Adabiyotshunos olim Maqsud Asadov mutolaa qiladi
Adabiyot tuproq ustida emas, balki vaqtning bilqillama qumloqlari uzra iz qoldiradi. Qochoqni shu izlarga qarab topmogʻi kerak boʻlgan izquvarga rahmim keladi.
Jon Golsuorsi
Haqiqatning qiyofasini chizish uchun hamisha ham oq rangdan foydalanib boʻlmaydi: u oppoq qogʻozda koʻzga yorqin tashlanmasligi tayin. Turfa ranglar jilosi hayotning xilma-xil manzaralarini jonli gavdalantirishga imkon berishi bilan birga, kishini tiriklik mohiyati haqida teran mushohada yuritishga undaydi.
Hayotning asl muammosi kim yoki nima? Shubhasiz, inson! Uning ruhiy dunyosini batamom ochish imkondan xorij bir ishdir. Inson yaralishining ibtidosidayoq ixtilof yuz bergan. Shu bois tiriklik dunyosida ezgulik va yovuzlik oʻrtasidagi kurash bir lahza boʻlsin toʻxtamaydi. Haqiqiy janggoh – ruhiyatda. Jinoyat – nafs amri, jazo esa Haq hukmidir. Aslida, jinoyatning ildizi qayerda va jazo qachondan kuchga kirgan oʻzi? Odam Ato jannatdan quvgʻin qilinganidanmi? Yoki Qobil oʻz birodari Hobilning qotiliga aylangan kundanmi? Firʼavnning borliqqa hukmdori mutlaq boʻlmoq daʼvosidandir balki? Qorunning xasis-u ochkoʻzligidanmikan yoki?.. Keling, soʻz sanʼati namunalari misolida shular haqda gaplashamiz.
Iqror va najot
Fyodor Dostoyevskiy. Jinoyat va jazo. Toshkent, 2022.
Mashhur psixolog Zigmund Freydning yozishicha, Fyodor Dostoyevskiyning serqirra shaxsiyatiga toʻrt jihatdan yondashish lozim: yozuvchi, ruhiy xasta, yuksak tafakkur sohibi va gunohkor banda. Bu hayratomuz jumboqning yechimini “Jinoyat va jazo” romanidan – Rodion Raskolnikovning tabiatidan izlab koʻraylik. Raskolnikov!.. Butun borliq, butun jamiyat uni jinoyat botqogʻiga tortib ketadi goʻyo. Bu nochor, telbavash, odamovi yigit oʻz-oʻzi bilan uzoq ruhiy mubohasalardan soʻng qotillikka qoʻl uradi. Muqaddimadayoq uning kiyinishidan tortib yurish-turishigacha, oʻy-xayollari-yu orzu-istaklarigacha – bari-barisi allaqanday mudhish, tahlikali voqeaga ishora etadi: “U shunchalar nochor kiyingan ediki, hatto uvada-suvada engil-boshiga oʻrganib, koʻzi qotib ketgan odam ham kuppa-kunduzi bu ahvolda koʻchaga chiqqani uyalgan boʻlar edi”. Ana shunday tasvirlarga kengroq oʻrin bergani sabablimi, “axloqiy masalalarda Dostoyevskiy juda noʻnoq” degan xulosaga keladi Freyd.
Qahramonini ogʻriqlar olamida, qiynoqlar koʻlankasida, iztiroblar iskanjasida voyaga yetkazgan adib jamiyatning umumiy estetik qonuniyatlariga boʻysunishni ham istamaydi: Raskolnikovga nisbatan yanada shafqatsiz munosabatda boʻladi. “U yuragini hovuchlagan, titrab-qaltiragan holda bahaybat bir binoning oldiga keldi...”. Uning yurak hovuchlamagan, titrab-qaqshamagan – ruhi halovat topgan biror lahza bormi oʻzi romanda? Yoʻq! Insoniyatning barcha alam-anduhlarini qalbiga singdirgan, har qanday sitamga bardosh berish umidi ila yashamoqqa mahkum bu yigit qissasi Iso Masihni yodga soladi. Uning yuragini tirnab yotgan gaplar Semyon Marmeladov tilidan yuzaga chiqadi: “Biroq, ey hakam, mixla va mixlab turib unga rahming kelsin!” Bu savdoyi va aksar hollarda shirakayf yuradigan odamning atrofdagilar – qovoqxonadagilarni ruhan uygʻoqlikka chorlab aytganlari, aslida, oʻz hayotiga berilgan qisqa, ammo oʻta qaygʻuli taʼrifdir: “Qaygʻu, qaygʻu izladim men uning tagidan, hasrat va koʻzyoshlar izladim, totindim va topdim”. Evoh... Sharq mumtoz adabiyotidagi botini hurlikka yoʻgʻrilgan rind timsolini eslatib yubordi-ku bu iqrorlar!
