Maʼnaviyatga berilgan taʼriflar koʻp. Kimdir uni inson ruhi, kimdir axloq, kimdir qadriyatlarimiz bilan bogʻlaydi. Yana kimdir esa unga madaniyat bilan egizak tushuncha sifatida qaraydi. Barcha taʼrif-u tavsiflarda, albatta, jon bor. Boisi, maʼnaviyat inson olamidagi eng noyob xazinadir. Shu sababli uning insoniyat bilan bogʻliq har narsada oʻz mavqeyi, oʻrni bor.
Ayniqsa, bugun butun dunyoda ishonch inqirozi, qadriyatlar transformatsiyasi, geosiyosiy tahlikalar avj olayotgan bir paytda maʼnaviyat ehtiyoj, najotga aylanib bormoqda.
Shu bois, yurtimizda maʼnaviyatga jamiyatni harakatga keltiruvchi kuch, uning joni va ruhi, taraqqiyotning oʻq tomiri sifatida yuksak maqom berilmoqda. Mamlakatimiz, xalqimiz oʻz oldiga qoʻygan ulkan, ezgu maqsad – Uchinchi Renessans poydevorini qurish, kelajak darvozalarini ochishning asosi sifatida qaralmoqda.
Buyuk bobomiz Amir Temur kelajak avlodlari uchun qoldirgan nasihatlari, tuzuklari ichida bunday jumla borki, unda “qudratli nabiralarim”, deya katta ishonch bildirib, “Saltanat boshqarish haqida qoʻllanma (dasturilamal) yozib qoldirdim, toki farzandlarim va avlodimdan boʻlganlarning har biri unga muvofiq ish yuritsin. Ular tolei baland millatining sharofatini, muhabbat va doʻstligim orqali qoʻlga kiritgan davlat va saltanatni saqlagaylar”, deydi.
Bu tuzuklarda jamiyatni adolat, ilm-maʼrifat, keng mulohaza, muhabbat va doʻstlik asosiga qurish eng asosiy omil sifatida koʻrilgan. Shu sabab “yuz ming otliq askar qila olmagan ishni bir toʻgʻri tadbir bilan amalga oshirish mumkin”ligi aytiladi.
Bugun oʻzgarishlar silsilasida xuddi Amir Temur qoldirgan vaziyat aks etayotgandek. Prezidentimiz tomonidan taraqqiyot iqtisodiyot, maʼnaviyat, maʼrifatga asoslanishi, inson qadrini koʻtarishdagi adolat, mintaqalararo doʻstlik ruhining qaytgani, jahon minbarlaridan turib, kuch siyosatini emas, tinchlik, insoniylik asosiga qurilgan umumbashariy gʻoyalarning ilgari surilishi, buyuk bobokalonimiz aytganidek, millat toleini baland, davlat tinchligini mustahkam qilishga qaratilmoqda.
Ayniqsa, bu borada Prezidentimizning mustaqillikni asrashdagi muhim tizim – Xavfsizlik kengashi bilan bir qatorda Maʼnaviyat va maʼrifat kengashi raisi boʻlgani, buyuk sarkarda aytganidek, davlatni kuch-qudrat bilan birga maʼrifat ila boshqarish mohiyatini ham aks ettirmoqda.
Davlatimiz rahbari 2023-yil soʻngida Maʼnaviyat va maʼrifat kengashining kengaytirilgan yigʻilishini oʻtkazib, bugungi vatan va xalq taqdiriga tahdidlar zamonida yana bir bor maʼnaviyat, maʼrifat masalasini kun tartibiga olib chiqdi, ziyolilar fikrlarini tingladi.
Gʻoyat murakkab va tahlikali vaziyatda vatanimizning milliy manfaatlariga javob beradigan toʻgʻri yoʻlni topish oson boʻlmayotgani, tarixda bunday vaziyatlarda millat fidoyilari – uygʻoq qalbli ziyolilar, shoir va adiblar, maʼnaviyat va maʼrifat sohasi xodimlari jasorat bilan maydonga chiqqani eslandi.
