Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning “Oʻzbekistonning yangi taraqqiyot davrida taʼlim-tarbiya va ilm-fan sohalarini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoniga muvofiq umumtaʼlim muassasalarida Ijodiy-madaniy masalalar boʻyicha targʻibotchi lavozimi joriy etilib, bu vazifaga Yozuvchilar uyushmasi tomonidan tavsiya etilgan taniqli shoir, yozuvchi, jurnalist va ijodkorlar, oliy taʼlim muassasalarining ijtimoiy gumanitar kafedralari professor va oʻqituvchilari jalb qilindi. Targʻibotchilarning vazifasi qilib ijodkor oʻqituvchi va oʻquvchilarning ijodiy ishlarini keng jamoatchilikka yetkazishga koʻmaklashish, mushoiralar, adabiy kechalar, qiziqarli darslar, kitobxonlik va sheʼrxonlik musobaqalarini tashkillashtirish belgilangan. Men ham oʻzimga biriktirilgan maktab bilan ijodiy aloqani yoʻlga qoʻyganman va maktabdagi baʼzi “nomsiz” ogʻriqlar haqida turkum mulohazalarimni kim bilandir oʻrtoqlashgim keldi.

Ostonadagi uchrashuv

Maktab bagʻrida kechgan yillar, unda olingan saboq 99 foiz odamning hayot yoʻlida qoʻrgʻoshin muhrdek oʻchmas iz qoldiradi: kim shu davrda yaxshi ustoz qoʻliga tushgan, yaxshi saboq chiqargan boʻlsa, butun hayoti yaxshi, aksi boʻlsa, bu halqadan chiqib ketishi – umrlik muammoga aylanadi (Maktabning tashxisi bir, nari borsa uch-toʻrt foiz xato chiqishi mumkin: pedagogika inson tafakkuri mahsuli, oʻqituvchi ham odam – xato qilishi mumkin. Ammo yomon oʻquvchining yaxshi odam boʻlib ketishi kam kuzatilgan).

Ozoda, fayzli dargohga kirib bordim, maktab rahbari tashqarida kutib turgan ekan, bu eʼtibordan quvondim, albatta. Shinam, fayzli xonada suhbat tez qoʻr oldi, maqsad aniq, niyat xolis, ehtiyoj sezilgan, shuning uchun bu harakatni – maktablarda maʼnaviy-madaniy ishlar  tashkilotchisi boʻlishni ikki tomon ham maʼqullagandi. Taassurotlar yorug‘, bu balki bolalikka xos begʻubor kayfiyatdir, lekin mohiyatga razm solib qaralsa, xalq taʼlimi sohasida, maktablarda jiddiy muammolar toʻplanib qolgan. Bu holning sabablari maʼlum, endi vaziyatni oʻnglash shart. Maktab masalasi, donishmand bobolarimiz taʼkidlaganidek, har doim hayot-mamot masalasi boʻlib kelgan.

– Ijodkor oʻquvchilarimiz koʻp, deydi maktab rahbari ularning yuzaga chiqmayotganiga oʻzi aybdordek xijolat boʻlib, –  ammo mashhurlarimiz yoʻq.

– Xalqimiz talantli, – ohangni pastga tushirmay davom etaman. – Ezgulikning kechi yoʻq.

– Endi sizlar keldingizlar, yordam berarsizlar...

– Albatta, maqsad ham shu.  – Birdan kasb (jurnalistlik) sindromi qoʻzgʻaydimi, jiddiy savollar koʻndalang boʻla boshlaydi:

– Gazeta oʻqib borasizlarmi?

Oʻychan nigohlar sergaklanadi, bosh ham xiyol koʻtariladi. Shaxt bilan shunday soʻzlar yangraydi:

–     Biz gazeta oʻqimaymiz...

Bu gap ohangida “Bizni jinoyat ustida qoʻlga tushirmoqchi boʻlayapsizmi? Yoʻq, kechirasiz, biz  xalqning ishonchli ziyolilarimiz, intizom birinchi oʻrindagi burchimiz va biz yuqorining buyrugʻi (balki irodasi)ni ogʻishmay amalga oshiramiz” deganga oʻxshash taraddi bor edi! Ha, maʼrifatga eltuvchi yagona yoʻl – mutolaa, mutolaning eng qulay vositasi – kundalik gazetalar singari aqidalar bilan yashayotgan odam  “Biz gazeta oʻqimaymiz!” degan soʻzlarni eshitsa, ajabtovur holga tushar ekan. Qandingni ur, muallim! Samimiy aytilgan bu eʼtirofda  aslo gʻarazlik yoʻq edi, faqat sohaning eng “katakon”i tomonidan “Biz majburiy obunaga qarshimiz” tarzida uzoqni oʻylamay izhor qilingan, bepisandlarcha aytilgan fikrning oqovasi edi bu gap.

