2021-yilning 12-oktabr kuni Qozogʻiston Respublikasi hukumati “Milliy maʼnaviy tiklanish” (“Ұлттық рухани жаңғыру”) loyihasiga start berdi. Bu loyiha keng koʻlamliligi, amalga oshirish mexanizmining soddaligi bilan barchaning, jumladan, qoʻshni davlatlardagi mutaxassislarning ham eʼtiborini tortdi. Ayniqsa, loyihaga ajratilgan mablag‘ miqdori koʻplab savollarni keltirib chiqara boshladi. Chunki Qozogʻiston milliy maʼnaviy tiklanish uchun oz emas, koʻp emas, 119,4 milliard tanga sarflashni rejalashtirgan. Xoʻsh, buncha pul nimalarga ishlatiladi?

Milliy tiklanish uchun kurash qachon boshlangan?

Qozogʻistonda milliy maʼnaviy tiklanish ishlari 2021-yildan boshlandi, deganlar adashadi. Qozogʻiston xalqining milliy tiklanish uchun kurashlari 90-yillarning boshidan boshlangan.

Sobiq sovet tuzumi qulagandan soʻng totalitar tuzumni dastaklab kelgan mafkura mashinasining “sovet xalqi” degan mavhum millatni yaratishga qaratilgan intilishlari ham barham topdi. Ammo uning asorati yana uzoq muddat, to  2000-yillarga qadar saqlanib qoldi. Chunki milliy oʻzlikni anglashga boʻlgan intilish qanchalik kuchli boʻlmasin, mustaqillikka erishgan milliy respublikalar sovet tuzumidan faqat katta miqdordagi qarzlarni, inflyatsiyani, ishsizlik va ijtimoiy boshboshdoqlikni meros qilib olgan edi. Qolaversa, bu davr balandparvoz gaplarning mavridi emasdi, hukumat tepasida hali ham kommunistlar va konvervativ fikrlovchilarning soni koʻp edi. Oʻsha davrdagi ijtimoiy-siyosiy holatni anglash uchun N.Nazarboyevning “Oʻnglar va soʻllarsiz” nomli kitobiga eʼtibor qaratamiz. Unda Nursultan Abishevich “...hammamiz shuni anglab yetishimiz kerakki, bugungi asosiy vazifa iqtisodiy krizisdan chiqish va odamlarga ertangi kunga ishonch bera olishdir” degan edi[1].

Shuning uchun boshqa respublikalar qatori Qozogʻiston ham 90-yillarda butun eʼtiborini bozor iqtisodini yoʻlga qoʻyishga qaratdi. Shu bilan birga, imkon qadar sovet davrida shakllangan ilmiy-madaniy merosni saqlagan holda milliy tiklanish ishlarini amalga oshirish uchun ham harakatlar boshlandi. Ilm-fan, sanʼat va adabiyot sohalarini milliy oʻzanga burish  boʻyicha  chora-tadbirlar ishlab chiqildi.

Ammo bu urinishlarning natijaviyligi qoniqarli boʻlgan emas. Aynan shu yillarda yuzaga kelgan destruktiv jarayonlar bu mamlakatni ham chetlab oʻtmadi. Hukumatga ishonchsizlik sabab turli oqimlar, jumladan, konservatorlar jamiyatga oʻz taʼsirini oʻtkaza boshladi. Mamlakatda uyushgan jinoiy toʻdalar keng quloch yoyib, reket, tovlamachilik,  poraxoʻrlik avj oldi. Bu esa oʻz-oʻzidan turli ijtimoiy muammolarni va eng asosiysi, etikologik muammolarni keltirib chiqardi[2].

Qozogʻistonning 90-yillardagi eng katta muammolaridan yana biri demografik muammo edi. Agar 1990-yildagi statistik maʼlumotlarga eʼtibor qaratsak, bu muammo aniqroq koʻzga tashlanadi. 1989-yilda oʻtkazilgan aholini roʻyxatga olish hisobotida Qozogʻistonning jami aholisi 16 464 464 kishini tashkil qilgani, ulardan atiga 6 434 616 tasi qozoqlar ekani qayd etilgan. Ruslarning soni qozoqlardan salgina kam, 6 227 549 kishi. Ukrainlar 896 240 tani, beloruslar 182 601 tani tashkil qilgan[3]. Shuning uchun Qozogʻiston boshqa mamlakatlarda yashayotgan etnik qozoqlarni yurtga qaytarish uchun “Oralman”[4] loyihasini amalga oshirdi. Unga koʻra butun dunyo boʻylab tarqab ketgan etnik qozoqlarning yurtga qaytishi, uy-joy bilan taʼminlanishi, ishga joylashishi uchun maqbul sharoitlar yaratildi. Natijada 1999-yilga kelib qozoqlarning soni 7 985 039 kishiga yetdi va umumiy aholining  53,4% ni tashkil qildi[5]. 2022-yilda esa aholi soni 19 082 467 taga yetgan va ularning  13 497 891 tasini (70,4 %) qozoqlar tashkil qilgan.

Qozogʻiston hukumatining ochiqlik siyosati, pragmatik boshqaruvni yoʻlga qoʻyishi hamda qoʻshni davlatlar bilan doʻstlik aloqalarining mustahkamlanishi sabab iqtisodiy krizis yengib oʻtildi. Izchil olib borilgan islohotlar 2000-yillardan keyin oʻz samarasini bera boshladi.

