...Muqaddas kitoblardan biri: “Avvalida soʻz bor edi”, deb boshlanadi. Biz esa avvalida ohang – tovush bor edi, deymiz!
Qadim Xorazmshohlar saltanatining boshkenti – Tuproqqalʼa xarobalaridan topilgan osori-atiqalar orasida olimlarni hayratga solgani tilla tangalar, devoriy suratlar emas, musiqa asbobi chalayotgan ayol haykalchasi boʻlgan. Olimlar bu terrakota miloddan taxminan ming yillar muqaddam yasalgan, degan xulosaga kelishgan. Demak, “sozanda”ning yoshi taqriban uch ming yilga teng!

Davr talotumlaridan omon-eson oʻtib, zamonamizga yetib kelgan haykalchada tasvirlangan ayol qaysi musiqani ijro qilayotgan ekan? Uning yuz ifodalari jiddiy. Shuni eʼtiborda tutsak, qandaydir maqom yoʻlidagi kuy boʻlishi mumkin, degan fikrga boramiz. Ammo...
Koʻzlaringizni bir lahza yumsangiz, quloqlaringizga olis moziy qatlaridan tanish ohanglar oqib kela boshlaydi.

Goʻyo yuzlab otlar tuyoqlari ostidan chiqayotgan sadolar. Avvalida ogʻir-saldomli musiqa – tulporlar dupuri lahza sayin tezlasha boradi va beixtiyor qoʻl-u oyoqlaringiz ixtiyoringizga boʻyin egmay, harakatga tushadi. Yonboshlab yotgan boʻlsangiz, qad rostlab oʻtirasiz. Oʻtirgan boʻlsangiz, oʻrningizdan turganingizni sezmaysiz. Oyoqda boʻlsangiz... yoʻrgʻalab ketasiz.
Demak, “Lazgi” yangrayapti!
* * *
Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan sanʼat arbobi, bastakor Qadamboy aka Rahmonov aytadi: “Lazgi” musiqasi va unga mos raqs yaratilganiga necha asr boʻldi – buni bilmaymiz. Raqsda otashparastlikka xos unsurlar borligini inobatga olsak... oʻh-ho‘, shundayam kamida toʻrt ming yillardan kam emas.

Oʻtgan asrning birinchi yarmi oxirlariga kelib avval Xorazmda, keyinchalik butun yurtimiz va dunyoda “Lazgi” yangi koʻrinishi bilan mashhur boʻlishi sababi qadim musiqaga afsonaviy sanʼatkor Komiljon Otaniyozov yangi matnda qoʻshiq yaratgani boʻldi. Faqat qoʻshiq yaratib qolmasdan, ohanglarga shiddat va tezoblik ham bagʻishladi. Xon zamonlarida saroydagi goʻyandalar guruhida qatnashgan keksa sanʼatkorlar oʻsha vaqtda Komiljon ustozni “Lazgi” musiqasini asliyatdan uzoqlashtirgan, yaʼni tezlashtirib yuborganlikda ayblagan. Qadim musiqalarga quloqqondi boʻlgan keksalarning aytishicha, “Lazgi” musiqasi gʻoyatda ogʻir-bosiq boʻlgan. Unda matn, yaʼni qoʻshiq boʻlmagan. Yana rivoyat qilardilarki, bu raqs Alloh taolo odamzodni loydan yaratganida unga jon kiritish jarayonini oʻzida ifoda etgan. Raqsning boshlamasi va davomida bu holat yashiringan.
Unutmaslik kerak, Xorazmda qadimdan “Lazgi”ning yetti turi boʻlgan. Keksa sanʼatkorlar eʼtirof etayotgan ogʻir-bosiq musiqali raqs ana shulardan birisi boʻlsa ajabmas!
* * *
Xiva xonligining soʻngi davrlarida Enash xalfa otliq ayol jozibador raqslari va laparlari bilan taxt egalarini hayratga solgani haqida tarixiy bitiklar guvohlik beradi. Uning shuhratiga hasad qilgan kimsalar saroy yoʻlagidagi zinapoya yogʻochlarini yashirincha arralab-kesib qoʻyishadi. Saroyga chaqirilgan Enash xalfa shoshilib kelayotganida arralangan zina qulab tushadi va raqqosa yiqilib, oyogʻini sindiradi...