Xalqimiz tabiati qiziq-da, – “katta”larni juda hurmat qiladi, ularni ota oʻrnida koʻradi. Bu holning ham yaxshi, ham yomon tomoni bor. Ana shu nozik nuqtani anglagan va allaqachon olgʻirlikka oʻrgangan baʼzi kimsalarning “katta”likka intilishi shundan. Binobarin, “katta”ning gapini qonun oʻrnida koʻradi. Shunday boʻlgach, kimsan vazirning gapi GAP-da! Agar “katta”lardan biri devorni suyashni buyursa, nimagaligini soʻramay 2-3 kun ham suyab turadigan xalqning vakiliga boshqa eʼtiroz bildirib oʻtirish ortiqcha ekanligini sezib, sukut saqladik.  Demak, “majburiy obuna” umuman obuna deb tushunilgan, izidan gazetaga obuna boʻlmaslik umuman oʻqimaslik deb tushunilgan. Mana, mohiyat! Tagi boʻsh bir ogʻiz gap qanday salbiy oqibatlarga olib kelgan?! (Rus  tili oʻqituvchisi farzandlariga oʻzini “Papa” deb atashga oʻrgatadi va avlod yuz yillardan buyon “Papalar”  degan nom oladi) Shuning uchun ham “Oʻynab gapirsang ham oʻylab gapir”  deyishadi dono xalqimiz.

Maktablar hayotida keyingi yillarda koʻp ijobiy oʻzgarishlar boʻldi. Hovlining bir ogʻiz qilib oʻrab olingani, yagona qulf-u kalit qilingani bu dargohga qancha fayz bagʻishladi?! Shu yoʻldan qirq yillardan beri qatnayman. Beton ustunlar tiklangan, temir panjaralar bilan qilingan ihota ming kuyda “tovlanardi”: goh qiyshayib qolgan, goh singan, ichkari esa koʻchaga bemalol koʻrinib turar, “nomahram”  joy edi. Endi devorlar husn boʻlib turibdi. Boshqa oʻzgarishlar-chi? Ana shunday yangilanishlar jarayonida bir narsa oʻzgarmay qolayotgan ekan (birinchi taassurotdanoq shuni angladim): oʻqituvchining dunyoqarashi!

Oʻtgan oʻn yilliklarda bu soha qanday islohotlarni boshdan kechirmadi? Shu buhronda oʻqituvchining oʻz ustida ishlashi uchun imkon berilmagan ekan; hammasi – ommaviy: tadbirlar, musobaqalar, attestatsiyalar va hokazo. Lekin oʻqituvchidan “Shu oʻzgarishlarga ulgurayapsanmi? Vaqting yetarlimi?” deb soʻralmagan, soʻralsa ham javobi eshitilmagan yoki inobatga olinmagan. Oqibatda oʻqituvchi oʻzini mukammallashtirmay, oʻz ustida ishlamay qoʻygan – institutda olingan  “bagaj”, darsga nari-beri, majburiyat yuzasidan tayyorgarlik, yangilik izlamaslik... Chunki bunga zarurat boʻlmagan: har kuni tadbir, har kuni komissiya... Koshki bu “tadbir”lar maʼnaviyatga xizmat qilsa! Oqibatda, zehni loqaydlashib, kasbga muhabbati ham soʻnib ketgan, “inson qalbining meʼmori”ga emas, oddiy xodimga, har oyda maoshni kutadigan isteʼmolchiga aylanib qolgan. Bunday odam gazeta oʻqiydimi, kitob oʻqiydimi? Axir bu mashgʻulot uchun pul toʻlashmaydi-ku (tushuncha shu darajaga yetgan)! Qolaversa, “yuqori”dagilarning oʻzi oʻqimaydi-da!

Qarshimda sodda, samimiy, ishchan rahbar oʻtirardi, buning ustiga u maktablardagi bugungi pedagogik faoliyatda anqoning urugʻiga aylanib qolgan erkak zotidan edi va sohaning hozirgi talablarini juda chuqur bilishi, uncha-buncha savol-javobda menga tutqich bermasligi ham koʻrinib turardi. Shu holni bilgach, koʻngilga taskin beruvchi mavzulardan gaplashdik. Maqsadimiz ezgu, bu dargohda farzandlarimiz voyaga yetayapti, farzandlar esa kelajagimiz. Kim, qanday aqlli odam kelajagiga, ilm dargohiga befarq boʻladi?! Ijodkorlarning maktablarga jalb etilishi ham shu joylarga bugungi kunlarning  YANGI nafasini olib kirish.

  Yaqinda chop etiklgan kitobimni sovgʻa qildim. Rahbar uni loqayd qoʻliga oldi, ichida “Buni nima qilaman?” yoki “Maqsad nima?” degan savollar aylanayotgani aniq edi. Ehtimol, eski “dard” – kitobni sotib berish tashvishi haqidagi oʻy qiynayotgandi.

– Begʻaraz, dedim. – Agar yana uchrashuvlar nasib etsa, men haqimda tasavvur hosil qilishingiz uchun taqdim etdim. Boshqa maqsad yoʻq. Oʻqing, til-adabiyot oʻqituvchilariga ham  bering. Hatto ichida “Adabiyot muallimi” degan maqola ham bor...

Xayrlashdik. Rahbar mamnuniyat bilan kuzatib qoʻydi.

Hakim SATTORIY,

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat

markazi bosh mutaxassisi