“Dostoyevskiy qahramoni – muallif irodasiga boʻysundirilgan obyekt emas, balki subyektdir”, degan edi adabiyotshunos Mixail Baxtin. Chindan, yozuvchi Raskolnikovni kuzatib, uning xatti-harakatlarini tahlil qilayotgan izquvarga oʻxshaydi. U bilan qadam-baqadam, izma-iz yurgandek, bir lahzaga chalgʻisa yoki bir odim ortda qolsa, qahramonini yoʻqotib qoʻyadigandek. Raskolnikov yoʻqchilik ichida yashaydi. Uni toʻxtovsiz oʻrtab, sarson-sargardon qilgan, ich-etini yemirgan bezovta kechinmalarning ildizi avvalo ana shu. “Yoʻqchilik, marhamatli afandim, yoʻqchilik bu – illat, ha, siz kambagʻallikda hali oʻzingizning tugʻma oliyjanob fazilatlaringizni saqlab qolgan boʻlasiz, yoʻqchilikda esa ularni hech qachon va hech kim saqlab qola bilmaydi”, deydi Marmeladov. Dostoyevskiy oʻz qahramonini yaxshi koʻradi, uni oqlashni, barcha gunohlarini kundalik turmushning boʻyniga ilib, Raskolnikovga rahm-shafqat nazari ila boqishni istaydi. Oʻquvchini ham uning gunohini kechirishga, qotillikka uni majbur qilgan ijtimoiy, axloqiy omillarni hisobga olishga undaydi.
Toʻgʻri, “sobiq talaba” Raskolnikov – koʻngli boʻsh, sodda, ruhan siniq yigit. Avval-boshda razillikka qoʻli bormaydi, ammo atrofdagilar, vaqt va sharoit borgan sari ahdini qatʼiylashtiradi. Ijara haqini topolmaslik, sudxoʻr ayolning qaysar-injiq feʼli, nihoyat, muhtojlik yigitning toqatini toq qiladi. Qovoqxonada zobit va talabaning suhbatini (“Men shu laʼnati kampirni oʻldirib, bor-yoʻgʻini olib ketgan boʻlardim, oʻldirganimga achinib, bundan qiynalib ham oʻtirmasdim”) tasodifan eshitib qolgach, oʻz-oʻzi bilan kurashlarga nuqta qoʻyadi. Ehtimol, talaba bu gapni qiziqqonlik yoxud maqtanchoqlik vajidan aytgandir. Biroq bu Raskolnikovga oʻz ishtibohini yengish uchun yetarli edi.
Talaba aytganidek, “Hatto bit, hatto suvarak ham undan avloroq, nega desang, kampir juda zararli maxluq”. Bu, albatta, Dostoyevskiyning munosabati. Adib oʻz jamiyatidagi nafs oʻpqoniga tushgan, odamiylik qiyofasidan yiroq, olgʻir-u tamagir kimsalarni sudxoʻr kampir Alyona Ivanovna timsolida umumlashtiradi. Yozuvchining unga nafrati romanda berilgan portretdan tortib xarakter tavsifigacha yaqqol seziladi. Xullas, hukm Raskolnikov emas, yozuvchi tomonidan oʻqiladi. Raskolnikov uni ijro etadi, xolos. Insof bilan aytganda, yozuvchi – “qotil”, Raskolnikov – “qurbon”! Shu oʻrinda M.Baxtinning obyekt va subyektga oid yuqoridagi mulohazalari bilan bemalol bahslashish mumkin.