Ilm oʻqub qilmagan amal...
Alisher Navoiyning bunday satrlari bor: “Ilm oʻqub qilmagan amal maqbul, Dona sochib koʻtarmadi mahsul”. Ziyoli faqat soʻzda emas, asliyati, amali, fidokorligi bilan ham bu maqomga munosibdir. U ilmini ulashib, jamiyatga nur, fikrini ulashib, taraqqiyotga keng yoʻl ochadi.
K.Yung klassifikatsiyasi bilan aytganda, introvert, yaʼni oʻz manfaatlari bilan yashovchi shaxsdan ekstrovertga, yaʼni umummanfaatlar yoʻlida xizmat qiluvchi, jamiyat unga zarurligini anglab yetuvchi shaxslar bizga koʻproq zarur. Afsuski, soʻnggi vaqtlarda mizantroplar, yaʼni kiyimi zamonaviy, diplomi aʼlo, maʼlumoti oliy, lekin odob-axloqdan yiroq, qadriyatlarni tan olmaydiganlar ham paydo boʻla boshladi. Ularni koʻrib, dono xalqimizning “Olim boʻlma, odam boʻl” degan purmaʼno gapini eslash kifoya.
Shu sabab Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, avvalo, tom maʼnoda asliyati ziyoli, qalbi uygʻoq, vatan taqdiriga befarq qaramaydigan fidoyilar birlashuvi yoʻlida qator tashabbuslarni amalga oshirdi. Xususan, 2024-yil davomida ziyolilar, olimlar, ijodkorlar bilan 30 marotaba uchrashildi, fikr almashildi, birgalikda harakat qilishga kelishib olindi. Shu bilan birga, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida “Tamaddun, madaniyat va maʼrifat” shiori ostida “Maʼrifat karvoni” ilmiy-maʼrifiy va madaniy targʻibot tadbirlari ilk bor ziyolilarning oʻzaro muloqot platformasi shaklida oʻtkazildi.
Unda 14 ta hududda oʻtkazilgan tadbirlar davomida 78 mingdan ziyod ishtirokchi qatnashdi. Prezident tashabbusi bilan maʼnaviyat targʻibotchilari safiga qoʻshilgan hoji otaxon va onaxonlarimiz ham bu tadbirlarda ishtirok etdi. Birgalikda targʻibot ishlarini tashkil qilish borasida muloqotlar qilindi, targʻibotchi hojilar uchun qoʻllanma sifatida “Yangi Oʻzbekiston fidoyisi” kitobi tayyorlandi, har bir targʻibotchi hojilarimizga tarqatildi. Maqsad yagona – ziyolilarning birlashuvi, hamjihatlikda jamiyatga maʼnaviy ruh, maʼrifat nurini olib kirishdir.
Prezidentimiz yigʻilish davomida maʼnaviy-maʼrifiy soha xodimlarining masʼuliyati haqida ham aytib oʻtgandi. Shu maʼnoda, markaz tomonidan sohaning 43 ming 857 nafar vakili faoliyatini tizimli monitoring qilish maqsadida “MMM.KPI.UZ” raqamli platforma loyihasi ishlab chiqildi. Platforma boshqa tizimlar bilan integratsiya qilinib, soha vakillari faoliyatini baholash va ularga metodik koʻmak berish imkonini yaratadi.
Sababi bugun bu soha xodimlari qanchalik oʻz ishini yaxshi koʻrsa, toʻgʻri ishlasa, fidokor boʻlsa, butun jamiyatda maʼnaviyat yangi kuch, yangi harakatga aylana oladi.
