Tarix charxpalagi asrlar davomida millatlarni bir-biriga bogʻlagan. Ammo bu bogʻlanishlar faqat urushlar yoki savdo karvonlari orqali boʻlmagan. Insoniyat maʼnaviyatining yuksak choʻqqisi boʻlmish islom tasavvuf maktablari Turon-u Turkistondan chiqib, butun dunyoga nur taratgan. Bugun biz “Yaqin Sharqdagi oʻzbek obidalari” deganda, shunchaki qadimiy binolarni emas, balki uzoq asrlar davomida vatandoshlarimizning imon-eʼtiqodi, saxovati va milliy oʻzligini saqlab qolgan “maʼnaviy elchixonalar”ni tushunamiz.
Ushbu maqolada biz Quddusi Sharifdagi (Iyerusalim) “Zoviya al-Oʻzbekiya” (“Oʻzbek zoviyasi”) misolida Turkiya, Misr va Falastin tuproqlarida barpo etilgan oʻzbek maskanlarining mohiyatini ochib berishga harakat qilamiz.
Maqolamizning magʻzini tushunish uchun avvalo bu atamalarning mohiyatiga toʻxtalish lozim. Koʻpchilik bularni shunchaki “masjid” deb oʻylaydi, aslida esa ularning vazifasi ancha keng boʻlgan.
Zoviya (arabcha – “burchak”): Dastlab masjidning bir burchagida ibodat va zikr uchun ajratilgan joyni anglatgan. Keyinchalik bu tushuncha kengayib, muayyan bir tariqat (masalan, Naqshbandiya) vakillari yigʻiladigan kichik maskanlarga nisbatan ishlatila boshlagan. Zoviya – bu maʼnaviy xilvatxonadir.
Takka (forscha – “suyanchiq”, “tirgak”): Turkiy xalqlar, ayniqsa Usmoniylar davrida keng tarqalgan. Bu atama “suyanish joyi”, yaʼni musofirlar va zohidlar boshpana topadigan makon maʼnosini anglatadi. Takkalar zoviyalardan koʻra kattaroq boʻlib, u yerda nafaqat ibodat qilingan, balki yotoqxona, oshxona va kutubxonalar ham boʻlgan.
Xonaqoh: Bu ham forscha atama boʻlib, asosan Turon-Turkiston va Eronda qoʻllanilgan. Bu soʻfiylarning jamoaviy yashash va zikr tushish joyidir.
Bu maskanlarning tashkil etilishi ortida uchta asosiy maqsad yotgan:
Ijtimoiy himoya: Uzoq Turkistondan piyoda yoki tuyalarda hajga ketayotgan ziyoratchilar uchun bepul mehmonxona vazifasini oʻtash. Oʻsha davrlarda Buxorodan Makkaga borish 4 – 6 oy vaqt olgan. Yoʻlda kasallangan yoki mablagʻi tugagan vatandoshlarimiz mana shu takkalardan panoh topganlar.
Maʼnaviy tarbiya: Naqshbandiya, Qadariya yoki Yassaviya tariqatining taʼlimotlarini keng yoyish. Bu yerlar ilm-fan va adabiyot markazlari boʻlgan.
Milliy birdamlik: Begona yurtlarda oʻz tilida gaplashadigan, oʻz taomini yeydigan va oʻz anʼanalarini sogʻingan insonlarni birlashtirish.
Quddusi Sharifdagi “Zoviya al-Oʻzbekiya” tarixi
Quddusning eng muqaddas koʻchalaridan biri – Via Dolorozada joylashgan bu maskan oʻzbeklar uchun atab qurilgan zoviyalardan sanaladi.
Zoviyaning tarixi XVII asr boshlariga toʻgʻri keladi. Uning asoschisi istanbullik soʻfiy, asl kelib chiqishi turk boʻlgan Usmon ogʻa (Usmon Soʻfiy) edi. U Masjid ul-Aqsoning “Bob al-Gʻavanima” darvozasi yaqinida masjid va toʻrtta hujra qurib, uni Naqshbandiya tariqatiga vaqf qiladi.
Eʼtiborli jihati, dastlabki vaqfnomalarda zoviya aholisi uchun qatʼiy maʼnaviy talablar qoʻyilgan: soqol olmaslik, tamaki chekmaslik va nafsga oid illatlardan pok boʻlish. Agar naqshbandiylar topilmasa, u yerda boshqa turkiy darvishlar yashashiga ruxsat berilgan.
Maskanning haqiqiy “Oʻzbek zoviyasi”ga aylanishi XVIII asrning birinchi yarmida yashagan Shayx Muhammad Solih al-Oʻzbakiy nomi bilan bogʻliq. Uning vafotidan soʻng (1731-yili) Quddus hokimi Ogʻo Parvonazoda shayxning qabri ustiga mahobatli gumbaz tiklaydi. Aynan shu davrdan boshlab, zoviya Turkistondan keluvchi “Buxoriylar”ning bosh markaziga aylanadi.
XIX asr oxiri va XX asr boshlarida zoviyani boshqargan Shayx Rashid al-Buxoriy davri gullab-yashnash davri hisoblanadi. U nafaqat diniy rahnamo, balki katta siyosiy arbob ham boʻlgan. Shayx Rashid Turkistondagi mustamlakachilik siyosatiga chiday olmay, Quddusga kelib qoʻnim topgan edi.