Dostoyevskiy balki haqdir, ammo Raskolnikov bir emas, ikki odamni: kampir va uning singlisi – oqkoʻngil, beozorgina Lizavetani ham oʻldirdi-ku! Odamlarning boshiga bolta bilan urayotgan yigitning vahshiy va sovuqqon qiyofasi nigohlarimizga yopirilib kiradi, qoʻrquv, hayajon hissi butun borligʻimizni egallaydi. Yozuvchining ruhiy ustunligi shundaki, qanchalar tuban ishga qoʻl urganiga qaramay, Raskolnikovning ayni choqda qoʻlga tushib qolmasligini ham astoydil istaydi oʻquvchi. Yo Rab! Inson – yaratiqlar ichida eng oliysi. Uning qadr-qimmati, saodat-u iqboli har nedan aziz va ustun. Bu dunyoning bori neʼmatlari inson va uning farogʻati uchundir. Lekin sudxoʻr kampir-chi, u inson emasmidi? Rohat-u halovatga haqli emasmidi? Gap shundaki, odam oʻz mohiyatidan yiroqlashsa, qalbini shaytoniy hoy-u havaslar egallaydi. Oʻzgalar baxtsizligidan – baxt, fojiasidan – tole kutgan manfaatparast kimsalarning halokati esa muqarrar. Bu toifaning qilmishlari insonlik aʼmoliga yotdir. Yozuvchi ana shu haqiqatni kitobxonga, hatto qahramoniga teranroq anglatmoq boʻladi.
Raskolnikovda nohaqlikka qarshi isyon ruhi ustuvor. Singlisiga ogʻiz solgan Pyotr Lujinga “Kambagʻalning qiziga uylangan maʼqul, keyin uning ustidan hukm yuritish oson boʻladi deb aytganingiz rostmi?” deya qilgan qahrli taʼnalari faqat oʻz jigariga qaygʻurishdan aytilmagani ayon. Qabohat uyasiga aylangan jamiyatni tuzatmoq darkor! Yozuvchining aytmoqchi boʻlgani shu. Biroq Arkadiy Svidrigaylovga oʻxshagan odam qiyofasidagi maxluqlar, nokas-u nojinslar bor ekan, jamiyat dardiga davo topish imkonsizdek...
Raskolnikov qalb yarasiga malham qoʻyadigan dardkashga muhtoj ekan, qattol turmushning noravo majburiyatlarini nozik yelkasiga ortgan, shartaki va mehribon Sonya uning hayotiga kirib keladi. Faqat muhabbatgina asliyatingizni yorqin koʻrsatishga qodir! Raskolnikovning “Men faqat hech kimga keragi boʻlmagan, palid, zararli bitni oʻldirdim, xolos” degan soʻzlariga Sonya “Hali odam bit boʻldimi sizga!” deya eʼtiroz bildiradi. Raskolnikov iqror boʻladi: “Men oʻzim ham bilaman bit emasligini...”. Oʻz-oʻziga qarshi borib, goh yengilib, goh zafar qozonib, irodasini tavakkulga boʻysundirgan nochor kishining ojizona tavbasi, aytishga jurʼati va qudrati yetmagan oʻkinchli iqrori bu... Uni jazodan nima qutqarib qoladi? Odamlarga yordam berganiga oid vasiqalarmi? Aybini tan olishni istamay, singlisi Dunya oldida qilgan qaysarligimi? Pushaymonlikni rohat bilib, taqdirdan inoyat kutganimi? Hech nima!
Sharq mumtoz adabiyotida fano maslagi bor. Bu oʻz qusurlarini toʻliq tan olib, ulardan xoli boʻlmoqqa intilishni anglatadi. “Oʻlmasdan burun oʻlmoq”, yaʼni nafs qutqularidan qalbni ozod qilib, ruhoniy hurriyatga noil boʻlish istagi – fanoning qatʼiy shartidir. Unga axloqiy tarbiyaning yuksak kamoloti ila erishiladi. Yoʻq, biz Raskolnikovni foniyvashlar qatoriga sirayam qoʻsha olmaymiz. Ularning mukammal eʼtiqodidan bu yigitda asar ham yoʻq. Ammo ichki bir ovoz, afsus-nadomat iskanjasida oʻzlikka yuz burib, ayb-u gunohiga iqror boʻlgan ezgin yurak nolasi Haqqa, haqiqatga uygʻun boʻladi. Raskolnikovning mana bu taslimiyati esa kitobxonni titroqqa solmay qoʻymaydi: “Men kampirni emas, oʻzimni oʻldirdim!.. Biryoʻla, sira, abadiy bosh koʻtarmaydigan qilib oʻldirdim!..”