Yoshlar tarbiyasi – “oʻzbek”, “oʻzbekistonlik” degan nomlarning abadiy saqlanishi degani
Davlatimiz rahbari kengaytirilgan yigʻilishda va albatta, oʻtgan yil davomidagi har bir nutqi, uchrashuvda qayta va qayta farzandlarimiz axloqi, tarbiyasiga jiddiy eʼtibor berish shartligini taʼkidladi.
Bu bejiz emas, albatta. Bugun insoniyat oldida eng ogʻir ish turibdi. Zero, hali hech bir davrda bunaqa raqamli avlod bilan ishlashga toʻgʻri kelmagan. Bugun bolalarimiz eshitadigan manba, koʻradigan maʼlumotlar oqimi katta. Zamonaviy hayotimizda bu oqimga toʻsiq qoʻyib boʻlmasligi ayon. Yaxshi bilasiz, bola ruhiyatida taqiqqa qiziqish ortadi.
Biz avval anʼanaviy tarzdagi sanoqligina mafkuraviy xurujlarni bilardik. Lekin hozir ularning salmogʻi ham, turi ham ortib bormoqda. Baʼzan uning hatto mafkuraviy tahdid ekanini kimdir anglamay qolmoqda. Bularning barchasi tezkorlik bilan, har kuni, millionlab informatsiyalar ichida berilmoqda. Yoshlarni manipulyatsiya qilish, bizga yot, qadriyatlarimizga begona odatlarni singdirishga urinishmoqda.
Bugun ijtimoiy tarmoqlarda ideal dunyo, ideal hayot, degan xavflar paydo boʻlmoqda. Internetda yashab, kontentlar bilan oʻylaydigan, trendlar ichida yashaydigan, natijada oʻz hayotidan norozi, internetdagi goʻzal, ideal tasvirlar qurboniga aylanayotgan avlod shakllanib kelmoqda. Statistik maʼlumotlarga koʻra, feyk, yaʼni notoʻgʻri axborotlar toʻgʻri, haqqoniysiga qaraganda 6 barobar tez tarqaladi. Bu bugun axborot makonimizda mafkuraviy tahdidlar xavfi shu daraja yuqori ekanini koʻrsatadi.
Maʼlum boʻlishicha, global mediaplatformalardagi kontentlarning 70 foizi Gʻarb davlatlari tomonidan tarqatiladi. Bu bugun har 10 nafar oʻzbek bolasining 8 nafari Gʻarb qadriyatlari taʼsirida yashamoqda, oʻylamoqda, harakat qilmoqda, degani. Buning xavfi esa ertagina emas, bugunoq koʻzga tashlana boshladi.
2023-yilda dunyo boʻyicha har soniyada 8,4 kishi turli ijtimoiy tarmoqlarga obuna boʻlgan, 2024-yilda ularning soni 5,6 foiz oʻsib, 266 million nafarga koʻpaygan. Hozir Yer yuzida ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari soni 5,04 milliarddan koʻp boʻlib, ular bir kunda oʻrtacha 2 soat-u 23 daqiqa vaqtini internet uchun sarflaydi.
Ijtimoiy tarmoqlarda oʻtkazilayotgan soʻrovnomalarga berilayotgan achinarli javoblar, yoshlarimiz olayotgan videokontentlar, oʻylab topilayotgan bayramlar-u urf-odatlarni aytmasa ham boʻladi. Sababi bugun dunyo boʻylab 60 foiz odam axborotni ijtimoiy tarmoqlar orqali oladi. 2023-yilda siyosiy jarayonlarning beqarorlashuviga 100 dan ortiq yirik kiberhujum sabab boʻlgan.
Shu bois, markaz oʻz faoliyatining asosiy qismini ijtimoiy tarmoqlarga qaratib, yoshlarbop kontentlar tayyorlashga harakat qilmoqda. Shu maqsad yoʻlida markaz huzurida interaktiv Raqamli targʻibot laboratoriyasi tashkil etildi. Bugungi kunda unda videoroliklar, audiomateriallar, koʻrsatuvlar, hujjatli filmlar tayyorlanyapti.
