Butun dunyoda jamoat transportlari aholini tabaqaga ajratish emas, manzilga tez, qulay va xavfsiz yetkazish vositasi sanaladi. Ya’ni, undan turli qatlam vakillari shaxsiy avtomobili yoki haydovchisi borligidan qat’i nazar, faol foydalanadi.
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda ham jamoat transportlari qulaylashib, samarali ishlashi uchun deyarli barcha imkoniyatlar yo‘lga qo‘yildi: avtobuslar soni ko‘paytirildi, salonlari yuqori standartlar asosida jihozlandi, yo‘llarda alohida yo‘laklar ajratildi, havoga chiqadigan zaharli gazlar miqdorini kamaytirish uchun bir nechta yo‘nalishdagi odatiy avtobuslar elektrobuslarga almashtirildi. Umuman, inson omiligacha bo‘lgan deyarli barcha bosqichlar imkon qadar yaxshilandi. Natijada jamoat transportidan foydalanish tendensiyasi O‘zbekistonda ham sezilarli darajada yuqoriladi.
Ammo tizimda hali ham ba’zi oqsashliklar bor.
Ushbu maqolada tartib va madaniyatsiz yo‘lovchilar borligini ham inkor etmagan holda, avtobuslarda eng ko‘p yuzaga keladigan muammolar, qo‘pol ravishda buzilayotgan iste’molchilar huquqlari va majburiyatini to‘g‘ri bajarmayotgan haydovchilar haqida so‘z boradi.
Qatnov intervaliga ta’sir qiluvchi omillar
Transportlarning yo‘nalishi va intervalini ko‘rsatib turuvchi onlayn dasturlar yo‘lovchining o‘z vaqtida manziliga yetib borishida qulay vosita sanaladi. Ammo ilovadagi raqamlar amaliyotdagi interval vaqti bilan doim ham mos kelavermaydi, kechikishlar kuzatiladi.
Avtobuslar kechikishiga odatda, yo‘llardagi tirbandliklardan tashqari haydovchilar bilan bog‘liq holatlar sabab bo‘ladi. Masalan, bir bekatda keragidan ortiq to‘xtab turish. Bu holat texnik uzilishlar tufayli yuzaga kelsa-ku, boshqa gap. Lekin haydovchi yo‘lovchilarga tushuntirish ham bermay, shunchaki to‘xtab turadi. Bu esa tabiiyki, yo‘lovchida norozilik kayfiyatini uyg‘otadi.
Bekatlarda to‘xtamasdan o‘tish
Avtobus haydovchilari yoki konduktorlar “Tushadiganlar bormi?” deb so‘rab, ba’zan so‘ramasdan ham bekatlarda to‘xtamay ketadi. Sababini so‘rasangiz, “So‘raganda nega indamadingiz?!”, “Tushadigan odam vaqtliroq harakat qiladi-da!” yoki “To‘xtash joyini boshqa avtobuslar to‘sib qo‘ygandi” kabi asossiz bahonalar bilan go‘yoki vaziyatdan chiqadilar.
Aksariyat hollarda bekatda yosh bolalar, qariyalar va hatto, chemodan ko‘targan musofirlar ham qo‘l ko‘targancha qolib ketadi. Aslida, haydovchi avtobusdan tushadigan yoki chiqadigan yo‘lovchilar bor-yo‘qligidan qat’i nazar, yo‘nalishidagi har bir bekatda to‘xtashga majbur.
To‘lov bo‘yicha muammolar
Yo‘lovchilarda to‘lov bo‘yicha keng tanlov, shu bilan birga, bir qator tushunmovchiliklar ham bor.
Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilariga ko‘ra, to‘lov terminallari doim ham ishlayvermaydi: karta validatorga tekkizilganda “Х” belgisi chiqadi, undan keyingi urinish esa muvaffaqiyatli bo‘ladi. Biroq kartadagi xarajatlar tarixi tekshirilganida, bir vaqtda ikki marta pul yechib olinganligini ko‘rish mumkin.
