Soʻnggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda umumiy oʻrta maktablarda diniy darslar oʻtilishi kerakmi-yoʻqmi, degan savol atrofida fikrlar toʻqnashuvi kuzatilmoqda. Ayrimlar shart desa, kimlardir demokratik davlatda buning iloji yoʻqligini taʼkidlaydi. Oyina.uz muxbiri bir necha ziyolilarimizga murojaat qilib, shu mavzudagi mulohazalari bilan qiziqdi.

Nurulloh Muhammad Raufxon,

yozuvchi:

– Hech bir ikkilanishsiz maktablarimizga diniy taʼlim qoʻyilishi kerak. Chet ellardagi tajribaga suyanib, bolasi qanaqa din darsiga kirishini yo hech qaysi biriga kirmasligini ota-ona hal etsin. Lekin oʻqitilsin. Insoniy ehtiyoj bu.

Jamiyat dunyoviy ilm-fanga qanchalik muhtoj boʻlsa, oʻshancha va balki undan koʻproq diniy bilimga ham muhtojdir. Bu tiriklik uchun suv bilan havo zaruratiga oʻxshaydi. Birini berib, ikkinchisini bermasangiz, odam baribir oʻladi. Dunyoviy ilm-fan oʻqitilib, diniy bilim oʻqitilmasa, insonning jismi oʻlmasa-da, fitrati oʻladi.

Nisbiy maʼnoda, Odam bolasini uch tuygʻu boshqaradi, desa boʻladi: ONG, QALB, VIJDON! Bu uchalasi alohida-alohida, bir-biridan xabarsiz holda emas, balki bir paytda va bir-biri bilan kelishgan, uygʻun holda ishlaydi. Birini ikkinchisidan ayirsangiz, taʼlim ham, tarbiya ham, yumshoq qilib aytganda, kamchilikli boʻladi. Qattiqroq, yaʼni boricha aytilsa, bir tomon oʻpiriladi.

Har qancha pishiq, koʻrkam qasr quryapman demang, bir tomoni oʻpirilib yotsa, u qasringiz bir kuni qulashi aniq. Ong, qalb va vijdonning eng muhim va birlamchi ozuqasi DINdir. Din bilangina inson ongi, qalbi va vijdoni uygʻunlashadi, mukammallikka erishadi.

Qisqasi, yana qaytaraman: bolalarga diniy taʼlim-tarbiyani murgʻak bolaligidan boshlab berish kerak. Jumladan, maktablarda, oliy oʻquv yurtlarida ham!

Rahmon Qoʻchqor,

adabiyotshunos:

– Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga binoan mamlakatimiz dunyoviy davlat hisoblanadi. Biroq bu “dahriy davlat” degan tushunchani anglatmaydi. Din, garchi davlatdan ajratilgan boʻlsa-da, jamiyatdan ajratilgan emas. Shu tufayli ham shoʻrolar istibdodidan, kommunistik mafkuradan xalos boʻlgan ona yurtimizda barcha millat va elatlar vakillarining oʻzi istagan dinga eʼtiqod qilishi, vijdon erkinligini amalda his etmogʻi uchun kerakli barcha shart-sharoitlar yaratilgan.

Mazkur erkinlikning asl mohiyatini anglamay, uni ochiqdan-ochiq suiisteʼmol qilishga urinayotgan, jamiyatdagi jamiki muammolarning yagona va universal yechimini faqat diniy taʼlimda koʻradigan ayrim kishilar tomonidan umumtaʼlim maktablari va oliy taʼlim muassasalari oʻquv dasturlariga diniy darslarni tezkorlik bilan joriy etish taklifi ilgari surilmoqda.

Mening nazarimda, bu singari populistik xulq-atvor tarafdorlari taʼlim olgan maktab yoxud madrasalarda adabiyot, tarix, jahon dinlari tarixi singari – odam bolasining inson boʻlib voyaga yetishuvida nihoyatda kuchli rol oʻynaydigan fanlar sifatli oʻqitilmagan boʻlsa, ajab emas.

Masalan, oʻzbek tilida dars beriladigan umumtaʼlim maktablarining boshlangʻich sinflaridan to yuqori sinflarigacha Hazrat Navoiy, Mirzo Bobur singari mumtoz ijodkorlarning eng muhim asarlari tahlilu talqin etiladi. Ularning gʻazallari, ruboiylari, doston va nasriy asarlari mazmun-mohiyatini oʻquvchilar yoshiga mos tarzda tushuntirish orqali farzandlarimizda halol va haromning farqi, birovning haqiga xiyonat qilmaslik, riyokorlik va yolgʻonchilikka yaqin yoʻlamaslik, tana va qalbni pok saqlamoq, ota va ona hurmatini joyiga qoʻyish, tugʻilgan yurtga sadoqat va fidoyilik singari – inson iymonining mustahkam ustunlarini bunyod etish mumkinmi-yoʻqmi?