Aholining turli qatlami bilan maʼnaviy tarbiya ishlarini tizimli tashkil etish maqsadida 3 ta yosh toifasi – “X” (katta yosh), “Y” (oʻrta yosh) va “Z” (kichik yosh) avlod vakillari oʻrtasidagi mavjud vaziyat tahlil qilindi.
“Z” avlod vakillari 73 foiz vaqtini ijtimoiy tarmoqlarga sarflaydi, har qanday axborotni raqamli koʻrinishda oladi.
Mazkur tahlillardan kelib chiqib, “Oyina.uz” portalida 4 bosqichda “Kitoblararo 80 kun” marafoni tashkil etildi. 3 oy davomida 40 mingga yaqin yosh qamrab olindi.
Xususan, raqamli formatda “Agar” tok-shousi, “Ustoz” loyihasi, “Buyuk millat tarixi”, “Matonat”, “Siyosiy maʼrifat soati”, “Qonli oktyabr”, “Jasorat”, “Audiomutolaa”, “Teatr kuni”, “Ziyolilar minbari” teleloyihalari yaratildi.
Chop etilayotgan har bir qoʻllanma, kitoblarga zamonaviy ruh olib kirildi. Xususan, “Men ham harbiy boʻlaman”, “Buyuklar haqida 100 ta fakt” kitob-albomlari tayyorlanib, buyuk ajdodlarimiz haqidagi faktlar suratlar yordamida tasvirlanib, maxsus QR-kod va sunʼiy intellekt yordamida suratlar jonlantirildi.
Shuningdek, “Sof til” telegram boti yaratildi. U orqali yoshlarimiz, keng aholi qatlamida oʻzbek tiliga hurmat-eʼtibor va jamiyatda mavqeini yuksaltirish borasida daxldorlik bilan yashash koʻnikmasini shakllantirish maqsad qilindi.
Bir faktga eʼtibor qarataylik, Xalqaro mehnat tashkiloti maʼlumotiga koʻra, dunyoda 2 milliardga yaqin odam turli toʻqnashuvlar va zoʻravonlik boʻlayotgan, beqarorlik hukm surayotgan mintaqalarda yashamoqda. Achinarlisi, ularning uchdan bir qismidan ziyodi 15–24 yoshlilardir.
Tezkor dunyomizda tinch holatda ulgʻayayotgan, taʼlim olayotgan har bir farzandimiz uchun shukr qilish bilan birga ularni turli xavflardan asrash, kelajak tahdidlari borasida ogoh boʻlish bizning – barchamizning vazifamizdir.
Vatanparvarlik: soʻz va amal birligi
Vatanga muhabbat inson yaralganidan beri unga hamroh tuygʻu, kuchli eʼtiqod va tarbiya mahsulidir. Sharq yoki Gʻarbda boʻlmasin, bu tuygʻuning yashovchanligi inson qalbi bilan bogʻlanib, ongda anglanadigan, ish bilan isbotlanadigan muhim hayotiy faoliyat sifatida qarab kelingan.
Hazrat Navoiy asrlar qaʼridan “Vatan tarkin bir nafas aylama” desa, Gyote “Begona yurt vatan boʻla olmaydi”, deya uqtirgan.
Tarixda vatanparvarlik soʻz bilan emas, amaliy harakatlar bilan koʻrsatilgan, aniq maqsad yoʻlida kuchaytirilgan, tahdidlarga qarshi turishda eng qudratli kuch sifatida koʻrilgan. Buyuk Amir Temur janglarda yengilmas sarkarda sifatida tarix sahnasida qolishi zamirida ham aslida harbiy-vatanparvarlik, askarlar ruhiyatiga qaratilgan katta eʼtibor, ruhiy tarbiya bor.
Zero, vatanparvarlikni anglatish uchun qancha koʻp harakat qilinmasin, anglanish aniq faoliyat koʻrinishiga koʻchmas ekan, u natija bermaydi, maqsadga eltmaydi ham.