Hukumatning olib borgan oqilona siyosati sabab 2000-yilga kelib Qozogʻistonda YIM 9,8 foizga oʻsdi. Bu oʻsha davrdagi sobiq sovet respublikalari orasida eng yuqori koʻrsatkich edi[6]. Natijada, 10 yil davom etgan inflyatsiyaga barham berildi. Shu yili Qozogʻiston Respublikasi birinchi prezidentining qozoq xalqiga murojaati eʼlon qilindi. “Erkin, samarali va xavfsiz jamiyat sari” deb nomlangan murojaatda N.Nazarboyev jamiyatni nigilizm botqogʻidan olib chiqish va demokratik islohotlarni rivojlantirishning asosiy tamoyillarini belgilab berdi[7]. 2000-yilning avgust oyida Qozogʻiston Milliy fondi tashkil qilindi va fond mablagʻlarining dastavval byudjet loyihalariga, jumladan, ilmiy, maʼnaviy-maʼrifiy sohaga sarflanishi belgilab berildi.

2000-yilda Qozogʻistonda eng orqada qolgan soha – ijtimoiy soha edi. Sohada faoliyat yuritayotgan oʻqituvchilar, vrachlar va pensionerlarning maoshi va nafaqalari kam, ularning ish sifati ham shunga yarasha edi. Yoshlarning intellektual qobiliyatini rivojlantirishga boʻlgan intilish darajasi past, aksariyat yoshlarda biznesga, sportga va hatto, jinoiy yoʻllar bilan pul topishga intilish kuchli edi. Bu hozir Qozogʻistonda “90-yillar asorati” nomi bilan tilga olinadi. Shuning uchun tez orada etikologik muammolarni bartaraf etish va ijtimoiy-maʼnaviy sohani rivojlantirish uchun ham ishlar boshlandi.

“Madaniy meros” loyihasidan nimalar maqsad qilingan?

2003-yilda hukumat tomonidan 2004–2011-yillarga moʻljallangan “Madaniy meros” loyihasining dasturi ishlab chiqildi. Loyihaning joriylanishidan koʻzlangan asosiy maqsad xalqning boy madaniy merosini oʻrganish va targʻib qilish orqali tarixiy xotirani tiklashga qaratilgan. Tarixiy xotirani tiklash orqali esa milliy oʻzlikni anglash, milliy ruh va gʻururni shakllantirish maqsad qilingan.

Madaniy merosni oʻrganishda nafaqat Qozogʻiston, balki boshqa mamlakatlarda yashayotgan etnik qozoqlarning ham turmush tarzini, madaniyatini oʻrganish, ularni va ular yaratgan madaniyat namunalarini ham otamakonga qaytarish nazarda tutilgan.

Loyihaning ahamiyatli tomoni shunda ediki, unda quruq gaplar yoki shiorbozliklarga yoʻl qoʻyilmagan va aniq ilmiy-maʼrifiy yondashuv bilan toʻrt yoʻnalishda ish olib borilgan:

1. Milliy madaniyat uchun alohida ahamiyatga ega boʻlgan tarixiy, madaniy va meʼmoriy yodgorliklarni tiklash;

2. Arxeologik tadqiqotlar;

3. Qozoq xalqining madaniy merosi sohasidagi ilmiy ishlar;

4. Milliy adabiy va ilmiy adabiyotning koʻp asrlik tajribasini umumlashtirish, keng koʻlamli badiiy va ilmiy turkum adabiyotlarni yaratish.

Merosni oʻrganish, qayta tiklash va ommalashtirish uchun 2004–2011-yillar davomida 11,7 mlrd tanga sarflangan.

Natijada esa qozoqlarning milliy birligini taʼminlaydigan, etnosning genezisi bilan bogʻliq boʻlgan yuzlab ilmiy manbalar tadqiq qilingan. Arxeologik manzilgohlar aniqlanib, qazishma ishlari olib borilgan, tarixiy yodgorliklar qayta tiklangan. Qozoq xonliklarining tarixini oʻrganishga alohida eʼtibor qaratila boshlangan. Tarixiy, falsafiy, etnografik mazmundagi va qozoq tili bilan bogʻliq ilmiy-ommabop kitoblar yaratilgan. Millatning ruhini koʻtarish uchun xizmat qiladigan adabiy asarlar chop etilgan, kinofilmlar, kliplar suratga olingan, qoʻshiqlar va tasviriy sanʼat asarlari yaratilgan.

Bu borada bajarilgan ishlar orasida eng koʻzga koʻrinarlisi Damashqdagi Sulton Beybars va Al-Farobiy madaniy majmualarining  qurilishi boʻldi. Bundan tashqari yuz jildli “Babalar soʻzi”,  200 jildli “Yuzta qozoq romanlari”, 10 jildli Qozogʻiston ensiklopediyasi, 5 jildli rus va ingliz tillaridagi maʼlumotnoma,  20 jildli Qozoq mutafakkirlari merosi, Dunyo faylasuflari merosi, 10 jildli Al-Forobiy asarlari toʻplamining nashr etilishi ham alohida eʼtiborga molik.

Zamonaviy tarix fani oldida turgan eng muhim vazifa

2014–2016-yillarga moʻljallangan “Tarix toʻlqinidagi xalq” dasturi maʼnaviy yuksalish harakatining tadrijiy davomi boʻlib, unda qozoq etnosi, qadimdan hozirgi kunga qadar davom etib kelayotgan milliy evrilish jarayonlari, davlatchiligi, koʻpmillatli Qozogʻiston xalqlarining tarixi, madaniyatini oʻrganish maqsad qilingan.