Xuddi shu holat karta hisobida mablag‘ bo‘lmaganida ham yuzaga keladi. Ya’ni, yo‘lovchi puli tugaganidan bexabar terminalga kartani tekkizadi. Pul yechilmaganini ko‘rib, karta hisobini to‘ldiradi va qayta to‘lov qiladi. Hisobdan esa birinchi urinish uchun ham pul yechib olinadi. Bir so‘z bilan aytganda, texnik muammolar tufayli, yo‘lovchi bir yo‘nalish uchun ikki marta haq to‘lashiga to‘g‘ri keladi.
Yana bir muammo: katta sig‘imli avtobuslarning har bir eshigi oldida to‘lov terminali bor. Yo‘lovchi o‘ziga yaqin terminaldan pul o‘tkazishi yoki oldi eshikka kelib, naqd shaklda to‘lov qilishi mumkin. Shunga qaramay, tushish vaqti kelganda faqat oldi eshiklar ochilib, barcha yo‘lovchilar o‘sha yerga kelishi so‘raladi. Sabab esa tushunarsiz, buni yo‘lovchilarning to‘lov qilishiga ishonchsizlik, deb atash ham noto‘g‘ri. Negaki, eshik yuqorisidagi kuzatuv kameralari haydovchi oldidagi kichik ekranlarda to‘g‘ridan-to‘g‘ri aks etadi, unda barcha yo‘lovchilarni nazorat qilish mumkin.
Terminallardan tashqari, bir nechta QR-to‘lov kodlari yopishtirilgan avtobuslarda konduktor ham aylanib yurishiga qanchalik ehtiyoj bor?
“Avtobusda odamlar tiqilinch payti har bekatdan keyin konduktorning turtinib-surtilib avtobusning u boshidan bu boshiga borib kelishi eng asabimga tegadigan xolat...”, deb yozadi Twitter foydalanuvchisi Surayyo Majidova. Bundan ayon bo‘ladi-ki, naqd to‘lovchilar uchun qulaylik qilish maqsadida yo‘lga qo‘yilgan konduktorlik faoliyati ko‘p tomonlama noqulayliklarga sabab bo‘lmoqda.
Bu qarorga kelinishiga yana bir nechta asos ham bor:
Bilamizki, to‘lov kartasini shunchaki terminalga tekkazib qo‘yish alohida bilim talab etmaydi, buni hatto, kichik yoshdagi bolalar ham uddalaydi. Lekin nima uchun shu oddiy vazifani ham konduktorlar bajarib berishi kerak? Axir to‘lov kartasi egasining shaxsiy buyumi sanaladi, u egasidan boshqa hech kimning qo‘liga tushmasligi zarur.
Eslatma! Iste’molchining shaxsiy mablag‘lari saqlanadigan har qanday karta (xoh bank kartasi bo‘lsin, xoh transport kartasi) egasining shaxsiy buyumi hisoblanib, uni boshqalar qo‘liga olishga haqli emas. Kartalarning maxfiy kodi ham to‘lov kassalari va terminallarida kassa xodimlariga oshkor qilinmasligi, aksincha, egasi tomonidan terilishi zarur.
Yo‘lovchining mustaqil to‘lov qilishiga qo‘yib berilmasa, kuzatuv kameralariga qaralmasa, unda avtobus salonlarini zamonaviy vositalar bilan jihozlashga ne hojat?!
To‘lovni chiqishda qilish kerakmi yo tushishda?
Ko‘plab davlatlarda, xususan, Turkiyada ham metrobus, metro va avtobuslar uchun yo‘l haqi asosan terminallar orqali, yo‘lovchi transportga chiqishi bilan to‘lanadi. Shundan keyin na konduktor va na haydovchi qayta nazorat qiladi. O‘z o‘rnida, aholi ham shu tartibga moslashgan.
Polsha, Germaniya va boshqa Yevropa mamlakatlarida transport chiptalari maxsus ilova yoki bekatlardagi chipta avtomatlaridan xarid qilinadi. Berlinda naqd pul evaziga ham haydovchidan chipta olish mumkin, lekin beriladigan pul yirik bo‘lmasligi kerak. Agar haydovchida qaytim uchun yetarli mablag‘ bo‘lmasa, u to‘lovni shunchaki qabul qilmasligi ham mumkin. Transportlardan to‘lovsiz foydalanganlar esa jiddiy javobgarlikka tortiladi.