Magʻlub boʻlgan... Gʻolib
Teodor Drayzer. Amerika fojiasi. Toshkent, 2018.
Chinakam dahshatning ildizi – hodisalar silsilasida emas, qalbda. Uni tag-tugi bilan sugʻurib olishga inson ojizlik qiladi. Yurakni oʻtkinchi istaklar, dunyoviy mayllardan butkul tozalamoq uchun esa faqat tamkin va itoat emas, yolgʻizlik kerak, hatto oʻzingdan ham ayro yolgʻizlik... Taqdirning tartibli yoʻllarida azal qonuniga boʻysunmagan sarkashga jazo muqarrar. Adoqsiz jinoyatlarning “qoldiq”lari atrofda sochilib yotgan, ijtimoiy tengsizlik haddi aʼlosiga koʻtarilgan, halollig-u toʻgʻrilik, himmat-u samimiyat – nuqson, olgʻirlig-u tovlamachilik, shaxsiyatparastlig-u kiborlik – fazilat sanalgan jamiyatda hamma aybni yakkash Klayd Grifitsga toʻnkamoq axloq tamoyiliga mos keladimi? Hayotning past-u balandiga koʻnikib ulgurmagan yoshgina yigitning gunohlari ulkan va qudratli mamlakatning fojiasi sifatida talqin etilishi insofdanmi?.. Bu behuda achinish hissi aralashgan ovoz faqat kitobxonniki, xolos. Yozuvchining maqsad-muddaosi esa choʻng mushohadaga chorlovchidir. Qorongʻidan tuyqus chiqqan odam quyosh nurlariga tob berolmaydi, unga koʻnikmoq uchun vaqt kerak, lekin u zulmatga ham qayta olmaydi. Klayd shunday oraliqda qolib ketgan ixtiyorsiz yoʻlovchidir.
Yozuvchi Teodor Drayzer kitobxonni voqealarning toʻliq ishtirokchisiga aylantirmaydi. Roviy oʻlaroq hikoya qiladi, rassom kabi jonli manzaralar chizadi, faylasuf boʻlib “fojia”ning sabablarini izohlaydi. Sirasi, adib romanda hamma masʼuliyatni oʻz zimmasiga oladi.
Klayd Grifits – tomosha uchun mudom ermak izlaydigan, oʻzgalarning baxtsizligidan rohat topadigan olomonning zaharxanda kulgisi bois ruhiyati majruh boʻlib ulgʻaygan shaxs. Adib qahramonlari taqdirini oila muhiti bilan bogʻlab talqin qiladi. “Oila boshligʻi boʻlgan Eysa Grifits... isteʼdoddan unchalik yolchimagan va tuturuqsiz odam boʻlib, oʻz muhiti va diniy aqidalar taʼsirida suyagi qotgan, mustaqil fikr yuritishga noqobil... buning ustiga uzoqni koʻra bilish va chapdastlikdan mahrum edi”. Klayd “sezgirligi va xayolparastligi bilan koʻproq otasiga tortgan”.
