Abdushukur joʻra, biz ikki davr mafkurasini koʻrib katta boʻlibmiz. Hisoblab koʻrsam, oʻsha davr ulugʻining yoshidan ham oʻtibmiz. Ulgʻaydik ham. 6-sinfdaligimizda oʻqituvchi seni doskaga chiqarganda bir joʻgʻrofiy nomni xato aytgansan. Sen aʼlochi boʻlganing uchun Hasan domla qaytadan soʻragan:
– Balki shu boshqachadir, oʻylab koʻr?
Sen boʻlsang qisinib-qimtinib boyagi xato atamani takrorlagansan. Shunda domla “toʻrt” baho qoʻymoqchi boʻlganida gʻoz turib:
– Mallim, axir Lenin ham xato qilgan-ku, biz dohiyning oldida kim boʻlibmiz! – degansan.
Domla koʻzlari qisilib kulib yuborgan. “Lenin qachon xato qilgan?” deb soʻramagan ham. Ertangi darsni yaxshilab oʻqib kel, deb oʻrningga oʻtqazgan. Esimda yoʻq, hoynahoy kelgusi darsda mavzuni yaxshi oʻqib kelib “5” olgandirsan. Ammo, baribir Leninning “xato”si nimada ekanini sir tutgansan. Harchand qistasak ham aytmagansan. Shunda koʻpchilik uchun sirli bolaga aylangan eding. Mana, maktabni tugatganimizga ham qirq bir yil oʻtibdi. Tabiiyki, shu davr ichida u savolni qayta soʻrashga biror fursat boʻlmadi. Balki xayolimizdan koʻtarilib ham ketgandir. Ammo, maktabni bitirganimizdan oʻn yil ham oʻtmay Lenin siyosatining naqadar absurd, balki razilona maqsadlarga burkanganini hayotning oʻzi koʻrsatib qoʻydi. Tarix bir-bir titildi. Bolshevizm rahbarining asl basharasi ham ochila bordi. Sen aytganday, Lenin oddiy xato qilgan emas, jallod siyosatini yurgizib Romanovlarni qavm-qarindoshi-yu bolalarigacha qatl qilib, qonli qilichini koʻtarib dunyoda Leninizm degan qattol tuzum oʻrnatdi. Avvalo, boylarning mulkini tortib olib yoʻqsillarga beramiz, degan bahonada kommunistik partiyaning qaddini tikladi. Zoʻravon va hukmron siyosat egasiga aylantirdi. Inqilob qildi, birinchi va ikkinchi jahon urushini boshidan oʻtkazdi. 1937-1938, 1950-yillarda ommaviy qatagʻon uyushtirdi. Undan keyingi yillarda ham mafkuraviy, siyosiy, iqtisodiy zugʻumni kuchaytirsa kuchaytirdiki, aslo susaytirgani yoʻq. 80-yillardagi “paxta ishi”-chi? Minglab halol-u nohalol mahalliy rahbarlar, oddiy paxtakorlar jazoga tortilganini koʻzimiz bilan koʻrib, qulogʻimiz bilan eshitib turdik-ku. Otalarimiz, onalarimiz oh-u figʻoni hali ham oʻchib ketgani yo‘q.
Sen aytgan Leninning “xato”lari shulardir balki. Yoʻq, doʻstim, bularni “xato” deyish kamlik qiladi. Zulm va jaholatga botirgan qattol tuzum bu! Lenin degan “daho” barcha xalqlarni kommunizm bayrogʻini koʻtarib chopgan qizil partiya ostiga birlashtirmoqchi boʻldi. Yillar davomida bunga erishdi ham.
Maktabimizning tarix oʻqituvchisi keyinchalik direktor boʻldi. Yuqori sinf oʻquvchisi Obloqul Pirimov bir kuni direktorni toʻxtatib, dabdurustdan soʻroqqa tutyapti:
– E, bu domla, kommunizm keladigan vaqt boʻldi-ku. Ming toʻqqiz yuz saksoninchi yilda, partiyaning yigirma oltinchi syezdi arafasida kommunizm eʼlon qilinadi, pul yoʻqoladi, hamma teng boʻladi, deb aytgansiz.
Pirimov shu gapni ayta turib, yonidagi yupun bolalarga, yagʻiri chiqib ketgan maktab devori, polsiz zax va loy yeriga, uringan oʻz poyabzali va direktorning koʻp yillik gʻijim kamzuliga koʻzi bilan ishora qiladi. Kuladi, piching qiladi.
Domla aynan saksoninchi yil kommunizm boʻlishi bashoratini aytgani uchun xijolat boʻlish oʻrniga yigitni urishadi. Partiya siyosati bilan “oʻynashayotganlikda” ayblab, urmoqchi ham boʻladi.
