Biror lugʻat yoki manbada bu soʻzning kelib chiqishi haqidagi maʼlumotga duch kelmadim. Shu bois quyida “lochira” soʻzi etimologiyasi boʻyicha oʻz nuqtayi nazarimni bildirmoqchiman. “Oʻzbek tilining izohli lugʻati”da: “lochira – oshirilmagan xamirdan yupqa qilib yoyib, tandirda singga pishirilgan non”, deyilgan (OʻTIL. I T. M.: 1981. 435-bet). Shu kabi oshirilmagan xamirdan tayyorlanadigan boshqa bir yupqa non “lavash” deb ataladi. Lochira haqida gapirishdan oldin dastlab lavash xususida toʻxtalishga toʻgʻri keladi.
Lavash Ozarboyjon, Armaniston, Turkiya, Eron va kavkaz xalqlari oʻrtasida koʻproq mashhur. Baʼzi oʻzbek shevalarida ham lochiraga oʻxshash yupqa non “lavash” deyiladi. Bu soʻz etimologiyasi oʻta bahsli, shumerlardan tortib arab, Yaqin Sharq tillari, fors, arman, shuningdek, turkiy etimologiyaga ega degan qarashlar mavjud.
Turkshunos olim D.Nasilov “Etimologicheskiy slovar tyurkskix yazikov” lugʻati uchun yozgan maqolasida “lavash” qadimgi turkiy yozma yodgorliklar, xususan, Turfon bitiklari va “Qutadgʻu bilig”da uchraydigan “liv aš” birikmasidan hosil boʻlgan, degan fikrni ilgari suradi. “Drevnetyurkskiy slovar”da: “liv aš – yemak, ehson oshi” (“pishcha, jertvennaya pishcha”), deb izohlangan va Turfon bitiklaridan ushbu misol keltirilgan: “liv ašї tuturqan tetir”, maʼnosi: “(uning) xayr-ehson uchun tortgan taomi – guruch (tuturqan)dir” (DTS. M.: 1969. 333-bet).
“Qutadgʻu bilig”ning 1971 yil “Fan” nashriyotida chop etilgan nashrida “liv aš” – “levәsh” tarzida qoʻshib yozilgan, shu bois hozirgi “lavash”ga shaklan juda oʻxshab ketadi (QB. T.: “Fan”, 1971. 413-bet):
“Qapugʻda chıqarsa LEVӘSH tergini”.
Ushbu satrda: “qapug‘” – eshik, beg dargohi; “levәsh” – yemak-taom, noz-neʼmat; “tergi” – dasturxon. Misra mazmuni: “(qapugʻbashlar, yaʼni beg dargohi boshqaruvchisi) turli NOZ-NEʼMATLAR, dasturxonlarni chiqarganda...”
Yana bir misra:
“LEVӘSH tergi kirsә kөrү ıðsa kөz”.
Mazmuni: “NEʼMATLAR va dasturxon kiritilganda (qapugʻbashlar) kuzatib koʻz yugurtirsa”.
“Qutadgʻu bilig”da boshqa oʻrinda “lev” soʻzining oʻzi alohida ham qoʻllanib, “neʼmat, neʼmat toʻla dasturxon” maʼnosini bildirib kelgan:
“Ilindә tug‘ı, kөr, tөrindә LEVi”.
Mazmuni: “(beglarning shuhratini ikki narsa koʻtaradi: dargohi) oldida tikilgan tugʻi va, koʻrgin, uyi toʻrida toʻshalgan NEʼMAT TOʻLA DASTURXONI”. Ushbu oʻrinda “lev” deganda beglarning oʻz tobelari, xalqi uchun yozadigan neʼmat toʻla dasturxoni, xayr-ehsoni koʻzda tutilmoqda.
Qadimgi turkiyda “l” tovushi bilan boshlanuvchi soʻzlar, odatda, boshqa tillardan oʻzlashgan hisoblanadi. Turfon bitiklari ham, “Qutadgʻu bilig” ham Sharqiy Turkistonga oid manbalar, bu bois angliyalik turkshunos olim Jerard Kloson “lev” xitoycha “don” maʼnosidagi “li” soʻzidan, degan fikrga kelgan. “Drevnetyurkskiy slovar”da “liv” soʻzi – “yemak, ovqat” deb alohida ham izohlanib, qavs ichida uning manbayi sifatida arabcha لَيْفُ keltirilgan.
“Lavash”ning etimologiyasini forscha deb hisoblovchilar ham uning ikki soʻz: “lab” va “ash” (“osh”)ning birikuvidan hosil boʻlganini taʼkidlashadi. Ularga koʻra, fors tilida “lab”ning ilgari “yupqa”, “tekis” degan maʼnolari ham boʻlgan. Shuningdek, fors tilida “lab” soʻzi ortidan qoʻshimcha qoʻshilganda baʼzan “b” tovushi “v”ga aylanishi mumkin.