Mahdud qarashlar iskanjasida, erk-u hurriyatdan mahrum, turgʻun qoliplar ichida oʻsib-ulgʻaygan odamga hayot kitobining yangi sahifalarini koʻrsatib, inon-ixtiyorini butkul oʻziga tashlab qoʻyish – kaltabinlikdir. Tiriklik haqidagi tasavvurlari zaxa yegan bu notavon oʻzi hali tanib ulgurmagan “boshqa dunyo”ga mansub kimsalarning yashash tarzini qanday idrok qilsin?! Yoʻqchilik changalidan chiqib keta olmagan, ehtimol, hayotini oʻzgartirishni oʻzi ham istamaydigan nochor-u gʻarib oilaning odatiy turmushi, otasidan farqli oʻlaroq, Klaydda isyon uygʻotadi. Isyon umid va ishonchga uygʻun boʻlsa – durust, ammo alamzadalik va xudparastlikdan kuch olsa – xayrsizdir. Shu maʼnoda opa-uka Esta va Klaydning bir-biriga oʻxshash jihatlari bor: yaxshi va yengil hayot orzusi. Ikkisining ham qismatida yaqinlik bor: aldov va aldanish. Ammo Klayd taqdir izmiga jimgina boʻysunib, boshqalarning yetoviga tushib, ularning ortidan indamay koʻnib ketavermaydi. Maktabda qoyillatib oʻqiy olmaydi, tahsilni tashlaydi. Omadini tirikchilikning xilma-xil koʻchalaridan izlaydi. Yoshligidanoq u koʻnikkan tor tushunchalar, oʻzi tushunmay toʻtiqushdek toʻxtovsiz takrorlab kelgan duo va iltijolar, asl hayotdan yiroq aqidalar alaloqibat yolgʻon-u fahsh, xiyonat-u gʻirromlikni umri mazmuniga aylantirgan berahm kimsalar orasida yoʻqlikka yuz tutadi. Muhit kuchli, undan oralab oʻtgan har kimga “qozonning qorasi” yuqadi. Klaydning ruhiyatidagi oʻzgarishlar izchil, tadrijiy koʻrsatiladi.
Hayot ummonining ikki qirgʻogʻi bor: biri hashamat va toʻkinlik, boshqasi xarobot va gʻariblik. Birida zavq-u muhabbat, oʻzgasida qaygʻu va azob. Klaydni farovon hayotga tashnaligi uchun ayblash insofdan boʻlmas, ehtimol. U bolalikning ogʻriqli xotiralari, oʻksik oʻtmishining ogʻir zanjirlarini uzib keta olmaydi. Boshida “koʻngli xunuk va bemaʼni narsalarni koʻtarmaganidan oʻzini nihoyatda past va gunoh ish qilganday sezardi”. Biroq bora-bora hamma-hammasi allanechuk jozibali, huzurbaxsh kechinmalar uygʻotadi. Toʻgʻri-da, nafs neniki chiroyli va maftunkor qilib koʻrsatsa, odam unga mahliyolik hissi bilan boqadi. “Bir nafsning ishini yetmish shayton qilolmaydi”, degan edi Sharq mutafakkiri Nosiruddin Rabgʻuziy. “Amerika fojiasi”da ham Klayd axtargan dunyo dastlab tannoz va hayosiz Gortenziya koʻrinishida turlanib-tuslanadi. Keyin esa... tasvirlar asta-sekin ayqash-uyqash boʻlib ketadi.
T.Drayzer axloqiy kamolot va maʼnaviy tanazzulda jamiyatning oʻrnini Klayd obrazi misolida yorqin ochib beradi. Uning Roberta bilan ishqiy munosabati, bechora qizning umriga zomin boʻlishini gʻayrioddiy hol deyish xato. Robertaning ijtimoiy maqomi ham Klaydnikiga monand. Uyatchan, bosiq va husnda tengsiz bu qizni ham fabrikaga qashshoqlik yetaklab kelgan edi. Orzu-istaklar yoʻlida mashaqqatlardan qoʻrqmaydigan jasur qiz edi Roberta... Klayd-chi? Uning maqsadlari mohiyati bora-bora oʻzgargan, dastlab yoʻqsillikdan qutulish uchun harakat qilgan boʻlsa, keyin kiborlar davrasi uni tobora maftun qiladi. Yigitning mudhish xatosi ham shu edi.
