Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 26-yanvar kuni Oʻzbekistonning 2022–2026-yillarga moʻljallangan taraqqiyot strategiyasini belgilash hamda uni joriy yilda amalga oshirish masalalari muhokamasi yuzasidan videoselektor yigʻilishida davlatimiz rahbari tomonidan mamlakatimiz taraqqiyoti, xalqimiz farovonligiga erishish masalalari yuzasidan mulohazali takliflar oʻrtaga tashlandi.

Ayniqsa, maʼnaviyat masalalari yana bir marta oʻrtaga tashlandiki, jamiyatimizda maʼnaviyat va moddiy hayot uygʻun ravishda olib borilishi va borilayotganligi oʻz tasdigʻini topdi. “Kimki maʼnaviyat masalasi – bu faqat Maʼnaviyat va maʼrifat markazi yoki tegishli vazirlik va idoralarning ishi deb oʻylasa, xato qiladi”, – deb taʼkidladi davlatimiz rahbari. Zero, maʼnaviyat – jamiyatdagi barcha siyosiy-ijtimoiy munosabatlarning mazmuni va sifatini belgilaydigan poydevordir. Bu poydevor qancha mustahkam boʻlsa, xalqimiz ham, davlatimiz ham shunchalik kuchli boʻladi.

Strategiyaning maʼnaviy taraqqiyotni taʼminlash va sohani yangi bosqichga olib chiqish yoʻnalishi boʻyicha Prezidentimiz bir qator vazifalarning ahamiyatini alohida qayd etdi. Xususan, mavjud 12 mingdan ziyod kutubxona imkoniyatlaridan samarali foydalanib, kitobxonlikni ommalashtirish, jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shugʻullanadigan aholi sonini 33 foizga yetkazish, mamlakatimizda Olimpia va Paralimpia harakatini yanada rivojlantirish kabi vazifalarni taʼkidlab oʻtdi. Bu vazifalar yangi Oʻzbekistonda maʼrifatli jamiyat qurishdek ezgu maqsadni amalga oshirishning tagzamini hisoblanadi.

Albatta, Prezidentimiz maʼnaviyat masalasiga bejiz eʼtiborni kuchaytirayotgani va jon koyitayotgani yoʻq. Avvalo, jahonda globallashuv jarayonlari kuchayib, yangi tahdid va xatarlar tobora koʻpayib bormoqda. Bunday murakkab va tahlikali vaziyat sohada amalga oshirilgan ishlarni tanqidiy baholab, uning faoliyatini zamon talablari asosida takomillashtirishni taqozo etmoqda.

Xususan, oila, mahalla va taʼlim muassasalarida yoshlar tarbiyasi, jamiyatdagi uyushmagan yoshlar bilan maqsadli, gʻoyaviy-tarbiyaviy hamda mafkuraviy ishlarning yuzaki tarzda olib borilayotgani, jinoyatchilik, radikal ruhdagi harakatlarga adashib qoʻshilib qolish, milliy qadriyatlarga eʼtiborsizlik, erta turmush qurish, oilaviy ajrimlar kabi salbiy holatlarning oldini olishga qaratilgan targʻibot ishlarini kuchaytirish har doimgidan ham muhim vazifaga aylanib bormoqda. Ayniqsa, milliy oʻzlik va maʼnaviy qadriyatlarga qarshi gʻoyaviy-mafkuraviy xavf va xatarlar tobora ortib bormoqda. Oqibatda, faqat oʻzini oʻylash, mehnatga, oilaga yengil qarash, isteʼmolchilik kayfiyati turli yoʻllar bilan aholi, ayniqsa, yoshlar ongiga ustamonlik bilan singdirilmoqda. Achinarlisi shundaki, bunday gʻoyaviy kurash natijasida ayrim yoshlarda azaliy qadriyatlarga nisbatan bepisandlik va boqimandalik kayfiyati paydo boʻlayotir.

Ikkinchidan, terrorizm, ekstremizm, transmilliy va kiber-jinoyatchilik, odam savdosi, narkotrafik kabi tahdidlar xavfi oshib bormoqda. Baʼzi hududlarda atayin beqarorlik yuzaga keltirilib, norozilik kayfiyati avj oldirilmoqda. Davlatimiz xavfsizligini taʼminlashning asosi – mamlakatimiz yoshlari. Yoshlar – bizning tayanchimiz, ertangi kundan umidimiz, savob ishlarimizning davomchilari, deb koʻp gapiramiz. Nafaqat xavfsizligimiz, balki davlatimizning kelajakdagi barqaror taraqqiyoti ham yoshlarimiz dunyoqarashi qanday shakllanishiga bevosita bogʻliqdir. Imoratning poydevori qanchalik baquvvat boʻlsa, u shunchalik umrboqiy turadi. Mamlakatimiz poydevori, shubhasiz, aholining 60 foizdan koʻprogʻini tashkil etgan yoshlardir.