Gruziyada esa yo‘lovchilar avtobuslardagi bilet avtomati (validator)dan chipta sotib oladi. Konduktorlar o‘rniga nazoratchilar (kontroller) maxsus nimchalarda yo‘lovchi chiptalarini nazorat qiladi. Kontrollerlar asosan, bekatlarda avtobusdan tushuvchilarning chiptalarini tekshiradi yoki avtobus ichida ham ma’lum muddat harakatlanishi mumkin.
Mana shu kontroller tizimini to‘g‘ri ishlashiga erishilsa, konduktor xizmatidan voz kechish ham mumkin. Bu borada transport vazirligi qoshidagi loyiha ofisi direktori Murod Abidov “Lolazor” podkastidagi chiqishida Qozog‘iston tajribasidan misol keltiradi:
“Konduktorlardan voz kechish uchun kontroller tizimi ishlashi kerak. Agar ishlamasa, qo‘shni Qozog‘istondagi kabi salbiy oqibatlar yuzaga kelishi mumkin. U yerda barcha konduktorlar faoliyati to‘xtatilib, avtobus eshiklari birdaniga ochib yuborilgan. Bunda yo‘l haqini doimiy to‘lab yurganlarning 47 foizi pul to‘lamay tushib ketishi kuzatilgan va byudjetga juda katta zarar yetgan”.
Bundan ma’lum bo‘ladiki, har qanday tizimning to‘g‘ri ishlashida mas’ullardan tashqari, jamoatchilikning roli ham katta. Boshqacharoq qilib aytadigan bo‘lsak, odamlar istalgan xizmatidan foydalangani evaziga nazorat yoki majburiyat borligi uchungina emas, ongli ravishda haq to‘lashi zarurligini tushunishi, bajarishi kerak.
Bizda qanday?
Avtomatlashtirilgan to‘lov tizimi Toshkent shahrida 2023-yilning fevralidan boshlangan bo‘lsa, elektron to‘lov tartibi bo‘yicha hali ham bir qarorga kelinganicha yo‘q. Bir haydovchi to‘lov qilib, keyin ichkariga o‘tish kerakligini aytsa, boshqasi bu uchun dakki berib, to‘lov qilinganiga shubha ham qiladi.
“Kartoshka olib ketmayapsiz-ku, sekinroq haydasangiz-chi!”
Avtobusdan foydalangan kishi borki, gap nima haqida borayotganini darhol anglaydi. Ha, ha, gap haydovchilarning betartib haydashi yoki kim o‘zarga o‘ynashi haqida.
Avtobus salonida yosh ham bo‘ladi, qariyalar ham. Bolalar, nogironlik aravachasidagi yo‘lovchilar va hatto, homilador ayollar ham kam emas. Lekin “shumaxer” shofyorlarga buning umuman ahamiyati yo‘q: ma’lum hududlarda yo‘nalishi bir bo‘lgan haydovchilar bilan poyga o‘ynaydi. Bu vaqtda to‘satdan tormoz olish, kutilmaganda tez qo‘zg‘alish yoki chegaradan yuqori tezlik holatlari yuzaga kelib, yo‘lovchilar turli darajada travma olishi mumkin. Bundan tashqari, yaqindagina keltirilgan elektrobuslar ishtirokida sodir bo‘lgan ketma-ket avariyalar ham yuqoridagi fikrga misol bo‘la oladi. Haydovchilarning bunday quvlashmachog‘ini “oqlash” uchun avvallari sabab bor edi: ularning daromadi kun davomida yo‘lovchilardan yig‘ilgan pulga ko‘ra belgilangan, shuning uchun bekatlarga boshqalardan avval yetib olishga urinishardi.
Ammo bugun unday emas. Endi haydovchilar brutto-shartnoma asosida faoliyat yuritadi. Unga ko‘ra, haydovchilar daromadi o‘z vaqtida bekatlarga yetib borish, reyslarni belgilangan marta amalga oshirish va avtobus salonining ozodaligi kabi sifat ko‘rsatgichlariga asosan hisoblanadi.