Buyuk Alisher Navoiy deydiki, “Nafsinggʻa xilof aylakim, tingʻaysen”. Nafsga qarshi borish – oʻz-oʻzingni inkor qilish demak. Klayd oʻzini inkor qiladigan ahvolda emasdi. Robertani esa inon-ixtiyorini begonaning qoʻliga osonlikcha topshirib qoʻyadigan yengiltabiat qiz deb boʻlmaydi. Muhabbatning sarxush xayollari bu ojizani beixtiyor ehtirosning joʻshqin, biroq ozorli quchogʻiga yetaklaydi. Klayd esa mavqe, martaba borasidagi orzulari roʻyobini badavlat-u dongdor Finchlilar oilasining hali boʻy yetmagan erkatoy qizi Sondra timsolida koʻradi. Kiborlar olami rasm-rusumlariga koʻnikayotgan Klayd uchun inson qadrining sariq chaqalik qimmatga loyiq koʻrilmagani ham kitobxonga endi ajablanarli tuyulmaydi. Boylik va obro‘-eʼtibor vasvasasi qalbni ishgʻol etar ekan, mehr, muhabbat va shafqat tuygʻulari xira tortadi. Robertaning suvga gʻarq etilishi, Klaydning buni sovuqqonlarcha kuzatib turishi, jinoyatini yashirishga urinish... Haqiqat yuzaga chiqqach, bu haqda butun Amerika gapiradi, jurnalistlar bong uradi. Ammo Klaydni ulgʻaytirgan muhit, Robertani voyaga yetkazgan sharoit xususida birov oʻylab ham koʻrmaydi.
Haqning insonga inʼom etgan inoyatlaridan biri – tavba, tavbaning natijasi – koʻngil halovati. Klaydning Mak Millan taʼsirida tavba-tazarruga berilishi ham ogʻriqli, ham huzurli. Yoshligida koʻr-koʻrona takrorlab yurgan duolar mohiyatini u oʻlimga hukm qilingach anglab yetadi. Mana, uning soʻnggi xati: “Xudo dargohiga kirishim uchun menga xalal beradigan birorta ham toʻsiq qoldirmadim. Bilaman, gunohlarim kechib yuborilgan, chunki men maʼnaviy ustozim bilan vijdonan va ochiq munosabatda boʻldim hamda men haqimdagi butun haqiqat Xudoning oʻziga ayondir. Men oʻz burchimni ado etdim, gʻolib chiqdim”.
Barcha birdek aybdor
Gabriel Garsia Markes. Oshkora qotillik qissasi. Toshkent, 2022.
“Dunyo dunyo boʻlib yaralibdiki, shuncha koʻp odam avvaldan bilgan bunday oshkora qotillik rejasini hali birov eshitmagan edi”. Gabriel Garsia Markes “Oshkora qotillik qissasi”da oʻquvchini mavhumot olami aro sayr qildirmaydi, bilʼaks, uning toqat-u irodasini sinovdan oʻtkazadi. Asarning shunchaki varaqlab, koʻz yugurtiribgina oʻqiladigan sahifalari yoʻq – sinchiklab, satrma-satr, soʻzma-soʻz, harfma-harf, hijjalab mutolaa qilinadi bu qissa. Sarlavhada aks etgan masala voqealar rivoji davomida hal etilishi-ku tayin, ammo qissaning epigrafi kitobxonni oʻyga toldiradi: “Takabburlik bilan ham mehr-muhabbat qozonish mumkin”. Portugal adibi Jil Visentedan olingan bu koʻchirma “Oshkora qotillik qissasi”ning qaysi qahramoniga qaratilgan: Santyago Nasargami, bosh rohibgami yoxud Bayyardo San Romanga?..
Markes asarlarida Lotin Amerikasining bir qadar tushunarsiz, pala-partish – axloqiy yemirilishlar girdobida oʻzini saqlab qolishga uringan turmush tarzi, irodasizlik va eʼtiqodsizlikdan yuraklari huvillab qolgan hovliqma odamlarini goʻyo yorqin tasvirlarda – kinotasmalarda tomosha qilgandek boʻladi odam. Xuddi bu voqealar biz yashab turgan olamdan ancha uzoqda, butunlay oʻzga bir dunyoda yuz bergandek.