Shu sababdan ham bugun dunyoda kechayotgan murakkab jarayonlarni tahlil qilishda ularga, avvalo, maʼnaviyat koʻzi bilan qarash, hayotimizga kirib kelayotgan, axloqimizga, mentalitetimizga zid gʻoyalarni aniqlash, aholi turli qatlamlariga taʼsirini oʻrganish, milliy manfaatlarimizga, hayot tarzimizga mos kelmaydigan jihatlarini ochib berish va tabiiyki, zarur choralar koʻrish muhim ahamiyat kasb etadi.

Xoʻsh, mentalitetimizga zid gʻoyalar, axborot xurujlari qayerdan kirib kelyapti? Odamlarni hokimiyatdan norozi boʻlishga chorlayotgan, qildan qiyiq qidirishga intilayotgan kuchlar qanday ish koʻryapti? Axir, tuppa-tuzuk barqaror davlatlarni beqarorlashtirib, boshi berk koʻchaga kiritgan, “inson huquqlari va demokratiya” niqobi ostida xonavayron qilganlar internet va ijtimoiy tarmoqlardan foydalanmadimi? Shuning uchun internet tarmogʻida axborot xavfsizligini taʼminlash masalasi tobora dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Yaʼni, global axborot makoniga teran koʻz bilan qarasak, unda mavjud barcha maʼlumotni ham foydali va beziyon deb boʻlmaydi. Bunday tahlikali vaziyatda hushyor va ogoh boʻlib, xalqimizning tinchligi, mamlakatimiz manfaatlarini oʻylab yashash zarur. Shu bois loqaydlik va beparvolik eng katta xavf ekanini, bugun uchrayotgan ijtimoiy muammolarni kamaytirish uchun mutlaqo yangicha taʼsirchan usul va yondashuvlar talab etilayotgani, bunda nuroniylar tajribasi, hayotda halol mehnati, fidoyiligi bilan boshqalarga namuna boʻla oladigan jonkuyar fuqarolarga tayanishimiz hamda jamoatchilik nazoratini sifat bosqichiga koʻtarish juda ham muhim.

Bir haqiqatni anglashimiz kerak, bundan buyogʻiga internetni cheklab qoʻyish yoki axborot olishni taqiqlash bilan muammo hal boʻlmaydi. Shunday ekan, bu boradagi bizning muhim strategik vazifamiz tashqi va ichki axborotlarni tahlil qila oladigan, barqaror mafkuraviy immunitetga ega yoshlar qatlamini shakllantirishdan iborat boʻlmogʻi lozim.

Siyosatda “Sen uxlaganingda dushmaning uygʻoq boʻladi” yoki Prezidentimiz taʼbiri bilan aytganda, “Yoshlarning boʻsh vaqti – dushmanning ish vaqti”. Shuning uchun ham maʼnaviy jihatdan gʻofil boʻlishlikka hech kimning haqqi yoʻq. Loqaydlikni bas qilish, mudroq holatdan uygʻonish kerak. Buning uchun esa, avvalo, ilm sari harakat qilish, oila, bogʻcha, maktab, oliy taʼlim, mahalla, mutasaddi hamda jamoat tashkilotlari tizimli ravishda hamkorlikda ish olib borishi zarur. Ana shunda taʼlim-tarbiyada uzilish, maʼnaviyatda boʻshliq yuzaga kelmaydi. Bir soʻz bilan aytganda, yoshlarimizning 30 yoshgacha maʼnaviyatini toʻgʻri shakllantirib olsak, barqaror taraqqiyotimizni kafolatlagan boʻlamiz. Chunki maʼrifatli jamiyatning tub negizini maʼnaviyatli yoshlar tashkil etishi lozimligini unutmasligimiz kerak.

“Tarbiyada tanaffus boʻlmaydi”, deydi xalqimiz. Shu bois maʼnaviy-maʼrifiy ishlarning yagona tizimini yaratish, xususan, oʻgʻil-qizlarni bolaligidanoq bilimli va fazilatli etib tarbiyalash, buning uchun maktabgacha taʼlim muassasalariga uslubiy yordam koʻrsatish muhim. Shuningdek, maktablar, oʻrta maxsus va oliy taʼlim dargohlarida maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish boʻyicha ishlarni kuchaytirish – davr taqozosi. Yaqindagina Prezidentimiz tashabbusi bilan barcha oliygoh hamda ularning filiallarida yoshlar masalalari va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha birinchi prorektor lavozimining joriy etilishi sohadagi ishlar samaradorligini oshirishga, sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.

