22-dekabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat kengashining kengaytirilgan yigʻilishini oʻtkazdi. Bu yigʻilish yuzasidan qator maʼlumotlar va munosabatlar ulashdik. Bir guruh ziyolilar hanuz Oyina.uz manziliga oʻz mulohazalarini yubormoqdalar. Sizlarni mana shu mulohazalar bilan tanishtirishda davom etamiz.
Eshqobil Shukur,
“Maʼnaviy hayot” jurnali bosh muharriri
.png)
Biz qaltis maʼnaviy tahdidlar zamonida yashayapmiz. Toʻgʻri hamma zamonlarda ham bunday harakatlar boʻlgan. Lekin, butun dunyo hali maʼnaviy tahdid borasida bu qadar katta koʻlamli bosqinni oʻz tarixida koʻrmagan. Chunki hozir bizdan minglab chaqirim uzoqlikda, butunlay oʻzga sarhadlarda paydo boʻladigan bir tahdid bor-yoʻgʻi 10 sekundda yetib kelayapti. Bunday vaziyatda maʼnaviyatning, adabiyotning vazifasi yanada katta salmoq kasb etadi.
Davlatimiz rahbari kuni kecha boʻlib oʻtgan yigʻilishda bunga alohida toʻxtaldi. Adabiyot inson tuygʻulari va tafakkurini parvarishlaydi. Inson maʼnaviyatning ikki asosiy ustuni ham, shubhasiz, tuygʻu va tafakkurdir. Kelajagimiz egalari boʻlgan bolalarimiz ham adabiyot bilan yashashi kerak. Xususan, bolalar adabiyotiga qaratilgan eʼtibor, bolalar nashrlariga berilayotgan imtiyozlar bu sohada sezilarli siljishlar boʻlishiga odamni umidlantiradi. Bolalar kitob bilan ulgʻaysa, ular ruhiyatida vatanparvarlik, oʻz yeri va oʻz xalqiga muhabbat tuygʻulari unib-oʻsib boradi, maʼnaviy himoyasi kuchayadi. Botinida asl adabiyot boʻlgan odamning dunyoqarashi, qalbi boshqacha boʻladi, ruhiyatida parokandalikka moyillik sezilmaydi.
Yigʻilishda Prezident adabiyot oʻqituvchilarining maoshiga 50 foiz ustama berilishi haqida topshiriq berganida ham mana shunday ezgu maqsad nazarda tutilgan. Shuningdek, oʻzbek tili masalasida ham jiddiy fikrlar bildirildi. Zero, tilimiz taqdiri millatimiz taqdiridir, yaʼni tilimizning holati qanday boʻlsa, bizning holatimiz ham shunday boʻladi. Shu bois, oʻzbek tiliga munosabat Oʻzbekistonga munosabatni belgilaydi, desak, mubolagʻa boʻlmaydi. Xalqning maʼnaviy butunligi uni har qanday tahdiddan, har qanday xavf-xatardan himoya qila oladi.
Baxtiyor Omonov,
Oʻzbekiston milliy universiteti “Siyosatshunoslik” kafedrasi professori
.png)
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat kengashining 2023-yil 22-dekabrdagi kengaytirilgan majlisidagi nutqini eʼtibor bilan tingladim. Unda jamiyatimizni qiynab kelayotgan konseptual masalalarga eʼtibor qaratildi. Oldimizda turgan vazifalarga toʻxtalgan holda ayrim mulohazalarimni ham keltirib oʻtmoqchiman.
Dunyoviy davlat konsepsiyasi. Bu hujjatda dunyoviylik, milliylik, diniylik masalalari teng darajada koʻriladi. Fikrimni asoslashga urinib koʻraman. Diniy qarashlarning kuchayishi tagzaminida avvalo, dunyoviy qarashlarimizning primitivlashganligi, zamondan orqada qolishimiz, moddiyunchilik va byurokratiyaning haddan ziyod avj olganligi turibdi. Dinga munosabat shunday boʻlishi lozimki, u adolat, toʻgʻrilik, iymonlilik, yaxshilikka daʼvat qiladi va hozirda ham jamiyatda shu vazifani ado etmoqda.
Madaniy-maʼrifiy sohadagi ishlarni yangi bosqichga koʻtarishda hokimlarning masʼuliyatini keskin oshirish. Bu oʻta dolzarb masala boʻlib, maʼruzada keltirilganidek, Andijon viloyati Xonobod shahri hokimi Tojiboyevning respublika ishchi guruhiga ochiqdan-ochiq “Maʼnaviyat men uchun oxirgi oʻrindagi masala” deganida koʻp maʼno-mazmun va xatar ham seziladi. Qolaversa, bu jiddiy ogohlantirish. Bizningcha, boshqa tumanlarda ham maʼnaviyatga munosabat faqat Prezident tashrif buyurganda, ijobiy tomonga oʻzgaradi, xolos.