Yo‘l harakatining umumiy qoidalariga ko‘ra, transport boshqarish vaqtida telefondan foydalanish (bluetooth yoki quloqchinlar orqali, qo‘llarni ishlatmasdan telefonda gaplashish bundan mustasno) taqiqlanadi. Haydovchilar orasida bu qoidani buzadiganlar ham, buzmaslik uchun telefonning ovozli rejimida, baland ohangda gaplashadiganlar ham uchrab turadi.
Yo‘lovchilar chiqib yoki tushib bo‘lmasidan, eshiklar ochiq vaqtida harakatlanish, tegishli bekatlardan avtobus chirog‘ini o‘chirgan holda “yashirincha” o‘tib ketish, o‘z yo‘nalishi bo‘ylab emas, boshqa marshrut bo‘yicha yurish – bularning bari amaliyotda bir necha bor kuzatilgan, qonun hujjatlarida taqiqlangan va inson hayotiga bevosita xavf solishi mumkin bo‘lgan harakatlar sanaladi.
Ma’lumot uchun, Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorida “Haydovchi avtobusni to‘xtash joyidan faqat eshiklarni yopgan holda, yo‘lovchilar to‘liq tushirib va chiqarib bo‘lingandan so‘ng yurgizishi, bekatlarni aniq va to‘g‘ri e’lon qilishi, qatnov yo‘nalishi o‘zgargan taqdirda esa bu to‘g‘rida har qaysi bekatda e’lon qilishi shart. Avtobus salonini avtobusning muayyan turi uchun belgilangan umumiy sig‘imidan ortiqcha to‘ldirishga yo‘l qo‘yilmaydi” deb yozib qo‘yilgan.
O‘tgan yili ko‘z oldimda bo‘lgan va yo‘lovchilar hayotiga jiddiy xavf solgan hayotiy misolni eslab o‘tsam. Avtobus haydovchisi yo‘nalishi bo‘yicha to‘g‘riga ketishi kerak edi. Lekin u o‘sha chorrahadan ortga qaytishini, yo‘lovchilar shu yo‘lda yoki qayilgach, bekatda tushib qolishini so‘radi. Bu “iltimos” mashinalar qatnov qismida, yo‘lning aynan o‘rtasida aytildi. “Yo‘lovchilar hayotiga siz javobgarsiz, agar biror kor-hol bo‘lsa, mas’uliyatini o‘z bo‘yningizga olasizmi?” degan savolimga esa “Shunday bo‘lib qoldi-da bir marta, uzr endi” degan asossiz javob oldim.
Ikkinchi tomon ham “farishta” emas. Tartibsiz, madaniyatsiz yo‘lovchilar ham bor
Vazirlik mas’uli Murod Abidovga ko‘ra, avtobuslar har kuni “moyka”dan chiqadi. Uning ichki tozaligi esa mantiqan olib qaraganda, eng avvalo, yo‘lovchilarga bog‘liq. Yo‘lovchilar orasida mayda chiqindilarni avtobus salonida qoldiradigan, oynadan uloqtiradigan yoki farzandining oyoq kiyimi bilan o‘rindiqlar ustini ifloslantiradiganlar kunda-kun ora ko‘zga tashlanadi. Taqiqlangan joylarda tushib qolishini aytib, haydovchining qoidabuzarlik qilishiga sabab bo‘ladigan, yo‘l haqini to‘lamay ketadigan va haydovchilarni gapga solib, yo‘ldan chalg‘itadigan yo‘lovchilar ham talaygina.
Tomonlar belgilangan tartiblarga rioya qilishi, majburiyatlarini bajarishi orqali butun tizimning samarali ishlashiga erishish mumkin. Ana shundagina, har qanday chora-tadbirlar ko‘zlangan natijani bera boshlaydi.
Maqolada muallifning o‘zi yoki yaqinlari bilan sodir bo‘lgan, tarmoq foydalanuvchilari ham duch kelgan muammoli vaziyatlar sanab o‘tildi. Keyingi maqolalarda esa shu muammolar yuzasidan ba’zi savollarga javob olish maqsadida soha mutaxassislariga murojaat qilamiz.
Keltirilgan muammolar haydovchi va konduktorlarning barchasiga ham tegishli emas. Gap egalarini topishiga umid qilamiz.