Uning davrida zoviyada Ahmad Yassaviy va Alisher Navoiy asarlari koʻchirilgan, mutolaa qilingan.
Britaniya konsuli Jeyms Finn oʻz xotiralarida: “Bu yerdagi shayxlar Buxorodan kelgan, ular juda yuksak madaniyatli va bir necha tillarni biladigan zotlardir”, deb yozadi.
Bu mavzuni faqat Quddus bilan cheklab boʻlmaydi. Oʻzbek zoviyalari tizimi Yaqin Sharqning boshqa muhim nuqtalarida ham mavjud boʻlgan.
Ana shunday zoviyalar qatoriga Turkiyadagi eng mashhur oʻzbeklar takkasi boʻlib, u 1750-yillari Oʻzbek davlatini Buxoro xonligi doirasida boshqargan Ashtarxoniylar sulolasi elchilari va ziyoratchilari uchun qurilgan edi. Bu takka shunchaki diniy maskan emas, balki Turkiya mustaqillik urushining (1920 – 1923) eng muhim markazlaridan biri boʻlgan. Istanbul ishgʻol ostida boʻlganda, milliy ozodlik harakatining qurol-yarogʻlari va mujohidlari mana shu oʻzbek takkasi orqali Anadoʻluga yashirincha oʻtkazilgan. Bu yerda tayyorlangan oʻzbek palovi esa ozodlik kurashchilariga kuch-quvvat bergan.
Misr poytaxtida ham oʻzbeklarning oʻz mahallasi va takkalari boʻlgan. Qohiradagi “Havsh al-Oʻzbek” shunday takkalar sirasiga kiradi. Asosan moʻgʻul bosqinidan qochib Gʻarbiy oʻlkalarga qochib ketgandilar. Jumladan turkiy Mamluklar davridan boshlab turonlik askarlar va olimalar Qohirada katta obroʻga ega boʻlishgan.
Oʻzbek zoviyalarini boshqa millatlarning maskanlaridan ajratib turadigan bir muhim jihati bor edi – bu mehmonnavozlik va taom madaniyati.
Quddusdagi zoviyada har payshanba kuni ulkan qozonlarda palov damlangan. Bu anʼana shu qadar kuchli boʻlgan-ki, mahalliy arablar oʻzbeklarni “eng saxiy kishilar” deb bilishgan. Palov pishirish jarayonining oʻzi bir marosim boʻlib, unda faqat erkaklar qatnashgan. Bu taom nafaqat qorin toʻygʻazgan, balki vatandan uzoqdagi odamlarni bir dasturxon atrofida jipslashtirgan.
Naqshbandiya tariqatiga xos “zikri xufiya” (ovoz chiqarmasdan qilingan zikr) oʻziga xos toshlar (tasbeh oʻrnida ishlatiladigan kichik toshlar) yordamida amalga oshirilgan. Bu marosimlar zoviyaning maʼnaviy quvvatini belgilab bergan.
XX asr boshlari oʻzbek zoviyalari uchun ogʻir keldi. Sababi Birinchi jahon urushi hamda chegaralarning yopilishi yuz berdi. 1917-yili “oqposhsho” hokimiyati agʻdarilib, hokimiyat tepasiga “qizillar” kelgandan soʻng SSSR chegaralarini yopdi. Turkistondan Hajga keluvchilar oqimi toʻxtab qoldi. Bu zoviyalarning iqtisodiy va maʼnaviy taʼminotiga katta zarba boʻldi.
Quddusdagi oʻzbek zoviyasining qoʻshnisi afgʻon zoviyasi boʻlib, 1919-yilgi oʻzaro yer nizosi tufayli afgʻon zoviyasining mutavallisi Shayx Rashidning fojiali oʻlimi jamoat boshini aylantirib qoʻydi.
Isroil va Arab davlatlari oʻrtasidagi urushdan soʻng, zoviyadagi darvishlarning aksariyati Iordaniyaga koʻchib oʻtdi. 1983-yili esa Isroil hokimiyati tomonidan zoviyaning bir qismi buzib tashlandi.
Bugun Quddusdagi “Zoviya al-Oʻzbekiya”ni Shayx Yaʼqubning nabiralari saqlab kelmoqda. Endi u yerda avvalgidek yuzlab darvishlar yashamasa-da, lekin masjid va kutubxona faoliyat yuritmoqda. Kutubxonada saqlanayotgan 179 dan ortiq nodir qoʻlyozmalar turkistonliklarning Iyerusalimda naqadar yuksak madaniyat egasi boʻlganidan dalolat beradi.
Xulosa qilib aytganda, Yaqin Sharqdagi oʻzbek takka va zoviyalari shunchaki meʼmoriy obidalar emas, ular oʻz Vatanidan minglab chaqirim uzoqda boʻlsa-da, oʻz tili va madaniyatini yoʻqotmagan ajdodlarimizning matonati, oʻzbek xalqining islom sivilizatsiyasiga qoʻshgan beqiyos hissasi, eng muhimi esa, insoniylik, saxovat va maʼnaviy poklik ramzidir.
Zafar SHAMSIDDINOV,
tadqiqotchi
Foydalanilgan manbalar:
1. “Тюркский Атлас” Telegram kanali.
2. Yusuf Natsheh. Al-Zawiya al-Naqshbandiyya (1033/1623-4) // Ottoman Jerusalem: The Living City 1517 – 1917. PP. 904–912.