“Tarix toʻlqinidagi xalq” dasturi doirasida qozoq etnosi bilan bogʻliq ilmiy manbalarning yangi korpusini joriy etish, milliy xarakterdagi  tadqiqotlar orqali tarix ufqlarini kengroq tadqiq qilish nazarda tutilgan. Natijalar qoʻlga kiritilgandan soʻng esa milliy tarixni keng targʻib qilish, yangi avlod darsliklari va qoʻllanmalarini tayyorlash orqali millatning yangi tarixiy dunyoqarashini shakllantirish yoʻlga qoʻyilgan.

Maʼlumki, shu paytgacha Qozogʻistonning, xususan qozoq millatining tarixi sovet tarixshunosligi qolipida oʻrganilgan, aksar holatlarda qozoqlarning qadimgi va oʻrta asrlarda shakllangan tarixini buzib talqin qilish koʻzga tashlanar edi. Loyiha doirasida Qozogʻistonning zamonaviy tarix fani oldida turgan eng muhim vazifa – jahon tarixshunosligi tajribasini qoʻllagan holda qozoq xalqi tarixini oʻrganishning yangi nazariy va uslubiy asoslari ishlab chiqish amalga oshirildi. Qozogʻistondagi tarixiy jarayonlarni oʻrganishda kompleks yondashuv orqali hamma jabhalarni parallel tadqiq qilish yoʻlga qoʻyildi. Unda millatning tarixiy shakllanish davrlari va sivilizatsiyalarni mavhum xronologik koʻrinishda emas, balki tarixiy jarayonlarning barcha murakkabliklarini inobatga olgan holda, aniq faktlarga asoslangan haqiqiy tarixni yaratish, shu bilan birga qadriyatlarni, anʼanalarni va nomadik madaniyatning axloqiy-estetik tamoyillarini oʻz ichiga olgan odat qonunlarini[8] tadqiq qilishga ham eʼtibor qaratildi.

Bu dasturning amalga oshirilishidagi tizimlilik alohida eʼtiborni tortadi. Misol uchun, “Qozoq xonliklari: aholisi, hududlari va chegaralari” mavzusidagi loyihada arxeologlar turli manzilgohlarda qazishma ishlarini olib borishgan. Ularning topilmalaridan foydalanib, tarixchilar, etnologlar xonliklarning tarixini yozishgan. Shu asosda tarix darsliklariga oʻzgartirishlar kiritilgan. Ayni shu maʼlumotlar asosida ssenariynavislar ssenariy yozishgan. Shu asosda ham hujjatli, ham badiiy filmlar suratga olingan. Bularning hammasi “Tarix toʻlqinidagi xalq” dasturi orqali moliyalashtirib borilgan. Mana, nega Qozogʻiston filmlari jahon kinoprokatida muvaffaqiyat qozongan!

“Рухани жаңғыру” – мaʼnaviy tiklanishning amaliy bosqichi

2017-yilda Nursultan Nazarboyevning “Kelajakka nazar: jamoatchilik fikrini modernizatsiya qilish” nomli maqolasi eʼlon qilindi. Unda elboshi Qozogʻistonni modernizatsiya qilishning uchinchi bosqichi boshlanganini eʼlon qildi. “Madaniy meros” va “Tarix toʻlqinidagi xalq” nomli ikkita milliy loyiha orqali maʼnaviy yuksalishning asosiy poydevori qoʻyilgan edi. Yangi loyiha “Рухани жаңғыру” deb nomlandi va ularning tadrijiy davomi oʻlaroq, mamlakatni modernizatsiya qilishning uchinchi bosqichini boshlab berdi.

Nursultan Nazarboyev oʻz maqolasida XXI asrda milliy oʻzlikni anglash va maʼnaviy yuksalishning asoslarini koʻrsatib bergan. Jumladan, milliy madaniyatni va milliy kodni saqlashga eʼtibor qaratgan.

“Рухани жаңғыру” loyihasi 6 ta yoʻnalishda amalga oshirildi:

1.           Raqobatbardoshlik;

2.           Pragmatizm;

3.           Milliy oʻzlikni saqlash;

4.            Ilmni muqaddas sanash (kult);

5.            Revolyutsion emas evolyutsion rivojlanish;

6.           Tafakkurning dunyoga ochiqligi.

Xoʻsh, bu yoʻnalishlar boʻyicha nima ishlar amalga oshirildi?

Raqobatbardoshlik. “Рухани жаңғыру”ning maqsadi aniq, yaʼni rivojlangan davlatlarning kuchli oʻttiztaligiga kirish edi. Qolaversa, Qozogʻistonning 30-oʻringa koʻtarilish uchun urunishi  behuda yoki bejizga emas edi, mamlakat 2006-yildayoq jahonning global raqobatbardoshlik indeksida 50-oʻrinni egallagan, ammo iqtisodiy-ijtimoiy, maʼnaviy-maʼrifiy sohalardagi boshboshdoqliklar sabab bu oʻrinda barqaror qolishning imkoni yoʻq edi. Shuning uchun har sohada raqobatbardoshlikni taʼminlashga kirishildi.

Institutsional rivojlanish, infrastruktura, makroiqtisodiy barqarorlik, sogʻliqni saqlash va boshlangʻich taʼlim, oliy taʼlim va professional tayyorgarlik, tovar va xizmatlar bozorining samaradorligi, mehnat bozorining samaradorligi, moliyaviy bozorning rivojlanish darajasi, texnologik tayyorganlik, bozor hajmi, kompaniyalar raqobatbardoshligi va innovatsion salohiyat boʻyicha xalqaro reytinglarda yuqori oʻrinlarni egallash uchun kurash boshlandi.