Oyoqlar – raqqosa uchun jonining ozigʻi. Sozanda uchun qoʻllari va har bir barmogʻi kabi qadrli. Enash xalfa oyogʻi choʻloq boʻlib qolgach ham, raqs tushishni tark etmaydi va jismoniy holatiga mos tarzda “Chanoq lazgi”sini oʻylab topadi. Yaʼni, ovqat suziladigan chanoq – mis lagan ichida turib raqs ijro qiladi. Bunda raqqosaning butun jismi – toʻrt yuz oltmish suyaklari harakatga keladi. Faqat mayib oyoqlari bir joyda – chanoq ichida harakatsiz turadi. Chetdan qaraganda chanoq, yoʻq, tuvakda oʻsgan gul buralib, eshilib koʻkka oʻrlayotganday.
* * *
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 28-sentabrdagi “Lazgi” xalqaro raqs festivalini tashkil etish va oʻtkazish toʻgʻrisida”gi qarorida “Mamlakatimizning boy raqs sanʼati tarixida alohida oʻrin egallagan “Xorazm “Lazgi” raqsi” oʻziga xos ijro uslubi va jozibasi bilan nafaqat Oʻzbekistonda, balki chet davlatlarda ham mashhurdir.

YUNESKO tomonidan “Xorazm “Lazgi” raqsi” insoniyatning nomoddiy madaniy merosi roʻyxatiga kiritilganligi ham uning betakror sanʼat ekanligidan dalolat beradi”, deya alohida qayd qilingan. Mazkur qarorda “Xorazm “Lazgi” raqsi” sanʼatining asriy anʼanalarini saqlash va rivojlantirish, raqs sanʼati orqali xalqlar oʻrtasidagi doʻstlik, birodarlik rishtalarini mustahkamlash, xalqaro miqyosda ijodiy hamkorlik koʻlamini va madaniy aloqalarni yanada kengaytirish maqsadida 2020-yildan boshlab har ikki yilda bir marotaba Xiva shahrida 25–30-aprel kunlari “Lazgi” xalqaro raqs festivali va uning doirasida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya oʻtkazish belgilangandi.

Tarixi qadim qalʼalardan ham qadimroq boʻlgan mashhur raqs yurtboshimiz tashabbusi bilan tom maʼnoda yangi umrini boshlamoqda.
* * *
Oʻzbekiston xalq artisti Gavharxonim Matyoqubova: “Bu raqsni oʻrganib, ilk bora sahnada – tomoshabinlar qarshisida ijro qilganimga oltmish yillarcha boʻldi. Rahmatli ustoz Komiljon Otaniyozov rahbarligidagi ansamblga raqqosa boʻlib ishga kelganimda 18 yashar qiz edim. Ustoz qatida bu raqsni biror ming marta ijro qilgandirman. “Lazgi”ni targʻib qilish uchun vaqt kelib qitʼalar oshdim. Ilmiy-ommabop kitob yaratdim. Bugun yuzlab shogirdlarim sahnada. Ularning barchasi uchun “Lazgi” tashrif qogʻoziga aylangan.