Yoxud Abdulla Qodiriyning “Oʻtkan kunlar” romani bosh qahramonlari Otabek, Kumush, Yusufbek hoji obrazlarining ibratli jihatlariga, “Mehrobdan chayon” asaridagi Abdurahmon domla qiyofasida esa pokiza mehrobga uya qurgan chayonlar kirdikorlariga oʻquvchilari diqqatni alohida jalb etishga oʻqituvchi-murabbiyga kim toʻsqinlik qiladi? Axir Choʻlponning “Kecha va kunduz”, Oybekning “Navoiy”, Asqad Muxtorning “Chinor” romanlari, Said Ahmadning “Ufq” trilogiyasi, Togʻay Murod qissalari yoxud Erkin Vohidov va Abdulla Oripov sheʼriyati, hatto Antuan de-Sent Ekzyuperining “Kichkina shahzoda” asari talqini bilan yosh avlod ongu shuurida iymon va eʼtiqodning mustahkam qoʻrgʻonlarini tiklash nahotki mumkin emas?..

Demoqchimanki, maktab va liseylarimiz, kollej va universitetlarimizda inson bolasini insofli, vijdonli, halol, toʻgʻrisoʻz shaxs qilib tarbiyalashning juda koʻp imkoniyatlari mavjudki, hamma gap oʻsha imkoniyatlardan toʻgʻri va oqilona foydalanishda qolgan, xolos.

Mubashshir Ahmad,

“Azon.uz” loyihasi rahbari:

– Bolasiga diniy taʼlim berayotgan yo buni xohlayotganlar, ularga dunyoviy bilimlarni ham bering.

Bolasiga faqat dunyoviy taʼlim berayotganlar, ularga dinu diyonatni ham oʻrgating.

Taʼlimning bu ikki jihati qushning ikki qanoti kabi. Agar qanotlarning bir tomoni oqsasa, qush toʻgʻri ucha olmaydi. Bir tomonga ogʻib ketadi va qulaydi.

Sherzod Komil Xalil,

mustaqil tadqiqotchi:

– Dinning jamiyatda roli va ahamiyati shubhasiz, katta. Biroq masalaga konservativ yondashish qanchalik toʻgʻri? Dinning roli boʻrttirilgan jamiyatlarga nazar solaylik, xususan, yon qoʻshnimiz Afgʻonistonda din, ehtimol, soʻnggi yuzyillikda oʻz pozisiyasini mustahkam tutib kelmoqda. Lekin u yerdagi axloqni mukammal deya olamizmi? Birgina Afgʻonistonda “gullab-yashnayotgan” bachchabozlik omilining oʻzi savolga yoʻq deb javob berishimiz uchun yetarli. Din maktab, jamiyat axloqini tuzatishga mukammal maʼnoda qodir emas. Axloq – dindorni ham, ateistni ham birdek qamrab ololadi. Dinning esa qamrovi cheklanmoqda.

Yapon, nemis, fin taʼlimi, menimcha, bizga oʻrnak boʻla oladi. Shu oʻrinda Avloniy hazratlarini tarbiya biz uchun yo hayot yo mamot, yo najot yo halokat, yo saodat yo falokat masalasidir, degan fikrlarini eslash orqali jadidlar bu borada najotni taʼlimga qaratganini urgʻulashni istardim. Zero, taʼlim oʻz samarasini bermagani uchun biz axloqiy nekbinlikni saqlab qololmayotgandirmiz. Din esa sharqona ahloq tarkibida albatta kerak, ammo oʻz oʻrnida, meʼyorida.

Oʻzbekiston koʻp millatli va turfa eʼtiqodli odamlar yashaydigan mamlakat. Men maktabda diniy taʼlim berilishi, xususan, Qurʼon darslari haqidagi fikrni shu maʼnoda qoʻllaymanki, bu koʻproq fan vositasida oʻrganilishi kerak. Bu oʻrinda dinshunoslik fani ayni muddao. Yaʼni dinshunoslik tarkibida islomni va uning tub mehvari boʻlgan Qurʼonni oʻrganish mumkin. Boshqa dinlar qatori umumiy rakursda bolalar dunyoqarashini shakllantirishda dinlar haqida tushuncha boʻlishi muhim. Qurʼon darslarini maxsus oʻrganish uchun esa madrasa taʼlimi mavjud. U yerda oʻrganish koʻproq maqsadga muvofiq sanaladi.