Albatta, Pirimov koʻp kitob oʻqigani tufayli ushbu gʻoya absurd ekanini yaxshi bilardi. Umumgʻoyaga qarshi chiqmoq befoyda ekanini ham bilardi. Shu bois direktorning poʻpisasidan choʻchib, hiringlab qochadi…
Parad uyushtirilar, bayroq koʻtarilar, baraban chalinar, paradda Lenin maqtalgan sheʼrlar oʻqilardi. Muhimi, “porloq” kelajakka ishontirilar edi.
Va, oʻylaymanki, ayni oʻsha saksoninchi yillardan boshlab partiyaning lafzsizligi, ojizligi koʻzga tashlana boshladi. Ha, xudosiz jamiyatning nuray boshlashi ayni saksoninchi yillardan boshlangan ekan, endi oʻylasam.
Har qanday qudratli imperiya ham, agar adolat, iymon prinsiplari asosiga qurilmas ekan, kun kelib kunpayakun boʻladi. Uni tiklashga qaratilgan barcha xatti-harakatlar foydasiz boʻlib qolaveradi. Chunki afkor ommaning ushbu jamiyatni tiklashga boʻlgan qiziqishi soʻnadi. Kishilarning ongi oʻzgaradi, ularni eskicha boshqarib boʻlmay qoladi, zulm, tajovuzkorlik ham ish bermaydi.
Jamiyatga mafkura kerak.
Biz mustaqillikning istiqlol mafkurasini yaratishga majburmiz. Bu shunday mafkura boʻlsinki, odamlar ertangi kuni farovon, nurli boʻlishiga ishonsin. Oʻgʻil-qizning olgan qatra ilmi ertaning mustahkam poydevoriga qoʻygan bir gʻisht ekaniga, boshqa yoʻl yoʻqligiga butunlay iqror boʻlsin.
Masalan, mening ongimda bir shior doim jaranglaydi: “Ilm, ilm, ilm!”
Biz ilm olishni qadrlash bosqichiga endi oʻtyapmiz. Juda sekin, juda qiyinchilik, juda koʻp noqisliklar bilan.
Bundan oʻttiz yil oldin eng katta islohot maktabdan, oʻqish sifatini yaxshilashdan boshlanganida nima boʻlardi? Bugunga kelib qanday natijalarga erishardik? Tasavvur qiling axir! Ilmga yetarlicha eʼtibor qaratilganida salohiyatli olimlar xorijga ketmas edi. Maktabni, ayni shahar maktablarini bilimli erkak oʻqituvchilar yoppasiga tashlab, tirikchilik tashvishiga tushib qolmas edi.
Biz ilm nufuzi va salohiyatini oʻz qoʻlimiz bilan yoʻqotib yubordik.
Endi uning oʻrni qachon toʻladi?
Bundan 14-15 yil burun “Yoshlar” telekanalida matematika-fizika fanlari doktori, professor Faxriddin Badalov haqida koʻrsatuv boʻladi. Muallifi – shoir Eshqobil Shukur. Koʻrsatuvning birinchi qismi efirga ketadi. Ikkinchi qismi taqa-taq toʻxtatiladi. Sababi shuki, Badalov murakkab matematik usulda samolyotning havoda qarshilikka uchrash foizini maʼlum miqdorda kamaytirish ixtirosini yaratgani, bunga Amerika ilmiy markazi qiziqish bildirayotganini aytadi.
Xorij qiziqyaptimi, demak, olim ixtirosini sotmoqchi! Xiyonat bu! Yoʻqotish kerak! Tamom, vassalom.
Yana bir forishlik keksa matematik, professor Egamberdi Mustafoyev Rossiyada chiqadigan ilmiy jurnalda chop etilgan maqolasi uchun 20 ming dollar gonarar oladi. Yana Rossiyadagi qaysidir akademiyaga aʼzo qilib, yiliga falon ming dollar gonarar berib turishadi.
Endi oʻylang, Badalov yo Mustafoyevga oʻzbek jamiyati, ilmiy jamoatchiligi eʼtibor qaratganida, ilmiy salohiyatini tan olganida begona odam bilan salom-alik qilarmidi? Yoʻq!
Mana, shunday nufuzli olimlar qadr topyapti. Innovatsion rivojlanish vazirligi tashkil etildi. Oʻnlab xalqaro va mahalliy oliy oʻquv yurtlari ochildi. Ilmiy darajasi bor pedagog va olimlar katta maosh bilan taʼminlanyapti. Bu – zoʻr gap-ku axir!
Endi maktablarimizda oʻqish sifatini oshirish uchun chin saʼy-harakatlar qilmasak boʻlmaydi. Bu maqsad yoʻlida ham jiddiy qadamlar tashlanayotganidan xabardor boʻlib turibmiz. Maktab taʼlimiga eʼtibor erta-indin albatta oʻz samarasini beradi.