“Oshkora qotillik qissasi”da ham qahramonlar qandaydir begona: tiyiqsiz ehtiroslardan toliqmagan Mariya Alexandrina Servantes; qilmishlarini boshqalar bilib qolib, jinoyat yoʻlidan qaytarishlarini judayam istaganu “erinib”gina qotillikka qoʻl urgan aka-uka Pablo va Pedro Vikariolar; shaʼnini oqlash ilinjida umri soʻngiga qadar oʻzi toʻqigan “aybnoma”ga sodiq qolgan Anxela Vikario; alamzadalik va nafrat alangasida qovrilgan notavon Viktoriya Gusman...
“Adabiyot hayotning oʻzidan koʻra hayotiyroq boʻlishi kerak” deydi ingliz yozuvchisi Jon Golsuorsi. Shundaymikan? Adabiyot – hayot, hayot esa adabiyot emasmi? Ispan adibi Santyago Gamboaning yozishicha, poytaxt bogotaliklar Kolumbiyaning “Oshkora qotillik qissasi” voqealari kechgan Atlantika sohilidagi shaharchalarga mamlakatning eng ovloq hamda qoloq bir qismi sifatida bepisandlik bilan qarardi: “Karib-u ispan, Afrika-yu arab anʼanalari qorishib ketgan va “korroncho” deya kamsitiluvchi bu mintaqa aholisi tanballig-u sudxoʻrlik, urug‘-aymoqchilik, ichkilikbozlig-u loqaydlik illatlari”dan sira-sira qutula olmasdi.
Qandaydir soxta, yasama qonuniyatlar amal qiladigan bu makonda tizginsiz va bezovta arvohlar kezib yurgandek tuyuladi. Oʻziga bino qoʻygan, shuhratparast, “xoʻroz tojidan qilingan shoʻrvani yoqtiruvchi” yepiskopni oy-u kun sanab kutadigan odamlarning umidsiz qiyofasi esa yanada ayanchli. Yoʻq, bu odamlarning hammasi ham atrofda yuz berayotgan voqealarni tahlil qila olmaydigan darajada noʻnoq va qobiliyatsiz emas. “Hali koʻrasan, – deydi Santyagoga onasi, – yepiskoping kemadan bir zumga tushishni ham oʻziga ep koʻrmaydi. Doimgiday uzoqdan turib duo qiladi-da, oʻz yoʻliga ravona boʻladi. Bu qishloqni koʻrarga koʻzi yoʻq uning”. Buni boshqalar bilmaydimi? Biladi, albatta. Unda tong sahardan sohilni toʻldirib, azbaroyi eʼtiqodini bosh rohibga koʻz-koʻz qilish va unga boʻlgan mehr-muhabbatini izhor etish uchun har yili bir xilda tushunarsiz fidoyilik koʻrsatishning boisi nimada? Santyagoning aytganlari savolga javobdir: “Bularning bari soxta, ammo baribir xayolingni oʻgʻirlayveradi”.
“Menga tayanch nuqtani koʻrsating, Yerni qoʻzgʻataman” degan edi Arximed. Zamonaviy shoirlarimizdan biri “Eʼtiqod – dunyoning tayanch nuqtasi” deb yozadi. Eʼtiqod nima oʻzi? Ishonch! U boʻlmagan joyda hamma narsa quruq, yuzaki va havoyilikka evriladi. Olomon oʻzi koʻr-koʻrona yaratgan muvaqqat safsatalarga aldanib yashayveradi. Tobora toʻkilib-choʻkib borayotgan muhitda esa bemaʼni odatlar hukmronlik qila boshlaydi. Yakrang hayot tarzi faqat kundalik tartiblarni emas, balki jamiyat axloqiy tamoyillarining chegara, qoliplarini ham belgilab beradi.
Garchi “qattiqqoʻl onasining hushyor nazorati ostida” oʻsgan boʻlishiga qaramay, Anxela Vikarioning bokira emasligi maʼlum boʻlgach, yetilib kelgan fojia goʻyo hamma-hammani oʻz domiga tortib ketadi. Bugina emas, ishq-muhabbatning hayotbaxsh qudratidan yiroq, faqat manfaatga koʻra bunyod boʻlgan oilalarda ota-onaning oʻzaro hissiz munosabati farzandlar ruhiyatiga ham koʻchadi. Shu sababli qissada joʻshqin va samimiy sevgi rishtalari bilan mustahkam bogʻlangan nekbin qahramonlarga duch kelmaymiz. “Anxela Vikario muhabbatsiz erga tegib boʻlarkanmi deganday oʻpkalamoqchi boʻlgan edi, onasi uning ogʻzidan olib, yoqasiga yopishtirdi-qoʻydi: “Muhabbat deganing toʻydan keyin ham kelaveradi”.