Davronbek Tojialiyev,

“Ziyouz.com” portali bosh muharriri:

– Aslida taʼlim, tarbiya, ilm degan qadriyatlarning bari dinda mujassam. Oʻzbekistonda ruxsat etilgan qonuniy diniy taʼlim uchun kvotalar juda kam. Diniy taʼlim olishni istovchilar esa nihoyatda koʻp. Oxirgi yillarda Qurʼoni karim va tajvid kabi ayrim diniy kurslarga ruxsat etilgan boʻlsa-da, ularda taʼlim olish uchun voyaga yetganlik talab qilinadi. Voyaga yetmaganlar uchun esa birorta rasmiy diniy taʼlim muassasasi yoʻq.

Maktab yoshidagi bolalar uchun hech boʻlmaganda haftada bir marta boshlangʻich diniy taʼlim, ayniqsa, aqida darslari muhim. Chunki diniy-aqidaviy immuniteti shakllanmagan yoshlar turli yot aqidalarni haqiqat oʻlaroq qabul qilishi bor gap. Maktablarda imomlar diniy suhbatlar oʻtkazishyapti, shu yetadi, degan vaj ham keltirilishi mumkin. Lekin bu doimiy emas. Taʼlimda silsilaviy darslardagina foyda boʻlishi haqiqat. Menimcha, Din ishlari boʻyicha qoʻmita, Musulmonlar idorasi maktablar uchun haftada bir marta dars oʻta biladigan kadrlarni bemalol topib bera oladi. Albatta, bu darslar ixtiyoriylik asosida boʻladi. Xohlagan qatnashadi, istamagan – yoʻq. Masalan, boshqa din vakillari oʻsha darsda oʻz dinlari olimlaridan taʼlim olishga haqli boʻlishi kerak.

Muhimi – bolalarimizga yoshligidan sof diniy taʼlimotlarni singdirish. “Buni ota-onasidan olsin, ana kitoblar bor, internetda imomlarimizning darslari bor-ku, yetadi”, deyish yechim emas.

Shuhrat Sattorov,

Respublika taʼlim markazi direktori:

– Jamoatchilik va OAV vakillari diniy tarbiya yoki diniy taʼlimning maktablarda oʻqitilishi yuzasidan tez-tez savol berishadi. Tarbiya va madaniyatning oʻzagi din boʻlgan jamiyatda diniy qadriyatlarning taʼlimga singdirilmasligini tasavvur qilish qiyin. Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 2020–2021-oʻquv yilidan boshlab maktablarda “Tarbiya” fani oʻqitila boshladi. Vazirlar Mahkamasining qarori bilan tasdiqlangan Uzluksiz maʼnaviy tarbiya konsyepsiyasida bir qator koʻnikma va bilimlar qatori oʻquvchilarda axloqiy, siyosiy dunyoqarash va diniy eʼtiqodning shakllantirilishi ham belgilangan. “Tarbiya” fani dasturi va darsliklari tayyorlanayotganda bu jihatlar eʼtiborga olingan. Yaʼni, muqaddas islom dinimizdagi axloqiy, umuminsoniy gʻoyalar yangi fan tarkibiga singdirilgan.

Hadislar “Tarbiya” darsligi orqali 1-sinfdan boshlab oʻquvchilarga oʻrgatib boriladi. Masalan, 3-sinfda: “Rivoyat qilinishicha, bir kuni Muhammad (s.a.v.) Hiro gʻorida oʻtirganlarida Jabroil farishta kelib: “Oʻqing!” dedi. U kishi: “Men oʻqishni bilmayman”, dedilar. Farishta yana: “Oʻqing” dedi. “Men oʻqishni bilmayman”, dedilar. U yana bir bor: “Oʻqing!” dedi. “Men oʻqishni bilmayman”, deb uchinchi marotaba javob qaytardilar. Jabroil farishta: “Oʻqing, Rabbingiz ismi bilan! Oʻqing!” dedi qatʼiylik bilan”. 8-sinfda: “Goʻzal xulq musulmon kishiga xos sifatlardandir. Musulmon kishi soʻkib haqorat qilinsa, u ham shunday javob qaytarmaslikka, balki tilini tiyib, sabr qilishga buyurilgan. Agar sizni biror kishi soʻksa, unga: “Alloh seni kechirsin”, deb ayting”.

“Tarbiya” darsligi orqali, shuningdek, Imom al-Buxoriy hayoti hamda asarlari oʻquvchilarning yoshga xos xususiyatlarini inobatga olgan holda yetkaziladi. Kitobga Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning umr yoʻli haqida kiritilgan maʼlumot hamda shaxsiy sifatlari haqidagi matn ham eʼtiborga molik.

Koʻrib turganingizdek, fikrlar qanchalik turfa boʻlsa, shunchalik mushtarak ham. Ayniqsa, maqsad. Oltin oraliqni topish esa hech qachon oson kechmagan, biroq doimo taraqqiyot omili boʻlib xizmat qilgan.

Nodira IBROHIMOVA

Oyina.uz