Agar maʼnan va ruhan sogʻlom, oqni qoradan, yaxshini yomondan ajrata biladigan, bu murakkab hayotning past-u baland koʻchalaridan toʻgʻri yoʻlni adashmay topa olishga qodir boʻlgan maʼnaviy yetuk avlodni tarbiyalab yetishtirish vazifasi uddalansa, fikri tiniq, eʼtiqodi sogʻlom bolalarni soxta oqimlarga ergashtirish, pana-pastqamlarda pisib yotgan har xil chalasavod, johil odamlarning tuzogʻiga ilintirishga urinishlar barham topadi.

Muhim vazifalardan yana biri, bu – el-yurt taqdiriga loqayd, ish uslubida mahalliychilikka, urug‘-aymoqchilikka, tanish-bilishchilikka yoʻl qoʻyadigan sayoz rahbarlar bilan murosasiz boʻlishdir. Bu illatlar alohida bir mamlakatda bugun yoki kecha paydo boʻlgan emas. Ular hamma joyda va hamma vaqt ijtimoiy adolatning buzilishiga, halollik va vijdoniylik ildizlarining sustlashishiga, oshkoralik qolib, imi-jimida ish bitirishga sabab boʻladi. Shu bois, maʼnaviy kemtiklar toʻldirilsa, bunday nomaqbul holatlarga barham berish oson kechadi.

Albatta, maʼnaviy-maʼrifiy tarbiya uzviyligini taʼminlashda oila, taʼlim muassasalari, mahallaning oʻrni beqiyos. Taʼlim-tarbiya uchun faqat mutasaddilar masʼul, desak, qattiq yanglishamiz. Shu Vatan, shu yurt, shu yoshlar bizniki, ertaga kelajagimiz porloq boʻlishini istasak, bugun harakatni boshlashimiz kerak. Yurt taqdiriga loqaydlik, korrupsiya, oilaviy qadriyatlarga bepisandlik va yoshlar tarbiyasiga masʼuliyatsizlik kabi illatlarga barham berish uchun hamkorlikda harakat qilishimiz lozim. Davlat tuzumini ichidan yemiradigan, ijtimoiy barqarorlik kushandasi boʻlgan korrupsiya balosiga qarshi, byurokratiyaning har qanday koʻrinishlariga, odamlarni mensimaslik, mahalliychilik va guruhbozlik illatlariga qarshi keskin kurash olib borish samaradorligi ham maʼnaviy tarbiyaga bogʻliq. Zero, oldimizda turgan ulug‘ maqsad – uchinchi Renessansga poydevor qoʻyish va uni barpo etish, avvalo, xalqimizning tafakkurini yuksaltirishdan hamda maʼrifatli yoshlar qatlamini shakllantirishdan boshlanadi.

Buning uchun taʼlimning barcha bosqichida millati, irqi, dini, jinsi va ijtimoiy kelib chiqishidan qatʼiy nazar yagona maqsadga, yaʼni shu aziz Vatan meniki, uning taraqqiyotiga hissa qoʻshish mening yuksak fuqarolik burchimdir, degan tamoyilga asoslangan maʼnaviyatli yoshlarni ulgʻaytirishga eʼtibor kuchaytirilmogʻi lozim.

Shu oʻrinda yana bir masalaga toʻxtalmasak boʻlmas. U ham boʻlsa, keyingi paytlarda ayrim davralarda kishining kundalik hayoti, faoliyatida moddiy va maʼnaviy asoslar bir-biriga nisbatan qanday oʻrin tutishi, ularning qaysi biri ustuvorlik kasb etishi haqida turli-tuman, baʼzan esa ziddiyatli fikr va qarashlar aytilmoqda. Afsuski, moddiy ehtiyojlarni insonning ruhiy olamiga qarama-qarshi qoʻyish, ularning birini ustun deb bilgan holda, tiriklikning asosiy maqsadi sifatida qabul qilish qandaydir biryoqlama qarash ifodasi, desak, xato boʻlmaydi. Qolaversa, bu masalaga bunday keskin yondashuv, xususan, odamning ruhiy dunyosini mensimaslik, uni ikkilamchi oʻringa qoʻyish oxir-oqibatda jamiyat hayotida inqirozga olib kelishi muqarrar ekanini tarix koʻp marotaba isbotlagan. Qisqacha aytganda, inson – oʻz timsolida ham moddiy, ham maʼnaviy xususiyat va alomatlarni mujassam etgan noyob xilqat. Shuning uchun ham uning ichki dunyosi, unga ato etilgan fazilat va xislatlarni oxirigacha anglash, tushunishning oʻzi oʻta murakkab bir masala. Mana shunday qarash va fikrlarni umumlashtirib, insonga xos orzu-intilishlarni roʻyobga chiqarish, uning ongli hayot kechirishi uchun zarur boʻlgan moddiy va maʼnaviy olamni bamisoli parvoz qilayotgan qushning ikki qanotiga qiyoslash mumkin. Prezidentimiz taʼbiri bilan aytganda, qachonki ana shu ikki muhim omil oʻzaro uygʻunlashsa, tom maʼnodagi qoʻsh qanotga aylansa, shundagina inson, davlat va jamiyat hayotida oʻsish-oʻzgarish, yuksalish jarayonlari sodir boʻladi.