Arman tilchilari esa “lavash” soʻzi etimologiyasi mutlaqo armancha, lavash arman xalqining milliy taomi deb daʼvo qilishadi. 2014 yili UNESCOning Parijda boʻlib oʻtgan yigʻilishida lavash arman xalqi milliy taomi sifatida roʻyxatga olinadi. Tashkilotning 2016 yili Addis-Abebada boʻlib oʻtgan yigʻilishida esa Ozarboyjon, Eron, Turkiya, Qozogʻiston va Qirgʻiziston talabi bilan lavash faqat armanlarga oid emas, balki mintaqaviy, boshqa xalqlarga ham tegishli qadriyat ekani qayd etilib, lavash bilan birga qatirma, jupqa, yufqa (yaʼni, bizdagi yupqa) ham roʻyxatga kiritiladi.
Arman tilchilari “lavash” soʻzi oʻrta asrlarga oid armancha matnlarda ham uchrashini yozadi. Ularga koʻra, “lavash” qadimgi arman tilidagi “yassi” maʼnosidagi “law” soʻzidan yasalgan. Eronda lavash “noni armaniy” deb atalishini yana bir dalil oʻlaroq keltiradilar. Ammo bu daʼvoni kuchsizroq hisoblovchi boshqa arman tilchilari “lavash” soʻzi etimologiyasini biroz chuqurroqdan, oʻrta fors tili, qadimgi hind-ovroʻpo tillaridan qidiradi.
“Etimologicheskiy slovar russkogo yazika” lugʻati muallifi Maks Fasmer rus tilidagi “levash”ning manbayi turkiy soʻz deb eʼtirof etgan. Osetin va boshqa kavkaz xalqlari lugʻatlarida ham “lavash” soʻzi turkiydan oʻzlashgani qayd qilingan.
Fors tilida “lavash” soʻzi XIII asr mutafakkir shoirlari: Jaloliddin Rumiy, Nizoriy Birjandiy va Yahyo Koshiy asarlarida “lavosh” (لواش), “qursi lavosh” (قرصِ لواش) tarzida uchraydi (ESTY. VII. M.: 1974. 6-bet).
“Lavash” soʻzi aslida oʻzbek tili uchun ham begona emas, “Oʻzbek xalq shevalari lugʻati”da Xorazmda qoʻllanilishi aytilib, “lavash – churrak non” deb izohlangan (OʻXShL. T.: 1971. 167-bet). Ammo Oʻzbekistonning boshqa hududlarida lavash kabi oshirilmagan xamirdan yupqa qilib tandirda pishiriladigan non “lochira” deyiladi. Toʻgʻri, hozir shu nomdagi non joylarda shaklan oʻzgarib ketgan, ammo lochira aslida lavash singari yupqa nondir. Lochira bu – lavashning deyarli muqobili, lekin negadir shu paytgacha “lavash” soʻzini tadqiq etishda “lochira” jalb etilmagan.
Guvohi boʻldikki, “lavash” yuqorida keltirilgan barcha talqinlarda ikki qism: “lav” (liv, لَيْفُ, لو, lab, law) va “-ash” (-osh, -š) dan iborat soʻz birikmasi sifatida tadqiq etilgan. Ularning eng qadimiysi – “liv aš” esa qadimgi turkiy obidalar: Turfon bitiklari va “Qutadgʻu bilig”da uchraydi. Bizningcha, “lochira” ham “lavash” singari “lo” (“lav”, لو) va “churak” soʻzlaridan yasalgan. Agar kimdadir nega unda “lav-churak” emas, “lo-chira” degan savol tugʻilsa, buni oʻzbek tilining turkiy tillar ichida yagona “o”lovchi til ekani bilan tushuntirish mumkin (lav+churak → lo+churay→ lochira).
“Choʻrak” soʻzi “Devonu lugʻotit-turk”da ikki oʻrinda uchraydi, bir oʻrinda: “choʻräk – kulcha”, deb (DLT. I T. “Fan”, 1960. 369-bet); boshqa oʻrinda “choʻräklädi” feʼliga: “ol unug‘ choʻräklädi – u unni churakladi, yaʼni u xamirdan churak kulcha (lochira) yasadi”, deb izoh berilgan (DLT. III T. “Fan”, 1963. 353-bet). Baʼzi shevalarda “churak” soʻzi talaffuzida yoki egalik qoʻshimchasi olganda “churay”, “churayi” shaklida “k” tovushi “y”ga aylanadi. Afsuski, hozirda “churak” oʻzbek tilida isteʼmoldan chiqib ketmoqda, ozarboyjon qardoshlarimiz esa “çörək”ni ruscha “bulochka” maʼnosida qoʻllashadi.
“Lav+ash” va “lo+chira” soʻzlari boshidagi “lav-” (“lo-”), bizningcha, forsiy etimologiyaga ega “yupqa” maʼnosidagi soʻz boʻlishi ehtimoli yuqori. Shunda bu nomlar “yupqa yemak” (“lav-ash”), “yupqa non” (“lav-churak”) kabi mantiqiy maʼnolarga ega boʻladi. Lochira armanlarning daʼvosini ham puchga chiqarishi mumkin, chunki armancha soʻzning bizgacha yetib kelishidan koʻra asrlar davomida fors va turk tillari taʼsirida boʻlgan arman tiliga bu soʻzning bizdan oʻtgan boʻlishi haqiqatga yaqinroq.
Abduvohid HAYIT