Ayni kitobxonlik madaniyatini oshirish borasida keng koʻlamli ishlar boshlanganiga besh yildan oshdi. Mazkur masalada Prezidentimizning uchta qarori chiqdi. Albatta, kitobxonlikka eʼtibor berilayotgani bor gap. Axir, koʻrib turibmiz. Ayni paytda, mazkur loyihalarni astoydil qoʻllagan holda baʼzi mulohaza va takliflarni ham aytishga jazm etdim.
Kitob chop etishni tizimlashtirish lozim. “Oʻzbekiston”, “Oʻqituvchi”, “Sharq”, Gʻafur Gʻulom nomidagi nashriyotlar koʻp nusxali asarlar chop etishga moʻljallangan yirik korxonalar hisoblangani uchun ularni maʼlum maʼnoda davlat tasarrufida ushlashga toʻgʻri keladi. Ilgari shunga oʻxshash muqobil shaklda kitob sotish mexanizmini yoʻlga qoʻyish kerak.
“Gulxan”, “Gʻuncha”, “Tong yulduzi” kabi bolalar nashrlarini davlat dotatsiyasiga oʻtkazmasa boʻlmaydi. Axir ilgari million nusxadan kam boʻlmagan adadda chop etilgan ushbu gazeta va jurnallar tiraji maktab oʻquvchilari soni oshgan sayin tobora pasaymoqda.
Butun dunyoda bolalar nashrlariga imtiyozlar berilgan-ku.
Bu borada Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 27-iyundagi “Ommaviy axborot vositalarini qoʻllab-quvvatlash va jurnalistika sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori muhim oʻrin tutadi. Qarorga muvofiq 2022-yil 1-oktabrdan boshlab bolalar uchun moʻljallangan tele va radiomahsulotlarni ishlab chiqarish va efirga uzatish boʻyicha har yili eng yaxshi oʻttizta loyiha uchun tanlov eʼlon qilinadigan boʻldi. 2026-yil 1-yanvarga qadar jismoniy shaxslar tomonidan “Obuna” yagona elektron platformasi orqali obuna qilingan ijtimoiy-siyosiy, maʼnaviy-maʼrifiy, adabiy-badiiy, huquqiy, ilmiy-ommabop davriy bosma nashrlar hamda bolalar uchun moʻljallangan davriy bosma nashrlar obuna narxining muayyan miqdori Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan obunachilarning bank kartalariga bir oy muddat ichida qaytariladi.
Modomiki, gap kitobxonlik haqida ketarkan, oʻz-oʻzidan tushunarliki, badiiy asarlar koʻzda tutiladi. Bas, “Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati”, “Kitob dunyosi” gazetalari, “Sharq yulduzi”, “Zvezda vostoka”, “Yoshlik”, “Jahon adabiyoti” jurnallari adadini ham koʻtarish kerak. Axir, bugungi kun oʻquvchisi, adabiyotdan dars beradigan oʻqituvchilar zamonaviy adabiyotdan xabardor boʻlib turish uchun mazkur gazeta-jurnallarni yetarlicha oʻqimayotganini qanday tushunish kerak?
Zotan, adabiyotga boʻlgan eʼtibor millat maʼnaviyati bilan chambarchas bogʻliq.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev maʼnaviyatga bogʻliq ishlarni davlat siyosati darajasiga koʻtardi. Mazkur sohalarda boshlangan ulkan ishlarning samaradorligi, natijadorligini taʼminlashda biz ijodkorlar ham koʻmakchi boʻlishimiz darkor.
Abdushukur, joʻra, men ushbu maktub boshida Leninni eslab, aslida mafkura haqida soʻzlamoqchi, sen bilgan haqiqatlarni aytaman deb, biroz oʻtlab ketdim. Buning uchun uzr.
Lekin yangi zamon – yoshlarnikidir. Ular kelajakni maʼrifatli qoʻllarda baland koʻtarishlariga ishonging keladi.
Sir emas, maktabda leninchi boʻlganmiz, tabiiyki, Leninga, Navoiyga, Ibn Sinoga, Ulugʻbekka oʻxshagimiz kelgani ham rost. Zamon, sharoit bizni boshqa manzillarga yoʻliqtirdi. Sen Zarmitan oltin konida shaxtyorsan, Abduolim soliqchi, Boytemir – maktab direktori, pedagog, men esa… koʻrib turibsan, nolimaymiz. Bu kunlarga, bu yoshga yetmaganlar ham bor-ku. Yetkazganiga shukr!
Iye, darvoqe, joʻra, Ibn Sino yoshidan ham oʻtibmiz.
Bizlar… kimlarning ishini qilib yuribmiz?
Qoʻyaver, rizqimizni teryapmiz.
Sobir OʻNAR,
yozuvchi
“Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati” gazetasi,
2022-yil 22-iyul, 25-son.
“Ikki mafkura odamlari” maqolasi