Oyina.uzʼning navbatdagi mehmoni – Fransiyada yashab, oʻz brendiga asos solgan – Navbahor Boudot. Xorazmda tugʻilib oʻsgan qahramonimiz bugungi kunda Lion shahrida oʻz brendini yaratish bilan birga, ishsiz ayollarga til oʻrganish va ish masalalarida yordam berib kelmoqda.  Jahon moda olamiga kirib borayotgan Navbahor Boudot bilan Oʻzbekistondagi xotiralari, Fransiyaga ketish sabablari, “Bahor” brendi muvaffaqiyatlari haqida suhbatlashamiz.  

– Assalomu alaykum, Navbahor opa, suhbatga rozi boʻlganingiz uchun katta rahmat! Avvalo, Fransiyaga ketish hikoyangiz haqida aytib bersangiz. Nima uchun aynan farang yurtini tanladingiz?

– Avvallari qaysi hududdagi maktab qaysi chet tilini oʻrganishi kerakligi yuqoridan belgilab qoʻyilardi. Bizning maktabdagi oʻquvchilarga oʻshanda fransuz tili darslari oʻtila boshlagan. Shunday qilib, keyinchalik hayotim Fransiya bilan bogʻlandi. Bu davlatga kelishimning tarixi juda uzun. Ketma-ket ikki marta universitetga shartnoma asosida kirganimda moliyaviy muammolar sabab oʻqiy olmaganman. Uchinchi yil ham shu hol takrorlangach, onam sabab oʻqishga, mustaqil harakat qilishga kuch topdim. Ammo Toshkentda oʻz oʻrnimni topib ketishim juda qiyin boʻldi. Oddiy oiladan boʻlganim uchunmi yoki tanish-bilish boʻlmagani sababmi, bilmadim. 2007-yili madaniyat almashuv dasturi orqali Fransiyaga ketishga qaror qildim. Menga talabalik maqomi berildi va fransuz oilasi bilan yashay boshladim.

Fransiyaga ilk marta kelganimda moda olamiga kirish rejamda yoʻq edi. Onam tikuvchi boʻlgani bois yaxshigina tajribam bor edi. Toshkentda tikuvchilik boʻyicha ishlaganman, bu hunar menga begona boʻlmagan. Fransiyada esa hunari bor odam och qolmasligiga yana bir karra amin boʻldim. Ilk marta kichkinagina tikuv mashinasi olib, bolalar kiyimlarini tika boshladim, parda tikishda ham oʻzimni sinab koʻrdim. Eng asosiy maqsadim – onamning hunari bilan bir rishta bogʻlash, uni saqlab qolish edi. Fransiyaga kelganimdan toʻrt-besh oy oʻtib tikuvchilik, moda sohasida ishlash ishtiyoqi ortib bordi. Ming afsuski, oʻsha paytlar jahonda iqtisodiy tanazzul boshlangan davrlar edi (2007–2008-yillar). Shu sababli kichikroq hamkorlar bilan ish boshladim. Bu orada turmush oʻrtogʻimni uchratib qoldim va oila qurdik. Endi fransuzlar kabi koʻplab huquqlarni qoʻlga kiritdim. Kichik korxonam shu bilan ishga tushdi. Tajribam boʻlgani bilan qiyinchiliklarga ham uchradim. Sekin-sekin brend yaratish istagi ham paydo boʻldi.

– Jamiyatda oʻrnimni topolmagandek boʻldim dedingiz, Fransiyada maqsadlaringizga qanchalik erishdingiz? Lion jamiyatidagi maqomingiz sizni qoniqtiryaptimi?

– Bilasizmi, Fransiyada erishilgan muvaffaqiyatlar hammasi noldan boshlangan edi. Oʻzbekistondan ketayotganimda uydagi oxirgi sigirni sotib, bilet olgandik. Aeroportdan tushganimda qoʻlimda atigi 200 dollar mablag‘ bor edi.

Siz koʻrib turganingiz – hammasi katta mehnat evaziga amalga oshdi. Bu yerda ham maqsadlarimga ortigʻi bilan erishdim deyolmayman. Chunki tadbirkorlik bilan shugʻullanishni boshlasangiz, yana yangi maqsadlar tugʻilaveradi, jamiyatga koʻproq foydangiz tegishini xohlaysiz. Menimcha, hech bir tadbirkor “Hamma narsaga erishdim”, deyolmaydi. Bu tadbirkorning moddiy jihatdan toʻkisligiga bogʻliq emas. Ishtiyoqiga, yangi marralarni koʻzlashiga borib taqaladi.

– Moda olamiga kirib kelishingiz qanday boʻldi? Oʻzingiz asos solgan “Bahor” brendining yaratilishi, qiyinchiliklar, muvaffaqiyatlar, Fransiyadagi boshqa brendlardan farqli jihatlari haqida gapirib oʻtsangiz.

– Toshkentda oʻqib yurgan paytlarim uygʻur oilasi bilan yashaganman. Esimda, ular bilan lagʻmon choʻzib, Askiya bozoriga olib chiqib sotardik. Oʻshanda ijarachimiz seni Bahor deb atayman degandi… Bu nom keyinchalik brendimga aylandi. Marketing bilan ham bogʻliq jihati ham yoʻq emas. Chunki fransuzlarni unli tovushi bor soʻzlar oʻziga tortadi.