Pragmatizm. Ammo Qozogʻistonning xalqaro reytinglarda yuqori oʻrinlarni egallashi uchun monelik qiladigan sotsial muammolar juda koʻp edi.  Jumladan, total boshqaruv, korrupsiya, davlat xizmatchilari malakasining yoʻqligi, mehnat tartiblari meʼyoriga rioya etilmasligi, byurokratiya, nopotizm, siyosiy beqarorlik, davlat organlariga ishonchsizlik, davlat boshqaruvida kreativ va innovatsion yondashuvlarning  yoʻqligi kabi oʻnlab omillar xalqaro reytinglardagi darajalarni saqlashga imkon bermas edi.

Shuning uchun pragmatizmga raqobatbardoshlikning asosiy kaliti sifatida qarala boshlandi. Jamiyatni modernizatsiyalash, fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratildi. Boshqaruv va nazoratda davlat sektorining taʼsirini kamaytirish ustuvor vazifa qilib belgilandi.

Qozogʻistonda “Рухани жаңғыру” dasturi doirasida Milliy pragmatizm tushunchasi ham olgʻa surilgan. Unda fuqarolik jamiyatini qurish va pozitiv yondashilgan milliy birlikka alohida eʼtibor qaratilgan.

Milliy oʻzlikni saqlash. Globallashuvning tezlashishi, fuqarolik jamiyatining rivojlanishi, ochiqlik siyosati va madaniyatlar almashinuvi kabi omillar, ularning salbiy taʼsiri milliy oʻzlikni anglash va saqlash masalasini dolzarb vazifaga aylantirishi tayin. Shuning uchun etnik birlik, davlat tili, din, urf-odatlar, milliy anʼanalar va boshqa qadriyatlarni saqlash orqali zamonaviy anormal axloqiy tendensiyalarga qarshi turish davlat darajasida qoʻllab-quvvatlana boshlandi.

Ilmni muqaddas sanash (культ знаний). Har qanday taraqqiyotning kaliti ilm. Qozogʻistonda ilmni ulugʻlash uchun, avvalo, oʻqituvchilarning salohiyatini va moddiy imkoniyatlarini oshirishga eʼtibor qaratilgan. 2010–2020-yillar davomida oʻqituvchilarning oylik maoshi 500–700 dollar atrofida boʻlgan va bu barqaror saqlangan. 2023-yilda esa toʻliq yuklamani bajargan oʻqituvchining oyligi, ustama va ragʻbatlantirishlardan tashqari  319 500 tangani tashkil qiladi. Yaʼni, 700 AQSh dollariga teng. Bundan tashqari oʻqituvchilarga staji, daftar tekshirishi, sinf rahbarligi va toʻgarak ishlari, malaka toifasi, magistr yoki doktorlik darajasi, davlat mukofotlari olganligi, xorijiy tillarni oʻzlashtirishi, qishloq joylarda dars berishiga qarab yana qoʻshimcha haq toʻlanadi. Misol uchun, ingliz tilida dars bergani uchun 200%, jismoniy tarbiya oʻqituvchilariga qoʻshimcha mashgʻulotlar oʻtgani uchun 100% ustamalar belgilangan.

Qozogʻistonda oliy taʼlim muassasalarini rivojlantirish, moddiy-texnika bazasini yaxshilash, ilmiy salohiyatini oshirish eng ustuvor vazifalardan sanaladi. Universitetlarning xalqaro reytingini koʻtarish uchun doimiy tartibda islohotlar amalga oshiriladi. Natijada 2021-yilga kelib 10 ta universitet Times Higher Education, The Academic Ranking of World Universities, Quacquarelli Symonds World University Rankings va Times Higher Education kabi eng nufuzli reytinglarning 1000 taligidan oʻrin olgan edi. 2023-yilda ularning soni 14 taga yetdi.

Qozogʻistonda ilmiy-tadqiqot institutlarini rivojlantirishga ham alohida eʼtibor qaratilgan. Institutlar ilmiy-amaliy tadqiqotlar va tajriba-konstruktorlik faoliyati orqali mamlakatni rivojlantirishga yoʻnaltirilgan avangard sanaladi. Shuning uchun ijtimoiy-iqtisodiy, huquqiy, maʼnaviy sohalarning barchasida davlat talablariga koʻra tadqiqot olib boradigan bunday institutlar davlat tomonidan doimiy qoʻllab-quvvatlanadi.

2019-yilda Qozogʻiston ijtimoiy rivojlanish institutining tashkil etilishida ham mamlakatni maʼnaviy yuksaltirish bilan birga ayni sohadagi ilmiy loyihalarni toʻliq amalga oshirish maqsad qilingan edi. Institut bazasida 13 ta maxsus loyiha, jumladan  “Qozogʻistondagi 100 ta yangi nom”, “Qozogʻistonning muqaddas oylari geografiyasi”, “Ona vatan”, “100 ta yangi oʻquv darsliklar”, “Qozogʻiston madaniyati  zamonaviy dunyoda”, “Qozoq tilini lotin grafikasiga oʻtkazish” kabi yirik loyihalari ishga tushirildi. Shuningdek, “Mehnat – elning koʻrki”, “Huquqiy madaniyat”, “Iqtisod – jamiyat quvvati”, “Anʼnalar va urf-odatlar” kabi informatsion dasturlar ham ishga tushirildi.