Biz uzoq yillar vatanparvarlikni anglatishga, u haqda faqat gapirishga harakat qildik. Aslida, vatanparvarlik avvalo anglanib, soʻngra faoliyat bilan tirik boʻlgan jarayondir. Shu sabab davlatimiz rahbari 2024-yildagi har bir chiqishida vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, buni taʼlimning ajralmas qismiga aylantirish, faqat harbiylar emas, hamma vatanparvar boʻlishi lozimligiga urgʻu berib keldi.
Bu harakatlar, avvalo, taʼlim bilan amalga oshirilishi, madaniyat, sanʼat orqali unga ruh berilishi, tarbiya, axloq orqali kuchaytirilishi boʻyicha aniq tashabbuslar bildirilmoqda.
Oʻqituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan oʻtkazilgan muloqotda Prezidentimiz taʼlimning ajralmas qismi boʻlgan tarbiya va odob-axloq masalalariga eʼtibor qaratib, bu borada tegishli vazifalarni belgilab, zarur topshiriqlar bergan edi.
Navoiy viloyatiga tashrifi davomida esa 22-umumtaʼlim maktabida boʻlib, bu vazifa va topshiriqlarni yanada ayon tarzda barcha masʼullarga anglatdi.
“Ilmli boʻlish, kasb-hunar egallash yaxshi. Qalbingizda vatanparvarlik kuchli boʻlsa, shijoatingiz yanada baland boʻladi”, dedi Prezidentimiz.
Har kim farzandi, avvalo, inson boʻlib ulgʻayishini, shaxs boʻlib jamiyatga foyda keltirishini istaydi. Vatanparvarlik mavhum tushuncha emas. Ilmli, kasb-hunar bilgan, kelajak maqsadi bor insonlar yurtini sevadi. Oʻzi tugʻilib oʻsgan zamin obodligi uchun hech boʻlmasa bir daraxt ekadi. Tom maʼnoda inson boʻlib, shu orqali vatanparvarligini koʻrsatadi. Bu yoʻlda esa sanʼat, madaniyat, teatr, kitobdan samarali vosita boʻlmasa kerak.
Bugun markaz tomonidan yosh avlodni tarbiyalash, vatanparvarlik ruhida ulgʻaytirish yoʻlida 3 xil: aytib, koʻrsatish, yaʼni anʼanaviy targʻibot, raqamli va metodik targʻibot boʻyicha ishlar olib bormoqdamiz.
Anʼanaviy targʻibot boʻyicha qator loyihalar amalga oshirildi, xususan, “Maʼnaviyat festivali”da 197 ta tuman/shahardagi 1612 ta chekka mahallada 600 ming aholi ishtirok etdi. “Kinokarvon” loyihasi doirasida 8767 ta MFY, 8729 ta maktabda vatanparvarlikka qaratilgan targʻibot tadbirlari oʻtkazilib, 1,7 million ishtirokchi qatnashdi.
Jamoamiz bilan ishlayotgan metodik taʼminot yoʻnalishi, avvalo, farzand tarbiyasi, oʻquvchi vatanparvarligi shunchaki tadbirlar orqali singdirishga emas, aniq tizimli tarzda, maqsadli va uzoq muddatda bajarishga qaratilmoqda.
Hozir tizimli tarzda bogʻcha – maktab – oliy taʼlim uchun aniq, yosh xususiyatiga mos, rejali grafik asosida targʻibot tadbirlari ishlab chiqildi. 208 ta OTM uchun namunaviy maʼnaviy-maʼrifiy ishlar rejasi hamda 10 ming 187 ta umumtaʼlim maktabi uchun maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar kalendar rejasi tayyorlandi.