Shogirdlarim orasida eng iqtidorlisi Dilnoza Ortiqova “Lazgi”ga raqsga tushganida olislarda qolgan yoshligimni koʻraman. Aslida, Prezidentimiz eʼtiboridan keyin yana bir bora yoshligimga qaytdim. Necha haftaki qadim Xivada oʻtadigan xalqaro raqs festivali tadorigi asnosida shogirdlarimga hayotiy tajribamdan kelib chiqib kerakli maslahatlarni berdim. Axir, ilk bora tashkil etilayotgan festivalga dunyoning deyarli barcha qitʼalaridan sanʼatkorlar, soha mutaxassislari kelishadi. Biz ularga oʻlmas raqsimizni bor boʻyi, butun jozibasi bilan namoyish qilishimiz kerak!”
* * *
Xalqaro raqs festivalini oʻtkazishga masʼul Madaniyat vazirligi, Xorazm viloyat hokimligi hamda bir qator boshqarma va idoralar xodimlari yurtimizning tajribali rejissor, bastakor, raqqosalarini taklif qilishgan.

Xalqaro raqs festivali ish boshladi. Xorij davlatlaridan tashrif buyurgan mehmonlarga avvalida “Ichon qalʼa” majmuasi hududida raqs sanʼati tarixiga oid, shuningdek, milliy liboslar, hunarmandchilik buyumlari, tasviriy va amaliy sanʼat asarlari, haykaltaroshlik namunalaridan iborat rang-barang koʻrgazmalar namoyish qilindi.
Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi aʼzosi, badiiy ijodkorlar uyushmasi viloyat rahbari, taniqli rassom Masharif Madaminov mamnuniyat bilan qayd qilishicha, arafada vohalik rassomlar qadim Xiva meʼmoriy obidalari, goʻzal tabiatimiz, ayniqsa, raqs sanʼati jilolari aks etgan tasviriy sanʼat asarlari yaratishdi.

Xalqaro raqs festivali doirasida “Oʻzbek milliy raqsining jahon raqs sanʼatidagi oʻrni” mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya boʻlib oʻtdi. Anjumanda qator xorijiy mamlakatlardan kelgan sanʼatshunos olimlar, musiqashunoslar, raqs ustalar dunyoning boshqa biror xalqida oʻxshashi yoʻq “Lazgi” raqsi ijrosi borasida fikr-mulohazalarini bildirishdi.
...Bugun qadim Xivaning har bir sahni, har bir koʻchasi bayramona libosda. Koʻhna obidalarga yondosh sahnlarda milliy liboslardagi raqqosalar jozibador “Lazgi”ni ijro qilishmoqda. Raqs boshlamasida sahnada faqat raqqos-u raqqosalar boʻlsa, oʻynoqi ohanglar avjga chiqishi bilan sahnalarni tomoshabinlar ham ishgʻol qilishlari odatiy holga aylanib ulgurgan. Ular orasida qadim shaharni tomosha qilish uchun dunyoning turli burchaklaridan kelgan yuzlab, minglab sayyohlarning borligi quvonarli.

Bugun betakror ohanglar lol etib, beixtiyor bagʻriga tortgan, mahoratli raqqosalarga muqallidlik qilib turli muqomlarga oʻzini solayotgan sayyohlar bu nomoddiy boyligimiz – asrlarki boqiy raqs musiqasini quloqlarida, sehrli jozibasini jismlarida olib ketishadi.
“Lazgi” dunyo kezaveradi!
* * *
...Oʻn yillar muqaddam hamfikr birodarimiz, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan sanʼat arbobi, Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi aʼzosi, vohalik taniqli rassom Otaxon Ollaberganov kuyingandi: “Lazgi” raqsi boʻyicha hujjatli film suratga olinayotgan ekan. Menga raqsning eskizlarini chizishni buyurtma qilishdi. “Lazgi”ning barcha turlarini qayta va qayta koʻrdim va biror yigirmaga yaqin eskizlar chizdim, ammo hech qaysi koʻnglimga oʻtirmadi. Nimadir yetishmayotganday, nimadir nazardan chetda qolayotganday tuyulaverdi. Qancha eskizlarni yiritib tashladim. Boshim qotib qolgan. “Lazgi” ilohiy raqs deguvchilar haqdir. Ilohdan berilmish narsa oldida bandalari ojizmiz...”
Roʻzimboy HASAN