Ular orasida “Tugʻan jer” (“Ona vatan”) loyihasi alohida oʻrin tutadi. Chunki bu loyiha vatanparvarlik, milliy gʻurur, millatni sevish kab gʻoyalarni oʻzida mujassam etgan.

“Рухани жаңғыру” loyihasining ishi toʻlaqonli yakunlandi, deb boʻlmaydi. Chunki uning yakuniy bosqichi COVID-19 sababli onlayn formatga koʻchirildi. Shuning uchun bu bosqichning hisobotlarida koʻproq nazariy xulosalar koʻzga tashlanadi. Ammo bu davrda qozoq etnologlari katta yutuqlarni qoʻlga kiritishdi. Ular “milliy kod” deya nomlanayotgan etnik birliklar, yaʼni “urug‘”larning toʻliq tasniflari ishlab chiqildi. Ularning kelib chiqishi, tarixi tarqalish areallari ilmiy xulosalar bilan mustahkamlanib tarix kitoblaridan joy oldi.

“Ұлттық рухани жаңғыру” – milliy tiknishning yangi bosqichi

“Рухани жаңғыру” loyihasi muvaffaqiyatli yakunlangach, hukumat tomonidan uni mantiqan davom ettirish va keyingi bosqichga olib chiqish masalasi koʻrib chiqildi. Natijada 2021 yilda “Ұлттық рухани жаңғыру” – Milliy maʼnaviy tiklanish loyihasiga start berildi.

“Ұлттық рухани жаңғыру” loyihasining “Рухани жаңғыру”dan qanday farqi bor?

“Ұлттық рухани жаңғыру” loyihasi “Рухани жаңғыру” loyihasining tajribalaridan kelib chiqqan holda qabul qilingan boʻlib, Qozogʻiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 7-oktabrdagi 670-sonli farmoniga koʻra Davlat dasturlari qatoriga kiritilgan. Demak, dastur davlat mablagʻlari hisobidan, barcha vazirliklarning masʼulligida amalga oshiriladi. Har bir bajarilgan ish uchun davlat sektoridan masʼullar belgilangan.

“Ұлттық рухани жаңғыру” loyihasida maqsadlar koʻlami yanada kengaytirildi va u Milliy yuksalishning avangardiga aylantirildi.

Milliy oʻzlikni anglash, yoshlarda maʼnaviy-maʼrifiy qadriyatlarga nisbatan ijobiy tuygʻularni shakllantirish, ragʻbatlantirish orqali har bir qozogʻistonlikning ijodiy potensialini rivojlantirish ustuvor vazifalar qilib belgilandi.

2021–2025-yillarga moʻljallangan “Ұлттық рухани жаңғыру” loyihasi uchun 119 375 266 ming tanga mablag‘ ajratilib, har bir yil uchun qoʻyidagi  tartibda taqsimlandi:

1. 2021-yil – 27 797 417 000 tanga;

2. 2022-yil – 26 695 141 000 tanga;

3. 2023-yil – 23 416 984 000 tanga;

4. 2024-yil – 20 781 813 000 tanga;

5. 2025-yil – 20 683 911 000 tanga.

Bu mablagʻlar qaysi yoʻnalishlarga sarflanadi?

Dastur faoliyati qoʻyidagi yoʻnalishlarda olib boriladi:

1. Qozogʻistonliklarning oʻz madaniyatini va intellektual salohiyatini rivojlantirish – aholini “Рухани жаңғыру” dasturiga jalb qilish orqali vatanparvarlik tuygʻusini oshirish;

2. Madaniy obyektlarga tashriflar sonini koʻpaytirish;

3. Aholining madaniyat sohasidagi xizmatlar sifatidan qoniqish darajasini oshirish;

4. Yoshlarning hukumatdan olishi mumkin boʻlgan yordamlari toʻgʻrisida xabardorligini oshirish;

 5. Yoshlar orasida volontyorlik madaniyati darajasini oshirish;

6. NEET[9] kategorisiga mansub yoshlarning sotsializatsiyasini amalga oshirish orqali NEET yoshlarning sonini kamaytirish;

7. Yoshlarning uy-joy bilan taʼminlanishida jamgʻarish tizimida ishtirok etishi uchun sharoit yaratish.

2011–2022-yillar davomida har bir yoʻnalish boʻyicha salmoqli ishlar amalga oshirildi. Yoʻnalishlardagi olib borilgan ishlar sifat va miqdor jihatidan baholanib, shunga koʻra keyingi yillarning chora-tadbirlarini ishlab chiqish yoʻlga qoʻyildi. Ularning bajarilishini aniqlash uchun klassifikatorlar ishlab chiqilib, sotsiologik va analitik xulosalar berib borildi.

Axborotlashtirish va ijtimoiy rivojlantirish vazirligining hisobotiga koʻra, 2023-yilning mart oyi holatida rejadagi ishlar toʻliq bajrilgan. Misol uchun, Milliy oʻzlikni anglash va intellektual potensialni rivojlantirishga qaratilgan loyihalar 100% bajarilgan[10]. Jumladan, rejaga koʻra qurilishi kerak boʻlgan ijtimoiy-madaniy obyektlar, xususan kutubxonalar, kinoteatrlar, madaniyat saroylari, intellektual markazlar toʻliq qurib bitkazilib foydalanishga topshirilgan.