Farzandlarimiz uchun qiziqarli koʻrinishdagi, sunʼiy intellekt yordamida ishlangan videomahsulotlarni tomosha qilish imkonini beruvchi 8 ta tilda buyuklarimiz haqida faktlar tayyorlandi. Unda ajdodlarimiz hayoti va bosib oʻtgan yoʻli sodda, qiziqarli tasvirlar yordamida koʻrsatilmoqda.
Markaz va hududlarning ijtimoiy tarmoqlardagi 223 ta rasmiy kanalida aʼzolar soni 900 mingga oshirildi. Vaholanki, bu koʻrsatkich 2024-yil boshida 23 ming nafar edi. Vatanparvarlik, maʼnaviy tarbiya va milliy qadriyatlarga oid kontentlar soni 132 mingtaga yetkazildi.
Bularning barchasi tarbiya borasidagi ishlarimizni faqat bir taraflama emas, har bir yoʻnalishda rivojlantirishga qaratilganidan dalolat. Biroq aytish lozimki, hali qilinishi kerak boʻlgan ishlar koʻp. Tarbiya, vatanparvarlik yoʻnalishidagi ishlarni aslida bir soat ham toʻxtatib boʻlmaydi.
Albatta, kim, qaysi sohada ishlamasin, vatanparvarligini soʻzi bilan emas, ishi bilan ifoda etsa, maqsadlar birlashib, orzudagi jamiyatni qurish mumkin. Kelgusidagi ishlarimiz mana shu maqsadga erishishga qaratilgan.
Hayotiy saboq
Maʼnaviyatning taʼriflari qatoriga “hayotiy saboq” tushunchasini ham kiritish lozim. Sababi hayotdan neki taʼlim olsak, xulosa chiqarsak, u insonning ruhi, feʼl-atvori, yurish-turishi, maʼnaviy olamida aks etadi.
Buyuk Bilga xoqon taʼkidlaganidek, adolat-la ish koʻrsak, qonunlarni hurmat qilsak, yolgʻon soʻzlamasak, oʻzimizniki boʻlmagan narsaga koʻz olaytirmasak, yaqinlarimizga, bizga berilgan omonat (lavozim, vazifa)ga masʼuliyat bilan qarasak, bir-birimizni kamsitmasak, kattalarni hurmat qilib, zaiflar, bolalar va ayollarga izzat koʻrsatsak, daraxtlarni zaruratsiz kesmasak, suvlarni ifloslantirmasak, yomon ishlar qilishdan oʻzimizni tiysak, ittifoqchiligimiz va birligimiz bilan dushmanlarga oʻz oʻrnini koʻrsatib qoʻysak, moviy osmon qulab, qoʻngʻir yer yorilmaguncha Turon eli va toʻrasini hech kim buzolmas.
Bugun Bilga xoqon aytgan hayotiy haqiqat yangi Oʻzbekiston qiyofasida aks etmoqda. Chunki unda inson qadri, adolatli, maʼrifatli jamiyat, ayollar va bolalarga, xalqqa ehtirom, tabiatni asrashga daʼvatlar, eng asosiysi, birlashish gʻoyasi ilgari surilmoqda. Maʼnaviyat esa millat ruhi, hayotiy saboq, jamiyat ustuni, taraqqiyot asosidir.
Shu oʻrinda millat masʼuliyati koʻz oʻngimizda gavdalanadi, zaruratiga ehtiyoj seziladi. Negaki millat ruhini saqlash, asrash, uni zaiflashtirmaslik har bir millat vakilidan fidoyilik, eʼtibor, birlashish, masʼuliyat talab qiladi. Bu masʼuliyat yuki bilan har bir qalbda shoir Asqad Muxtor aytganidek:
Men bilishim kerak, bilishim kerak,
Bir savol qalbimga larza soladi:
Ajdodlardan meros qonimdan boʻlak,
Mendan izdoshlarga nima qoladi?
Otabek HASANOV,
Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat
markazi rahbari
“Yangi Oʻzbekiston” gazetasi, 2025-yil 7-yanvar, 3-son.