“Bahor”ning fransuz brendlaridan farqiga kelsak. Turmush qurgandan soʻng boshqa bir hududga koʻchib oʻtdik. 42 millat vakili yashaydi bu tumanda. Murakkab sharoitda kun kechirayotgan migrant ayollarni uchratdim, ularning til bilmasdan, ish topolmay qiynalayotganiga guvoh boʻldim. Shunda turmush oʻrtogʻimning tavsiyasi bilan ularga ish topish boʻyicha loyiha boshladim. Bu brendimizning boshqalardan ajralib turadigan jihatlaridan biri deb aytolaman.

2018-yili “Eco Couture” assotsiatsiyasini tashkil etdim va ishsiz migrant ayollarga til va tikuvchilikni oʻrgatishga kirishdim. Bizga bu masalada yordam soʻrab koʻplab ayollar murojaat qiladi.

“Bahor” brendi ham jamiyatdagi insonlarga yordam beradi, ham tabiatni asrashga oʻz hissasini qoʻshadi. Kuzatsangiz, biz ishlab chiqarayotgan mahsulotlar shunchaki kiyim emas. Liboslarda innovatsiya yoʻq. Yaʼni bizda oshiqcha materiallar sarflanmaydi. Odatda, zavod-fabrikalarda ortib qolgan matolarni sotib olamiz, keyin ularni qayta ishlaymiz, oʻz liboslarimizni yaratamiz. Buning boshqa fabrikalar ishiga qaraganda mehnati koʻproq. Lekin asosiy maqsadim iqtisodiy qoniqish emas, inson sifatidagi vazifamni bajarish. Fransiya hukumati loyihamni yaxshi qabul qildi. 2018-yili mamlakatning eng yaxshi olti loyihasidan biri sifatida eʼtirof etildi.

– Bugungi kundagi oʻzbek brendlarini ham kuzatib turasizmi? Sizningcha, oʻzbek dizaynerlari yildan yilga rivojlanib borayotgan dunyo modasi bilan raqobatga tayyormi?

– Kuzatib turaman, lekin biror brend bilan yaqindan tanish emasman, toʻgʻrisi. Menimcha, oʻzbek brendlari ham oʻziga xos qadriyatlari haqida ozgina oʻylab koʻrishi kerak. Shunda dunyo bilan raqobatlashishga tayyor boʻladi. Asosiy maqsad ustida ishlansa, dunyo bozorlari oʻzbek brendlari uchun ochilaveradi. Chunki Yevropa biror brendni tan olishdan avval uning tarixiga va maqsadiga, jamiyatga beradigan foydasiga albatta qaraydi. Yana, bularning barchasi tabiiy boʻlishi kerak, yasama emas. Hech kim birdaniga “Dior” yoki “Chanel” boʻlib qolmaydi.

– Tushunishimiz boʻyicha dizaynerlik bu faqat tashqi koʻrinish va bezaklardan iborat emas demoqchisiz?

– Ha, aynan shunday, libos yaratish – kiyimni yaxshi tikish va unga ikki-uch kilo tosh osish emas. Har bir brend tarixi va maqsadi orqali oʻzini koʻrsatib, tushuntirib berishi kerak. Shunda odamlar sizni chin maʼnoda taniy boshlaydi. Biror mamlakat bozoriga kirish arafasida turibsizmi, oʻsha xalqning madaniyatini oʻrganishingiz kerak. Masalan, Sharq alohida, Gʻarb alohida olam, dizayner oʻz kolleksiyasini shunga moslab yaratishi kerak. Aytmoqchimanki, bir xillikni hamma madaniyat ham qabul qilolmaydi.

– Sizningcha, ayol kim, oʻzbek ayoli boʻlish nimani anglatadi? Fransiyada uning oʻrni qanday? Bugun ayol sifatida qanday ovoz bilan yashayapsiz? Yevropada muvaffaqiyatga erishib kelayotgan oʻzbek ayolining kechinmalariga quloq tutsak…

– Avvalo, ayolligimdan faxrlanaman! Lekin xotin-qizlarga hech qachon hech qayerda oson boʻlmagan. Uning kuchi esa ichki ruhiy quvvatiga bogʻliq, xoh Oʻzbekistonda boʻlsin, xoh Fransiyada. Hozirda men yashayotgan davlatda ham ayollarga koʻplab imtiyozlar yaratilmoqda, ayniqsa, xotin-qizlar tadbirkorligiga eʼtibor katta. Moliyaviy yordam berish, qoʻllab-quvvatlash takliflari tez-tez uchrab turadi va, albatta, birin-ketin amalga oshiriladi.

Bilasizmi, biz ayol boʻlib yaratilganmiz va shunday qolamiz. Bu degani past darajadamiz degani emas. Agar har bir jinsdoshimiz jamiyatda oʻz oʻrnini topsa, gender tengligiga oʻxshash gaplar, bu mavzu tegrasida tortishuvlar kamayadi. Aksariyat dizaynerlar ayollar bilan bejiz ishlamaydi. Atrofga qarasangiz, yaratilayotgan liboslarning qahramonlari asosan ayollar. Ular dunyoda goʻzallik timsoli hisoblanadi.

Xullas, qiyinchiliklar oldida oʻzimni ojiz sezib ayolligimdan afsuslanmayman, erkak boʻlsam ish osonroq koʻchardi, demayman. Bugun ayol sifatida shaxsan mening oʻz ovozim bor deb hisoblayman.

– Kelgusidagi rejalaringizni qanday, “Bahor” brendining kelajagini Oʻzbekiston bilan bogʻlaysizmi?

– Nasib boʻlsa, “Bahor” brendi yaqin yillarda Oʻzbekistonda ham faoliyatini boshlaydi.

Zulxumor ORIFJONOVA

suhbatlashdi.