Maʼnaviyatda orqaga ketish yomon oqibatlarga olib kelishini tarix isbotlaydi. Nima qilish kerak, degan haqli savol tugʻiladi. Respublikada 2023-yil noyabr-dekabr oylarida roʻy bergan kriminogen holatlardan saboq chiqarib, 2003-yilda qisqartirilgan hokimlarning maʼnaviyat boʻyicha oʻrinbosari lavozimini tiklash darkor.
Madaniy dam olish tizimini takomillashtirish, aholining boʻsh vaqtini mazmunli oʻtkazishda mamlakatimizdagi mavjud 837 ta madaniyat markazining faoliyati juda muhim. Menimcha, bu madaniyat markazlarining asosiy mashgʻuloti kitoblar yozish (ijtimoiy buyurtma asosida) va uning targʻiboti boʻlishi kerak.
Kino sohasini rivojlantirish borasida olib borilayotgan islohotlar. “Hozirgi vaqtda “Tirik tarix” seriyasida Vatanimizning shonli oʻtmishiga bagʻishlangan 50 ta badiiy film yaratish boʻyicha farmon loyihasi tayyorlanmoqda. Shu asosda tarixiy filmlar yaratish dasturi ishlab chiqiladi. Bu dastur ijrosiga nafaqat mahalliy, balki xorijiy ijodkorlar, kinokompaniyalar hamda investorlar jalb etiladi”, dedi Prezidentimiz. Bu milliy oʻzligimizni tiklashda, yoshlarning buyuk tariximizni oʻrganishlarida juda muhim oʻrin tutadi.
Har bir mamlakat faqat ilmli ziyolilari bilan dunyoga taniladi. Ilmning manbai esa kitob. Prezidentimizning kitobxonlik madaniyatini oshirish, kelgusi yildan milliy va jahon adabiyotining eng sara namunalarini koʻp ming nusxalarda chop etish va barcha kutubxonalarga yetkazib berish, shu bilan birga, har yili eng yaxshi badiiy asarlar yaratish, tarjima qilish uchun ijodiy buyurtmalar berilib, muallif va tarjimonlarga munosib qalam haqi toʻlash toʻgʻrisidagi fikrlari sobiq noshir sifatida meni juda mamnun etdi. Chunki noshirchilik keyingi yillarda oqsayotgan sohaga aylangan edi. Yurtboshimizning oʻz sohasida ilmiy maktab yaratgan hurmatli olimlarimizni adiblar va noshirlar bilan hamkorlikda bolalar uchun qiziqarli va sermazmun kitoblar yaratishga chaqirigʻi, kelgusi yili mamlakatimizda Xalqaro bolalar adabiyoti koʻrgazmasini tashkil etish haqidagi tashabbuslari oʻzbek ziyolilari koʻnglidagi armonlarini roʻyobga chiqarishiga ishonaman.
Yuqoridagi fikrlar ilm-maʼrifat, ijod ahliga chinakam gʻamxoʻrlik qilib, ularni mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotida faol ishtirok etishga undaydi. Demak, taʼlim, tarbiya, maʼnaviyat sohasida ishlaydigan intellektual shaxslar bir yoqadan bosh chiqarib va birlashib, ahillikda ijod qilishi va yosh avlodning maʼnaviy yuksalishi uchun xizmat qilishiga ulkan imkoniyatlar paydo boʻldi.
Abdunabi Boyqoʻziyev,
Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, shoir
.png)
Shavkat Mirziyoyevning kengaytirilgan majlisidagi nutqi bilan tanishib oʻtmishga bir nafas qaytdim. Erk, istiqlol, ozodlik, hurriyat... Bu terminlarni biz juda ham tansiq kalom sifatida, koʻzlarimizga surtib, ayni paytda, qoʻrqa pisa istifoda etgan kunlarimizni eslasam, bir gʻalati boʻlib ketaman. Nega? Gap, ana shu “nega”ni sizga tushuntira olishimda qolyapti, aziz oʻquvchim. Arzimagan oʻsha “nega” mohiyatini bayon qilib berish esa men uchun Sizif sharini gʻildiratib qoyaga olib chiqishdan ham ogʻir vazifa boʻlib turibdi hozir.
Bu tushunchalarni biron asar yoki maqolada qoʻllash u yoqda tursin, oʻzaro suhbatlarimizda ham, shuuran toʻrt tomonga alanglab, shunda ham qoʻrqa pisa “yaltiroq qogʻozga oʻrab” istifoda etgan avlodmiz.
