nuqta boʻlgan. Ota-bobolarimiz turli tillarni yaxshi bilgan. Tafakkuri kuchli boʻlgan. Tarixdan maʼlumki, Chingizxon ham oʻz elchilarini oʻzbeklardan tanlagan. Chingizxonning Xitoyga, Polshaga, Kiyev Rusiga, hatto Hindiston va Indoneziyaga joʻnatgan elchilari oʻzbek millatidan boʻlgan. Deyarli barcha davlatlarning tarix kitoblari birma-bir varaqlansa, tarixchilarimiz oʻrgansa, ayon boʻladiki, oʻsha davlatlarga albatta oʻzbek savdogari borgan va tijorat qilgan.
Termizga yoʻlingiz tushsa, bir muzey bor, albatta borib koʻring. Shu muzeyda dunyodagi ilk simmetrik va xatosiz yasalgan koʻzalar turibdi. Bunday nodir koʻzalar ilk marta Surxondaryodan topilgan. Ularga termizlik hunarmandlar tamgʻasi bosilgan, asosan moy idish sifatida foydalanilgan. Maʼlumotlarga koʻra, qadimgi rimliklar ushbu koʻzalardan yurtlariga olib ketishgan. Chunki koʻzalar juda sifatli boʻlib, taxlanganda bichimi bir tekis boʻlganidan kemalar shamolda chayqalganda yiqilib yo sinib ketmagan. Bora-bora rimliklar shunday koʻzalarni oʻzlarida ham yasay boshlashgan. Bugun Britaniya, Italiya yoki AQShdagi mashhur muzeylarga borsangiz, Surxonda ishlab chiqarilgan ana shu koʻzalarni koʻrasiz.
Atirsovun ilk marta Buxoroda kashf qilingan, duxoba ham Buxoroda ishlab chiqarilgan. Shoyi, atlas kabi matolarning vatani Margʻilon boʻlsa, Chust pichoqlari, xanjarlari Namanganda paydo boʻlgan. Toshkent oʻzining degrezlari – qozonchi ustalari bilan mashhur boʻlgan.
Shu mavzular Hollivud darajasida kino, bolalarimiz uchun multfilmlar ishlashga arzimaydimi? Menimcha, bu masalalarni doʻppini boshdan olib yaxshilab oʻylab koʻrish kerak.
Pul boʻlsa boʻldimi?
Necha yillardan buyon tadbirkorlik bilan shugʻullanayotgan boʻlsam, bu sohada talay jihatlar meni oʻylantirib qoʻyadi. Biz ishlab chiqargan oʻyinchoqlarimizga Oʻzbekiston ramzlari yoki milliy qahramonlarimiz rasmini tushirmaymiz, aniqrogʻi tushira olmaymiz. Chunki shunday qilsak savdo susayadi. Yurtimizda yillar davomida milliylik targʻiboti yetarlicha boʻlmagani sabab yosh avlod Yevropa, AQSh, Rossiyada tayyorlangan multfilm va kinolarni koʻrib ulgʻaydi, ularning taʼsiriga tushib qoldi. Xuddi shu milliylikdan yiroqlashgan avlod bizning bugungi mijozimiz. Holbuki, hech bir tadbirkor xaridori boʻlmagan mahsulotni ishlab chiqarmaydi. Qarangki, na mijozning va na tadbirkorning yuragi millat deb yonadi, yurtparvarlik, millatparvarlik hissi yoʻq. Millatini oʻylamagan tadbirkorlar esa inson sogʻligʻiga zararli, milliylik yoʻqolishiga taʼsir etuvchi mahsulotlarni ishlab chiqarishi mumkin. Bunday tadbirkorlarga pul boʻlsa boʻldi, boshqa yoʻqotishlar koʻzga koʻrinmaydi.
Lekin oxirgi olti-yetti yilda oʻzgarishlar koʻrinib qoldi. Milliy qahramonlarimiz va qadriyatlarimizga eʼtibor boshlanganday. Oʻzbek xalq ertaklari asosida talay multfilmlar, “Qoʻqon shamoli” badiiy filmi, Jaloliddin Manguberdi haqida serial tayyorlandi.
Bizning yoʻnalishda sifat va mablag‘ bilan bir qatorda chiqarayotgan mahsulotning nomi ham muhim. Baʼzi tadbirkorlar maʼnosini anglamay, tushunarsiz nomlarni koʻchirishadi. Xalqaro nom qoʻyilgan tovar esa talabga javob bermaydi. Masalan “Infiniti”, “Venetto”, “Benedik”, “Marento” “Figinto” kabilar. Koʻpgina tadbirkorlar mashhur chet el nomlarini soxtalashtirib, ichki bozorga moʻljallab sifatsiz mahsulot chiqaradi. Biznesmenlarimiz chet elliklarning yodida qoladigan oʻzbekcha nomlardan foydalanishi kerak. Dunyoda mashhur boʻlishi oson zardoʻzi, atlas, xonatlas, duxoba kabi milliy nomlarimiz boshqa davlat va millatda yoʻq. Axir jahon bozoriga xalqaro nomlar bilan chiqib boʻlmaydi. Odatda doʻkonlariga inglizcha, turkcha nom bergan tanishlarimga oʻzbekcha ismlardan foydalaning deb maslahat beraman. Ular esa haligacha Yevropa, Yaponiya, AQSh, Rossiya, Turkiya bozoridagi brend nomlarini koʻchirib olishadi.