Boshqalarning xohish-irodasi bilan hisoblashishga oʻrganmagan, kalondimog‘ va xudbin Bayyardo San Roman qizdan rozilik soʻrab ham oʻtirmaydi, faqat qishloqdagi qaysi uy unga yoqishiga qiziqadi, xolos. Uyni esa soʻqqabosh Ksiusni majburlab, holi-joniga qoʻymay sotib oladi: Anxelaga yoqqani uchungina emas, bu hayotda hamisha eng yaxshi, oʻzgalar havas qiladigan narsalarga ega chiqishga odatlanganini koʻrsatib qoʻyish uchun... Insonni bu hayotga bogʻlab turadigan muqaddas qadriyatlar bor. Odam agar ulardan ayrilsa, butun borliq maʼno-mohiyatini yoʻqotadi. Ayoli olamdan oʻtgandan keyin Ksius oʻz uyida, yorug‘ xotiralarning farahbaxsh ogʻushida umr kechirardi. Saodatli damlarni yodga solguvchi uy hayot shomida hazin sokinlik ichra oʻzigagina suyanib yashayotgan yolgʻiz chol uchun ayni tiriklikning oʻzi edi. Dunyoni oʻz manfaati qobigʻidan tashqarida tasavvur qila olmaydigan takabbur Bayyardoga esa bular ahamiyatsiz va arzimas boʻlib tuyuladi. Uyi sotilgach, ikki oy oʻtar-oʻtmas Ksiusning bandalikni bajo keltirishi ham uni zarracha qiziqtirmaydi.
Asarda qotillik yuz bergan kunning tafsilotlari miridan-sirigacha yoritilgan. Atrofda sodir boʻlajak fojia haqida eshitmagan, bilmagan odam qolmaydi. Hatto Santyagoning oʻzi ham eshitadi bu haqda. Beparvolik, loqaydlik shu darajaga yetganki, yuz berishi muqarrar boʻlgan qotillikning oldini olishga hech kim harakat qilmaydi. Sevgilisi Flora Migel ham Santyago Nasarni uyiga kiritmaydi. Aka-ukalarning pichoq koʻtarib yugurib kelayotganini koʻrgan mushtipar ona oʻgʻlini uyda deb oʻylab, eshikni tambalab qoʻyadi: “Santyago Nasar eson-omon uyiga kirib olishi uchun atigi bir soniya, balki lahzagina lozim edi, ammo shundoqqina roʻparasida eshik taqa-taq yopildi...”
Fojiada qissadagi barcha qahramonlar birdek aybdor. Loqaydlik va beparvolik, takabburlik va xudparastlik ildiz otgan jamiyatda insoniylikka oʻrin qolmaydi. Santyagoning qotili, shubhasiz, ana shu yovuz illatlar edi.
* * *
Umuman, har uchala asardagi mudhish odamkushliklar asl qotil – jamiyatning mudhish qiyofasini ochiq-oshkor koʻrsatadi. Dahshatlisi shundaki, bu ayovsiz qattol dastidan hech kimga, hatto uning oʻziga ham halovat va omonlik yoʻq. Qurbon qanday jazoga mustahiq etilsa, jallodga ham shu – oʻlim, biriga – jisman, ikkinchisiga – ruhan... “Jinoyat va jazo”da takabbur jamiyatning beshafqat qonunlari, “Amerika fojiasi”da kibor jamiyatning vasvasa-yu dabdabasi, “Oshkora qotillik qissasi”da esa loqayd-u befarq jamiyatning oʻta sovuqqonligi qurbonlardan avvalroq jallodlarning oʻziga hukm oʻqiydi.
“Tafakkur” jurnali, 2026-yil 1-son.
“Jazo jozibasi” mutolaasi