Dastur doirasida joriylangan “Kitob oʻqiydigan millat” loyihasining natijasida umumiy kitobxonlik darajasi 40% ga oshgan. NEET yoshlarning ijtimoiylashuvi har yili 6.8% ga oʻzgarib borgan, ishga joylashtirishning ikki yillik koʻrsatkichi 2 514 kishini tashkil qilgan. 

“Ұлттық рухани жаңғыру” loyihasidan kutilayotgan natijalar, asosan, iqtisodiy va ijtimoiy sohani qamrab oladi. Iqtisodiy sohada “Tugʻan jer” loyihasi ishga tushirilgan va unga 7,2 mlrd tanga ajratilgan. Xoʻsh, bu loyiha qanday samara beradi? Izchil ishlangan loyihaning hamma bandlari amalga oshiradigan boʻlsa, 7 036  kishiga ishchi oʻrni yaratiladi.

Ijtimoiy sohada esa davlat yoki metsenatlar mablagʻlari hisobidan har bir tashkilot bazasida ijtimoiy inshootlarning barpo etilishi va ularda mazmunan yangi davr talabiga javob beradigan madaniy-maʼrifiy muassasalarning tashkil qilinishiga eʼtibor qaratilgan.

Til oʻrganishga eʼtibor

Maʼlumki, Qozogʻiston mustaqillikka erishgandan keyin ham rus tilining nufuzini saqlab qolgan. Xususan, Qozogʻiston respublikasining tillar toʻgʻrisidagi Qonuni 5-moddasida davlat tashkilotlari va mahalliy boshqaruv organlarining hujjatlari qozoq va rus tillarida olib borilishi qayd qilingan. Shuningdek, ayni qonunda barcha qurolli kuchlar tizimlarida, fan va taʼlimda, shartnomalarni rasmiylashtirishda, rekvizitlar va vizual axborotlarni uzatishda davlat tili bilan birga rus tilidan foydalanish alohida moddalar bilan qatʼiy belgilab qoʻyilgan[11].

Natijada mamlakatda bilingvizm yuzaga kelib, mustaqillik davrida ham ikki tilda bemalol gaplashadigan kadrlarning soni ortib bordi. Bu yaxshimidi yoki yomonmi? Ana shu masala koʻpincha bahslarga sabab boʻlib keldi.

Millatning ayrim ziyolilari rus tilidan voz kechilmasa qozoq tilining nufuzi tiklanmasligini aytishsa,  koʻpchilik rahbarlar, olimlar rus tilini oʻzlashtirish qozoq xalqining ijtimoyi hayotida progressiv ahamiyatga ega boʻlganligini qayd etishgan.

Bilingvizmdan trilingvizm sari

Qozogʻistonda bilingvizm bilan bogʻliq bahslar yil oʻtishi bilan trilingvizm soyasida asta-sekin soʻna boshladi. Chunki hukumat doirasi maktablarda ingliz tilini oʻrganishga eʼtibor kuchaytirildi. Uchta tilni oʻrganish zamonaviy taʼlimning ustuvor vazifasi etib belgilandi[12]. Rus tilining saqlanishi Qozogʻistonda oʻtgan asrdagi ilmiy-fundamental bazaning rivojlanishiga olib kelgan boʻlsa, ingliz tilini oʻzlashtirish kelajakdagi ilmiy yutuqlar sifatida baholangan.

Nursulton Nazarboyev “tafakkurining dunyoga ochiqligi”ni sharhlar ekan, buni amalga oshirishning yagona yoʻli ingliz tilini hamma, jadal tarzda oʻrganishi lozimligini urgʻulagan[13]. Hozirgi kunda Qozogʻistonlik ingliz tili oʻqituvchilarining Kembrij universitetida malaka oshirishi muntazam yoʻlga qoʻyilgan.

Keyingi yillarda Qozogʻistonda xitoy tilini oʻrganishga eʼtibor kuchaygan. Intellektual maktablarda xitoy tili ikkinchi horijiy til sifatida oʻqitilmoqda. Buning sababi, birinchidan, Qozogʻistonning Xitoy bilan savdo aloqalari 20% ni tashkil etishi va uning  tadrijiy ravishda oʻsib borayotgani bilan bogʻliq boʻlsa, ikkinchidan, Qozogʻiston hukumatining Xitoyni kelajadagi global sivilizatsiyaning oʻchogʻi sifatida koʻrayotgani bilan bogʻliq.

Diniy islohotlar

Qozogʻistonda diniy islohotlarlarning adolatli olib borilgani ham maʼnaviy sohadagi yutuqlarning muhim omili deb qaraladi.

Qozogʻiston dunyoviy davlat va bu mamlakatning konstitutsiyasida qayd etilgan. Shu bilan birga, konstitutsiyaning 14-moddasida fuqarolarning  jinsi, irqi, millati, tili, ijtimoiy kelib chiqishi va dinidan qatʼi nazar qonun oldida teng ekani ham belgilab berilgan.

Qozogʻistonning 30 yillik tarixida hech bir din yoki konfessiya taʼqibga olinmagan. Ammo hech bir diniy uyushma yoki uning aʼzolarining boshqalarni oʻz diniga majburan oʻtkazishiga ham yoʻl qoʻyilmagan. Shu sababli, mamlakatning barcha hududlarida masjidlar, cherkovlar, sinagogalar va boshqa ibodatxonalar erkin faoliyat olib boradi.