Biznesni boshlaganimda “Toybola” brendi tanlovi oldidan turli qiyinchiliklar boʻlgan. Jamoa bilan uch yuzdan ortiq oʻzbekcha nomni Davlat intellektual mulk agentligiga topshirganmiz. Afsuski, rad etishgan. “Best toys”, “Generation toys” kabi xalqaro nomlar bilan esa dunyo bozoriga chiqib boʻlmasligini allaqachon anglab yetgandim. Chunki inglizcha soʻzlar Angliya yo AQShda patentdan oʻtgan. Mening maqsadim boshqa – yer yuzida “Lego”dan ham mashhurroq darajaga yetadigan oʻzbek oʻyinchoq brendini yaratish. Milliy qadriyatlarimizga uygʻun, qisqa va jarangdor “Toybola” brendini tanladim. Toybola, yaʼni mard, jasur, harakatchan, ziyrak, toychoq bola. Yoki izzati aziz, taxtiravonda oʻtiradigan toʻybola. Xaridorning ham yodida qoladi bu nom. Shu kungacha bir orzum bor edi, Temur bobomizning dubulgʻa-yu qilich-qalqonlarining oʻyinchoq variantini ishlab chiqarish. Bugunga kelib shu loyiha ustida ishlayapmiz, mashhur shaxslarimiz va jahongirlarimiz bilan bogʻliq oʻyinchoqlar ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyamiz.
Barakaning manbai qayerda?
Bugungi kun tadbirkori yelkasida katta masʼuliyat bor. Ayrimlar moʻmay daromad ilinjida oziq-ovqat, kiyim-kechak, xomashyoga sunʼiy vositalarni qoʻllashadi. Afsuski, tovarning sifati, inson sogʻligʻi va hayoti uchun xavfsizligi eʼtibordan chetda qolmoqda. Ishlab chiqargan shu narsalarni ertaga millatdoshlaring kiyadi, isteʼmol qiladi, roʻzgʻorida ishlatadi. Buni vijdon qanday qabul qilishi mumkin? Masalan, biz oʻyinchoq, elektr jihozlari, doskalar ishlab chiqarish jarayonida xaridorga beixtiyor zarar berib qoʻymaslikni oʻylaymiz. Arzon plastmassa chiqindidan tayyorlangan yupqa oʻyinchoq oʻynayotgan bolaning qoʻlini kesib ketishi yoki unda allergiya qoʻzgʻashi mumkin. Natijada butun Oʻzbekiston bolalarining sogʻligʻiga ziyon yetkazamiz, toʻgʻrimi? Shirinlik tayyorlashda shakar oʻrniga arzon kimyoviy moddalar ishlatuvchilar bor. Bu kabi oziq-ovqatlar yillar davomida tanda toʻplanib,insonda davolab boʻlmaydigan kasalliklar paydo qiladi-ku!
Bolalikdan ongga insoniy fazilatlarni oiladagi muhit, multfilmlar, matbuot, badiiy filmlar orqali singdirish kerak. Biz xalqni emas, oʻzimizni aldayotganimizni anglamogʻimiz darkor! Insofli, inson qadriga yetuvchi tadbirkorning savdosida ham baraka boʻladi.
Qachongacha boshqalarni maqtab yuramiz?
Xorij safariga chiqsam, savdo rastalarini aylanib, odamlarning nimalarni koʻproq sotib olishiga qiziqaman. Meni xursand qiladigani – hamma joyda ham milliy brend mahsulotini koʻp olishadi. Chunki ular millatidan, vatanidan faxrlanadi, tadbirkorlariga ishonadi. Bizda esa buning aksi, chet elniki yaxshi degan tushuncha shakllanib qolgan. Endi millatimizni dunyoga tanitish vaqti kelmadimi? Qachongacha begonalarni maqtab yuramiz? Bizda dunyoda yoʻq narsalar bor. Masalan, milliy taomlarimizni dunyoga olib chiqish mumkin. Taom bilan milliylikni tanitish osonroq. Rishtonning spool-u chinni buyumlari, xonatlas-u adras, Chust pichoqlari... Oʻzbekistonni mana shu kichik detallarda ham tanitish mumkin. Buning uchun vatanni sevish, millatni hurmat qilish kifoya deb oʻylayman.
Qolaversa, milliy brend sifatida yaratilgan mahsulotni eksport qilish kerak. Yurtimizdagi har bir tadbirkor eksportni yoʻlga qoʻyishi zarur.
Eksport ham Oʻzbekistonni dunyoga tanitadigan omillardan.
Shu oʻrinda tadbirkorlarimiz va xalqimizga ikki narsani taklif qilmoqchiman.
Hurmatli tadbirkor, qiyinchiliklarga qaramay tadbirkorlik bilan shugʻullanayapsizmi, mahsulotingizga milliy nom qoʻying va albatta sifatiga jiddiy eʼtibor qarating. Shunday sifatli tovar ishlab chiqaringki, yegan, kiygan, foydalangan xaridor yana sizning mahsulotingizni izlab kelsin.
Aziz vatandoshim, sifati aʼlo boʻlmasa ham, lekin yaroqli boʻlsa, oʻzimizda ishlab chiqarilgan mahsulotni oling. Qancha milliy mahsulotlarni olsangiz, ularda talabga yarasha ishlab chiqarish, eksport koʻpayadi va tovarning sifati ortadi. Dunyoda hamma narsa bir-biriga zanjir kabi bogʻlangan. Shu bois sevishni, hurmatni oʻzimizdan boshlaylik.
Suhbatni Guljahon NAMOZOVA oqqa tushirdi.
“Maʼnaviy hayot” jurnali, 2023-yil 1-son.
“Oʻzimizning Toybola” suhbati