Oʻzbekistonda istiqlolning dastlabki yillaridan boshlab xalqimizning asrlar davomida intilib kelgan orzu-maqsadlari va zamon talablarini, dunyoviy taraqqiyot mezonlarini hisobga olgan holda, jamiyat hayotida ana shu ikki omilning uygʻun tarzda rivojlanishiga alohida eʼtibor qaratildi. Mamlakatimizning ichki va tashqi siyosatini, iqtisodiy-ijtimoiy yangilanish jarayonlarini aynan shu asosda tashkil etishga ustuvor ahamiyat berildi. Shu oʻrinda baʼzi bir ilmiy doira vakillarining jamiyatda oldin moddiy hayotni, keyin maʼnaviy masalalarni oʻylash kerak, degan mazmundagi fikrlari mutlaqo xato boʻlib, yangi jamiyat, yangi hayot qurish jarayonida faqat zarar yetkazishi mumkinligini bugun hayotning oʻzi har qadamda tasdiqlab bermoqda.

Shu nuqtayi nazardan qaraganda, bozor munosabatlariga oʻtish davrida jamiyat aʼzolarining oʻz salohiyati va isteʼdodini roʻyobga chiqarishi uchun ularga, birinchi galda, teng imkoniyatlar va erkinlik muhitini, ham qonuniy, ham amaliy shart-sharoitlarni yaratib berishga zoʻr berildi. Oddiy qilib aytganda, kuch-gʻayrat bilan birga, bilim va tajribasi, aql-idroki, kasb malakasi yetarli boʻlgan, qonunlarni, oʻz haq-huquqlari va majburiyatlarini yaxshi bilgan odamgina tadbirkorlik yoki fermerlik bilan shugʻullanishi, oʻz xususiy ishini oqilona va samarali tashkil etishi mumkin.

Koʻrinib turibdiki, moddiy va maʼnaviy hayot tamoyillari bir-birini inkor etmaydi, aksincha, oʻzaro bogʻlanib, bir-birini toʻldiradi. Yuksak taraqqiyotga erishishni orzu qiladigan har bir inson va jamiyat oʻz hayotini aynan ana shunday uzviy bogʻliqlik asosida qurgan va rivojlantirgan taqdirdagina ijobiy natijalarga erisha oladi. Ana shu haqiqatdan kelib chiqqan holda, iqtisodiy oʻnglanish, iqtisodiy tiklanish, iqtisodiy rivojlanish jarayonlarining maʼnaviy poklanish, maʼnaviy yuksalish harakatlari bilan tamomila uygʻun ravishda rivojlanib borishi doimo davlatimiz va jamiyatimizning eʼtibor markazida. Aynan moddiyat va maʼnaviyat uygʻunligi tufayli tadbirkorlar, mulkdorlar oʻzini va oilasini boqishga, shu bilan birga, orttirgan daromadi hisobidan oʻz yaqinlari hamda muhtoj insonlarga begʻaraz yordam koʻrsatish, el-yurt uchun xizmat qiladigan maktab, shifoxona, madaniyat va sport maskanlari barpo etish, kerak boʻlsa, davlat va jamiyat zimmasidagi koʻpgina vazifalarni amalga oshirishga oʻz hissasini qoʻshib kelmoqda.

Bunday insonlar yurtimizda tinchlik, osoyishtalik va barqarorlikni saqlash va himoyalash, ertangi istiqbolimizni qurish yoʻlida astoydil jon kuydirib mehnat qiladi. Bularning barchasi maʼnaviy qadriyatlarimiz, urf-odat va anʼanalarimizdan oziqlangan iqtisodiy taraqqiyot yoʻli jamiyatimiz hayotiga qanday ijobiy taʼsir koʻrsatayotganining yorqin ifodasidir. Eng muhimi, yurtimizda moddiy va maʼnaviy jarayonlarning oʻzaro mutanosib tarzda rivojlantirilayotgani siyosiy-ijtimoiy barqarorlik va taraqqiyotning mustahkam garovi boʻlib xizmat qiladi.

Furqat JOʻRAQULOV,

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbarining

birinchi oʻrinbosari, siyosiy fanlar doktori

“Xalq soʻzi” gazetasi, 2022-yil 2-fevral, 24-son