Ushbu gapimni oʻqigan bugungi istiqlol bolalari, “Ola, oqsoqol mubolagʻani ham xamirday oshirvorarkan”, deyayotgan boʻlsa ajabmas. Yoʻq, bolalar! Men mutlaqo mubolagʻa qilayotganim yoʻq. Ishonmasangiz, biz tengi jurnalistlar, qalamkash ijodkorlarning “oʻtgan kunlari” bilan bogʻliq tarixni varaqlang! Zora, oʻsha iztiroblarimizdan ayrim lahzalarini his qila olsangiz.
Mana shunday jasorati, millatparvarligi bois yuzlab qoʻrboshi bobolarimiz “bosmachi” tamgʻasi bilan yoʻq qilindi. Choʻlpon, Qodiriy, Behbudiy, Munavvar qori, Fitrat, Avloniy, qoʻyingki, minglab ziyoli oydinlarimiz joni va qoni bilan xun toʻladi. Mirtemir, Shayxzoda, Mirzakalon Ismoiliy, Shuhrat domla, Shukrullo domla singari yana oʻnlab dovyurak ijodkor akalarimiz umrining besh, oʻn, yigirma yillab, ayni kuchga toʻlgan damlarini surgun va zindonlarda oʻtkazishdi. Ulardan keyingi avlod – Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Rauf Parfi, Omon Matjon, Gulchehra Nurillayeva, Halima Xudoyberdiyeva singari shoirlarimiz boshiga tushgan iztirobli kunlarni biz oʻz koʻzimiz bilan koʻrdik!
Eh-he, bunaqa misollarning qaysi birini aytay? Paxta dalalarida umri hazon boʻlgan, qulday ishlatilgan millionlab millatdoshlarimiz taqdiri ne kechganini oʻz koʻzi bilan koʻrmagan, oʻzbek sovet jurnalistikasining uqubatlarini tatimagan, xiylagar shoʻro siyosatchilarining sovuniga kir yuvmagan kishilar bu gaplarimni bugun toʻla toʻkis anglab yetishi mahol.
Istilochilikning hadeganda koʻzga tashlanmaydigan sirli kasofatlari ham bor ekanki, ular mana istiqlolga erishdik, deganimizdan keyin ham lop-lop yuzaga chiqyapti. Bu ellar, elatlar, millatlar aro nizolar, sarhadlar bobidagi muammolar, umumiy tariximizga doir atay chatilgan, yechilishi mushkul tugunlar. Eng yomoni, milliy va diniy ruhoniyatimiz bilan bogʻliq, uzoq yillarni koʻzlab maxsus ishlab chiqilgan loyihalar...
Hayriyatki, bu borada bizning mamlakatimiz rahbariyati ham gʻaflatda qolayotgani yoʻq. Qichishadigan joyni oldindan qashish, sizlavuq chiqadigan muchaga oʻz paytida malham bosish, yara chiqib ulgurgan taqdirda, maddalamay turib chora koʻrish salohiyatini ham namoyon qilayaptiki, bu tajribalar va oʻziga xos diplomatik harakatlarni butun dunyo jamoatchiligi eʼtirof etyapti. Nafaqat eʼtirof, balki bundan xursand va manfaatdor ekanliklarini ham yashirmayaptilar.
Xalqimiz oʻz erki yalovini mahkam ushlab, mustaqil qadamlarini yanada mustahkamlash yoʻliga chiqib oldi. Albatta, millat birligi, mintaqamizdagi qon qardosh xalqlarining yakdilligi kun sayin qatʼiylashib borayotganini koʻra olmayotgan kuchlar bot-bot bosh koʻtarib qolayotganini ham koʻryapmiz. Bunday holatlarning aksariyatiga, “Ha endi, alamzada-da! Xuraversin! Karvon toʻxtarmidi?”, deb beparvoroq qarardik. Ammo kuni kecha, gʻoyaviy qarashlarida qarori yoʻq, u shoxdan bu shoxga sakrashni or bilmaydigan Zaxar Prilepin degan zobit yozuvchi ochiqdan ochiq “Oʻris millatini saqlab qolishimiz uchun Oʻzbekistonni qoʻshib olishimiz kerak. Aks holda pushtimiz quriydi”, deb turibdi-ku!
Prilepinning bu chiqishi oʻzbek mediasi va jamoatchiligini junbushga keltirdi. Bu qabil xusumatli gaplarga parvo qilavermaydigan prezidentimiz Shavkat Mirziyov, xatto, Senatimiz raisasi ham bu boradagi oʻz fikr mulohazalarini ogʻir bosiqlik bilan bayon etishdi. Tashqi ishlar vazirligimiz esa Rossiyaning mamlakatimizdagi elchisini chaqirib, masalani koʻndalang qoʻyishga majbur boʻldi. Bularning bari bunday “prilepincha” chiqishlarning oxir-oqibatda yaxshilik bilan tugamasligini anglatadi, albatta. Bu esa barchamizni, ayniqsa, biz ijod ahlini bundan buyogʻiga befarqlikni yigʻishtirib, chandon hushyor turishga chorlaydi.