Hozirgi kunda Qozogʻiston aholisining 69,31% ini musulmonlar tashkil qiladi[14]. Qozogʻiston musulmonlar idorasi 1990-yilda Oʻrta Osiyo va Qozogʻiston musulmonlari idorasining qozilik idorasi bazasida tashkil etilgan. 90-yillarda respublikada bitta ham diniy taʼlim muassasasi boʻlmagan. Shuning uchun birinchi prezident diniy ulamolar bilan maslahatlashgan holda 1993-yilda Olma-otada Misr islom madaniyati universitetining filialini ochish haqida qaror qabul qiladi. Universitetda hozirgi kunda bakalavriyat, magistratura va doktarantura ish olib boradi. Universitet oʻqituvchilarining 50% ni fan doktorlari tashkil qiladi. Universitet talabalarining Misrda va Saudiya Arabistonida taʼlimni davom ettirishlari uchun ham barcha imkoniyatlar yaratilgan. Eʼtiborlisi shundaki, bugungi kunda  ularning aksariyati qozoq, rus, ingliz va arab tillarini yetarli darajada oʻzlashtirishgan. Qozogʻistonning hamma markaziy shaharlarida madrasalar ochilgan. Madrasalarda bolalar uchun Qurʼon kurslari ham faoliyat olib boradi. Diniy-maʼnaviy targʻibotlarni olib borish uchun Qozogʻiston din ishlari qoʻmitasi va musulmonlari idorasi muassisligida “Asil arna” telekanali, islam.kz, muslim.kz, azan.kz axborot portallari faoliyat yurgizadi. Eng qizigʻi, bu kanallarning hammasi qozoq va rus tillarida  ish olib boradi. Hech kim Qurʼon oʻrgangani, namoz oʻqigani, diniy libos kiygani yoki boshqa diniy faoliyati uchun taʼqibga olinmaydi.

Boshqa  dinlar uchun, jumladan, umumiy aholining 26,2% ini tashkil qiladigan nasroniylar uchun ham shunday sharoitlar yaratilgan. Bu esa oʻz oʻrnida mamlakatdagi diniy bagʻrikenglikning taʼminlanishiga olib kelgan.

Koʻpmillatli davlatni boshqarishning Qozogʻiston modeli

Qozogʻistondagi maʼnaviy yutuqlarning yana bir omili millatlararo hamjihatlikning saqlanishidir. Inchunin, Qozogʻiston 90-yillardagi millatlararo nizolarni chetlab oʻtgan sanoqli davlatlardan biridir.

Koʻpchilik chetdan qaragan odamlarda Qozogʻistonda qozoq etnosini ortiqcha ulugʻlash, ularga ortiqcha imtiyozlar mavjudligi haqida taassurotlar bor. Nega?

Buning asosiy sababi Qozogʻistondagi milliy siyosatning asoslarini tushunmaslik bilan bogʻliq. Uni tushunish uchun esa koʻpmillatli davlatni boshqarishning Qozogʻiston modeliga eʼtibor qaratamiz.

Birinchidan, milliy siyosatning zamirida titul millat sanalgan qozoq etnosi va uning madaniyati oʻzak vazifasini oʻtaydi. Va shu bilan boshqa barcha millatlarning milliy-madaniy rivojlanishi uchun ham teng sharoitlar yaratiladi. Qozoqlar oʻzlariga asrlar davomida yetkazilgan tahqirlar va zararlar uchun boshqa millatlarni ayblamaydi. Hamma millatlar bilan doʻstona munosabatni saqlaydi va hurmat koʻrsatadi.

Ikkinchidan, hech bir millatning tili kamsitilmaydi.

Uchinchidan, hech bir millatning tarixan shakllangan diniy qarashlari kamsitilmaydi.

Har bir millat va diasporaga oʻzlarining tarixiy vatanlari bilan aloqalarni tiklashi, madaniy muqaddasotlarini saqlashi uchun sharoitlar yaratadi. Boshqa yurtlarda yashaydigan qozoqlar uchun ham Qozogʻistonda shunday sharoit yaratiladi.

Qozogʻistonda milliy masalalar boʻyicha Qozogʻiston xalqlari assambleyasi ish olib boradi. Assambleyaga Qozogʻiston Prezidenti raislik qiladi.

Umuman olganda diniy bagʻrikenglik va millatlararo hamjihatlikning taʼminlanishi Qozogʻistondagi ijtimoiy birlikni yuzaga keltirgan. Aynan shu ijtimoiy birlik mamlakatdagi yuksalishlarning, ilmiy, madaniy-maʼrifiy, maʼnaviy sohadagi yutuqlarning garovi boʻlsa ajab emas.

Xulosa

Qozogʻistonda ijtimoiy sohada olib borilgan islohotlar oʻzining natijaviyligi bilan ajralib turadi. Qanday?

Boshqaruv sotsiologiyasida metodologiya tushunchasi ikki jihatdan koʻrib chiqiladi: epistemologik va pragmatik. Epistemologik jihatdan yondashilganda ijtimoiy voqelik va boshqaruv muammolarini oʻrganishning asosiy tamoyillari majmui tushuniladi. Pragmatik boshqaruvda esa barcha uslublarning majmui oʻlaroq, boshqaruv texnologiyalari amaliyotda qoʻllaniladi. Qozogʻiston pragmatik boshqaruvni tanlab, aniq maqsadlar sari olib boradigan texnologiyalardan foydalanish orqali eski tizimdan voz kecha oldi. Pragmatik boshqaruv oʻz-oʻzidan maʼmuriy buyruqbozlik tizimidan voz kechishga olib keldi. Natijada esa har bir sohani isloh qilishda kreativ yondashish uchun imkoniyat tugʻildi.