Ha, darvoqe, yurtboshimiz bunday holatlarda jamiyat ham, jamoatchilik ham, qoʻyingki, har bir soha vakili ortiqcha, foydasiz hissiyotlarga chalgʻimay, bir nafas ham beparvolikka berilmagan holda munosib maqsadli harakatlar qilishimiz zarurligi yuzasidan oʻnga yaqin aniq taklif va tavsiyalarini aytdi. Shu aziz tuprogʻimiz taqdiriga befarq boʻlmagan har bir vatandosh, ana oʻsha koʻrsatmalardagi ishoralarni nozik ilgʻagan holda, har kim oʻz jabhasida hushyorlik va jonbozlik koʻrsatishi zarurligini uqtirdi.
Prezidentimizning fikr mulohazalari va tavsiyalariga ko‘ra shoir va yozuvchilar, ijodiy tashkilotlar oldida turgan bir qator vazifalar belgilab olindi. Yakdil milliy ruh, ayniqsa, chin vatanparvar yosh avlodni tarbiyalab voyaga yetkazadigan badiiy baquvvat asarlarning koʻproq yaratilishini asosiy maqsad qilish, bu yoʻlda, birinchi galda, yurtboshimiz alohida taʼkidlaganiday, urgʻu va imkoniyatlarni Vatan va millat kelajagini belgilaydigan bolalar adabiyotiga qaratish, tarjima sanʼatini yanada yuksaltirish, rivojlantirishga qaratishga qaror qilindi.
Akmal Nuriddinov,
Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi raisi, Oʻzbekiston xalq rassomi
.png)
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan olib borilayotgan maʼnaviy va maʼrifiy islohotlar jarayonida milliy tasviriy va amaliy sanʼatimizni yuksaltirishga katta eʼtibor qaratilmoqda.
Sohada yaratilayotgan imkoniyatlar natijasida Oʻzbekiston tasviriy va amaliy sanʼati, dizayn sohalarida salmoqli oʻzgarishlar koʻzga tashlanmoqda, ustozlar izidan milliy sanʼatimizni jahonga tanitadigan isteʼdodli yoshlar maydonga chiqib kelayapti. Bunday ragʻbatlar sohada yangi tarixiy davrni boshlab berdi. Bugun Yangi Oʻzbekiston dunyoga yuzlanayotgan pallada barcha sohalar kabi, sanʼatimiz ham dunyo bilan hamnafas va hamqadam rivoj topayotir. Zero, sanʼat butun dunyo xalqlari uchun umumiy bir til hisoblangani holda inson maʼnaviyatini goʻzallashtiradigan noyob hodisa hisoblanadi.
Yaqinda boʻlib oʻtgan Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat kengashining kengaytirilgan yigʻilishi hamda madaniyat va sanʼat sohasi vakillari bilan uchrashuvda davlatimiz rahbari tasviriy va amaliy sanʼat sohasini rivojlantirish boʻyicha dastur qabul qilinishini taʼkidladilar.
Dasturga muvofiq, Badiiy akademiya ixtiyoridagi Markaziy koʻrgazmalar zali rekonstruksiya qilinib, jihozlanadi. Badiiy fond hududida zamonaviy galereya binosi quriladi hamda 40 ta ijodiy ustaxonadan iborat Yosh rassomlar markazi tashkil etiladi. Xattotlik va miniatyura sanʼati taʼlimini amaliyot bilan bogʻlash maqsadida milliy usulda qogʻoz tayyorlash ustaxonasi tashkil etiladi. Yoshlar – kelajagimizning egalari. Shuni nazarda tutgan holda markaz oʻzbek tasviriy sanʼatiga kirib kelayotgan yosh isteʼdod egalariga ijodini yuksaltirish, badiiy salohiyatini oshirishga xizmat qiladi. Yosh isteʼdodlarni qoʻllab quvvatlashga bosh-qosh boʻlayotgan Prezidentimizning ushbu tashabbusidan biz, ijod ahli behad minnatdormiz. Mazkur tarixiy uchrashuvda tilga olingan ijodkorlar faoliyati uchun yangidan yangi qoʻshimcha qulaylik va shart-sharoitlar bundan keyin ham barchamizni shijoat bilan moʻyqalam yuritishga undaydi.
Albatta, oldimizga qoʻyilgan vazifalardan kelib chiqib, yurtimizda tasviriy sanʼat ravnaqini yangi bosqichga koʻtarish yoʻlida ham katta marralarni belgilab olganmiz. Inson qalbi, xalqning orzu-intilishlari, Vatanga muhabbat va sadoqat tuygʻusini betakror ranglarda tarannum etish ijodiy faoliyatimizning asosiy maʼno-mazmuni boʻlib qoladi.