Muayyan davr uchun moʻljallab joriy etilgan har bir loyiha ilmiy asoslanib, unga yetarli mablagʻlar sarflandi, uning natijaviyligi esa mutasaddi rahbarlardan talab qilindi. Amaliy natijalarning ochiqlanishi taʼminlandi.

Ilmiy yondashuv har bir loyihaning asoslanishi va xulosalarining mantiqiy yechim topishi uchun zamin yaratdi. Oldin faqat soʻzda yoki matbuot orqali maʼlum boʻlgan milliy qadriyatlar ilmiy asoslar bilan boyitilib, turli konferensiyalar va kongresslarda jahonning nufuzli olimlari muhokamasidan oʻtkazildi. Natijalar UNESKO va boshqa xalqaro tashkilotlarning tegishli bazalariga kiritilib, himoyasi taʼminlandi.

Amaliy natijalarning ommaviy axborot vositalari, ilmiy va badiiy nashrlar, hujjatli va badiiy kinofilmlar orqali yoritilishi millatning yangiliklar bilan tanishib borishi va ularda milliy ruhning shakllanishiga olib keldi. Albatta, bunda mablagʻlarning yetarli darajada ajratilishi va toʻgʻri sarflanishi ham muhim oʻrin tutadi.

Qozogʻistonning ilmiy sohadagi yutuqlari ham bunga taʼsir koʻrsatgan. Inchunin, sovet davridagi kutubxonalarning saqlab qolinishi, olimlar va oʻqituvchilarga koʻrsatilgan eʼtibor sababli Qozogʻistonda fan va taʼlim yildan yilga yuksalib borgan.

Hozirgi kunda Qozogʻistonni maʼnaviy yuksak deb atash toʻgʻri boʻlmas. Chunki ijtimoiy hayotdagi koʻzga tashlanayotgan kamchiliklar bu fikrning mubolagʻa ekanini koʻrsatdi. Ammo Qozogʻistonda yakdil jamiyatning shakllangani, jahon hamjamiyatida ularning nufuzining ortib borayotgani mubolagʻa emas. Qozogʻiston maʼnaviy yuksalish yoʻlidan borayotgani esa ayni haqiqatdir.

Anvar BOʻRONOV



[1] Назарбаев Н.А. Без правых и левых. М: Молодая гвардия,1991. 252-с.

[2] Семья и Общество – Организованная преступность в Казахстане: прошлое и настоящее. Архивная копия от 26 апреля 2017 на Wayback Machine.

[3] Национальный состав населения СССР (по данным Всесоюзной переписи населения 1989 г.), М., Финансы и статистика, 1991. С. 102.

[4] Oralman (turkiyda aylanib (oʻralib) qaytish maʼnosini beradi) – repatriatsiya. Qozogʻistonda boshqa mamlakatlarda yashayotgan etnik qozoqlarni  yurtga qaytarish uchun ishlab chiqilgan demografik siyosat. 2021-yildan Oralman Qandas (qondosh) deb oʻzgartirlgan.

[5]  Агентство Республики Казахстан по статистике. Архив Архивировано 13 ноября 2013 года: Национальный состав населения Республики Казахстан и его областей (том 1).

[6] Хроника Независимости: 2000. https://liter.kz/129504-2/

[7] Послание президента страны народу казахстана «К свободному, эффективному и безопасному обществу» (Астана, 24 октября 2000 года). https://online.zakon.kz/Document/?doc_id=1020350&pos=0;205#pos=0;205

[8] Adat qonunlari – Kavkaz va Markaziy Osiyoda yashovchi xalqlar orasida majburiy deb tan olingan yozilmagan qonunlar, axloqiy tamoyillar, qoidalar majmui. Adat qonunlariga koʻra, uni oʻzgartirish, qoʻshimchalar kiritish, kimgadir jazo berish yoki oqlash urug‘ oqsoqollari tomonidan amalga oshirilgan. Adat qonunlariga koʻproq koʻchmanchi xalqlar amal qilib kelgan.

[9]  NEET (Not in Education, Employment, or Training) – maʼlumotsiz, ishsiz va professional tayyorgarlikka ega boʻlmagan yoshlar.

[10] Yежегодный отчет Министерства информации и общественного развития Республики Казахстан по реализации национального проекта «Ұлттық рухани жаңғыру» на 2021–2025 годы (март 2023 года) https://online.zakon.kz/Document/?doc_id=39161154&pos=3;-104#pos=3;-104

[11] Закон Республики Казахстан от 11 июля 1997 года №151-I О языках в Республике Казахстан. https://online.zakon.kz/Document/?doc_id=1008034&pos=5;-106#pos=5;-106

[12] Трехъязычие как один из приоритетов современного образования Читайте льше: https://www.nur.kz/family/school/1618075-trekhyazychie-kak-propusk-v-bolshoy-mir/.

[13] Назарбаев Н. Взгляд в будущее: модернизация общественного сознания. https://www.akorda.kz/ru/events/akorda_news/press_conferences/statya-glavy-gosudarstva-vzglyad-v-budushchee-modernizaciya-obshchestvennogo-soznaniya

[14] Итоги Национальной переписи населения 2021 года в Республике Казахстан. stat.gov.kz. Дата обращения: 2 сентября 2022.